Olmos. Shayx amakim (1989)

Maqsud Shayxzoda haqida o‘ylar ekanman, ovozi yoqimli, bag‘ri keng, mehribon, samimiy odam ko‘z oldimda gavdalanadi.

Maqsud amakini esimni taniganimdan beri oilamizning a’zosi, otamning ukasidek yaqin odam, deb bilganman. Aytishlaricha, tug‘ilganimda dadam bilan Shayx amakim menga birgalikda ism tanlashgan ekan. Biri Radiy, boshqasi esa Sokina qo‘yamiz deyishibdi. So‘ng yana o‘ylay-o‘ylay, Radiy nomi bizda ommalashmagani, Sokina esa Shayx amakimning turmush o‘rtog‘i ismi bo‘lgani uchunmi, harhalay hozirgi ismimni ma’hul ko‘rishib, ayamga tug‘ruqxonaga xat yozib kirgizishibdi. Shundan beri Shayx amakim meni «Sen mening qizim erursan», derdilar. Sokina xolam esa «Mening Sokinamsan», derdilar.

Sokina xonim juda chiroyli ayol edi. Yuzlari oppoq, ko‘zlari katta-katta, chiroyli, qoshlari qalam bilan chizilgandek ingichka, lablari qip-qizil, qo‘ng‘ir qora sochlari o‘ziga yarashib turardi. Ovozlari ham mayin edi. Maqsud degan so‘zni xuddi «jonim»dek talaffuz qilardi

Uyimizga qachon mehmon kelsa yoki bayramlarda Shayx amakim Sokina xolam bilan birga kelishar, tong otguncha suhbat davom etardi. Ayniqsa, tarix haqidagi munozaralar ado bo‘lmasdi. Afsuski, bu suhbatlardan birortasi na qog‘ozga, na magnitofon lentasiga yozib olingan. Faqat bugina emas, qanchadan-qancha mushohadalar, yoddan aytilgan she’rlar, hazil-mutoyibalar ham qog‘ozlar yuzini ko‘rmay qolgan.

Dadam bilan Shayx amakimning munosabatlarini faqat do‘stlik doirasida baholash yetarli bo‘lmas. Ular do‘stdan ham yaqin edilar. Dadam agar biror kun kayfiyatsizroq bo‘lsalar yoki yozuv-chizuvlar vajidan ba’zan siquvlar bo‘lganida, albatta, «Shayxga aytinglar tezlikda uyga kelsin», derdilar.

Shayx amakim bunday paytda shosha-pisha uyga kirib kelar, ikkisi uzoq gapirishib o‘tirishardi. Sokina xolam bilan ayamning ham gaplari tugamas, ular dug‘ami, do‘lmami tayyorlashar, umuman ovqatni birga pishirishardi. Ovqat tayyor bo‘lganda dadam bilan Shayx amakim kayfiyatlari chog‘, ijodxonadan tushib kelishar, bizlar birgalikda ovqatlanardik. Men har doim Shayx amakim va Sokina xolam o‘rtalarida o‘tirardim. Ular esa kattagina bo‘lib qolganimga qaramay meni yosh boladek erkalab, ovqat tutishardi.

Inson hayotining har bir davrining quvonchlari, tashvishlari bo‘ladi. U kunlar mana shunday o‘tib ketdi. O‘sha damlarni eslasam, uning tushday bo‘lib qolgani uchun qalbimda armon, lekin uning shohidi bo‘lganim uchun chinakam faxr tuyaman.

Maqsud Shayxzoda bilan G‘afur G‘ulom ijodi o‘rtasida yaqinliklar juda ko‘p. Chunki ularni bir davr tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Hayotdagi yangiliklar, yutuq va o‘zgarishlar ijodlari uchun mavzu bo‘ldi. Albatta, ular ijodlaridagi hamohangliklar haqida ko‘p gapirish mumkin. Ehtimol, bular haqda adabiyotshunoslar fikr aytishar. Men Shayx amakim bilan oilamiz o‘rtasidagi munosabatlar haqida to‘xtalmoqchi edim. Albatta. Shayxzoda faqat dadam bilan emas, S. Abdulla, Habibiy, Sayfiy domlalar, Yunus aka, Yusufjon qiziq va boshqa ijodkorlar hamda san’atkorlar bilan ham yaqin edilar. Shuningdek, dadamning do‘stlari Ahmadjon zargar, Mahmudxon aptekachi, Mirza Abdulla kabilar bilan ham bordi-keldilari bor edi. Agar Yunus aka uyimizda Shayx amakim borligini bilsalar albatta biror ozarboyjon mug‘anniyni ham boshlab kelardilar.

50-yillarda Shayx amakim boshiga tushgan tuhmat haqida albatta o‘sha vaqtda hech narsa bilmaganman. Dadam bir kun uyimizga Poshabek amaki (Shayx amakimning do‘sti, Zebo G‘aniyevaning otasi) va ozarboyjon xonandasini olib keldilar. O‘shanda xonanda kuylab chaldi, ma’yus qo‘shiqlar aytdi. Dadam Poshabek amaki bilan anchagacha suhbat qildilar. Shu kuni dadam yig‘ladilar shekilli, ayamga «Shayx» deb ezilib gapirdilar. Keyin ayam ham yig‘ladilar.

Bir kuni dadamga qalamlar olib kelib, «Ochib bering» dedim. Dadam qalamni chiroyli va mustahkam qilib ochardi. U kishi hamma qalamlarni uchladilar, so‘ng qoralarining hammasini birlashtirib aylana qilib, bosma qog‘ozga chizdilar. Keyin ko‘zoynak, ko‘z, burun, og‘iz, iyak chizdilar-da menga berdilar.

— Bu kim? — dedilar.

— Shayx amakim, — dedim.

Dadam ko‘zoynaklarini olib ko‘zlarini ishqaladilar.

— Shu amakingni juda sog‘indim. — dedilar.

— Men ham sog‘indim, nega kelmayaptilar, borib kelaylik, — dedim.

Dadam: «Shirin qizim, sen uning ham qizisan-da, yaqinda o‘zi keladi», dedilar.

Afsuski, o‘sha chizgan rasmlarini saqlab qo‘ymaganman.

Haqiqatan, ko‘p o‘tmay Shayx amakim qaytib keldilar. Lekin u kishi horg‘in, ko‘zlariga allaqanday mung cho‘kkan edi.

Shayx amakim ayam bilan ham juda yaqin edi. Ular o‘tgan kunlar haqida ko‘p so‘zlashardilar. Buning boisi Shayx amakim Xayrullaxon tog‘am bilan ko‘p uchrashgan, Jo‘raxon tog‘amga pedagogika institutida dars bergan ekanlar. Jo‘raxon tog‘amni juda iste’dodli yigit edi, deb ta’riflardilar. Uning o‘limidan afsuslanardilar. Shuning uchunmi, Shayx amakim ayamga o‘z singillaridek mehribonlik qilardilar.

Qamoqdan qaytgach Shayx amakim ko‘p kasallanardilar. Uylariga borganimda, yo kasal yoki endi tuzalgan bo‘lardilar. Deyarli har kuni 9 yanvar ko‘chasidagi uylariga dadamning xatlarini olib borardim yoki biror ovqatmi yoki bog‘imiz mevalaridanmi eltardim. Sokina xolam meni uzoq mehmon qilib siylardi

To‘yimga Shayx amakim kasal bo‘lib kelolmay qolgan. Boshimga tushgan falokatdan g‘oyat xafa bo‘lishgan. O‘shanda kasaldan tuzalib, Toshkentga qaytgan kunimoq biznikiga kelishdi. Sovg‘a uchun chiroyli lak ziynat saqlaydigan quticha olib kelishdi. Bu she’r bitilgan quticha haligacha Shayx amakimdan va Sokina xolamdan xotira bo‘lib saqlanadi.

Farzandlarim tug‘ilganda ham biznikiga kelib tabriklashgan, nevaralik bo‘ldik, chiroying farzandlaringga ko‘chipti, deb quvonishgandi.

Dadam vafot etganlarida Shayx amakim qattiq kuyungandilar, axir u kishi dadam bilan 21 yoshlaridan boshlab do‘st, aka-uka bo‘lishgan. Sokina xolamni ham Bokudan birinchi bor biznikiga kelin qilib olib kelgan ekanlar.

Bunday do‘stni yo‘qotish juda katta musibat edi. Shuning uchun Shayx amakimning so‘nggi she’rlaridan biri dadamning vafotlarining 100 kunligiga bag‘ishlangandi.

Shayx amakim vafotidan so‘ng ham Sokina xolam bilan aloqamiz uzilmadi. U kishi ham ko‘p kasalga chalinadigan bo‘lib qoldilar. Ko‘pincha uylariga borsam Shayx amakim haqida gapirib, u kishining gunohsizligini, odamlarning tuhmati bois qamoqda sog‘liqlarini yo‘qotganlarini aytib yig‘lardilar. Bir kuni meni telefonga chaqirdilar, bordim. Kasal ekanlar. Menga rasmlarini olib ko‘rsatdilar, qo‘lyozmalar ichidan «Beruniy» pesasi Shayx amakim vafot etgan kezlari yo‘qolganligini aytdilar. Shu kuni menga Shayx amakim qamalishiga sababchi bulgan hujjatlarni va u kishining ustidan qoralab gapirganlarning ro‘yxatini ham ko‘rsatdilar. Shularni ko‘chirib olay, dedim. Shunda u kishi: «Qo‘y, qizim, sen bu ishga aralashma, ularning kim ekani bir kuni baribir ma’lum bo‘ladi. Ular o‘z jazosini tortadi. Lekin, afsus, men buni ko‘rolmayman», dedi.

Shundan keyin ko‘p o‘tmay Sokina xolam ham vafot etdilar. Lekin Shayx amakim va Sokina xolam bilan bog‘liq xotiralar qalbimda abadiy muhrlanib qoldi. Har gal 9 yanvar ko‘chasidan o‘tar ekanman, ular yashagan uyga ko‘zim tushib, bo‘g‘zimga nimadir tiqiladi. Shayx amakim xalqimizning o‘tmish tarixidan bir qismini ko‘z o‘ngimizda tiklab ketdi. Xo‘sh, bizlar-chi! Bu atoqli ijodkorning xotirasini o‘z mehnatiga yarasha ulug‘lay oldikmi? Shayxzoda nomiga ko‘chalar, maktablar, madaniyat maskanlari qo‘ysak, uyini uy-muzeyga aylantirsak, maydonlardan biriga haykalini tiklasak bo‘lmaydimi? Albatta, bo‘ladi. Bular bizning ma’naviy qarzlarimizdir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 27 yanvar