Shahribonu Temirova. Iztiroblar timsoli

Jahon adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan chexiyalik adib Frans Kafka hech mubolag‘asiz insoniyat va u yaratgan tamaddun fojiasini yozuvchi sifatida ham, shaxs sifatida ham juda chuqur his etgan, azoblangan va shu iztiroblarni qog‘ozga tushira olgan ulug‘ yozuvchi. Biroq Kafka asarlarini tushunib o‘qish, ularda ko‘tarilgan juda og‘ir ruhiy, ma’naviy, ijtimoiy  muammolar haqida mushohada yuritish uchun kitobxon yozuvchining hayoti va ijodi haqida imkon qadar keng ma’lumotga ega bo‘lmog‘i kerak.

Frans Kafka 1883 yil 3 iyulda Pragada tug‘ilgan. Otasi uzoq yillik mehnatdan so‘ng shaharda kichikroq bir fabrikaga egalik qilgan. U uch qizi va o‘g‘li Fransning kelajagini ta’min etmoqchi edi, ammo o‘g‘li bilan bir umr murosa qilolmay o‘tdi. Fransning onasi esa ruhoniylar oilasidan bo‘lgan.

Kafka Pragadagi nemis gimnaziyasini tugatib, 1901–1905 yillarda Praga universitetida huquqshunoslikni o‘rgandi, tarix, sanoat va olmonshunoslik bo‘yicha ma’ruzalar tingladi. 1906–1907 yillarda Praga shahar sudining advokatlar idorasida amaliyot o‘tadi. 1908 yilda Praga tijorat akademiyasida malaka oshirgandan so‘ng, doktorlik ilmiy darajasiga egaligiga qaramay, mehnatiga kam haq to‘laydigan turli idoralarda ishladi.

Ma’naviy va ruhiy yolg‘izlik, turmushning umidsizligi, olomondan begonalashuv, ma’nisiz xizmat, oiladan uzilish – mana shu omillar yozuvchi va shaxs Kafkaning kamolotida katta rol o‘ynadi.

O‘zbek kitobxoni uchun Frans Kafka ijodini anglashning bir qancha muammolari mavjud. Avvalambor, uning ko‘p asarlari hali tilimizga tarjima qilingani yo‘q. Ikkinchidan, Kafka ijodi shu paytga qadar chuqur o‘rganilmagan va bu haqda tadqiqotlar ham kam. Oqibatda modernizm adabiyotining eng yirik vakillaridan biri bo‘lmish Kafka bizga hamon begonaligicha qolmoqda.

Kafka asarlarini o‘qishga kirisharkanmiz, u yashagan davr, jamiyatdagi parokandalik, ruhiy-ma’naviy tanazzul tasviri yaqqol seziladi. Uning yirik asarlarida ham, kundaliklarida ham, keskin xulosalar yasalgan aforizmlarida ham hayotning ma’nisizligi, har qanday maslagu ta’limotlarning, aqida-yu qoidalarning bir yoqlamaligi, insoniyatning ruhiy, ma’naviy va jismoniy azob-uqubatga mahkumligi haqida achchiq xulosalarni ilg‘ash mumkin.

Kafka ijodini ta’riflaganda “inkor” va “iqror” so‘zlarini ko‘p qo‘llashga majbur bo‘lamiz. U inkor etadi va iqror bo‘ladi… Bunga misol qilib adibning “Otamga xat”ini keltirish mumkin. U otasining adolatsizligidan ko‘p aziyat chekkaniga qaramay, yozganlarida padariga mehr-muhabbatni his qilish mumkin. Kafkaning otasi yahudiylarga xos uddaburonlik bilan hunarmandchilikdan kichik fabrikantlikkacha ko‘tarilaveradi. Yozuvchi esa bir tomondan otasining zulmi va tor fikrliligidan yozg‘irsa, boshqa tomondan undagi hayotiy kuchdan, irodadan hayratlanib bo‘yin egadi.

Kafka asarlaridagi yana bir unsur – mavhumlik. Kitoblari syujetiga ham, personajlar tasviriga ham singib ketgan bu noaniqlik, noma’lumlik, karaxtlik o‘quvchini dastlab biroz chalkashtiradi. Lekin u mutolaa jarayonida muallif tashqi olamni o‘zining ziddiyatli ichki dunyosiga qorishtirib chizganini, botinidagi silsilalar qog‘ozga ko‘chgani bois asarlarini tarqoqlik va mavhumlik g‘ubordek qamrab olganini anglaydi.

Adibning “Jazo koloniyasi” hikoyasida inson o‘zi yaratgan kashfiyotlari bilan kelajagini halokat yoqasiga olib borib qo‘yadi, o‘z qalbiga bo‘ysunmasdan mashina qurboniga aylanadi. Kafka koloniya ramzi ortida jamiyatni nazarda tutadi. Bu yerda o‘rnatilgan tartiblar shaxs erkini bo‘g‘ib, uni qulga aylantirishdan boshqasiga yaramaydi. Asrlar davomida odam ongiga singdirilgan taqiqu qoidalar jirkanch mashina timsolida o‘z o‘ljasining tanasiga “Adolatli bo‘l”, “Boshlig‘ingni hurmat qil” singari dabdabali shiorlarni tig‘ bilan o‘yib yozadi. “Maqsad bor, biroq yo‘l yo‘q. Biz yo‘l deganimiz kechiktirishdan boshqa narsa emas”, degan achchiq xulosaga keladi muallif.

“Jazo koloniyasi”, “Evrilish”, “Ochlik ustasi” bu hikoyalarni inson bardoshining sinovlari deyish ham mumkin. Kafka asarlarida kishilar o‘rtasidagi mehr-oqibatning so‘nib borayotgani alaloqibat halokatga olib kelishiga ko‘p bora urg‘u beradi. Insoniy munosabatlar faqat manfaatga yo‘nalgani ayniqsa, “Evrilish” hikoyasida shafqatsiz tarzda aks ettiriladi. Gregorning onasi qirqoyoqqa aylanib qolgan yolg‘iz o‘g‘lini ko‘rgisi kelmasligini tasvirlarkan, muallif tubanlik chegara bilmasligini uqtiradi. Yigitning otasi esa o‘g‘li haqida qayg‘urish u yoqda tursin, qirqoyoqni urib haydaydi. O‘z singlisi uni esdan chiqaradi. Xullas, boshiga mushkulot tushgan jabrdiyda o‘z yaqinlari tomonidan unutilishga, yolg‘izlikka, o‘limga mahkum etiladi. Holbuki, Gregor sog‘lomligida yaqinlari uchun tinimsiz mehnat qilgan edi. Eng ayanchlisi, uning o‘limi barchani quvontiradi.

“Jarayon” romanida esa bemehrligi uchun inson o‘z vijdoni oldida javobgarligi ta’kidlanadi. Yozef K.Gregor Zamza singari hasharotga aylanmagan bo‘lsa-da, uning hayoti ahamiyatsizdek. U boshqalarni anglashga qodir bo‘lmagani tufayli atrofidagilar bilan aloqalari uzilgan. Roman yakunida esa qahramon “xuddi it kabi” o‘lim topadi. “Jarayon”da inson yolg‘izlikka mahkumligi, bir-birini tushunmaslik odamlar o‘rtasidagi eng katta chegara ekani ta’kidlanadi.

Frantsuz yozuvchisi A.Kamyu “Jarayon” haqida: “Aql fojiasi voqelikka ko‘chirilganini”, ta’kidlaydi. Bir tomondan qaraganda, Yozef K.ni muhit karaxt qilib qo‘ygan. U hech kimni sevishga qodir emas. Lekin aslida uning qismatidagi mavhumlik va chalkashlikda o‘zining ham aybi bor. Kafka bugungi jamiyatda insonlarning begonalashuvidan-da ulkanroq fojia yo‘qligiga urg‘u beradi.

Nemis faylasufi Erix Fromm “Jarayon”ni tahlil qilar ekan, unga ulkan badiiy asar deya baho beradi. “Bu romanni tushunish uchun, – deb yozadi u, – xuddi makon va zamondan holi uzun, murakkab tushni ko‘rayotgandek tasavvur qilish kerak”.

Ta’kidlash joizki, Kafkaning hayoti va ijodini bir-biridan ajratib o‘rganish mushkul, negaki adabiyot uning uchun hayot tarzi, o‘zini  va o‘zgalarni anglash jarayoni edi. Yozuvchi ijodini muayyan bosqichlarga bo‘lib o‘rganish ham, uning mahorati qanday o‘sib borganini batafsil tadqiq etish ham oson emas. Zero, Kafka o‘zi uchun yozadigan adib edi. Asarlarining katta qismi yozuvchi vafotidan keyin chop etilgan.

Kafkada hayotga tanqidiy qarash qanchalik kuchli bo‘lsa, o‘z ijodiy qobiliyatiga ishonchsizlik ham shunchalik keng ildiz otgandi. Buni adib yaqin do‘sti Maks Brodga o‘limidan so‘ng barcha yirik asarlarini yo‘q qilishni topshirganidan ham sezish mumkin. Agar Maks Brod Kafkaning istagini bajarganida dunyo adabiyoti katta yo‘qotishga yuz tutardi.

Kafka nasri asabtirnar mehnat mahsuli bo‘lganidan uni mutolaa qilish kitobxonni bashariyat va har bir inson taqdiri haqida og‘ir mushohadalarga undaydi. Yengil o‘qib, osongina tushunishga odatlangan o‘quvchi bu asarlar yukini ko‘tarishi dargumon. “Yozuvchilik va u bilan bog‘liq barcha narsalar – mening mustaqil bo‘lishga intilishimning mohiyatini tashkil qiladi, bu qochishga tayyorgarlik… Men qo‘rquv uxlashga yo‘l qo‘ymagan tunlari yozaman”, degan edi adib.

Frans Kafka singari yozuvchilar ijodini aniq bir adabiy oqimga bog‘lash noo‘rin. Adabiyot nazariyasida Kafkani naturalist, modernist, ekzistentsialist, realist yozuvchi sifatida ham tahlil qilishga urinishlar bo‘lgan. Bu serqirralik unga sirlilik, jozibadorlik kasb etaveradi. Kafka ijodini o‘rganishga jiddiy kirishgan kitobxon ham, yirik adabiyotshunos ham oxir-oqibat u har qanday adabiy oqim va ta’limotdan yuqori turishini tushunib yetadi. Kafka singari yozuvchilarning o‘zi bir ta’limotki, ularning ulug‘ligi ham shunda.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 8-son

O‘xshash maqolalar: