Saydi Umirov. “Boburnoma” — badiiy maqolanavislikning go‘zal namunasi

Zahiriddin Muhammad Boburning shoh asari — “Boburnoma” to‘rt yarim asrdan ortiq jahon uzra mag‘rur kezayotir, muallifi nomini, yurti, eli, millati dovrug‘ini yurtlar, mamlakatlar, iqlimlararo taratib kelayotir. Bu qomusiy asar to‘rt marta forsiyda, to‘rt marta inglizchada, ikki martadan olmon, frantsuz, turk tillarida, to‘rt topqir rus tilida, bir martadan golland, italyan, hind, urdu, yapon, polyak, uyg‘ur va boshqa tillarda chop etilgan; Bobur Mirzo, uning faoliyati, ijodi, shaxsiyati haqida turli tillarda risola va monografiyalar, besh yuzga yaqin ilmiy maqolalar, badiiy asarlar yozilgan, lug‘atlar tartib berilgan, harbiy yurishlari haqida xaritalar tuzilgan, merosini yig‘ish, asarlari matnini aniqlash bo‘yicha tahsinga sazovor ishlar qilingan. Boburning o‘z yurtida esa boburshunoslikka g‘arb olimlaridan bir yarim asr keyin kirishilgan. Buning asosiy sabablari avval chor mustamlakachiligi, keyin sho‘rolar istibdodi, ma’muriy-totalitar tuzum, firqaviy bosim, tarixiy qadriyatlarga nopisandlik, albatta. Mustaqillik tufayli tarixiy merosimizni qanday bo‘lsa shundayligicha, to‘la holda nashr etish, har tomonlama, teran tahlil-tadqiq qilish, xolisona baholash va bugungi avlodni ulardan bahramand etishga keng yo‘l ochildi. Xususan, Istiqlol sharofati ila Bobur Mirzoni qayta kashf etayotirmiz.

“Boburnoma” haqida yurtimiz olim, adiblarining katta-kichik kitoblari, maqola-tadqiqotlari nashr etilgan. Bular ichida sharqshunos Sabohat Azimjonova, adabiyotshunos Abdurashid Abdug‘afurov, tarjimashunos G‘aybulloh as- Salomning ilmiy, adiblardan Pirimqul Qodirov, Hayriddin Sultonning badiiy asarlari jamoatchilikka yaxshi tanish.

Jahongashta “Boburnoma” asari mualliflari G‘aybulloh as-Salom, Ne’mat Otajon so‘ngso‘zda, shunday yozishgan: “Agar kimda-kim “Yurak qoni bilan yozilgan asar” degan ta’rifda qittak bo‘lsa-da mahobat yo‘qligiga ishonch hosil qilishni istasa, “Boburnoma”ni o‘qisin. Uni o‘qib adog‘iga yetmaysiz. Har mutolaa qilganingizda o‘zingiz uchun yangi-yangi ma’lumotlarni topasiz. Va har gal kitobxon sifatida o‘zingizni yangidan kashf qilasiz… Ha, aynan faqat Bobur Mirzonigina emas, o‘zingizni ham!

Zamonlareki, hali “O‘zbekiston” degan davlat shu nom ostida dunyoga tanilmagan asarlarda ham “Boburnoma”ni ma’rifatli jahon miqyosida tanir edilar…”

Xayriddin Sulton “Boburnoma” romani muqaddimasida faxr ila shunday deydi: “Bashariyatning bu daho farzandi haqida yuzlab kitoblar yozilgan. Va inshoolloh, hali yana yuzlab-minglab kitoblar bitilgusidir. Chunki uning tarixi va taqdiri xalqimiz tarixi va taqdiri bilan chambarchas bog‘liq. Nafaqat olis-yaqin kechmishimiz, balki o‘tayotgan umrimizning har lahzasi tarix. Tarixning har lahzasi esa tadqiq va tahlilga munosib”. Filologiya fanlari doktori, professor Abdurashid Abdug‘afurov o‘z maqola, tadqiqotlarida yapon olimlari Bobur hayoti, faoliyati, ijodi, ayniqsa, “Boburnoma” bilan astoydil qiziqishayotgani, bu adibning noyob nasri, nazmlari, harbiy yurishlari, insoniy xislatlari haqida maroqli tadqiqotlar bitishayotganini faxr, g‘urur bilan ta’kidlaydi.

“Boburnoma” sharqshunoslar, adabiyotshunoslar, tilshunoslar, tarjimashunoslar, tarixchilar, elshunoslar, geograflar, pedagoglar, ruhshunoslar tomonidan keng o‘rganilgan. Bu qomusiy asar botaniklar, zoologlar, geologlar, harbiylar va boshqa soha mutaxassislariga ham ko‘p va qimmatli ma’lumotlar bergan. Lekin asar maqolanavislik, ya’ni publitsistika nuqai nazaridan deyarli o‘rganilgan emas. Fan doktorlari Ochil Tog‘ayev, Abdurashid Abdug‘afurovning ba’zi kitob, risola, maqola, qaydlarini e’tiborga olmaganda bu borada tadqiqotlar yo‘q hisobi.

“Boburnoma” ilm, badiiyat, maqolanavislik, ocherk, esse xususiyatlari, unsurlarini o‘zida ajib tarzda mujassam etgan go‘zal sinkretik asardir. Asar publitsistika, aniqrog‘i, badiiy publitsistikaning betakror va betimsol namunasidir. Unda badiiyatga xos quyma tasvirlar, tiniq manzaralar, yorqin obrazlar, timsollar bilan publitsistikaga xos aniq tushunchalar, mantiqiy muhokamalar haqqoniy ta’rif-tavsiflarning tabiiy uyushuvi, ajib bir ittifoqini ko‘ramiz. O‘zida uch mamlakat: O‘zbekiston, Afg‘oniston, Hindistonni birlashtirgan bu serqatlam qomusiy obidada tabiat, iqlim, hayvonot, tabobat olami, turli xalqlar, qabilalar, urug‘ hamda tabaqa kishilari, hokimu ulamolar, fuqaro va zodagonlar, harbiylar va dehqonlar, tabibu hunarmandlarning turmush sharoitlari, urf-odatlari mayda-chuyda detallari, tafsilotlarigacha o‘zining aniq va to‘g‘ri ifodasini topgan, bunda mavhumot yoki puch taxminu farazlar uchramaydi. Boburshunoslar haqqoniy ta’kidlashganidek, muallif haqiqatni ifodalashda na o‘zini, na o‘zgalarni, na do‘stlari-yu, na muxoliflarini ayamaydi, barchaga birdek xolis, shafqatsiz. Masalan, “1506-1507 yil voqealari tafsiloti”da muallif yozadi: “Bu tarixgacha ham ul tabaqadin har kimki keldi, o‘z tuqqonlarimdin o‘zga ko‘rmadim… barchani o‘z tuqqonlarimdin yaxshiroq ko‘rub, rioyat va shafqatlar qilibturmen. Bu bitilganlardin g‘araz shikoyat emas, rost haqiqatturkim, bitibturmen. Bu mastur bo‘lg‘onlardin maqsud o‘zining ta’rifi emas, bayoni voqei bu edikim, tahrir etibturmen. Chun bu tarixda andoq intizom qilibturmenkim, har so‘zning rostini bitilgan va har ishning bayoni voqeini tahrir etilgan. Lojaram iniog‘adin har yaxshilik va yamonlig‘kim shoya edi, taqrir qildim va qarindosh va begonadin har ayb va hurarkim bayoni voqe edi, tahrir ayladim. O‘quvchi ma’zur tutsun, eshitguvchi taarruz maqomidin o‘tsun”. Bu — adibning ilmiy, estetik, publitsistik kredosi.

Xullas, aniqlik bilan tasviriylik, tafakkur bilan qalb samarasi omuxtalashgan yana shunday bir asarni topish qiyin. Kinoshunoslarning “Boburnoma” tayyor kinostsenariy, asar asosida ko‘p faslli videofilm, telefilm yaratish qiyin emas, degan fikrlarida jon bor.

“Boburnoma” muallif tug‘ilib o‘sgan Andijon qasabasi ta’rifi-tasnifi bilan boshlanadi: “Farg‘ona viloyatining poytaxtidur. Oshlig‘i vofir, mevasi farovon, qovun va uzumi yaxshi bo‘lur. Qovun mahalida poliz boshida qovun sotmoq rasm emas. Andijonning noshpotisidin yaxshiroq noshpoti bo‘lmas. Uch darvozasi bor. Arki janub tarafida voqe bo‘lubtur. To‘qqiz tarnov suv kirar. Bu ajabturkim, bir yerdan ham chiqmas… Ov qushi dog‘i ko‘p bo‘lur, qirg‘ovuli behad semiz bo‘lur… Eli turktur. Elining lafzi qalam bilan rostdur”.

Marg‘inon, Isfara, Xo‘jand, Konibodom, Axsi, Koson, Samarqand va boshqa kentlar, Afg‘on, Hind shaharu qishloqlari haqida ana shunday lo‘nda, aniq, tiniq ta’rifu tasvirlarni uchratamiz.

Adabiyotimiz tarixida “Boburnoma” singari portret va peyzaj tasviriga keng, mo‘l o‘rin berilgan boshqa biron asarni uchratmaymiz. Portret — bu kishining bo‘y-basti, yuz-ko‘zlari, kiyim-kechagi, yurish-turishi, xatti-harakati, axloq-atvori. Asarda o‘nlab odamlarning aniq, betakror portretiga duch kelamiz: xon, amiro, beklar haqida gap ketganda uning vododat va nasabi, shakl va shamoyili, axloq va atvori, masof va urushlari, umarosi haqida qisqa, aniq ta’rif-tasvirlar beriladi.

Mana, otasi Umarshayx Mirzoning ta’rifi-tasviri: past bo‘yluq, tegirma soqolliq, ko‘ba yuzliq, tanbal kishi edi. To‘nni bisyor tor kiyar edi, andog‘kim bog‘ bog‘laturda qornini ichiga tortib bog‘latur edi, bog‘ bog‘log‘ondin so‘ng o‘zini qo‘ya bersa, bisyor bo‘lur edikim, bog‘lari uzulur edi. Kiymoqda va yemoqda betakalluf edi. Dastorni dastorpech chirmar edi… Pokiza e’tiqodliq kishi edi, besh vaqt nomozni tark qilmas edi… Xoja Ubaydullog‘a irodati bor edi. Suhbatlarig‘a bisyor musharraf bo‘lub edi. Hazrat Xoja ham farzand deb edilar”. Salbiy tavsifnomaga misol: “Yana bir Vali edi… Navkarlarini yaxshi saqlar edi. Sulton Mahmud Mirzoning ko‘ziga mil tortmog‘iga va Boysunqur Mirzoning o‘lturmagiga bois ul edi. Jami elni g‘iybat qilur edi. Badzabon va fahshgo‘y va xudpisand va mag‘z mardak edi. O‘zidin o‘zga hech kishini hech ishta pisand tutmas edi”.

Bobur bir necha o‘rinda guvoh bo‘lgan zilzila, suv toshqini, qor bosqini, izg‘irin, bo‘ron va shu kabi tabiat hodisalarini aniq, tiniq, mayda-chuyda tafsilotlarigacha qoldirmay tasvirlaydi. Chaxcharon degan mazgilda bir haftadan ortiq qalin qor yoqqan, noma’lum yo‘ldan o‘n besh-yigirma choqli odam tentib, qor tepib, o‘zlariga va otlariga yo‘l ochib, quloqlarini sovuqqa oldirib, benihoya azob-uqubatlar chekkani tasvirlanadi. Ne mashaqqatlar bilan yetgan, Havol deb atalmish g‘orga kirib jon saqlashni olampanohdan qancha iltijo qilishmasin, rozi bo‘lmaydi: “Ko‘ngulga kechtikim, barcha el qorda va chopqunda, men issiq uyda va istirohat bila munda barcha ulus tashvishi bila mashaqqatga, men munda uyqu bila farog‘atda… Men ham har tashvish va mashaqqat bo‘lsa ko‘rayin, har nechuk el toqat qilib tursa turayin”. “Charxning men ko‘rmagan javru jafosi qoldimu, xasta ko‘nglum chekmagan dardu balosi qoldimu?” satrlari shu sinovlardan keyin yozilgan ekan.

“Boburnoma” badiiy maqolanavislikning ham yetuk namunasi, degan fikrning isboti shundaki, bu asarda publitsistikaning hujjatli nasr, memuar, yo‘l ocherki, reportaj esse, xat singari janrlari alomatlari mo‘l uchraydi. Esse janrining asoschisi frantsuz Mishel Monten “Tajriba” asarining so‘zboshisida aytgan “kitobimning bosh qahramoni — mening o‘zim” degan iqrornomasi “Boburnoma”da ham to‘la o‘z aksini topgan.

Alisher Navoiyga qisqa, mazmundor va xolis ta’rif-tavsifni ham Bobur Mirzo bergandir. Ko‘pchiligimiz “Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she’r aytibturlar, hech kim ancha ko‘p va xo‘b aytg‘on emas” so‘zlarinigina bilamiz va iqtibos qilib keltiramiz. Ayni bobokalonimizning fe’li, fazilatlari, bisyor xususiyatlari haqida lo‘nda, teran fikrlar bayon qiladi; masalan: “… mijozi nozuk bila mashhurdir. El nazokatini davlatining g‘ururidin tasavvur qilur edilar”; “Ahli fazl va ahli hunar Alisherbekni murabbiy va muqavviy ma’lum emaskim, hargiz paydo bo‘lmish o‘lg‘ay”; “Mirzodin nima olmas, balki yilda mirzog‘a kulliy mablag‘lar peshkash qilur edi”; “O‘g‘ul va qiz va ahlu ayol yo‘q, olamni tavre fard va jariyda o‘tkardi” va hokazo.

Ijtimoiy mavzulardan bahs etuvchi maqolanavislik (publitsistika)ning eng asosiy vazifasi — jamoatchilik fikrini uyg‘otish, shakllantirish va u orqali omma ongiga ta’sir etish ekan, buning eng yorqin misolini Boburning turfa el-yurtlarga, qavmlarga, odamlarga, tabiatga, shahar va qishloqlarga, tog‘u daryolarga, o‘simlik, hayvonlarga bergan lo‘nda, quyma ta’rif-tavsiflarida ko‘ramiz. “Jahongashta “Boburnoma” kitobi mualliflari adolatli ta’kidlashlaricha, Bobur Mirzo shoh asarining g‘arbda ma’lum va mashhurligi boisi uning to‘rt yarim asrdan beri o‘rganilayotganligi va turli tillarga o‘girilayotganligi bo‘lsa, daho san’atkor Navoiydan Mag‘rib bahramand bo‘lolmayotganligi boisi, birinchidan, uning deyarli tarjima qilinmaganligi bo‘lsa, ikkinchidan, “Boburnoma”ning ayrim qisqartirilgan tarjimalarida, sharhlarida, g‘arbda chiqqan adabiy asarlar va Navoiyga Bobur bergan klassik ta’rifning ba’zi o‘rinlari tashlab ketilganligi, noto‘g‘ri o‘girilganligi, matndan yulib olinganligi va hokazolardir. Masalan, Xarold Lembning “Bobur-yo‘lbars” asarida Boburning Navoiy haqida aytgan: “Forsiy nazmda “Foniy” taxallus qilibtur, ba’zi abyoti yomon emasdur, vale aksar sust va furuddir” degan tanqidiy so‘zlariga alohida urg‘u beradi, boshqa baland baholarini tushirib qoldiradi, oqibatda romanda Navoiy siymosi to‘la, ishonarli chiqmagan, fikr kontekstdan yulib olinganligi uchun chala, xira, qing‘ir-qiyshiq bo‘lib qolgan. G‘aybulloh-as-Salom yozadi: “Navoiyni Navoiy qilgan Foniy emas, Foniyni Foniy qilgan Navoiy. Uning turkona ijodi. Turkiy g‘azallari, benazir “Xamsa”. Shoh va shoir Bobur fors tilini ham mukammal egallagan, undan tarjimalar qilgan. Biroq forsiy devoni yo‘q, ulug‘larning ulug‘ligi ularning umuman benuqson ekanligini anglatmaydi. Dunyoda biron-bir inson yo‘qki, uning ushog‘ jihatlari bo‘lmasa, shunday bir zabardast adib yo‘qki, ojizliklari bo‘lmasa. U yozgan asarlarning barchasi birday mumtoz va yuksak bo‘lavermaydi. Orasida a’losi ham, bundayroqlari ham bo‘ladi. Hech kimda hech qachon ijodiy jarayon bir tekis, silliq kechmaydi. Ustoz Abdurahmon Jomiy Navoiyning forsiy she’rlarini ham yuqori baholab, “Yaxshiyamki, Alisher Navoiy turkiyda ijod qilibturlar, basharti o‘zlarining benazir fasih asarlarini forsiyda yozganlarida, biz forsiygo‘y shoirlarning qiladigan ishimiz qolmas edi”, — degan so‘zlari ham ma’lum.

Endigi vazifa Navoiy asarlarini bevosita, asliyatdan, uchinchi tilni aralashtirmay, g‘arb va sharq tillariga mahorat bilan o‘girish, jahon o‘quvchilarini daho san’atkorimiz merosidan ko‘proq bahramand qilishdir.

Yana “Boburnoma”ni rus tiliga yangidan, mukammal tarjima qilish vaqti allaqachon yetgan. Asar rus tilida ilk bor 1948 yili chop etilgan. Uni sharqshunos M.Sale, asliyat tilini bilmagani bois, taglama orqali tarjima qilgan va boburshunoslikka muayyan hissa qo‘shgan. Kitobni tilimizni bilmagan, o‘zbek ziyolilariga nopisand munosabatda bo‘lgan adib M.Sheverdin “tahrir” etgan, so‘zboshi bitgan. Muqaddimada Boburning harbiy yurishlariga ko‘proq urg‘u berilgan, “yirtqich xuruji” (“xishnicheskiye pobegi”), “ibtidoiy qabohat”, “birovlarning yerini yirqichlarcha bosib oluvchi bosmachi”, “askiyachi va aroqxo‘r” kabi iboralarni ishlatgan, go‘zal va nafis she’riyati haqida gapirib, “tilining oddiyligi va ommaviyligi bilan ajralib turadi”, — deyishdan boshqa so‘z topolmagan. Achinarlisi, asarning 1993 yilgi yangi nashrida M.Sale, M.Poronovskiylar tuzgan izohda Navoiy, Boburlar ehtirom bilan tilga olgan, XV asr donishmandi, avliyosi Xoja Ahror Valini “O‘rta Osiyo darveshchiligining XV asr Samarqandi siyosiy va madaniy hayotida katta, salbiy rol o‘ynagan eng reaktsion vakillaridan biri” degan tamom teskari gaplar o‘tib ketgan va nashr uchun mas’ul bir guruh mutaxassislar e’tiboridan chetda qolgan.

Tarjimalari, sharhlari, talqinlari, badiiy va ilmiy asarlari uchun, nuqsonlari, kemtiklari, boshqa qusurlariga qaramasdan, g‘arb olimlari, mutaxassislaridan biz, Bobur merosxo‘rlari, behad minnatdor bo‘lishimiz kerak. Ayniqsa, asarni ingliz tilida ikki marta — 1905, 1922 yillarda nashr etgan, 60dan ortiq lug‘at, yigirmaga yaqin jo‘g‘rofiy manbalar, xaritalarni o‘rganib, chog‘ishtirib, “Royl Aziatik” jurnalida 100 dan ziyod maqola, ma’lumotlar chop etgan Anneta Susanna Beverij xonimning, shuningdek, frantsuz Jan Lui baks Gromon, fors Abdurahmon ibn Bayramxon, turk Rashid Rahmati Orat va boshqalarning katta xizmatlari har qancha ta’rifu tahsinlarga loyiq. (Marhum G‘aybulloh as-Salom bilan bir radiosuhbatimizda “Nafsilambrni aytganda, Bobur, “Boburnoma” uchun chekkan zaxmatlari, beg‘araz xizmatlari uchun Anneta Susanna Beverij xonim nomiga yurtimizda, loaqal Andijon shahrida biror ko‘cha atalsa ayni muddao bo‘lardi”, degan bir fikrni aytgan edik).

Bu yil ulug‘ shoir, adib, olim, davlat arbobimiz Mirzo Bobur tavalludiga 520 yil to‘ldi. Buyuk bobokalonimiz xotirasini yodlash, nomini yanada ulug‘lashning eng yaxshi yo‘llaridan biri — u haqda ilmiy, badiiy, publitsistik asarlar, tadqiqotlarni ko‘proq yozish va nashr etishdir.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 2-son