Biz dorilfununga yangi kelgan kezlarimizda Shukur Xolmirzayev yuqori kursda o‘qisa-da, tilga tushgan yozuvchi edi. Ko‘pincha ko‘cha-ko‘yda Abdulla Oripov bilan o‘zaro qizg‘in gaplashib, bahslashib yurganini ko‘rardik va har ikkisiga birdek havas bilan qarardik. Ularning «Gulxan», «Lenin uchquni»da bosilgan har bir asarini — she’ri yoki hikoyasini o‘zimizcha erinmay tahlil qilardik, kelajagi ayon ko‘rinib turgan bu yosh ijodkorlar bilan bir bilim dargohida tahsil olayotganimizdan faxrlanib, hatto «maqtanib» ham qo‘yardik.
Shu yillarda dorilfununning hozirgi taniqli domlalari — Ozod akayu Laziz akalar ham anchagina navqiron edilar. Shu sababdan bo‘lsa kerak, adabiyot to‘garagidagi turli mashg‘ulotlar (uni taniqli olim Matyoqub Qo‘shjonov boshqarardi) juda jonli, esda qoladigan qandaydir bir ko‘tarinki ruhda o‘tardi. Muhokamalarda Shukur aka albatta gapirardi, o‘z nuqtai nazarini juda berilib, kuyunchaklik bilan qattiq himoya qilardi (hozir Shukur aka gapning «bo‘lari»ni aytishni yaxshi ko‘radi. Tabiatidagi Boysun tog‘larida tug‘ilgan cho‘rtkesarlik, dangalchilik ana shu paytlardagi jiddiy bahslarda shakllanib, kamolga yetgan bo‘lsa kerak). Biz o‘sha g‘alati davrlarda iymanib, tomoshabin bo‘lib o‘tirsak-da, Shukur akaning kelajakda katta yozuvchi bo‘lishiga astoydil ishonardik.
Iste’dod va mehnat egizak ekan. «Qimirlagan qir oshar» deganlaridek, bir vaqtlar tabiat haqida bolalarga kichik-kichik hikoyalar, lavhalar yozib yurgan Shukur aka ko‘z o‘ngimizda elning suyukli adiblaridan biriga aylandi. Aytishgagina oson bo‘lgan bu gap zamirida yillar bo‘yi huzur-halovatdan kechib qilinadigan og‘ir mehnatlar, tinimsiz izlanishlar, ruhiy iztiroblar, odamlar, zamin, jamiyat, Vatan haqidagi og‘riq va dardlarga to‘la teran o‘ylar, o‘ziga xos mushohadalar yotibdi.
Shukur aka ellik yoshga to‘lgan bugungi kunda o‘ttiz yil ichida yozgan asarlarini xayolan ko‘zdan kechirsak, uning hikoyadan hikoyaga qay tarzda o‘sib, kamolot cho‘qqisiga intilib va uni zabt etish yo‘lida naqadar katta qiyinchiliklarni yengib borayotganini yaqqol sezamiz. Yozuvchi ilk hikoyalarida xolis tasvirni yaxshi ko‘rardi (shu tufayli ba’zan tengdoshlari hazillashib uni o‘zbeklarning Sholoxovi deb atashardi). Qahramonning barcha xatti-harakatlari, qiliqlari, gap-so‘zlarini chetda turib ko‘rsatardi, voqea-hodisalarga aralashmasdi. Ularda deyarli bir xil ijodiy uslub yetakchilik qilardi («Yovvoyi gul», «Kechagi kun kecha», «Bahor o‘tdi» kabi hikoyalarini eslang). Hozir esa adibning ijodiy qiyofasi ancha o‘zgargan, uslubida xilma-xil, rang-barang bo‘yoqlar, ohanglar tovlanadi. «Kimsasiz hovli» hikoyasi avvalgidek shafqatsiz realistik usulda bitilgan bo‘lsa, «Haykal», «Xumor», «Yig‘i», «O‘zbek xarakteri» singari keyingi yillarda bitilgan hikoyalarda butunlay boshqa manzarani ko‘ramiz. Yozuvchining o‘zi ta’kidlaganidek, endi ularda «qahramonlarning o‘zlari gapiradi, ya’ni hikoya qilishadi». Bu qahramonlarning har biri o‘ziga xos betakror ohangda so‘zlaydi, o‘zining kimligini, saviyasini, dunyoqarashini, ne dard bilan yashayotganini, ichki olamini o‘z nutqi orqali «mana man» deb ochib beradi. Bu hikoyalar juda sodda, ravon, yengil o‘qiladi. Kosa tagida nim kosa deganlaridek, bu qahramonlar aksari o‘z so‘zi bilan o‘zini fosh etadilar («Xumor», «Haykal» hikoyalaridagi kabi). Bunday usulda tasvirlash, bir-birini takrorlamaydigan xilma-xil odamlar qiyofasini faqat so‘zlatish orqali jonli gavdalantirish esa faqat aytishgagina oson. To‘g‘ri, bunday uslub adabiyotimizda avvaldan mavjud. Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor kabi mohir san’atkorlar ijodida bunday usul ko‘p qo‘llangan. Shukur Xolmirzayev bu hayotiy an’anani muvaffaqiyatli davom ettirib, yangi mazmun bilan boyitib borayotgani quvonarlidir.
«Haykal» hikoyasining qahramoni Stalin davrining sadoqatli odamlaridan biri — Kimsanboy. U buzilayotgan dohiyning haykalini talashib-tortishib saqlab qoladi va o‘z hovlisiga o‘rnatib qo‘yadi. Uning Stalinga e’tiqodi juda zo‘r. Yozuvchi bu qaysar, bir so‘zli, ammo savodsiz, do‘lvor odamning ichki dunyosini, fojiasini mahorat bilan ko‘z o‘ngimizda namoyon etadi. Bu kishi hayotimizda har qadamda uchrab turadigan, hozir ham ko‘kragiga mushtlab, hech kimga gap bermaydigan stalinizm tarafdorlarining jonli timsoli. Ular davrdan orqada qolgan, davr ruhini chuqur his qilmaydigan, shu jihati bilan hatto xavfli kimsalardir. Mana, qahramon nutqidan bir parcha o‘qib ko‘raylik:
«Ko‘z oldim qop-qorong‘i bo‘lib qoldi. Haykalning orqasiga qanday qilib o‘tganimni bilmayman. Kallaga engashgan edim, bolg‘a yana gursilladi. Shartta izimga qaytdim. Qulmuhammad dohiyning mana shu yeriga — ko‘kragiga uripti,
— E, baqqa ber-e, enangdi… — deb bolg‘ani tortib oldim. Qulmuhammadning basharasiga shapaloqlab solib yubordim. Keyin bolg‘ani Bo‘tayevga tutdim. — Oling! Meni uring!.. Men roziman! — Yig‘lab yuboribman. — Shu odamni deb qon to‘kkanman, kantujin bo‘lganman. Haliyam biqinda askolka bor!
Odamlar kelib meni ushlashdi. Unga sari jahlim chiqib ketdi.
— Bu odam yurtni o‘ylaganda, sen qayda eding?! E, jo‘jaxo‘roz politik!? — Og‘zimdan u kirdi, bu chiqdi, esim ham joyida emas shekilli. — Axir, axir… Bu odam dohi-ku? — deb baqirdim. — Kecha «Yashasin!» deb yurgan eding… He, haromi! — deb Qulmuhammadniyam so‘kib ketdim. Urushga «Za Stalin!» deb kirgan kim edi? Kurskiy duga esingdami, iplos? Sen salkam pashist ekansan-ku?!
Bu tasvirdagi nutqning tabiiyligi, jonliligi, yorqinligi kishining havasini keltiradi. Yozuvchi hamon eski uslubiga sodiq: endi qahramonning so‘zlash tarziga aralashmaydi, uni gapirtirib, o‘z so‘zi bilan fosh etishda izchil turadi.
Ilgarilari biron yozuvchi yaratgan qahramon haqida gap ketsa, albatta uning zamonaviyligiga, faoliyat kishisi, yaratuvchi, bunyodkorligiga asosiy urg‘u qaratilar edi. Bu jihatdan qaraganimizda Shukur akaning qahramonlari fidoyi cho‘lquvaru, dongdor paxtakorlar emas. Ularning hammasi oddiy, kamsuqum, hatto ko‘z-ko‘z qilib maqtanishga arziydigan fazilati ham yo‘q. Ammo ular o‘z yurtiga, ona zaminga, odamlarga nisbatan baland mehr bilan yashaydigan halol, mard, olijanob kishilardir. Bu haqda maxsus bir maqolada alohida gapirgan ma’qul. Shuning uchun birgina misol keltirish bilan kifoyalanamiz.
«Qariya» hikoyasidagi Qo‘zivoy cholning hech kimi yo‘q. U halol ishlab, kechgacha bozor supurib, turli mayda-chuyda ishlarni bajarib, ne azob bilan topgan pulidan ming so‘m orttirib, «o‘limligimga ishlatasan», deb do‘sti Qobil qassobga berib qo‘yadi. Vaqt o‘tib, qariya kasal bo‘lib qoladi, qo‘ni-qo‘shnilar undan xabar olib turishadi, ammo Qobil qassob hol so‘rab kelmaydi. Hatto o‘sha ming so‘mdan tonib ham ketadi. Bu pastkash odamning tuban ma’naviy dunyosi ham o‘z so‘zlari vositasida ochiladi: «Bunda pul bo‘ladimi, o‘zi o‘n tiyinga zorku?! — baqirdi qassob. — Jinni bo‘pti bu… Olibsotar! Guvohing bormi? Asti birovga yaxshilik qilma ekan… Hech kimi yo‘q, do‘konga chaqirardim, choy quyib berardim! Mana, tovon to‘la, deb turibdi… Ketmaydi! Haqiqat bor!» Ko‘z oldimizda ikki xil odam, ikki xil qiyofa. Yozuvchi ularning ichki dunyosini xuddi oynada ko‘ringandek yaqqol akslantirib beradi. Xulosani esa o‘quvchining o‘zi chiqaradi. Hikoyada hayotning kichik bir parchasi haqqoniy, ta’sirli chizilgan.
Gap haqqoniylik, halollikka taqalgan ekan, Shukur akaning ijodidagi ana shu fazilatga alohida to‘xtalishga to‘gri keladi. U ijodiy ishga, yozuvchilik san’atiga juda katta mas’uliyat bilan qaraydi, xuddi zargardek erinmay, mehr qo‘yib yozadi, har bir so‘zga jilo beradi, har bir tasvir, har bir tafsilot aniq va bo‘rtib turishi uchun kuchini, mehnatini ayamaydi. Undagi yozuvchilik nigohi, san’atkorlik shu nuqtada ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ladi.
Shukur akaning nozik ta’bi, talabchanligiga ikkimiz hamkorlikda «Bilib yozgan yaxshi» maqolasi ustida ishlash jarayonida yana bir karra tan berganman.
Shukur akaning halol yozuvchi ekanini «Yig‘i» hikoyasi juda yaxshi isbotlab beradi. Afg‘onistondagi o‘n yillik shafqatsiz urush o‘zbek xalqining ham yuragiga musibat bo‘lib cho‘kdi. Ammo hali yozuvchilarimiz bu urushning asl sabablarini, butun dahshatiyu ma’naviy oqibatlarini ochib berishgani yo‘q. Rus yozuvchilari orasida bunga endi-endi urinishlar bo‘layapti. Shukur aka bu mavzuda bittagina kichik hikoya yozsa-da, e’lon qilinmagan mazkur urushga o‘ziga xos tarzda yondashib, haqiqatni baralla ayta oldi. Hikoya qahramoni o‘zbek yigiti tunda dushmanlar bilan birga qo‘lga olingan afg‘on bolani (u ham o‘zbek, avvaldan ularga tanish, harbiy qismga kelib, ko‘maklashib yurgan) otib tashlaydi. Keyin o‘ziga tashlangan bolaning itini ham. Bunga go‘yo bolaning o‘zi sababchidek. Aslida-chi? Uning o‘limiga bolaning «Sizlar bosqinchi, nega bizning yurtga keldinglar? Tinchgina yashayotgan edik…» degan rost so‘zlari sabab bo‘ladi. Yozuvchi bu o‘rinda ham xulosani o‘quvchi hukmiga havola qiladi. Kim haq, kim nohaq, bizning xorijda olib borayotgan siyosatimiz to‘g‘rimi, noto‘g‘rimi — bularning hech biri haqida biron og‘iz so‘z aytilmaydi. Qahramonlarning gap-so‘zlari, ma’naviy qiyofasi, xatti-harakatlariga baho berish, haqiqatning tagiga yetib olish kitobxonning vijdoniga havola…
Mana shunday xolis va halol nigoh Shukur akaning «Qora kamar» dramasi voqealariga ham xosdir. Yozuvchi unda shu paytgacha faqat so‘kib, qoralab kelganimiz bosmachilik harakati haqida o‘z gapini ayta oldi. Xurrambek singari kishilarning niyati, e’tiqodi faqat yurtni talash, boylik orttirish emas, aksincha, ma’lum maslakka intilishdan iborat ekanligi dramada chuqur ochib berilgan. Ular ham Vatan taqdiri uchun kurashadilar, siyosiy mustaqillik, erkinlikni o‘zlaricha talqin qiladilar. Qizillar ham. Xo‘sh, bu alg‘ov-dalg‘ov kurashlarda kim haq edi, kimning yo‘li to‘g‘ri, umri boqiy edi? Biz shuncha to‘kilgan qonlar, behisob qurbonlar evaziga nimaga erishdik? Hali ko‘p avlodlarni qiynaydigan bunday achchiq savollar drama asosida tayyorlangan spektaklni ko‘rayotgan paytimizda ham, tomoshadan keyin ham, qalbimizni uzoq vaqt o‘rtaydi. Bu asar uchun Shukur Xolmirzayev haqli ravishda Hamza nomidagi jumhuriyat davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Yozuvchi kam yozsa ham, samarali, barakali ijod etmoqda. Bunga uning o‘nlab hikoya va qissa, esse kitoblari, «So‘nggi bekat», «Qilko‘prik», «Yo‘lovchi» romanlari, dramalari guvohlik beradi.
Shukur aka ellik yoshga — ijodning navqiron pallasiga yetdi. Suyagi mehnatda qotgan ijodkorga yuksak marralarga ko‘tarilish nasib etadi, deb ishonamiz.
Ortiqboy Abdullayev, Filologiya fanlari nomzodi.
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 7-son