Oygul Asilbek qizi. Adabiyot chindan ham inqirozga yuz tutdimi?

Chindan ham bugun adabiyot inqirozga yuz tutdimi?! Bu savol deyarli barcha adabiyotshunos olimlar, yozuvchilar, shoirlar va, albatta, kitobxonlar uchun qiziq. Jurnalning o‘tgan sonlaridagi “Yo‘l qayerdan o‘tadi?” nomli maqolada muallif, pragmatik qadriyatlar ustun bo‘lgan zamonaviy jamiyatda adabiyot o‘z xuquqlarini o‘zida saqlab qoladimi, degan masalani ko‘taradi. Ushbu masalaga jamiyatshunostlik fani nuqtai nazaridan javob berishni lozim topdik. Hozirgi kunda zamonaviy jamiyatda badiiy adabiyotning o‘rni, kitobxonlik madaniyati, umuman olganda, adabiyotning inqirozi haqida turli bahs-mulohazalar, fikrlar uchramoqda. Bu holatga ikki xil tarzda e’tiroz bildirish mumkin:
1. Bugun yoshlarimiz kitob o‘qimay qo‘ydi, kutubxonalar bo‘shab qoldi, kitoblarni xarid qilish o‘tgan asrga nisbatan kam degan e’tirozlarga qaramay, badiiy asarlar yozilyapti, chop etilyapti, o‘qilyapti. Boz ustiga, falon adadda kitob chop etish, falon miqdorda kitob sotib olishning o‘zi jamiyatning nechog‘liq ma’rifatli ekanligini ko‘rsatadigan mezon bo‘lolmaydi. Vaholanki, jamoatchilik fikrini o‘rganishda bunday indikator, ya’ni ko‘rsatkichning o‘zi mavjud emas.
2. Adabiyot – nafaqat ijtimoiy hodisa, balki madaniyatning bir qismi sifatida ijtimoiy institut ham. Shu bois uning muayyan davrlarda gullab-yashnashi, inqrozga uchrashi normal holat hisoblanadi. Ustiga-ustak, adabiyotning inqirozi yoki yuksalishi uning ijtimoiy vazifalari bilan ham chambarchas bog‘liq.
Agar yuqoridagi e’tirozlarni umumlashtirsak, quyidagi xulosaga kelamiz: badiiy adabiyotning bugungi kundagi inqirozini qandaydir ortga qaytarib bo‘lmas, halokatli, yo‘q bo‘lishga mahkum deb baholash xato. Odatda, bunday qarashlar adabiyotning o‘tgan asrdagi ijtimoiy maqomi hamda mafkuraviy funktsiyasini bo‘rttirish bilan izohlanadi. Shu sababdan bugun adabiyotda yuz berayotgan holatlarni keskin inqiroz sifatida emas, muayyan tizimdagi elementlarning, funktsiyalarning o‘zgarishi, almashinishi deya qabul qilish birmuncha maqsadga muvofiq. Chunki adabiyotga yaxlit, bir butun tizim sifatida qarash shuni taqozo etadi. Estetik zavq berish vazifasini hisobga olmaganda, badiiy adabiyot mifologik dunyoqarash ustun bo‘lgan davrlardan to bugungi axborot asrigacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida bu kabi inqirozli vaziyatlar yoki o‘zgarishlarga uchraganligi hech kimga sir emas. Misol uchun adabiyotning jamiyatda tutgan o‘rni nuqtai nazaridan olib qaraganda, Navoiy davri va sobiq ittifoq davridagi adabiy jarayon yoxud jadidlar davri va bugungi kundagi adabiy muhit bir-biridan solishtirib bo‘lmas darajada keskin farq qiladi. Zotan, bu tafovutlarning barchasi adabiyotning ijtimoiy funktsiyalari o‘zgaruvchan ekanligini anglatadi.
Jamiyatshunoslik fanlarida adabiyotning estetik, kommunikativ, epistimologik, ya’ni bilish, axborot berish, aktsiologik – qadriyatlarni shakllantirish, integrativ – jamlash, mafkuraviy funktsiyalari ajratib ko‘rsatiladi. Biz umumlashtirgan holda uchtasiga: estetik, kommunikativ va bilish vazifalariga e’tibor qaratamiz. Sababi, aynan ushbu vazifalarning o‘zgarishi yoki yo‘qolib borishi badiiy adabiyotning jamiyatdagi o‘rnini belgilab beradi. Uning bugungi inqirozini, ayniqsa, bilish hamda kommunikativ funktsiyalarining ahamiyati kamayib borayotganligi bilan izohlash mumkin.
1. Badiiy adabiyotning ijtimoiy hayotdagi eng asosiy funktsiyalaridan biri – bu uning estetik funktsiyasidir. Ayrimlar uni ma’naviy ozuqa, estetik lazzat berish vazifasi deb atasa, boshqalar jo‘ngina ko‘ngil ochish, qiziqtirish sifatida qabul qiladi. Albatta, bu hol insonning badiiy didi bilan bog‘liq. Biroq har ikki holatda ham adabiyotning ushbu funktsiyasi insonlarning bo‘sh vaqtini o‘tkazishga qaratilgan. L.N.Tolstoy: “Adabiyotning estetik zavq berish vazifasi bor ekan, u doim barhayotdir”, – deb yozadi. Tan olish kerakki, bu borada adabiyotning raqobatchilari kun sayin ko‘payib bormoqda. Ommaviy axborot vositalarida uzatilayotgan turli ko‘ngilochar dasturlar, seriallar, kompyuter o‘yinlari, kontsertlar – bularning bari kishilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga, qaysidir ma’noda ularga estetik zavq berishga qaratilgan. Ammo bu raqobat adabiyotni ijtimoiy hayotdan siqib chiqaradi degani emas. Kinematografiya ixtiro qilingan vaqtlarda “Endi teatr o‘ladi!” degan hayqiriqlar yangragandi. Guvohi bo‘lib turibmizki, kinematografiya teatrni, televideniye esa kinematografiyani siqib chiqargani yo‘q. Aksincha, raqobatbardoshlik adabiyotning yangicha janrlarini vujudga keltirishga, boshqa san’at turlari bilan, masalan, kino san’ati bilan aloqa bog‘lashga undamoqda. Axborot texnologiyalarining taraqqiy etishi raqobatchilar bilan bir qatorda targ‘ibotning yangi vositalarini ishlab chiqishga turtki bermoqda. Misol uchun birgina internetning o‘zi badiiy asarni targ‘ib qilishning bir nechta usul-vositalariga imkon yaratadi.
2. Adabiyotning ijtimoiy kommunikativ funktsiyasi g‘oyat murakkab jarayon sanaladi. Bunda badiiy asarning mashhurligi, omma orasida keng yoyilganligi birlamchi ahamiyatga ega. Binobarin, adabiyot jamiyat a’zolarining o‘zaro aloqa o‘rnatishiga turtki bo‘larkan, u kishining muayyan bir guruh yoki qatlamga mansublik belgisiga, ramziga aylanarkan.
Tarixdan ma’lumki, ulkan imperiyalar o‘z hududidagi turli millat va elatga mansub kishilarni yaxlit bir madaniy doirada birlashtirish maqsadida diniy hamda badiiy adabiyotlardan ustalik bilan foydalanganlar. “Yunonlar Gomerni shu qadar umummadaniy miqyosga ko‘tarishdiki, oqibatda, u nafaqat markaziy o‘ringa, balki mustabidona ta’sirga ham ega bo‘ldi”, – deydi Nitshe.
Adabiyotning bu funktsiyasi kishilarni muayyan bir badiiy asarlar, natijada, g‘oyalar, qarashlar atrofida birlashtirishga xizmat qiladi. Masalan, o‘nlab, yuzlab kishilar bir-birlaridan bexabar holda biror badiiy asarni o‘qishdi. Oqibatda, ularning ruhiyatida, dunyoqarashida hech bo‘lmaganda bir-biriga yaqin hissiyotlar, qarashlar shakllanadi. Qarashlari, didlari yaqin bo‘lgan kishilarning esa turgan gapki, til topishishi oson kechadi. Tabiiyki, bunda badiiy asarning qanchalik omma­lashganligi katta ahamiyatga ega. O‘tgan asrning 60-70 yillarida Usmon Nosir, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov asarlarining qo‘lma-qo‘l o‘qilishi, ijodiy kechalarning tez-tez tashkil etilishi bunga misol bo‘la oladi.
Ammo shuni ham nazardan chetda qoldirmaslik lozimki, bugungi kundagi kitob chop etish, uni targ‘ib qilish mexanizmlari o‘tgan asrlarga solishtirganda ancha murakkab. Bugun muayyan asarning qanchalik mashhurligi uning estetik qadr-qiymatini belgilamaydi. Boisi, hozirda nashr etilayotgan kitoblar qiziqishlari, didlari, kasb-kori, qadriyatlari har xil bo‘lgan kitobxonlarning e’tiborini tortishga qaratilgan. Oqibatda, bu “mahsulot”ni iste’mol qilayotgan omma va uning tarkibidagi individ o‘rtasida tafovut yuzaga kelmoqda. Ommalashgan kitob hammaga birday yoqmaydi, ammo u biror sohaga ixsoslashgan kitobdan ko‘ra ko‘proq e’tiborni jalb qiladi. Natijada, keng omma uchun yoki tor doiralar uchun mo‘ljallangan kitoblar chop etish zaruratga aylanadi. Aksariyat mutaxassislar kishilarga muayyan gegemon estetik qadriyatni zo‘rlab tiqishtirishdan ko‘ra bo‘linishni, har kimning didiga mos asarlarni targ‘ib qilish lozimligini uqtirishmoqda. Hozirda adabiyotning aynan kommunikativ funktsiyasidagi o‘zgarishlar yoki inqirozlar shu jarayon bilan bog‘liq. Deylik, biror hikoya, roman yoxud she’r faqat o‘ziga xos tor doiralargagina ma’lum. Tabiiyki, u keng omma orasida muhokama uchun mavzu bo‘la olmaydi. Uning avvalgidek kishilarni birlashtirishga, o‘zaro aloqa o‘rnatishga qaratilgan funktsiyasi samara bermaydi. Boz ustiga, inson kundalik hayoti davomida mehnat jamoasi, sport klublari, yo‘lovchilar, do‘stlar, qarindoshlar kabi turli tabaqadagi ijtimoiy guruhlar bilan aloqada bo‘ladi. Ko‘pchilikka tanish bo‘lmagan badiiy asarlar esa ushbu guruhlarni o‘zaro birlashtirishga turtki bo‘la olmaydi.
Ushbu jarayonlardan xulosa qilib, endilikda badiiy asarlar kommunikativ funktsiya bajara olmaydi, deyish biryoqlama qarashni ifodalagan bo‘lur edi. Sababi, ijodkor va kitobxon, shuningdek, o‘quvchilarning o‘zaro aloqadorligi adabiy jarayondagi tayanch nuqtalardan biri sanaladi. Endilikda bu aloqadorlik avvalgidek keng miqyosda emas, tor, ammo turfa xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Bunda turli qiziqish, did va dunyoqarashga ega nashriyotlar, gazeta-jurnallar tashkil etilishi ijtimoiy zaruratga aylanadi. Natijada, har bir ijodkor o‘z auditoriyasiga ega bo‘larkan, ushbu auditoriyalarning chegarasi avvalgidek turg‘un emas, harakatchan xususiyatga ega bo‘ladi. Ya’ni, o‘quvchi Navoiyga ham, Konan Doylga ham, Borxesga ham birday muxlislik qilaveradi.
3. Hozirda adabiyotning “inqirozi”ga sabab bo‘layotgan ijtimoiy funktsiyalaridan biri – bu bilish – axborot berish funktsiyasidir. Bu vazifa kitobxonning yozuvchi yoki shoirni qaysidir ma’noda ekspert sifatida qabul qilishi bilan belgilanadi. Chindan ham ijodkor o‘rta darajadagi o‘quvchiga ma’lum bo‘lmagan yoki jillaqursa, u qiziqqan mavzuda so‘zlaydi, savollariga javob beradi. Ayniqsa, falsafiy-axloqiy masalalarda qalam tebratgan ijodkorlar eng munosib ekspertlar sifatida qadrlanadi. Rumiy, Jomiy, Navoiy, Tolstoy, Dostoyevskiy kabi ijodkorlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Bundan tashqari, tarixiy, biografik asarlarning mualliflari ham o‘quvchilarga muayyan bilim, ma’lumot berishda kam mehnat qilmaydi. Biror tarixiy davr yoki shaxs haqidagi asarga qo‘l urishdan oldin yozuvchi o‘sha davr va odamlar to‘g‘risida o‘qiydi, o‘rganadi. Bu jarayonlarni boshidan kechirgan ijodkor qaysidir darajada hayotiy tajriba va bilimga ega bo‘ladi. Ana shu bilim va hayotiy tajribaning o‘zi biz nazarda tutayotgan ekspertni shakllantiradi. Biroq ijodkor tarixiy voqealarga guvoh bo‘lgan, buyuk shaxslar bilan ko‘rishgan kishilar kabi boshidan kechirganlarini, o‘qib-o‘rganganlarini shunchaki bayon qilmaydi. U ayni paytda ham yozuvchi, ham tarixnavis, ham xotiranavis sifatida maydonga chiqadi. Badiiy asar sof falsafiy, tarixiy yoxud biror-bir fan sohasiga da’vo qilmasligi tayin, ammo u o‘z holicha o‘quvchiga adibning dunyoqarashi, boy tajribasi haqida ma’lumot beradi.
Xo‘sh, bugungi kun o‘quvchisi ana shu tajribaga tayanadimi? Kitobxon biror ma’lumotga ega bo‘lishi uchun aynan badiiy asar o‘qishi shartmi, degan savollar adabiyotga nisbatan qarashlarimizni o‘zgartirishga sabab bo‘lmoqda. Endilikda kitobxon yozuvchini ekspert sifatida qabul qilishga ehtiyoj sezmayapti. U boshqalarning hayot tajribasiga taqlid qilishdan ko‘ra, mutaxassis-ruhshunosga, mutaxassis-tarixchiga, mutaxassis-texnikka murojaat qilishni afzal ko‘rmoqda. Bu o‘rinda adabiyotshunos olimlar adabiyotning bilish funktsiyasini turli nazariyalar bilan bog‘lab tushuntirishga urinishmoqda. Masalan, rus tadqiqotchisi Grigoriy Pomeranetsning “Tarixni badiiy qahramonlar orqali o‘rganish”ga doir qarashlari yoki psixoanaliz ilmiy maktabi vakillarining badiiy ramzlar yordamida arxitiplarni anglash to‘g‘risidagi g‘oyalari badiiy asarlarga nisbatan birmuncha qiziqishni oshiradi, lekin bunday qarashlarning faqat mutaxassis, adabiyotshunoslargagina tanishligi ushbu muammoning yechimiga yo‘l bermaydi. Binobarin, arxitiplar nazariyasini talqin qilish nafaqat badiiy adabiyot, balki falsafa, ilohiyotshunoslik, psixologiya kabi fanlarning ham tadqiqot doirasiga kiradi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu mulohazalar bugungi kun yozuvchisining oldiga nimani yozish kerak degan savolni qo‘yadi, albatta. Bugun ijodkorlarning faoliyatini “adabiyot ham bir ijtimoiy soha, axir bu sohada ham kimdir ishlashi kerak-ku”, degan qarash bilan oqlab bo‘lmaydi. Yozuvchi ham, shoir ham yozganlari kim uchun, nima uchun kerakligini aniqlab olishi, so‘ngra o‘z oldiga maqsad qo‘yishi lozim. Chunki biz bilgan bugungi adabiyot qay shaklda o‘zgarishi, qanday evrilishlarni boshidan kechirishi ana shu maqsadga bog‘liq.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 4-son