Omonulla Madayev. Navoiy dahosi va zamonamiz kashfiyotlari

Alisher Navoiy

O‘rta asrlarda ijod qilgan yurtdoshlarimiz o‘zlarining yetuk bilimlari bilan jahon ilmi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shganliklarini bugungi kunda Sharq va G‘arb olami to‘liq tan olayotganiga guvohmiz. Forobiy falsafasi, Al Xorazmiy matematikasi, Beruniy geologiyasi, Ibn Sino tibbiyoti XX asr oliy darajadagi ilm dargohlaridagi fundamental ta’lim tizimining asosini tashkil etmoqda. Ajablanarli jihati shundaki, allomalarimiz aniq va ijtimoiy fan yo‘nalishlarida uyg‘un faoliyat ko‘rsatganlar. Ularning astronomiya, hikmat, kimyo, matematika sohasidagi yangiliklari muttasil ravishda falsafa, musiqa, badiiy adabiyot va ta’bir joiz bo‘lsa, tarbiya bilan uzviy aloqada amalga oshirilgan. Bu jihatdan XV asrning daho shoiri Alisher Navoiy o‘tmish ustozlarning munosib davomchisi sifatida ma’rifat maydonida gavdalanadi. Farhod tilidan “Topilmas mushkuli men qilmagan hal” deganda, Alisher Navoiy ilm, fan, badiiy ijod sohasida o‘zi yechimini topmagan muammo yo‘q ekanini ta’kidlagandek bo‘ladi. Faqat avvalgi ustozlardan farqli o‘laroq atoqli adib ilm va fan sohasidagi ulkan ma’lumotlarni o‘z badiiy asarlarida namoyon qildi. Natijada, “Xazoyin ul-maoniy”, “Xamsa”, “Lison ut-tayr” va boshqa so‘z san’ati namunalaridagi ifodalar ilmiy tafsilotlar nuqtai nazaridan ham mukammallashdi.

Alisher Navoiy umri davomida yozgan lirik asarlari, dostonlaridagi ilmiy mukammallik haqida Amonillo Valixonov “G‘azal nafosati” kitobida qiziqarli ma’lumotlar beradi. Xususan, “Riyoziyot ummoni mavjida”faslida shunday deyilgan: “Navoiy o‘z asarlarida arqomi mantuq – “gapiruvchi”, ya’ni ratsional sonlar; arqomi asam – “soqov”, ya’ni irratsional sonlar; jazr – daraja asosi yoki ildiz; majzur daraja yoki ildiz chiqariladigan son, xatti mustaqim – perpendikulyar kabi sof matematik terminologiyadan foydalanadi”[1]. Olimning ta’kidlashicha, shoir aniq fanlar sohasidagi bilimlarini o‘rnida amaliyotga ham tatbiq etgan. Uning fikricha, aylana uzunligining diametriga nisbatidagi aniqlik darajasi minoralar va gumbazlarni qurishda juda muhim hisoblangan. G‘iyosiddin Jamshid ibn Mas’ud Koshiy nisbatning anchayin aniq qiymatini ishlab chiqqan. Koshiy bu raqamlarni eslash uchun bayt ham tavsiya etib, matnini keltiradi. Amonillo Valixonov yozadi: “Koshiy tubandagi arabcha she’rni tavsiya qiladi:

Va bah sha haji saza zattahhavhu,
Muhitun li qutrin huva – siani minhu.

Bu ikki misraning birinchisi – yuqoridagi o‘n yetti raqamni abjad jadvali vositasida ifodalovchi harflardangina iborat bo‘lib, ikkinchi misrasi mazmunan: “Aylana uzunligining diametrga nisbati bundan ikki barovar kichikdir”, degan tushunchani beradi.

Navoiy Samarqandda olgan bilimlari asosida me’morlarga π ning qiymati uchun mazkur sonni tavsiya qilgan va yuqoridagi she’rni yod olishni maslahat bergani ma’lum[2].

Endi mulohaza yuritaylik, matematikaning nozik va sirli jihatlarini bu qadar yaxshi bilgan, ulardan hayotda, badiiy ijodda keng foydalangan shoir fanning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha qanday tushunchalarga ega bo‘lishi mumkin? Bizning savolimizga yaxshi javobni koinot sirlari mutaxassisi Sayid Bahrom Azizov “Oyfalak” deb atalgan ilmiy tadqiqotida bergan. Bu olim keltirgan misol va dalillarda Alisher Navoiy g‘azallarida, “Xamsa” tarkibidagi dostonlarda, “Lison ut-tayr”da kosmosga oid o‘nlab ma’lumotlardan foydalangani isbotlanadi[3]. Ayniqsa, suturlob haqida aytilgan fikrlar juda qiziqarli. Suturlob astronomik asbob. Diametri 10 santimetrdan 50 santimetrgacha hajmga ega bo‘lar ekan. Navoiy suturlobni tilga oladi, ammo shoir ifodalarida osmon jismlarining shu qadar katta va aniq tasavvurlari beriladiki, ularda “Xamsa”dan qariyb 100 yil keyin ixtiro qilingan teleskopdangina ko‘rish mumkin bo‘lgan ma’lumotlar bor.

Shubhasiz, Alisher Navoiy ijodida, xususan, “Farhod va Shirin”, “Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy” dostonlarida fantastik tasvirning badiiy samarasi haqida atroflicha ma’lumot berishni filologiya fanlari doktori Ra’no Ibrohimova amalga oshirgan. “O‘zbek adabiyotida ilmiy fantastika janri”[4] kitobining nomlanishi o‘zbek adabiyoti bilan belgilangan bo‘lsa-da, salmoqli qism o‘zbek fantastikasining shakllanish manbalarini ilmiy jihatdan mukammal ravishda ko‘rsatishga bag‘ishlangan. Bu faslning asosini esa Alisher Navoiy dostonlaridagi fantastik lavhalar egallaydi. Ularni olima uch guruhga ajratib tahlil qilgan:

1. Sof fantastik elementlar.
2. Ilmiy fantastik elementlar.
3. Ilmiy bo‘lmagan fantastik elementlar[5].

Asosiy e’tibor fantastik voqealar ko‘lamini o‘rganishdan iborat bo‘lganligi sababli R.Ibrohimova faqat eng muhim o‘rinlardagina Navoiy xayolida paydo bo‘lgan o‘ta mubolag‘ali lavhalarni zamonaviy yangiliklar bilan bog‘laydi. Muhimi, tadqiqotchi har bir mulohazasini bayon qilishda Alisher Navoiy inson tafakkuri, uning ilmiy salohiyatiga suyanganini ta’kidlaydi: “Navoiy dostonlarida fantastik elementlarning mavjudligi faqat o‘sha zamondagi real hayot bilangina bog‘langan bo‘lmay, kelajakka ham qaratilgan holatda shoir va yetuk mutafakkirning komil ishonchi bo‘yicha, albatta, haqiqatda yechimini topishi bilan ham uyg‘unlashgan edi”[6].

Aslini olganda shoir dahosidagi favqulodda o‘rin olgan keyingi asrlar kashfiyotlariga avvalgi navoiyshunoslar ham e’tibor berganlar. Xususan, Ye. E. Bertels 1948 yildayoq yozgan “Navoiy” monografiyasida “Sab’ai sayyor” dostonidagi ikkinchi hikoyada Zayd har tarafga yurishi mumkin bo‘lgan taxtning (bugungi kunda teatrdagi sahna harakatini eslang. Muallif) sakkiz zinasi o‘z-o‘zidan harakatga kelishini yozar ekan: “Navoiy qiziqishlarini – texnik fantaziyani ifodalovchi bu g‘aroyib tasvir bizning kunda amalga oshirilgan: Navoiy taxti o‘zida avtomobilni va eskalatorni birlashtiradi”[7], deydi. Haqiqatan ham, Alisher Navoiy asarlarini mutolaa qilgan o‘quvchi buyuk o‘zbek farzandi xayolot olamining serqirra mo‘jizalarga boy ekanidan hayratga tushadi.

Alisher Navoiy “Xazoyin ul-maoniy” devonlarining birinchisi – “G‘aroyib us-sig‘ar”ga yozgan debochasida “Ko‘nglumga o‘zga quvvat kirdi va tab’imga o‘zga javdatu jalodat hosil bo‘ldi, kilkim jardayi tezkomig‘a o‘zga ravonlig‘u xayolim sahobi barq xiromig‘a o‘zga gavharavshonlig‘ yuzlandi”[8], – deb aytgan edi. Bu fikr davomida “Chun bu ma’no gavharlari barcha ul hazratning tab’i bahridinu zehni konidin hosil bo‘ldi va alfozu iborat xazoyini hamul ma’nolar gavharidin to‘ldi, bu ma’nodin aning otin Xazoyin ul-maoniy qo‘yuldi”[9]larini o‘qiymiz. Shoir butun hayoti davomida ilm olishdan, fikr yuritishdan, xayol surishdan, g‘aroyib tasvirlarni kashf qilishdan to‘xtamadi. Bu fazilat buyuk daho asarlariga doimiy hayot bag‘ishladi. Favqulodda topilgan mubolag‘alar, qiyosiy ifodalar, tazod – qarshilantirish san’ati namunalari o‘quvchini beixtiyor shoir qalami ketidan izma-iz ergashishga majbur etgan. Xayol shoirga sehrli hodisalar olamida sayr qilish imkonini berdi. U yozadi:

Komin qilur ermish odamiyzod xayol,
Naqsh aylar emish ko‘ngliga yuz fikri mahol,
Mundin g‘ofil qolibki, xayyi mutaol,
Kelturg‘usi tongla aning ollig‘a ne hol[10].

“Komin qilur ermish odamiyzod xayol” tamoyili shoir ijodining boshlanishidan yakunigacha davom etadigan doimiy xususiyat sifatida baholanishi mumkin. Bu xayol “jomi getinamoy” – olamni aks ettiradigan qadah, temir odam – robot, eskalator, suv osti kemalarini tasavvur qilish imkonini beradi. Zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida fan-texnika kashfiyotlarining vujudga kelish jarayoni, asosan, uch bosqichdan iborat bo‘ladi. Avvalo, kashfiyot g‘oyasi paydo bo‘lishi zarur. Ikkinchidan, uning loyihasi, texnik yechimi ishlab chiqiladi. Uchinchidan, loyiha hayotga tatbiq etiladi.

Jahon xalqlari og‘zaki ijodida, shu jumladan, o‘zbek ertaklari va dostonlarida qadim-qadimdan uzoq masofalarni tezlikda bosib o‘tish, xavotir olgan kishisining taqdiridan xabardor bo‘lish, iloji bo‘lsa, u bilan so‘zlashish, to‘kin hayot kechirish, dehqonchilikda, hunarmandchilikda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan mo‘jizalar yaratish g‘oyalari an’ana edi. Hayotda fan-texnika rivojlangani sari xayoliy hodisalar o‘z yechimini topdi va topmoqda. Inson orzusining amalga oshishi insoniyat rivojini ta’minlovchi omilga aylandi. Paxta terish mashinalaridan tortib, g‘alla o‘rish kombaynlarigacha, uyali telefonlardan tortib, internet saytlarigacha “odam” deb ataluvchi mo‘jizaning xayollari mahsuli emasmi? Salohiyat, ilm darajasi yuqori bo‘lgani sayin fikr yuritish saviyasi ham mutanosiblashaveradi. Binobarin, Alisher Navoiy ijodida tasvirlangan mubolag‘ali ifodalar qaysidir yo‘sinda ilmiy asoslangan tarzda vujudga keldi va ularning aksariyati XX va XXI asrda o‘zining yechimini topdi.

Alisher Navoiy “Favoyid ul-kibar” devonidagi 594-g‘azalda shunday deydi:

Muhandise topayu egnima qanot yasatay,
Uchub havosida qushlar aro o‘zimni qotay[11].

Tabiiyki, inson tabiat manzaralaridan rohatlanadi. Tog‘lardan toshlarga urilib oqayotgan zilol suv unga zavq bag‘ishlaydi. Shu payt osmonda paydo bo‘lgan burgut, lochin, juda bo‘lmaganda oddiy kaptar uning e’tiborini jalb qiladi. Uning o‘zi ham qoyadan-qoyaga uchishni, tog‘ cho‘qqilarini osongina zabt etishni o‘ylaydi. Qush qanot qoqib uchgani sari inson ham osmondan, qush parvozidan ajib yerni tomosha qilishni havas qila boshlaydi. Turkiy mumtoz adabiyotda Nosiruddin Burhonuddin Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy” asarida Namrudning ko‘kka uchgani haqida qissa berilgan. Unda Namrud qora qushlardan foydalanib, maxsus sandiqda ko‘kka parvoz qilgandi, go‘sht baland ustunga bog‘langanda qushlar unga intiladilar va o‘zlari bog‘lab qo‘yilgan sandiqni ham ko‘tarib uchadilar. Keyin go‘sht pastga bog‘lanadi va qushlar endi pastga qarab uchadilar. Shu zaylda Namrud o‘z ko‘nglida osmonga ham ega bo‘lganini zikr etadi. Ammo Alisher Navoiy masalaga bu qadar sodda yondashmaydi. U osmonga uchish uchun maxsus qanotli qurilma zarurligini tushunadi. Bu qurilmani esa faqat muhandis – texnik injener yasaydi, deb hisoblaydi. Muhandis yasagan qanotgina shoirni ko‘kka olib chiqishi va qushlar qatorida parvoz qilib, ular bilan aralashib uchish orzusiga yetishiga imkon yaratishi mumkin, deb biladi.

Ma’lum bo‘ladiki, buyuk shoir xayolida jonlanayotgan tasavvurlar yig‘indisi shu qadar keng ko‘lamli ediki, ularni ijodga tatbiq qilish uchun lirik asarlar chegarasi, shubhasiz, torlik qilardi. Aynan ana shu imkoniyatni faqat hajm va mazmun jihatdan xiyla serko‘lam dostonlar yaratishi mumkin edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, biz “Xamsa” tarkibidagi muayyan syujet tizimiga ega “Farhod va Shirin”da shoirimiz tasavvurida paydo bo‘lgan fantastik tasvirlar majmui bilan tanishishga muyassar bo‘lamiz.

Dostonda shoir tasavvur fantaziyasiga erk beradi. Chin mamlakatining xoqoni uzoq umr yashaganiga qaramay, farzand ko‘rmaydi. Bu o‘rinda shoir xalq ertaklari, dostonlaridagi an’anaviy motivdan foydalanadi. Folklorshunos olimlarning ta’kidlashicha, uzoq kutilgan va ko‘pdan-ko‘p ehsonlar evaziga Yaratgandan tilab olingan farzand o‘zigacha bir xil yo‘nalishda davom etib kelayotgan hayotda keskin burilish yasashi kerak. “Alpo­mish” dostonidagi Hakimbek, Qaldirg‘och, Barchinoylarni eslash kifoya. Endi farzand tug‘ilganidan keyin ota bo‘lmish Xoqon unga butun mehrini bag‘ishlashga tayyor. Unga zamonasining eng yetuk olimlari ta’lim beradilar. Farhod ham ularning umidlariga yetarli javob tayyor­laydi. Ammo “firoq”, “rashk”, “hajr”, “oh”, “dard” so‘zlarining bosh harflaridan ishq unga “Farhod” deb ism qo‘ygani sabab voqea rivojida keskin o‘zgarishlar ro‘y bera boshlaydi. Xoqon va Mulkoro maslahati bilan yilning to‘rt fasliga moslab qurilajak qasrlar tasvirida shoir bizni haqiqiy ma’nodagi ajoyibotlar olamiga yetaklaydi. Moniy va Boniy binolarni falak qasri barbod bo‘lishdan, yiqilishdan ozod bo‘lgani kabi mahkam quradilar:

Kelib har ne bino ul qilsa bunyod,
Yiqilmoqdin falak qasridek ozod.
Bo‘lib tufrog‘i oning xoradin berk,
Yasab ohakni ohanporadin berk[12].

Qasrlarni tomosha qilgani kelganlar ularning har birida alohida-alohida fasl fazilatlariga guvoh bo‘ldilar:

Ko‘rib bog‘ida yuz turluk ajoyib,
Topib qasrida ming oncha g‘aroyib[13].

Ma’lumki, badiiy adabiyotda yozuvchi tasvir imkoniyatlaridan so‘z vosi­tasida iloji boricha keng foydalanishga harakat qiladi. Ammo Alisher Navoiy bu imkoniyatning eng samarali namunasini ko‘rsatishga erishgan. Farhod o‘zining Yunonistonga qilgan safarida Suqrot bilan uchrashib, u yotgan g‘orlarga borganida qorong‘i zulmatga duch keladi. Atrof shu qadar qorong‘i ediki, porloq quyosh xira tortardi, oy g‘orga tushsa kuygan patirga aylanardi (bayt mazmuni G‘afur G‘ulom tayyorlagan nashrdan olindi. Alisher Navoiy “Farhod va Shirin”. T. 1956. B-255):

Aningdek har birining javfi tiyra
Ki, andin mehri anvar sham’i xira.
Agar kirsa anga badri muniri,
Ko‘runib tiyralikdan qursi qiri[14].

Farhod borgan vodiyda yuzlab qon oquvchi daryolar bor. Yuz minglab qon to‘kuvchi ajdarlar yashaydi:

Oqib vodida yuz daryoi xunxor,
Tog‘ ichra xud ming ajdarhoyi xunxor[15].

Endi Xoqon, Mulkoro, Farhod bu dahshatli manzaraga Quyosh, Oy nuridan ham kuchlirok aks ta’sir topishlari kerak edi. Bu aks ta’sir vazifasini Jamshid jomi bajaradi. Bu jomni olib kelishgani zahoti vaziyat o‘zgaradi. Hammayoq nurga burkanadi. Oliy yashinlik hukm sura boshlaydi:

Ravoni boribon kelturdilar jom,
Ki, andin mushkil ish topqay saranjom.
Anga qilg‘och nazar istab kushoyish,
Jahon timsolig‘a topti namoyish.
Qayon boqqach qilib ravshan nazarliq,
Bir iqlim etti zohir jilvagarliq[16].

XXI asr farzandi yuqoridagi baytlarni o‘qir ekan, ko‘z oldida eng zamonaviy filmlarda ifodalanadigan kadrlar o‘tayotgandek bo‘ladi. Tasavvur qiling, uch inson qarshisida qon oqayotgan daryolar, ajdarlar bosh silkitib ko‘rsatayotgan qo‘rqinchli hodisalar birdan yo‘q bo‘lsa-yu, o‘rniga jon rohat oladigan manzaralar namoyish etilsa! Shubha yo‘qki, zamonaviy kino san’atida qo‘llanadigan gipergrafiya usuli shoir tomonidan XV asrdayoq kashf etilganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bunday sahifalarni Farhodning Yunoniston safari davomida sanab oxiriga yetolmaymiz.

Suqrot manzilining tasvirida ham bizni qiziqtirgan ayrim mulohazali o‘rinlar bor. Avvalo, shoir Suqrot g‘orini o‘ta fantastik tasvirlar bilan bezaydi. Afsonaviy qahramon haqida shunday ma’lumot beradi:

Kelib ko‘ngli aningdek bahri zohir
Ki, anda zohir avval to ba oxir[17].

Bu baytga G‘afur G‘ulom shunday izoh beradi: “Uning ko‘ngli zahiralarning dengiziday keng bo‘lib, unda avvaldan oxir nimaiki bo‘lsa ko‘rinib turadi”[18]. Mumtoz adabiyotda dunyodagi hodisalarni his qilish muammosi avvalgi manbalarda ham bo‘lgan. Xususan, Bahouddin Naqshbandning “Safar dar vatan” tamoyili, Nosiruddin Burhonuddin Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy” asarida Sulaymon payg‘ambar bilan Qarinchqa suhbatida ana shu masala haqida fikr yuritiladi. Ammo Alisher Navoiy dostonda fikriy mulohazadan ilgarilab ketadi va “zohir” so‘zi bilan ko‘rinib turish, ochiq-oshkorlik g‘oyasini ilgari suradi. Bu g‘oya esa bugungi kunda o‘z xonasida hordiq chiqarayotgan zamondoshlarimizning butun dunyodagi hodisotlardan xabar topib turganliklarini eslatadi. Qizig‘i shundaki, shoir Suqrot lavhasida o‘ta ta’sirli bir ko‘rinishni tilga oladi:

Bo‘lib g‘orda har dun ankabuti,
Bir usturlobi gardun ankabuti[19].

Agar usturlobni osmon jismlarini kuzatish uchun foydalanilgan asbob deb olsak, osmon o‘rgimchagi ko‘rinishidagi kuzatish asbobini nima deb atash mumkinligini o‘ylab qolamiz. XXI asrda ilm-fan sohasida eng dolzarb ma’lumotlar berilayotgan noma’lum uchar jism haqida gap ketmayaptimi, deb qoladi kishi. “Farhod va Shirin” dostonini mutolaa qilishda zamonaviy tibbiyot, astronomiya, fizika, kimyo fanlari kashfiyotlari bilan aniq tanishamizki, natijada bu fikrni inkor qilishdan ham ojiz qolamiz. Hatto, Suhayloning Farhodga og‘zidan o‘t sochadigan Axriman bilan jang qilishda o‘tdan saqlaydigan Samandar yog‘i ham bugungi kunda ko‘p filmlarda kaskadyorlar foydalanadigan maxsus suyuqlik emasmikin:

Dedi: “bu zarfkim mar’i bo‘lodur,
Samandar yog‘idin bilkim to‘lodur.
Ki ajdar birla razm etkan zamonda,
Bu yog‘ o‘tdin seni tutqay amonda”[20].

Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida o‘z qahramonini ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan sinovlardan o‘tkazib chiniqtirdi. Bu o‘rinda temir odamlarga duch kelish lavhasini eslash joiz. Farhod o‘z safari davomida arslondan omon o‘tib, darvoza ichidagi temirdan yasalgan haykalga duch keladi. Uning ko‘ksida quyosh ko‘zgusidan oyna osig‘liq edi. Yo‘lovchi yoy o‘qi bilan o‘sha oynani to‘g‘ri nishonga olsa, bir paytning o‘zida temir odam ham, atrofidagi unga monand yuzta haykal ham yiqiladi va tilsimni ochish to‘siqlaridan biri hal bo‘ladi. E’tibor beraylik, temir odam ko‘ksidagi oynaning sindirilishi atrofdagi yuzta odamning ham yiqilishiga sabab bo‘lmoqda. Bu vaziyat bizga maxsus buyruq bo‘yicha harakat qiluvchi qurilma – robotlarni eslatmaydimi?!

Bizningcha, buyuk adib dahosi kashf etgan eng muhim yangiliklardan biri oynai jahon – televizor hisoblanadi. Shoir bu asbobni “Jamshidi jom”deb ataydi. Dunyoda ro‘y berayotgan voqealarni uning yordamida ko‘rish mumkin edi. Ammo shu o‘rinda o‘quvchida bir fikr paydo bo‘ladi: Nima uchun Farhod aynan ana shu Jamshidi jomdan Shirinni ko‘ra olmadi? Shirinni ko‘rish uchun u maxsus tilsimni ochishi kerak edi. Vaholanki, Jomi Jamshidning ta’rifi juda yuqori edi:

Erur Iskandari Rumiy nigori,
Jahon ahlig‘a oning yodgori.
Ki, aylab to‘rt yuz dono bilan jahd,
Alardin har biri Aflotung‘a hamahd[21].

Xalq og‘zaki ijodida qo‘shaloqlashtirish, deb ataluvchi badiiy usul bor. Unga ko‘ra, ko‘pincha, asar qahramoni uchga bo‘lingan yo‘l ustidan chiqib qoladi va “borsa kelmas”ni tanlaydi. Bu bilan ertakdagi bosh qahramonning oddiy odam emasligi ta’kidlanadi. U hamisha og‘ir vazifani bajarishga o‘rganganiga urg‘u beriladi. “Farhod va Shirin” dostonida ham, fikri ojizimizcha, Alisher Navoiy o‘z Farhodiga ana shunday ta’rif beradi. Ya’ni butun dunyodagi hamma voqealarni ko‘rsatadigan jomi Jamshid mo‘jizasi Farhodga yordam berishdan ojiz. Farhod sandiqdagi ko‘zgudan bo‘lajak ma’shuqasini ko‘rish uchun Iskandar tilsimini buzishi kerak edi. Yunonistondagi misli ko‘rilmagan jasoratlar yakunida qahramonimiz temir odam ko‘ksidagi ko‘zguni sindirish bilan bu masalani hal qildi. Suqrot bu haqda shunday xabar beradi:

Yana ko‘zgu ishikim hodis o‘ldi.
Senga buyon kelurga bois o‘ldi[22].

Ko‘zgu sirini ochish yo‘lida hamma vazifalar to‘liq bajarilgandan so‘nggina bevosita Farhod taqdiri bilan aloqador Shirinni ko‘rish muammosi hal etiladi. Iskandar tilsimini ochish majburiyatini o‘ylab topgan shoir esa, bir tomondan o‘z qahramonini o‘ta murakkab mushkullarni hal qilishga qodirligini va ayni choqda Shirinni ko‘rish jomi Jamshiddan ham mukammalroq yasalgan qurilmaga taalluqli ekanini isbotlaydi.

Alisher Navoiy iqtidorining qirralaridan biri shoir tomonidan hikoya qilinayotgan va tasvir topayotgan voqea-hodisaga o‘z o‘quvchisini ishontirib borishga intilishdir. “Farhod va Shirin”dagi g‘aroyib tasvirlar, “Sab’ai sayyor”dagi eskalatorlar, o‘zi yurar taxtlar shoir ifodasiga ko‘ra ayni haqiqat sifatida o‘quvchiga taqdim etiladi. Ayni paytda, shoir “Saddi Iskandariy” dostonida Iskandarning suv ostiga shisha idishda tushganini hikoya qilgan Xusrav Dehlaviyga qo‘shilmasligini aytadi. U topgan yo‘lning haddan tashqari ekanini, hayotga to‘g‘ri kelmasligini yozadi:

Vale bu rivoyat erur bas mahol,
Vuqu’ig‘a topmas xirad ehtimol[23].

Shu bilan birga, shoh Iskandarning suv ostiga tushish orzusini yechimsiz qoldirmaydi. “Qisasi Rabg‘uziy”dagi Sulaymon payg‘ambar va Qarinchqa suhbati yo‘lini tanlaydi va hayotda amalga oshirish mushkul bo‘lgan paytda tafakkur imkoniyatiga suyanish zarurligini ko‘rsatadi. Iskandar qadimda ham nabiy, ham valiy bo‘lgani sabab: “Valiylikdan o‘zini xabardor topib, nubuvvat maqomi ko‘zini yoritdi. Ko‘zi ul shu’ladin nurli bo‘lg‘ach, qayon boqdi – ko‘rdi, nekim bor edi, qancha sirli ishlar unga oshkor edi. Suv ichida tomosha qilib yurarkan, yer yuzidagi jonivorlar ham unga aks etib ko‘rinib turardi”[24]. Ammo bu o‘rinda shoirning Xusrav Dehlaviyga murojaat etib, suv osti qurilmasini esga olganini ta’kidlab o‘tish ham maqsadga muvofiq.

Buyuk adibning ijod merosidagi xayol bo‘stonini sayr etarkanmiz, favqulodda kashf etilgan fikr yangiliklaridan hayratga tushamiz. Son-sanoqsiz topilgan tasvirlar tizimidagi joziba kitobxonga tinchlik bermaydi. Hatto o‘ylab qolasan kishi – Alisher Navoiy XV asrda yashaganu, XXI asr zamonidagi kashfiyotlarni his qilganmi? Yoki uning o‘zi XXI asr odamlariga zamondosh bo‘lganu, XV asr hayot sharoitiga tushib qolganmi? Ojizona fikr yuritgan holda “Favoyid ul-kibar” devonidagi bir g‘azalga murojaat kilaylik:

Xil’atni to aylamish jonon qizil, sorig‘, yashil,
Shulai ohim chiqar har yon qizil, sorig‘, yashil[25].

To‘g‘ri, bu o‘rinda qizil, sariq, yashil ranglarga berilgan e’tiborda tasodif yetakchi o‘ringa egaligini inkor qilmaymiz. Ammo bugungi kunda zamondoshlarimizning ko‘zlari ko‘p tushadigan ranglar muayyan tartibda svetofor chiroqlari ekanini ham inkor etish mumkin emas. Faxr bilan qayd etish mumkinki, jahon shaharlarida muttasil ravishda yo‘l harakatini boshqaruvchi svetoforlar rangi ramzida buyuk shoirimizning yor ishqida chekkan shu’lai ohi namoyon bo‘lgandek tuyuladi.

Xullas, Alisher Navoiy XV asrda yashagan buyuk o‘zbek mutafakkiri sifatida ijod qilgan va kelgusida hayot taraqqiyotini belgilab bergan kashfiyotlar haqida muayyan tasavvurga ega ekanini ko‘rsatishga erishgan. Yuqorida qayd etilgan bizning mulohazalarimizni esa, so‘z mulkining sultoniga nisbatan oddiy muxlisning hurmat izhori sifatida qabul qilishingizga tilak bildiramiz.

Omonilla Madayev, filologiya fanlari nomzodi

“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 2-son

[1] Valixonov Amonillo. G‘azal nafosati. T. G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. 1985. B-33.

[2] O‘sha joyda. B-34.

[3] Azizov Sayid Bahrom. “Oyfalak”. Qo‘lyozma B-25.

[4] Ibrohimova R. M. Janr nauchnoy fantastiki v uzbekskoy literature. T. “FAN”. 1987.

[5] O‘sha joyda. B- 21-38.

[6] O‘sha joyda. B-28.

[7] Bertels Ye. E. Navoi. Moskva – Leningrad. 1948. B-204.

[8] Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. Uchinchi tom. Xazoyin ul-maoniy. G‘aroyib us-sig‘ar. T. “FAN”. 1988 y. B-16. Keyingi iqtiboslarda son va sahifa keltiriladi.

[9] O‘sha joyda. B-11.

[10] O‘sha joyda. B-11.

[11] Alisher Navoiy. 6- tom. B-401.

[12] Alisher Navoiy. Asarlar 8-tom. B-81.

[13] O‘sha joyda. B-94.

[14] O‘sha joyda. B-172.

[15] O‘sha joyda. B-173.

[16] O‘sha joyda. B-173.

[17] O‘sha joyda. B-175.

[18] Alisher Navoiy. “Farhod va Shirin”. T. 1956 y. B-259.

[19] Alisher Navoiy. Asarlar. 8-tom. B-176.

[20] O‘sha joyda. B-140, 141.

[21] O‘sha joyda. B-123.

[22] O‘sha joyda. B-182.

[23] Alisher Navoiy. 11- tom. B-510.

[24] Alisher Navoiy. “Xamsa”. Qisqartirib nashrga tayyorlovchi. Anvar Hojiahmedov. T. 2010. B-330.

[25] Alisher Navoiy. Asarlar. 6- tom. B-264.