Sa’dullo Quronov. Postmodern kayfiyat va ideal ehtiyoji

Foto: Afremov.com

Adabiyotshunosligimiz o‘tgan davr mobaynida qizg‘in munozaralarga sabab bo‘lgan modernizm masalasida yakuniy xulosalarga kelib ulgurmasidan, postmodernizm deb atalmish yangi bir yo‘nalishga to‘qnash kelmoqda. Adabiyot ilmiga doir asarlarda bu terminni bot-bot uchratishga, soha vakillari tomonidan “u postmodernchi”, “bu postmodern asar-da…” qabilidagi gaplarni tez-tez eshitishga ko‘nikkan bo‘lsak-da, o‘zbek adabiyotining biron namunasi shu nuqtai nazardan jiddiy tahlilga tortilganini, umuman, bu borada muayyan tadqiqot olib borilganining guvohi bo‘lmadik.

Zamonaviy o‘zbek adabiyoti yangicha xususiyatlari, o‘ziga xos tamoyillari bilan shakillanib borayotgani kundan-kunga oydinlashib bormoqda. Xususan, nasrda an’anaviy yohud modern yo‘nalishidagi asarlardan tamomila farq qiluvchi roman, qissa va hikoyalar dunyoga kelmoqdaki, albatta, bular jahonda hukum surayotgan ijtimoiy-madaniy hayot, yangicha badiiy tafakkur xususiyalari bilan uzviy bog‘liq.

Hamonki shunday ekan, adabiyotshunoslik ilmi mavjud o‘zgarishlarga bugungi kun nigohi, yangicha metod – tahlil usullari asosida yondashmog‘i zarur. Zero, insoniyat taraqqiyotining bu bosqichi o‘zi bilan mavhum, murakkab va serqirra manadaniyatni olib kelganki, uni o‘rganishda xozir dunyoni tushunishning ilg‘or metodlaridan sanaluvchi sinergetika, postmodernizm tamoyillaridan ayro turib bo‘lmaydi.

Albatta, biz nasrimizdagi o‘zgarishlarni tamomila postmodernizm bilan bog‘lashdan yiroqmiz. Biz muayyan asar tahlilga tortilganida yangicha yo‘nalishning o‘ziga xos tamoyillari nazardan qochirilmasligining tarafdorimiz, xolos. Xususan, Ulug‘bek Hamdam, Isajon Sulton, Abduqayum Yo‘ldoshev kabi yozuvchilar asarlarini adabiyotshunoslikning an’anaviy uslublari bilan to‘la qonli baholab bo‘lmaydi. Ularni tushunishda poststrukturalizm, germeneftik tahlil usullaridan borgan ma’qul.

Ammo adabiyotshunosligimizning xozirgi imkoniyati bu borada ko‘proq chet el mutahassislari tadqiqotlaridan foydalanishga yaramoqda, xolos. Bu esa masalaning ikkinchi bir nozik jihatini yuzaga keltiradi. Ya’ni adabiyotimizdagi o‘zgarishlarga G‘arb postmodernizmi nuqtai nazaridan yondasharkanmiz, ular haqida birmuncha sun’iy, ayni damda, noto‘g‘ri xulosalarga kelishimiz turgan gap. Chunki, sog‘lom fikr yuritilsa, postmodernizm xuddi modernizm kabi ijobiy hodisa emas. Yana shunday fikr yuritilsa, bu yo‘nalishlarning muayyan ta’sirini ham inkor etib bo‘lmaydi. Boisi, G‘arb va Sharq kishisi o‘rtasidagi farq katta bo‘lmasin, jahonda hukm surayotgan globalizatsiya, madaniy, iqtisodiy-siyosiy hayotning umumiy jihatlari talaygina topiladi. Shu sababdan yangicha yo‘nalishlarga munosabat bildirilayotganda ularning ta’sirini inkor etmay, adabiyotimizda yaratilayotgan asarlarga umumjahon kayfiyatining milliy zamin tayangan qadriyatlar bilan o‘zaro sintezi sifatida qarash o‘rinli bo‘ladi. Bizningcha, adabiyotshunosligimiz oldidagi dolzarb masala ham shunda, ya’ni umumiylikda xususiylikni belgilab olishdan iborat.

Bugungi kun kechagisidan tamomila farq qiladi. Fan-texnika, kamunikativ vositalarning hadsiz rivoji davr kishilariga tarqoq kayfiyatlarni ulashmoqda. Olam bugungi kun kishisi uchun turli rakurslarda akslanmoqda. Dunyoda sodir bo‘layotgan tezkor o‘zgarishlar, siyosiy-iqtisodiy vaziyat, o‘ziga xos demokratik tamoyillar ortidagi ma’nisiz turmush kishi xayolini shoshiradi, uning maqsad va vazifalarini kichraytiradi.

Fan taraqqiyoti ham shunga monand. Ya’ni postnoklassik fan o‘zidan oldingi metodlarni rivojlantirgan, eksprementlar jarayonida takomillashgan esa-da, uning har bir kashfiyoti o‘z qarshisida o‘nlab jumboqlarni yuzaga keltirmoqda. Yangi fan olg‘a surayotgan universal evolyutsionizm g‘oyasi va sinergetika borliqning bir butunlik paradigmasini tasdiqlaydi. Unga ko‘ra olam – biosfera,  noosfera, jamiyat, inson yagona, yaxlit tizimda mujassamdir. Buning natijasi o‘laroq, ma’lum bo‘ladiki, inson o‘zi tadqiq etayotgan “ob’ektiv” voqelikdan aslo tashqarida tura olmaydi. Go‘yo u futbol haqida tomoshabinday emas, balki o‘yinchiday taassurotga ega, xolos. Demak, uning olamni bilish jarayonidagi tasavvur va xulosalari ham hamin qadar… Albatta, fan taraqqiyotining xos tamoyillari o‘z yo‘liga. Ammo fan va madaniyat rivoji o‘zaro bog‘liq tendentsiyalar asosida davomlidir. Shu ma’noda postmodernizm yo‘nalishi bugungi ilm-fan, ijtimoy-siyosiy hayotning butun nozikliklari bilan ifodalovchi asosiy metodlardan biri sanaladi.

Postmodernizm o‘ta murakkab va serqirra yo‘nalish bo‘lib, u ifoda shakllari, mazmun-mohiyatiga ko‘ra rivojlanib bormoqda. Uning asosida olamni xaos deb bilish, parokanda va bema’ni dunyoda inson mavjudligining ahamiyatsizligi ifodasi yotadi. Hamonki shunday ekan, san’atkor ham o‘zi yaratayotgan asarda olamni bilish, uni tushunish va tushuntirishga bo‘lgan ehtiyojini unutadi, dunyoni yaxlit, maqsadli “metarivoyat”lar o‘rniga uzuq-yuluq, tartibsiz “rivoya”lar asosida ifodalaydi. Postmodernizm bugungi kundagi omma madaniyati (popkultura) va ommaviy didsizlik istilohlari bilan ham uzviy aloqadagi hodisadir. Ko‘rinadiki, bu yo‘nalish davr hayotini akslantirishda keng imkoniyatlarga ega. Ammo G‘arb kishilarining kayfiyati xaosni tasdiqlab turgan, jamiyatlar turmushida ideal va oliy maqsadlar yemirilayotgan bir vaqtda postmodernizmni aynan ko‘chirib olishimiz o‘rinli bo‘larmikan?!

O‘zbek adabiyotida postmodernizmning kurtaklari bundan yigirma yillar oldin, biz modernchi deb atayotgan shoirlar bisotida aks etgan bo‘lsa-da, unga jiddiy qiziqish juda kech boshlandi. Aniqrog‘i, adabiyotshunosligimiz modernizm va postmodernizmni o‘zaro farqlash ehtiyojiga biroz keyinroq yetib keldi. Ayniqsa, Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” (“Sharq yulduzi” jurnali 2010 yil, 6-son) romanidan so‘ng postmodernizmga qiziquvchilar yanada ko‘paydi. Albatta, yangi roman yozilishida e’tirof etayotganimiz yo‘nalishning ta’siri katta. Adib xuddi postmodernchilar kabi dunyo manzarasini kichik, uzuq-yuluq voqealar asosida chizadi. Zamon va makon uyg‘unligi buzilgan roman ifodasida tarix, bugun va kelajak qorishib ketadi. Unda siz turmush hayotimizning kichik detallaridan tortib, zamonaviy ilm-fan yutuqlari, tarix solnomalari, afsona va rivoyatlardagi syujet motivlari, falsafa, siyosat, madaniyatga daxldor omillarning bevosita va bilvosita ifodasi, intertekstual o‘yinga duch kelasiz. Ammo muallif postmodernizmning mana shunday shakliy xususiyatlariga murojaat etadi, xolos. Ya’ni postmodernizmga xos ifoda shakllari sharqona tafakkur xususiyatlari bilan payvandlanadi va mazmun-mohiyati bilan uni inkor etadi. Agar G‘arb postmodernizmi olamni bema’ni deya hukum chiqarsa, Isajon Sulton romanida shu ma’nisizdek ko‘rinayotgan dunyoda darbadarlikdan qochish kerakligi g‘oyasi olg‘a suriladi. Ahamiyatlisi, ijodkor mavjud sharoitning xaotik ifodasidan qochmaydi. Ya’ni roman qahramonlari o‘z mavjudligidagi haqiqatni turli yo‘llardan qidirarkan, muallif aniq bir hukm, Idealni ko‘rsatishga ojiz ekanligini yashirmaydi. Lekin uning qahramonlari ana shu Idealni qidirishdan charchamaydi.

Dunyoni xaotik manzara asosida ifoda etishi jihatidan Ulug‘bek Hamdamning keyingi yillarda e’lon qilingan bir turkum hikoyalari ham postmodernizmga yaqin keladi. Adib xaos deb ko‘rinayotgan olamda Idealni izlash masalasiga o‘ziga xos, ayni damda, Sharq yashash falsafasining mezonlari asosida yondashadi. Unga ko‘ra, har bir Insoning umri muayyan YO‘Lda kechadi. Garchi u o‘z manzili, mavjudligidagi haqiqatni to‘la idrok eta olmasa-da, shu yo‘ldan borishga mahkum. Pirovardida inson uchun erishilgan Ideal manzil emas, balki, ungacha bosib o‘tilgan YO‘L – jarayon umr mazmuniga aylanadi. Ijodkor bu xaotik olamda har birimiz manzilga qarab intilishimiz, izlaganimiz ma’no – idealni esa o‘z qalbimizdan qidirishimiz kerakligini uqtirayotganday bo‘ladi.

Yaqindagina e’lon qilingan Abduqayum Yo‘ldoshevning “Puankare” (“Jahon adabiyoti” 2012 yil, 9-son) nomli hikoyasi ham dunyoning bugungi manzarasi va sharqona qadriyatlarni go‘zal uyg‘unlikda ifoda etishi bilan qadrlidir. Bu ijodkorni qiynagan masala ham – Ideal muammosi. Uning qahramonlari ham mavjudlikning yagona yechimi – “Koinot formulasi”ni qidirish bilan ovora. E’tiborlisi, yozuvchi bu jarayonning butun nozikliklari bilan tasvirlashga erisha oladi. Ya’ni bizni o‘rab turgan bu olam siru sinoatlarga va irodamizdan tashqarida bo‘lgan haqiqatlariga ega. Hamonki shunday ekan, insonning bu tartibotda mavqei nimadan iborat? Ma’naviy qashshoq holida ham “umrguzaronlik” qilib yurgan Tirkashning yo‘li to‘g‘rimi? Yoki zimmasida ro‘zg‘or tashvishlari bo‘la turib, hayotini olam haqiqatini topishga bag‘ishlagan, oqibatda xoru zorlikdan boshqasiga erisholmagan qahramon taqdiri? Balki avliyolardek ehtiyojlardan holi, na pulga qiziqadigan va na odamlar bilan suhbat quradigan, topgani, Peterburgdagi ixchamgina uyida qamalib olib murakkab gipotezalar yechish bilan mashg‘ul bo‘ladigan Perelman tutgan yo‘l to‘g‘ridir? Ko‘rinadiki, olamning Ideal yechimini izlashdan voz kechilsa ham, umrni unga bag‘ishlasa ham, va xatto o‘sha “Koinot formulasi” yechilsa ham, bular qurbonliklarsiz amalga oshmaydi. Ya’ni har bir yo‘lning o‘z yutuq va kamchiliklari mavjud. Shunday ekan, bugungi kun kishisi umr ma’nisini dindanmi, fandanmi, turmushdanmi qidirishni bilolmay tang bo‘layotgan holida, qay tarafga yuzlansin? Hikoya oxiridagi birgina jumla barisini hal qiladi: Buni Sharq deb qo‘yibdilar” deya hayqiradi qahramon. G‘arb kishilari hayotni bema’ni deya e’tirof etib, ijtimoiy-madaniy rivojlanishning garmoniyasini yo‘qotib, boshi berk ko‘chaga kirib qolayotgan bir vaqtda najotni Sharqning bitmas-tuganmas ma’naviy boyliklarida topayapti. Zero Sharq donishmandlari Ideal doim inson ruhida yashab keladi, deya uqtiradi. Shunday ekan, biz uchun olam hech qachon bema’ni tuyulmasligi lozim.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, o‘zbek adabiyoti, xususan, nasrida o‘ziga xos bir yo‘nalish shakllanib bormoqda. Albatta, u bugunning kayfiyati, ijtimoiy-madaniy hayotning ifodasi uchun juda mos keladi. O‘zbek adabiyoti shaklda har qancha yangilanmasin, o‘z mohiyatida sharqona yashash falsafasini saqlab qolaveradi. Shu bois ham ularda olamni anglash yo‘lida inson irodasidan tashqaridagi Kuchning bevosita ifodasi, insonni dunyo charxpalagining oddiy, ammo kuzatuvdagi yo‘lovchisi sifatida tasvirlashga bo‘lgan harakat mavjud. Ammo biz uni G‘arbda shakllangan postmodernizm nuqtai nazaridan tushunishga harakat qilsak, modernizmga bo‘lgan munosabat aynan qaytarilishi mumkin. Shu sababdan hozirgi kun adabiyotini tadqiq etayotganda dunyoda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar va postmodern san’atining muayyan ta’sirini inkor etmay, bu yo‘nalishni o‘zbek postmodernizmi deya atashimiz maqsadga muvofiq.

O‘zAS, 2012. 27 iyul. №30