Marhabo Qo‘chqorova. “Sarob”ning matnosti sirlari

O‘zbek adabiyotshunosligida yaratilgan eng ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan asarlardan biri, shubhasiz, “Sarob” romanidir. Bu asar yuzasidan yozilgan, bildirilgan fikrlarning ko‘pligi, xilma-xilligi, bir-biriga qarama-qarshiligi ham unda qandaydir kuchli “BADIIY-G‘OYaVIY SIR” yashiringanligini  yana bir karra tasdiqlaydi. “Sarob”  nashr etilgandan buyon oradan sakson yil vaqt o‘tibdi hamki, munozaralar, bahslar hali ham tugagani yo‘q. Sakson yil… Bir qarashda bu unchalik katta muddat emasdek. Ammo yaxshilab o‘ylab qarasak, bir kishining yashab o‘tgan umri bilan teng, aqlga to‘lishib, yetilgan, pishgan keksalik davri fasli bilan teng. Ammo bu yoshga yetganlar bor, yetmaganlar bor… Hamma gap ana shu yeta olishda… Demak, “Sarob” saksondan sakrab o‘tib, to‘qson bilan to‘qnashib, yuz bilan yuzlashadigan badiiy jihatdan baquvvat asarlardan biri bo‘lgani uchun ham u yashab kelmoqda.

“Sarob” romani borasidagi ilk tanqidiy chiqishlardan tortib, to shu bugungi kunga qadar yaratilgan tadqiqotlar, disputlar, talqinlarni bir daqiqaga xayoldan o‘tkazadigan bo‘lsak, bitta roman yuzasidan qilingan ilmiy munozaralarning o‘zi bir doktorlik dissertatsiyasiga tadqiqot ob’ekti bo‘la olishi, kishini ajabtovur hayratlantiradi. Bu borada H.Musayevning “Sarob” sovet romanimi?” nomli ilk tanqidiy chiqishidan tortib, matnshunos O.Jo‘raboyevning ilmiy-tekstologik tadqiqotigacha qanchadan-qancha tadqiqotlar, talqinlar, mulohazalar bildirilmadi, deysiz? Albatta, “Sarob” romani bo‘yicha yaratilgan barcha tadqiqotlarga munosabat bildirish, har biriga to‘xtalish bizning imkonimizdan tashqari ish. Ammo shu ilmiy ishlarning eng kattalariga to‘xtalishga, munosabat bildirishga burchlimiz. Jumladan,  M.Qo‘shjonov, O.Sharafiddinov, U.Normatov, R.Qo‘chqor, O.Jo‘raboyevlarning ilmiy izlanishlariga munosabat bildirish, kezi kelgan o‘rinlarda bahslashish, o‘z shaxsiy fikrlarimizni, yangicha talqinlarimizni yaratishga jazm etdik.

“Sarob” nafaqat, tanqidchi olimlarni, hatto muallifning o‘zini ham eng ko‘p o‘ylantirgan, iztirobga solgan asarlardan biri. Bunday deyishimizga sabab, adib arxivida saqlanayotgan xatlarning mazmunidir. Abdulla Qahhor shogirdi P.Qodirovga yozgan maktublarining deyarli har birida “Sarob” va uning rus tarjimonlariga to‘xtaladi.  Adib maktublardan birida “Sarob”dagi ijobiy tiplarni qayta ishlab, ko‘tarish niyatim yo‘q” – degan ochiq javobni yozadi. Romanning tarjima tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, “Sarob” rus tilida “Miraj” nomi bilan bir nechta mohir mutarjimlar tomonidan o‘girilib, shuningdek, boshqa xorijiy tillarda ham qayta-qayta chop etildi.

Jumladan, “Sarob” romani adabiyotshunos va tarjimon Vera Smirnova tomonidan rus tiliga tarjima qilinib, Moskvada nashr etildi. Adibning 70 yillik yubileyi munosabati bilan Moskvada “Badiiy adabiyot” nashriyotida adibning 2 jildligi chop etiladi[1]. Mazkur jildlikning nashrga to‘plab tayyorlovchisi – Komron Hakimov. Birinchi jildlik K.Simonovning “Qahhor haqida so‘z” nomli kirish so‘zi bilan ochiladi. Bu jildga “Sarob” (V.Smirnova tarjimasi), “Qo‘shchinor chiroqlari” (A.Sadovskiy va S.Malashkin tarjimasi) kiritilgan. Ikkinchi jildga esa “Sinchalak” (K.Simonov tarjimasi), “O‘tmishdan ertaklar” (K.Simonov va K.Hakimov tarjimasi) hamda hikoyalar: “Ko‘r ko‘zning ochilishi”, “Maston”, “O‘g‘ri”, “Bemor”, “Anor”, “Adabiyot muallimi”, “Jonfig‘on”, “Qizlar”, “Ko‘k konvert”, “Asrorqul”, “Bolsheviklar”, “Dahshat”, “Mahalla”, “Tamoshabog‘” (G.Xantemirov, T.Kalyakin, I.Borolina, A.Sadovskiy, A.Naumov, I.Kissen, A.Rahimiy tarjimasi) jamlangan. Rossiyada butun boshli qahhorshunoslar avlodi shakllandi. Albatta, ularning ham  ilmiy tadqiqotlariga, ham tarjimalariga baho berish, ilmiy-nazariy jihatdan xulosalar chiqarish fursati yetib kelganiga ancha bo‘ldi. Biz bu haqda tadqiqotimizning eng so‘nggi bobida qisqa ekskurs qilamiz.

“Sarob” romani shu kunga qadar olti marotaba chop etildi. Xronologik jihatdan qaralganda, bular: 1937, 1957, 1967, 1987, 1995, 2017 yillardir. Shulardan uch nashr adib hayotligida chop etilgan. Shu bois bir romanning uch nashri, uch xil variantlilikni hosil qilgan. Bu esa ayni paytda adabiyotshunoslarimizning diqqatini tortdi. Ajoyib adabiyotshunos R.Qo‘chqor ilk bor “Uch Sarob” haqida qiziqarli ilmiy kuzatishlar olib bordi[2].  Adib vafotidan so‘ng chop etilgan ikki nashr (1987, 1995) ham 1967 yilgi nashr asosida amalga oshirilgan. Eng so‘nggi nashr 2017 yilda nashr etildi. Uni filologiya fanlari nomzodi, manbashunos olim Otabek Jo‘raboyev nashrga tayyorladi. Mazkur nashr F-1-FQ-055213 shifrli “Abdulla Qahhor dastxat qo‘lyozmalari asosida asarlarining ilmiy-qiyosiy matnlarini tayyorlash va nashrga hozirlash” mavzusidagi fundamental loyiha doirasida amalga oshirildi[3]. Aytish mumkinki, mazkur 1937 yilgi ilk nashr asosida tayyorlangan “Sarob” va uning ilmiy-tekstologik tadqiqoti roman atrofidagi salbiy baholarning urchishiga sababchi bo‘lgan Rahmon Qo‘chqor qarashlariga jiddiy javob bo‘ldi. Jildlikka so‘ngso‘z yozgan O.Jo‘raboyev taniqli adabiyotshunos R.Qo‘chqorga shunday javob yozadi: “Tanqidchi ularga javob topish uchun 1920 yillarda chop etilgan “Kokandskaya avtonomiya”, “Udar po natsionalisticheskoy kontrrevolyutsii” va “Protiv Kasыmova, protiv kasыmovщinы” kitoblarini A.Qahhor diqqat bilan o‘qib chiqqanligini va ularning hoshiyalariga belgi-izohlar qo‘yib ketganligini ta’kidlaydi. Shu asosda “Sarob” romanining yaratilishida bu kitoblar asosiy rol o‘ynaganligini dalillashga harakat qiladi.

Ta’kidlash joizki, ijodkor uchun real hayotiy fakt badiiy asarda detal yoki material bo‘lib xizmat qilishi bor hodisa. L.Tolstoyning “Tirilish” romani yaratilishi uchun bir sud ishi va undagi faktlar sabab bo‘lgan. Stendalning mashhur “Qizil va qora” romani uchun ham o‘z vaqtida Frantsiyada shov-shuv bo‘lgan bir sud ishi va uning materiallari asos bo‘lib xizmat qilgan edi. Yoki XIX asr oxirlarida firibgar Viktor Axmatov haqidagi dalillar Muqimiy, Muhyi, Qoriy, Zavqiy kabi shoirlarning turkum hajviy she’rlariga turtki bo‘lgani ma’lum.

Munaqqidga ko‘ra, romandagi millatchi guruh bilan bog‘liq va yana boshqa ayrim o‘rinlar, ba’zi suhbat-dialoglar ham yuqoridagi har uch kitobdan o‘zlashtirilgan. Shu bilan o‘sha davrdagi millatchilarni esa “qosimovchilar, badriddinovchilar sud protsesslarining romanga ko‘chib o‘tgan ruhini yumshatishga, ohangini sal bo‘lsada, o‘zgartirishga uringan” (49-bet) deya fikr bildiriladi”[4].

O.Jo‘raboyev aniq dalillar bilan ko‘rsatganidek, yozuvchi badiiy asarni havodan olib yozmaydi. Balki hayotiy, tarixiy, sud hujjatlarini o‘rganib, san’at asari yaratadi. Olimning fikrlariga qo‘shimcha ravishda aytishimiz mumkinki, amerika yozuvchisi Teodor Drayzer ham “Amerika fojiasi” roman-dilogiyasini sud hujjatlari asosida yozgan. Mazkur roman dunyo kitobxonlariga juda yaxshi tanish. Unda homilador bo‘lib qolgan qiz o‘z yigiti Klayd tomonidan o‘ldiriladi. Oliy Sud Klaydga o‘lim jazosini tayinlaydi, u elektr stulga o‘tqaziladi. Romanning qisqa syujeti – shu. Yozuvchi T.Drayzer mazkur voqea haqida gazetadan xabar topadi. So‘ngra, yozuvchi shu ishning sud hujjatlari bilan batafsil tanishib chiqib, butun dunyoni larzaga solgan “Amerika fojiasi” roman-dilogiyasini yaratdi. Shunday ekan, R.Qo‘chqorning “Sarob”ning dunyoga kelishida hayotiy material bo‘lib xizmat qilgan sud hujjatlaridan foydalanishini “ayblov” sifatida talqin etishi ilmiy etikaga, adabiyotshunoslik metodologiyasiga to‘g‘ri kelmaydi. R.Qo‘chqorning “Qarzga berilgan nur” tadqiqotini o‘qiganimizda, adabiyotshunos olimning emas, yozuvchining izidan tushgan izquvar holatini his etdik. Zero, adabiyotshunos “izquvar” emas, “sudlovchi”  (“oqlovchi” yoki “qoralovchi”) emas, uning vazifasi asarga xolis va odilona baho berishdir. Rahmon Qo‘chqor esa A.Qahhorni izma-iz poylaydi, u qaysi kitoblarni diqqat bilan o‘qigan, hoshiyalariga qanday belgilar qo‘ygan… va hakozalar haqida fikr yuritadi. Biz bunday tahlil metodini qabul qila olmadik. Bu adabiyotshunos olimning tahlili emas. Detektiv asarlarga xos “aqlli izquvar shaxs”ning ishiga o‘xshaydi. Ikkinchidan, bugungi kunda Abdulla Qahhor uy-muzeyida R.Qo‘chqor foydalangan ikki kitob ham yo‘qolgan. Muzey boyligi hisoblangan adib dastxati bilan yozilgan har qanday kichik bir parcha qog‘oz noyob hujjat sifatida saqlanadi. Biz R.Qo‘chqor adib kitob hoshiyalariga  belgilar qo‘yib, o‘qigan ikki sud kitoblarini foydalanishga olib, qaytarib bermaganlikda ayblamoqchi emasmiz. Ammo fakt shundan iboratki, uy-muzeyda shu ikki va boshqa A.Qahhor kutubxonasiga tegishli adibning qo‘lyozmalari ba’zi bir noinsof tadqiqotchilar tomonidan olinib, muzey fondiga qaytarilmagan. Muzey direktorlari  (K.Qahhorova va N.Jalolova) ham muzeyshunoslik qonun-qoidalarini teran anglamagan holda ko‘pgina kitoblar va hujjatlarning talon-taroj etilishiga yo‘l ochgan. Bu gap faqat Abdulla Qahhor uy-muzeyiga tegishli emas. Barcha muzeylardagi hujjatlar, kitoblar, eksponatlar, jihozlar, ashyolar ko‘z qorachig‘idek asralishi, kelajak avlodga bus-butun holda yetkazib berilishi har bir O‘zbekiston fuqorasining yelkasida turgan muqaddas burchdir. Mavzudan biroz chalg‘ib ketdik. O‘rni kelganda, dilimizni anchadan beri vayron etib yurgan muammolarni ham aytib oldik.

“Sarob” romani murakkab davr 20-30 yillardagi ijtimoiy-siyosiy, tarixiy davrni qamrab olgan. Kommunistik mafkurani, sotsialistik tuzumni barpo etish uchun turli islohotlar o‘tkazilayotgan (er-suv islohati), targ‘ibot-tashviqot ishlari avjiga chiqqan bir payt edi. Mana shunday alg‘ov-dalg‘ov murakkab davr manzaralari yosh yozuvchi Abdulla Qahhorning “Sarob” romanida aks etmasligi mumkin emas edi. Adabiyotshunos N.Karimov “Sarob” romaniga baho berar ekan, yosh bo‘lishiga qaramasdan, bunday katta romanni yaratishi biroz shubhali, deb yozadi. Yana bir yosh tadqiqotchi “Sarob” romanini amerika yozuvchisi Jek Londonning “Martin Iden”i bilan qiyoslab, ular o‘rtasidagi tipologik o‘xshashliklar haqida maqola e’lon qildi. Aslida, bu ikki roman o‘rtasidagi ba’zi bir nozik tipologik o‘xshashliklar O.Sharafiddinov tomonidan ancha ilgariroq aytilgan. Haqiqatan ham olimlarimiz va yosh izlanuvchilarimiz juda to‘g‘ri ta’kidlaganlaridek, ikki roman o‘rtasida, xususan, Martin Iden va Saidiy, Ruf va Munisxon obrazlari o‘rtasida, qolaversa, roman badiiy kompozitsiyasida o‘xshash parallellar kuzatiladi. Ammo bu degani Abdulla Qahhor to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jek Londonning taqlidchisi bo‘lib qoldi, degani emas. Bundan tashqari, “Sarob”ni M.Gorkiyning “Klim Samginning hayotidan”, M.Sholoxovning “Tinch Don” romanlari bilan qiyoslab, ularning tipologik o‘xshashliklari haqida mulohazalar, tadqiqotlar yozgan olimlarimiz ham bor[5]. Albatta, dunyo adabiyoti namunalari bilan o‘zbek adabiyoti durdonalarini qiyoslab, ajoyib kuzatishlar, ilmiy izlanishlar qilish adabiyotshunosligimiznig alohida yo‘nalishi. Ammo, har qanday o‘xshashliklar bo‘lishiga qaramasdan, “Sarob” romani o‘zbek milliy tarixidan ajaratib yozilmagani shoyon haqiqatdir. Xususan, iste’dodli yozuvchi O‘zbekiston xalq yozuvchisi P.Qodirovning quyidagi mulohazasi bizga nihoyatda ma’qul tushdi: “Saidiy munosabati bilan Grigoriy Melexov yoki Martin Iden kabi jahonga mashhur adabiy obrazlarni juda shartli ravishda eslash mumkin. Chunki tarixiy davrlarda ham, insoniy xarakterlarda ham katta farqlar bor. Ularning fojiaviy taqdirlarida ham o‘xshashlik yo‘q emas, lekin Saidiyga nisbatan Martin Iden yoki Grigoriy Melexovdagi ulkan miqyos, kurashchan ruh, katta jasorat, favqulodda faollik xiyla boshqacha. Aslida shunday bo‘lishi kerak, chunki klassiklar an’anasiga ergashish quruq taqliddan yuqori turadigan ijodiy mustaqillikni talab qiladi. Bir narsani ta’kidlash kerakki, “Sarob” kitobiylikdan uzoq turadigan asardir. Romanning yozilishi uchun hayot va voqelik hal qiluvchi asos bo‘lib xizmat qilganini Abdulla Qahhor o‘z tarjimai holida maxsus ko‘rsatib o‘tadi. Saidiy, Munisxon, Murodxo‘ja domla va boshqa tipdagi personajlarni yozuvchi hayotda ko‘rgan. Oldin o‘tgan adiblarning tajribasi esa shunday odamlar to‘g‘risida ham asar yozish mumkinligiga uni ishontirgan va realistik metodning yo‘llarini ko‘rsatgan”[6].

O‘zbek adabiyotida Abdulla Qodiriy roman janrining to‘ng‘ich namunasi “O‘tkan kunlar”dek buyuk badiiy entsiklopedik asarni yaratgan bo‘lsa, undan so‘ng, Abdula Qahhor  “psixologik roman” janrining ilk namunasi “Sarob”ni yaratdi. Chunki, asarda ikki o‘t orasida qolgan qahramonning og‘ir kechmishi, dil qiynoqlari badiiy taftish etiladi. Unda “sovet mafkurasini” qabul qilish kerakmi, yoki “Mustaqil Milliy Turkiston muxtoriyati”ni tuzish kerakmi? – degan savol o‘rtasida sarson bo‘lgan qahramon Saidiyning psixologik holati va alal-oqibat hayoti fojia bilan yakunlangan murakkab shaxs tragizmi mahorat bilan talqin qilingan.  Ma’lumotlarga ko‘ra, bu roman yozuvchining o‘z dastxati bilan bitgan bitikka ko‘ra 1930-1934 yillarda yozib, tugatilgan. Bu haqda Otabek Jo‘raboyev ilmiy tekstologik tadqiqotda matnostida “Sarob”ning 1937 yilgi nashr variantida 1930-1934 yil sanasi qo‘yilmaganligini, keyingi ikki nashrda, ya’ni 1957, 1967 yilardagi nashrda shu sanalar qo‘yilganini ko‘rsatgan[7]. Bu ikki nashrni ko‘rganimizda, biz ham bunga guvoh bo‘ldik.

R.Qo‘chqor, O.Jo‘raboyevlarning tadqiqotlari asosida, hamda “Sarob”ning uch variantini ko‘zdan kechirish asnosida biz ham o‘zimizning mulohazalarimizni bayon etishga jazm etdik. Avvalo, shuni ta’kidlash o‘rinliki, R.Qo‘chqor hamda O.Jo‘raboyev juda to‘g‘ri, odilona o‘rganganlaridek, “Sarob”ning birinchi varianti ancha mukammal, bosh qahramon Saidiyning fojiasi psixologik, badiiy mantiqiy jihatdan yetarli darajada asoslangan. Keyingi nashrlarda tushib qolgan “Sarimsoqnoma” bobi yozuvchining jamiyat haqidagi, inson haqidagi muhim badiiy kontseptsiyasini o‘zida aks ettirgani uchun ham “Sarob”dek muhtasham asarning muhim zanjiri uzilgan. Qolaversa, Saidiyning o‘limi birinchi variantda nihoyatda asosli, ishonchli, mantiqiy izchillikda yakunlangani holida keyingi ikki nashrda “Qo‘poruvchilik” xatti-harakati bilan almashtirilishi mutlaqo o‘zini oqlamagan. Ko‘rsatilgan mana shu muhim sabablarga ko‘ra, qolaversa, “Sarob”dek asarning sovet mafkurasini gullab-yashnagan davrda o‘z o‘rnini topib ketishi uchun yozuvchi davr bilan, mafkura bilan hisob-kitob qilishga majbur bo‘lganini inobatga olib, muallifning asl muddoa-maqsadi 1937 yilda nashr etilgan ilk variantda to‘la ma’noda aks etganini ta’kidlamoqchimiz. Shuning uchun ko‘rsatilgan faktlarga binoan  “Sarob” romanining  matnostiga berkingan ko‘pdan-ko‘p yangi ma’nolari, sirlari haqida aziz o‘quvchilarimiz bilan fikrlashish uchun 1937 yilgi ilk nashr varianti asosida tayyorlangan 2017 yil variantni asos qilib oldik.

“Sarob” romanining ilk parchasi “Sarimsoqnoma” nomi bilan kichik muqovali kitob shaklida chop etilgan[8]. Yuqorida aytganimizdek, “Sarimsoq ismli yetim bola” haqidagi qistirma hikoya 1957, 1967, 1995 yilgi nashrlarda tushib qolgan. To‘g‘rirog‘i, Abdulla Qahhor “Sarob” romanini tanqidiy mulohazalardan so‘ng “qizillashtirish” maqsadida asarning eng muhim o‘q chiziqlaridan birini qayta ishlab, tahrirlab, bira to‘la romandan shu lavhani olib tashlagan. Mazkur “Sarimsoq” ismli yetim bola va uning otasi haqidagi qistirma lavha “Sarob”ning (1937, 2017) 19 bobida bayon etiladi. “Sarimsoq” haqidagi hikoya romanga quyidagi muallifning kirish so‘zi bilan kiritiladi: “Hyugo “Buyuk asr” nomini olgan o‘n yettinchi asrda odamdan-odamga o‘yunchoq – ermak yoki buyum qilish hunari bo‘lganidan xabar beradi. Kasb-kori shu bo‘lgan murabbiylar bolani olib bir a’zosiga o‘sgani erk bermagan yoki qiyshiq o‘sturgan, yo bo‘lmasa biron boshqa ish qilib uni odamgarchilikdan chiqaturg‘an, kulkili bir ahvolga solganlar. Bunday mayib qilish turli tuman yo‘llar bilan bo‘lgan. Mayiblardan bir xillari shohga va Tangrining yerdagi ko‘lankalariga zarur bo‘lgan.

Biriga bunday mayiblar ermak uchun bo‘lsa, boshqasig‘a o‘zining yuzlab xotinlarini asrash uchun va yana biriga ibodat xo‘rini “mas’um tovush” bilan aytdirishga kerak bo‘lgan. Bu hozir ham yo‘q emas: Ro‘mo papasiga hozir ham “mas’um tovush” kerak, xitoy xotini hozir ham qatig‘roq shamolda yurolmaydi…

Yigirmanchi asr odami  Niyozmat hoji uchun esa bu devona yigit ermak emas, buyum ham.” [9].

A.Qahhor romanga “Sarimsoq” haqidagi qistirma lavhani kiritish uchun gapni Viktor Gyugo ma’lumotlari bilan boshlaydi. Zero, Gyugoning “Kulayotgan odam” (“Chelovek kotorыy vsegda smeyatsya”) asarida tug‘ilishi bilan og‘zining ikki cheti yirtilib, kulib turgan odam qiyofasi shakliga kiritilgan bir yigitning taqdiri  hikoya etiladi.  Og‘zi ataylab yirtilgan yigit doim yuziga chodir tutib yuradi. Kulgi ustalari bilan (masxarabozlar bilan birgalikda) odamlarga ko‘ngilochar sahnalar uyushtirishda og‘zi yirtiq odam  “Kulayotgan odam roli”ni o‘ynaydi.   Yigit chodirini ochishi bilan “Kulayotgan odam”ni ko‘rib, odamlar qahqah urib kulishadi. Olomon ataylab “majruh” etilgan “Kulayotgan odam” ustidan gurra-gurra kulishadi. U odam-ku! U-chi? O‘ylab ko‘raylik, jamiyat tomonidan, kimlarningdir, foydasi uchun, shaxsiy moliyaviy manfaati yo‘lida, g‘ayriinsoniy maqsadlar yo‘lida majruh etilgan ko‘ngil kulayaptimikan?  Bu ko‘ngilochar sahnalarda og‘zi yirtiq odam nomeri eng qizg‘in sahna ko‘rinishiga chiqadi. Bu roman asosida ishlangan filmni shaxsan o‘zim bolaligimda tamosha qilgan, dahshatga tushganim esimda. Ammo yozuvchining nima demoqchi ekanligini chuqur anglamagan edim. Yoshim qirqdan oshganida, bu filmning, bu romanning muhim badiiy maqsadini, yozuvchining badiiy niyatini anglab yetdim.

Abdulla Qahhor “Sarob” romanida Viktor Gyugo qalamga olgan  “odamzodni ataylab, tug‘ilgandan boshlab, mayib-majruh qilish, o‘yinchoq, ermak, yana allaqancha maqsadlar yo‘lida foydalanish” kabi jiddiy g‘ayriinsoniy illatga, fojiaga e’tibor qaratganini ta’kidlab, Gyugo qalamga olgan ijtimoiy muammoni o‘z romanida  ota-onadan erta yetim qolgan Sarimsoq hayoti misolida ochib berishga harakat qiladi. Sarimsoq jisman mayib etilmagan bo‘lsa-da, jamiyat tomonidan, xususan, uning xo‘jayini Niyozmat hoji tomonidan ma’naviy majruh etilgani lavhalarda yorqin aks etadi. Romandagi ta’sirchan lavhalardan biri aynan shu “Sarimsoq” haqidagi hikoya. Bizningcha, yozuvchi Sarimsoqning Niyozmat hoji va boshqa qarollar, xizmatkorlar tomonidan masxara qilinishi, mazaxlanishida jaholatga botgan jamiyatga, bashariyatga ISYoN qiladi.

Sarimsoq haqidagi hikoyani muallif o‘zbek xalq ertaklariga xos ertakchi-roviy uslubi bilan bayon etadi. Fikrlarimizni dalillash maqsadida hikoyaning boshlanmasini misol keltiramiz: “Bundan o‘n sakkiz yil burun bu qishloqning bir burchagida musofir bir temirchi bo‘lar edi. Boshqa temirchilarday uning dam bosaturg‘oni, bosqonchisi yo‘q. Asbob uskunasi, qulay deb turgan pachoqqina do‘koniga yarasha, uning turar joyi shu do‘kon edi. U o‘zi yakka. O‘lgan xotinidan Sarimsoq nomli yetti yashar bir o‘g‘ul qolg‘an…”[10]  

Negadir ertaknamo bu hikoya bizga yozuvchining otasi temirchi usta Abduqahhor va uning yakkayu yolg‘iz o‘g‘li Abdullaning o‘zini, ularning og‘ir hayotini esga tushirmoqda. Tadqiqotimizda tahlil metodi sifatida qo‘llab kelayotganimiz yozuvchining biografik asari “O‘tmishdan ertaklar”ga yuzlanamiz. Qissaning deyarli har bir sahifasi qishloqma-qishloq tentiragan Abduqahhor akaning oilasi (ota, ona va o‘g‘il) boshiga tushgan ko‘rgiliklar, kasbi taqozasi bilan bog‘liq temirchilik ishlari bilan to‘lg‘azilgan. Qissadagi shunday parchalar bilan “Sarimsoq” hikoyasi parchalarini taqqoslab ko‘ramiz.

“O‘tmishdan ertaklar”dan: “Dadam vofurushning saksanta o‘rog‘ini berish, shu bilan birga arpaga o‘roq tushguncha yana ko‘pgina o‘roq yasab qo‘yish uchun azondan xuftongacha do‘kandan chiqmay qo‘ydi; og‘ir ishda Kulala tez-tez dam berish uchun meni damga soldi. Men ham shular qatori ishlab, kuni bo‘yi dam bosar edim”[11].

“Sarimsoqnoma”dan: “Qishda dehqonchilikka, ro‘zg‘org‘a kerakli asboblarni toblab, charxlab, ba’zan yangisini qilib kun ko‘radi. Bug‘doy, juvori pishig‘ida esa yengil charxini yelkasiga solib, o‘g‘ulchasini yetaklab dala aylanadi – o‘roq charxlaydi”[12].

“O‘tmishdan ertaklar”dan: “Dadamning ishi ko‘payib ketdi shekilli, bir kuni ertalab “Shogird topgunimcha bir-ikki kun qarashmasang bo‘lmaydi” deb meni do‘kanga olib ketdi va damga soldi. Men har kuni dadamga o‘xshab saharda borib, xuftanda qaytmasam ham, kun yorishganida borib, qorong‘u tushmasdan qaytar edim. Kuni bo‘yi damning arqonini tortaman, qo‘yvoraman,  tortaman, qo‘yvoraman… Men bilan hech kimning ishi yo‘q, gapirish kerakmas, damdan har qancha zeriksam ham shunga xursand edim”[13].

“Sarimsoqnoma”dan: “Temirchi ham buyum charxlardi. Xususan o‘roq ko‘payib ketdi. Kichkina Sarimsoq toshabinlar ichida o‘lturub har yiqitishda qichqirar, hamma bolalarday chapak chalar va otasining ko‘rmay qolg‘aniga afsus qilg‘anday orqasiga qarab qo‘yar edi. Kechqurun ishdan bo‘shagan shu atrofdagi o‘roqchilar buloqbo‘yiga oqa boshladilar. Temirchi ishini bitirgandan so‘ng o‘g‘lini izlab topdi-da, o‘zi ham o‘lturib qoldi. Kurash maydonida bir necha juft polvonlar bel ushlashib yurarlar, hali tengini topmaganlar esa belbog‘ini eshib, bog‘lab, yo o‘rtada o‘lturar, yo javlon urib yurarlar edi”[14].

“Sarob”dagi  “Sarimsoqnoma” hikoyasi qahramonlari Temirchi ota va yetti yashar Sarimsoq obrazlari bilan “O‘tmishdan ertaklar”dagi Abduqahhor temirchi bilan yosh Abdulla o‘rtasida naqadar o‘xshashliklar borligini yurak-yuragimizdan his etamiz. Agar “Sarimsoqnoma” bilan “O‘tmishdan ertaklar”dagi bunday paralellarni keltirib, allaqancha parchalarni misol qilsak, hurmatli kitobxonning vaqtini ortiqcha o‘g‘irlagan bo‘lamiz. Xulosa shuki, Abdulla Qahhor otasi Abduqahhor aka va o‘zining hayotini qayta ishlab, “Sarob” romaniga mazkur qistirma hikoyani kiritadi. Biz bu hikoya haqida uzoq o‘yladik. Nima uchun adib bunday achinarli hikoyani romanga tamsil etdi? Sarimsoqning otasi “qo‘tos”dek keladigan polvon bilan kurashib, boshi qattiq yerga urilib, hushidan ketadi, ko‘krak suyagi sinib, katakdek do‘konida bir oyga yaqin yotib, vafot etadi. Bu kurashni bug‘doy bog‘i bilan mukofotlayotgan Niyozmat hoji uyushtiradi. Agar teranroq razm solsak, temirchiga nisbatan Niyozmat hojining munosabatlarida ham “O‘tmishdan ertaklar”dagi tez-tez tilga olingan “kelgindi” salbiy sifatiga urg‘u beriladi.

“Sarimsoqnoma”dan: “Birdaniga qirq yetti bog‘ yutqazg‘an Niyozmat hoji jirillab yana to‘qson to‘rt bog‘ tikdi va o‘rnidan turib, bir kelgindi, qishloqning manaman degan yigitlarining shoxini sindirishiga chidayolmasligini bildirdi”[15]. Bu beixtiyor bizga “O‘tmishdan ertaklar”dagi temirchi Abduqahhor akaga nisbatan “Kelgindi it”, “Shaytonarava”, “Musofir”, “baxtsiz odamlar” sifatida achinish, kamsitishilarini esga solib yuboradi. Otasidan ayrilib qolgan Sarimsoq Niyozmat hoji uyida xizmatkor bo‘lib voyaga yetadi.

“Sarimsoqnoma”dan: “Sarimsoq  yigirma yoshga yetganda savdoyi bir yigit bo‘ldi. Hoji nima bersa kiyadi. U yemayturg‘on ovqat yo‘q. Ishqilib chaynaganda yumshoq bo‘lib, yutish mumkun bo‘lsa bo‘ldi. To‘yganini bilmaydi, ammo yemasdan bir hafta yursa ham ovqat talab qilmaydi. Nimani buyurilsa shuni qiladi. Sigirning bo‘yniga tushgan kanani terib tashlashdan tortib, o‘zi yakka zambarda go‘ng tashishgacha uning ishi. U ovqat singari ishni ham bir-biridan farq qilmaydi. Bu hojiga ko‘p yoqar edi…”[16]. Mana shu nuqtadan boshlab, Abdulla Qahhorning “Sarob” romaniga qistirma hikoya sifatida kiritgan “Sarimsoqnoma”ning, yanada aniqrog‘i, “Sarob”ning muhim  g‘oyasi, to‘g‘rirog‘i, yozuvchining asl badiiy niyati oydinlashadi.  Niyozmat hoji xonadonida oldiniga  “Ana, otang kelayapti” degan mazaxlardan so‘ng, “jinniga” chiqarilgan Sarimsoq Abdulla Qahhorning “Boshsiz odam” hikoyasi qahramoni Faxriddinning yangicha badiiy qiyofasi ekanligini anglab yetdik. Adib hayotida ko‘rgan-kuzatgan, bilgan G‘afforjon, Babar, Madrayim kabi qarindoshlari va qishloqdoshlarining “savdoyi”, “nochor”, “fikrlay olmaydigan” obrazini mujassamlashtirib, “Sarob”da Sarimsoq obrazida umumlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Yuqorida aytganimizdek, Sarimsoqning bolaligiga tegishli ba’zi detallar yozuvchining o‘zi va temirchi otasi, ularning kundalik  hayoti bilan parallellik kasb etsa, Sarimsoqning ulg‘ayib, “savdoyi bir yigit”ga aylanishi “G‘afforjon”, “Babar”, “Madrayim” (“O‘tmishdan ertaklar”), Faxriddin (“Boshsiz odam”), Qobil bobo (“O‘g‘ri”) xarakteri va ularning hayoti bilan o‘xshashlik kasb etadi. Asar tahliliga yanada chuqurroq kiradigan bo‘lsak, “Sarob”ning bosh qahramoni Saidiy fikrlaydigan inson. O‘z-o‘zidan romanda Sarimsoq va Saidiy obrazlari bir-biriga qarshilantiriladi. Ammo bu qarshilantirish bilinar-bilanmas tarzda kechadiki, romanda bu zidma-zidlik bo‘rtib ko‘zga tashlanmaydi.

Saidiyning odamlarni ikki toifaga ajratib, mulohaza yuritishi ham bu fikrlarimizni isbotlaydi. “Miya mexanizmi butunlar”  (aqllilir – ya’ni fikrlaydiganlar) va ikkinchisi, “miya mexanizmidan vinti tushib qolganlar” (aqlsizlar, fikrlay olmaydiganlar). Mana romandagi quyidagi parchaga diqqat qaratsak: “Uning uchun miya mexanizmasi butun kishilardan biri – Ilhom. U Saidiyning tiliga tez tushunadi. Anglatilishi qiyin bo‘lgan fikrlarni ifodalash uchun bir-ikki og‘iz so‘z va qo‘l yoki yuz harakati kifoya edi. Bir kuni “siyosat yomon” demakchi bo‘lganini Ilhomga ko‘z va yuz harakati bilan anglatishga muvaffaq bo‘lib shuncha zavq qildiki, ichida “er yuzida ikkita aqlli odam bor: biri – men, ikkinchisi – Ilhom” dedi”[17].

Saidiyning odamlarni ikki toifaga bo‘lishi beixtiyor rus yozuvchisi M.Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” romani qahramoni Raskolnikov nazariyasini ham yodga tushiradi. Abdulla Qahhor mustaqil fikrlay olmaydigan odamlar obrazini “Boshsiz odam”da ilk bor Faxriddin qiyofasida badiiy aks etirgan bo‘lsa, “Sarob”da Sarimsoq, Kenja, Tesha, Barot singari qator kishilar obrazini “Boshsiz odam”lar sifatida talqin etadi. Qiziq bir paradoks xayolimizga kelayapti. Sovet jamiyatiga kommunistik g‘oyalarni targ‘ib-tashviq etish, hamda sho‘ro davlatini barpo etish uchun Abdulla Qahhor iborasi bilan aytganda,  “Boshsiz odam”lar, Chingiz Aytmatov ta’biri bilan esa “Manqurtlar” kerak edi. Sovet jamiyati sobiq SSSR hududida mana shunday “Boshsiz odamlar”, “Manqurtlar” jamiyatini barpo eta bildi. Yozuvchi asarlarining katta qismi sovetlar mafkurasining ijtimoiy-siyosiy g‘oyalari, sovet voqeligi, sovet qahramonining qahramonliklari va shonli mehnati tarannumiga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, “Sarob”da sho‘ro siyosatiga, yer-suv islohotiga munosabatda ikkilanayotgan, shubhalanayotgan Saidiy obrazining bosh qahramon sifatida tasvirlanishi, uning atrofidagi hamtovoqlari Murodxo‘ja domla, Ilhom, Muxtorxon, Yoqubjon singari bir to‘da “aksilinqilobchilar to‘dasi” quyuq salbiy bo‘yoqlar bilan yaratilgan bo‘lsa-da, romandagi “Boshsiz odamlar”ga nisbatan muallifning achchiq kinoyasi, parodiyasi kishini hayratlantiradi. To‘g‘ri, o‘z vaqtida “Sarob”dagi bosh qahramon va uning do‘stlarining salbiy tip, salbiy qahramon sifatida talqin etilishi ko‘pchilik adabiyotshunoslarni g‘azablantirdi. Shuning uchun ham “Sarob” sovet romanimi – degan mulohaza yuzasidan katta tortishuvlar bo‘lib o‘tdi.

Romanga tamsil etilgan hikoya qahramoni Sarimsoq Niyozmat hoji xonadonidan bosh olib chiqib ketib, sho‘rolar safiga qo‘shiladi. “Telba”, “Jinnisifat” deb xarakteristika berilgan Sarimsoq birdaniga “qizillar” safiga qo‘shilib, unda fikriy uyg‘onish boshlanishi roman syujetida ifodalangan bo‘lsa-da, nazarimizda, bu yechim o‘zini to‘la oqlamaydi. Chunki, butun umr bolaligidan boshlab, ayovsiz ravishda xo‘rlangan, tahqirlangan bir odamning birdaniga “aqli raso, o‘z haq-huquqlarini taniydigan” bo‘lib qolishi ishonarsiz chiqqan. Nazarimizda, Sarimsoq obrazi dinamikasidagi bunday yechim to‘laqonli badiiy asoslanmagan. Jamiyat masxaralagan, mazax qilgan, ermak qilgan, “o‘yinchoq odam sifatida” foydalanilgan, ayni paytda kitobxonni qattiq achinishga undaydigan bu obraz dinamikasi muallif tomonidan sun’iy ravishda tezlashtiriladi. Chunki Sovet adabiyoti shuni talab qilar edi. Abdulla Qahhor ham ushbu ijtimoiy buyurtmaga bo‘ysunadi.

Sarimsoq Niyozmat hojining  uch yashar qizini “olabo‘ji” obraziga kirib (qovog‘ini to‘ntarib, ko‘zining qizilini chiqarib, salkam uch soat terlab-pishib tentaklik qiladi) ovqat yeyishga majburlaydi. To bu tantiq, ajabtovur qizcha tomning ustida o‘tirib ovqatlanaman deb, tomdan yiqilib tushib, olamdan ko‘z yumguncha, Sarimsoq Niyozmat hojining qizi uchun “o‘yinchoq odam – olabo‘ji” rolini o‘ynashga majbur bo‘ladi. Muallifning “o‘yinchoq-odamga” aylangan Sarimsoq va Sarimsoq tipidagi kishilar hayotini tasvirlashdan maqsadi mana shunday g‘ayriinsoniy munosabatlarga chek qo‘yish kerakligini zimdan ta’kidlash edi. Yozuvchi jamiyatda odam odam o‘rnida ko‘rilishi kerakligini urg‘ulaydi.

Sarimsoq va Sarimsoq tipidagi odamlarga zidma-zid ravishda Saidiy obrazi fikrlaydigan inson. Saidiy mashhur yozuvchi bo‘lishni, “O‘zbek adabiyotining faxri”ga aylanishni istaydi. U shaxsiy hayotda ko‘p omadsizlik va baxtsizliklarga giriftor bo‘ladi. Otasi o‘zini osadi, onasi erta vafot etadi, yakkayu-yagona opasi ham oyoqlari shol bo‘lib qolib, Saidiyning qaramog‘ida qoladi. Romanda Saidiyning Munisxon bilan iliq sevgi-muhabbatga to‘la munosabatlari asarning nurli sahifalarini tashkil etadi. O‘zbek sovet adabiyotshunosligining taniqli qahhorshunoslari M.Qo‘shjonov, O.Sharafiddinov, U.Normatovlar Saidiy obrazini zo‘r berib, “induvidualist”, “xudbin”, “shaxsiyatparast”ga chiqarishdi. Ehtimolki, “Sarob”ning bosh qahramoni Saidiyga nisbatan ortiq darajada bo‘rttirib yopishtirilgan bu yorliqlar romanning tarix g‘ildiraklaridan eson-omon o‘tib kelishiga ham mustahkam poydevor, chiqish eshigi bo‘lib xizmat qilgan bo‘lsa, ne ajab…

O.Sharafiddinov shunday yozadi: “Gap shundaki, “Sarob” romanining asosini tashkil qiluvchi g‘oyaviy niyat xudbinlikni yoxud individualizm illatini badiiy tadqiq qilishdir. Ma’lumki, xudbinlik insoniyat tarixidagi eng qadimiy va eng xavfli illatdir. Faqat ibtidoiy jamoa tuzumi sharoitidagina, hali ayrim shaxs jamoadan alohida ajralib chiqmagan, hali ayrim odamning manfaati ko‘pchilik manfaatidan tashqari idrok etilmagan bir vaziyatda xudbinlik ham yo‘q edi. Biroq sinflar shakllanishi bilan, manfaatlar farqlana borishi bilan xudbinlik ham shakllanadi va u rivojlana bora-bora inson shaxsiyatini ich-ichidan yemiruvchi kuchga aylanadi”[18]. Kuzatib turganimizdek, domlaning qarashlari Sotsialistik jamiyat va undan so‘ng “kommunizm”ni barpo etish g‘oyalarini ishlab chiqqan, proletar sinfining daholari Engels, Marks va Vladimir Ilich Lenin g‘oyalari bilan qattiq qurollangani sezilib turibdi.

U.Normatov esa mana shunday yozadi: “Romanda Saidiy bilan Munisxonni halokatga olib kelgan ruhiy ma’naviy omillar, jumladan, ular tabiatiga xos xudbinlik, shaxsiyatparastlik, shuhratparastlik haqida ko‘p yozildi. Buning uchun muayyan asoslar bor, albatta. Yetakchi qahramonlar, birinchi galda, Saidiy xarakteri, ruhiyati, xatti-harakatlari, qismati sinchiklab kuzatilsa, tabiatiga xos eng xarakterli jihat unda qat’iyat, sabot, “shaxsi butunlik”, mustaqil fikrlash va ish tutishning yetishmasligida ekaniga iqror bo‘lasiz”[19]. Domlaning qarashlarida O.Sharafiddinov fikrlariga nisbatan ancha erkin munosabat seziladi. Chunki, U.Normatov bu fikrlarni 2000 yillarda yozayapti. O.Sharafiddinov domla esa “Sarob” haqidagi talqinlarini 1988 yilda yozgan. O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar ham olimlarimizning badiiy asarga munosabatini o‘zgartirdi.

“Sarob”ga ortiqcha chiranishlar, ortiqcha bo‘yab-bejashlarsiz, sokin tafakkur, bosiq nigoh bilan qarab ko‘raylik-chi?! Uning matnostida qanday yashirin sirlar, g‘oyalar, yozuvchining umuminsoniy dardlari bor ekan? Shu mulohaza yuzasidan Saidiy hayotini taftish etib ko‘ramiz. Qolaversa, roman bosh qahramonlari Saidiy va Munisxon, shuningdek, Ehson, Tesha, Shafrin, Salimxon, Soraxon, Murodxo‘ja domla, Muhammadjon kabi obrazlarning hayotiy zamini, real asoslari, prototiplari bilan qiziqib ko‘ramiz.

Saidiyning institutga kirishi, do‘stlar orttirishi (Ehson, Shafrin, Munisxon, Tesha…) badiiy adabiyotlar bilan oshno tutinishi, o‘zining ilk hikoyalarini gazetalarga jo‘natishi, ich-ichida “O‘zbek adabiyotining iftixoriga” aylanishni orzu qilayotgan obraz negadir bizga Abdulla Qahhorning o‘zini eslataveradi.

Saidiy obraziga shu kunga qadar salbiy badiiy ma’nolar  (“xudbin”, “shaxsiyatparast”) yuklab kelindi, ba’zi adabiyotshunoslarimiz esa Saidiy timsolida Cho‘lpon shaxsiyatini ko‘rgandek bo‘lishdi. Bizning fikri ojizimizcha esa, Saidiy obrazi yosh Abdulla Qahhorning hayoti va kechinmalari, hissiyotlarini qisman bo‘lsa-da o‘zida jamuljam etgan, degan xulosaga keldik. Adabiy tanqidchilik tarixidan ma’lumki, yozuvchi o‘zi bosib o‘tgan hayot so‘qmoqlarini, o‘z kechinmalarini, yaqinlari hayoti va qismatidan ta’sirlanib, asar yaratsagina, chinakam badiiy san’at asarining kashfiyotchisi sifatida alqanadi. Badiiy ijodda “to‘qima” qanchalik muhim rol o‘ynamasin, lekin o‘sha “to‘qima”ga zamin bo‘luvchi real hayot, qismat, tuyg‘ular, romantik kechinmalar, ijtimoiy-siyosiy-maishiy muhit go‘zal san’at asarini undiruvchi serhosil, unumdor zamin vazifasini o‘taydi.

Saidiy obrazi xarakteriga ko‘chgan kamgaplik, bosiqlik, o‘z qobig‘iga o‘ralib, begonasirab yashash qaysidir ma’noda Abdulla Qahhordan ko‘chgandek. Komil ishonch bilan aytishmiz mumkinki, Saidiyning do‘sti Ehson obrazining hayotdagi prototipi adibning “Istiqbol” maktabidagi do‘sti Muhammadjon Qulmatov. Nima uchun bunday xulosaga kelganimizni, adibning o‘z qo‘li bilan yozgan “Ozgina o‘zim haqida” tarjimai holi bilan isbotlashga harakat qilamiz.

Tarjimai holda M.Qulmatov haqida shunday deyiladi: “Istiqboldagi” hammaktablarimdan biri Muhammadjon Qulmatov uchrab qoldi. Uning otasi Qulmat qizil soqchi bo‘lib, bosmachilarga qarshi kurashda halok bo‘lgan edi. Muhammadjon O‘rta Osiyo davlat universitetining meditsina fakultetiga kirgani tayyorgarlik ko‘rayotgan ekan. Shu odam katta ish va ko‘p pul deb savodsiz qolayotganimni menga aytib ko‘nglimga g‘ulg‘ula soldi, bu yil tayyorlik ko‘rib, kelasi yildan Moskva universitetining adabiyot fakultetiga kirishimni maslahat berdi. Men ko‘ndim”[20].

“Sarob” romani qahramoni Ehsonning tarjimai holi: “U Saidiy bilan do‘st edi. Bu do‘stlik otalarini ham munosabatdor qilg‘an edi. Ehsonning otasi har kuni qechqurun ko‘chalardagi chirog‘larga yog‘ quyib yoki ularni yoqib yurganida, albatta Saidiyning otasini ko‘rib o‘tar, ba’zan kechalari kelib damini ham bosar, muvofiq ish topilsa bosqonni urar edi. Saidiyning otasi mashina-bosqon, mashina-dam bilan ishlayturg‘an katta bir korxona ochmakchi bo‘lib, anchagina temirchilarni to‘pladi va bu ishga talay sarmoya ham xarjladi-da ish boshlanmasdan sinib yer bilan yakson bo‘ldi. Bu borada Ehsonning otasi o‘z xohishi bilan qizilaskar bo‘lib, bosmachilar bilan kurashda halok bo‘ldi. Saidiyning otasi sinishdan tiklanaolmay o‘zini osdi. Ehson, otasi o‘lmasdan burun maktabdan haydaldi”[21].

Kuzatib turganimizdek, Ehson obrazi uchun Abdulla Qahhorning Qo‘qondagi namunali maktab “Istiqbol”dagi  maktabdoshi Muhammadjon Qulmatovning hayoti, uning tarjimai holiga doir ba’zi detallar hayotiy asos bo‘lib xizmat qilgan. Abdulla Qahhor umrining oxirigacha M.Qulmatov bilan yaqin do‘stona munosabatda bo‘lgan. Haqiqatan ham M.Qulmatov Mosvaga borib tibbiyot institutini tugatgan. U meditsina fanlari doktori, professor darajasigacha chiqqan.

“Sarob” romani qahramoni Ehson Saidiy bilan dim va tor ijara hujrada yashab, imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rib, Moskva Davlat universitetining meditsina fakultetiga o‘qishga kiradi. U rus do‘sti Shafrin yordamida rus tilini puxta egallashga harakat qiladi. Abdulla Qahhor bilan M.Qulmatovning Toshkent shahriga kelib, imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rib,  hujradosh, maktabdosh, bolalik do‘sti bilan birga yashashi kabi hayotiy voqealar shundayligicha “Sarob” romaniga ko‘chgan.

Abdulla Qahhor arxivida saqlanayotgan №3682, №3683, №3684 raqamli hujjatlar adibning do‘sti M.Qulmatovga yozgan xatlaridir. Har uch xat eski o‘zbek yozuvida yozilgan[22]. Bu xatlar 1963, 1964, 1966 yillarda yozilgan. Shuningdek, №2253 raqamli hujjat esa M.Qulmatovning 1956 yil, 30 avgust sanasi bilan Abdulla Qahhorga yozgan maktubi. Mazkur xat ham arab yozuvida bitilgan. Shu o‘rinda Abdulla Qahhorning do‘sti M.Qulmatovga yozgan bir xatining mazmunini to‘liq holda e’tiboringizga havola etsak, foydadan xoli bo‘lmaydi, deb o‘ylaymiz.

“Muhammadjon!

Men sizga kurakcha berib endi salomatlingizga qararsiz, qolgan umringizni tinch-osoyishta, asrab-avaylab o‘tkazursiz desam, Rustami dostonning zanglagan qilichini ko‘tarib ibrat maydoniga kirmoqchisiz shekilli!

So‘nggi to‘qqiz oy ta’sirida xurjunini yo‘qotgan qozoqqa o‘xshab es-hushingizni yo‘qotib qo‘yibsiz. Siz aytgan tuhmatchilar Toshkentda 1-2 va Samarqandda 3-4 tagina emas. Qolgan umringiz bular bilan kurashishga, ular ustidan arz-dod qilishga emas, hatto ularni sanab sonini bilishgaham yetmaydi! Kim aytadi Sizni dunyo ko‘rgan, ming girdobga tushib chiqqan kishi, kallasi to‘la ilm ba olam deb! Nahotki, siz “kattalar”ga toki Moskovga arz qilishingiz bilan olam guliston bo‘laqolsa! Siz birodarga gap mahqullashingizdan burunroq o‘ligingiz bironta uramat koridorida qolib ketadi. Shundaq bo‘lishiga sal qoldiku!

Yana qaytarib o‘tinaman: kurakchani mahkam ushlang, salomatlingizni yaxshilang, bir kun bo‘lsa ham uzoqroq umr ko‘rish yo‘lini ko‘zlang, bolalaringiz va yor-do‘stlaringiz hurmati izzatingiz bilan pensiyaga chiqing, qolgan umringizni pensioneri olam yaralb izzat-hurmatda o‘tkazing! Olamni latta hidi tutib ketsa, avvval o‘zingizdan xabar oling!

Abdulloh             10.III.64

Bu xatni Zotga o‘qib bering!

Men Zotdan xafaman, yonigizda turib nahot sizdan shunchalik bexabar bo‘lsa! Shogirdlaringiz bilan orani bunchalik buzilishiga yo‘ qo‘ymasligi, sizni aql-idrok bilan ish tutishga majbur qilishi mumkin edi”[23].

Xat mazmunidan anglashilmoqdaki, Muhammadjon Qulmatov bilan Abdulla Qahhor nihoyatda yaqin do‘st bo‘lgan. Ular bir-biri uchun qayg‘urgan, jon kuydirgan. Shuningdek, arxivdagi M.Qulmatovning krill yozuvida o‘zbek va rus tillarida yozgan boshqa xatlari ham bor. Masalan, №2670 raqamli hujjatda M.Qulmatov Abdulla Qahhorga tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha yozgan ilmiy maqolasi matnini to‘liq holda jo‘natadi. Hujjat mashikada krill yozuvida, rus tilida yozilgan. Keyingi hujjat №2243 raqami bilan saqlangan. Mazkur hujjat ham M.Qulmatovga tegishli bo‘lib, rus tilida yozilgan maktubdir.

Abdulla Qahhor o‘z tarjimai holida Pavel ismli rus yigitining unga rus tilini o‘rgatgani, o‘ziga xos ta’lim, saboq metodini qo‘llagani haqida yozadi. Bizningcha, Abdulla Qahhor o‘z hayotida uchratgan va rus tilini qunt bilan o‘rganishda unga yordam qo‘lini cho‘zgan Pavel ismli kishi “Sarob” romani qahramoni Shafrin obrazi uchun hayotiy asos, prototip vazifasini o‘tagan.

Saidiyning odamovi, kamgap, o‘z qobig‘iga o‘ralib yashash xarakteri nazarimizda Abdulla Qahhorning o‘zining ruhiyati. Saidiy Sharifni ham, Shafrinni ham yoqtirmaydi.

Romandagi yana bir diqqatga sazovor lavhalardan biri Soraxonning pashshalarni tutib, ularning boshini qirqib tashlash sahnasi sanaladi. Bu lavha romanning ikkinchi bo‘limi 16 faslida aks etgan: Eski ish bo‘lmasi Soraxonning istirohat bo‘lmasi bo‘lib qolg‘an. Saidiy eshikni ochib kirganida yerda, gilam ustida emaklab yurib, nima bilandir mashg‘ul bo‘lgan Soraxon irg‘ib o‘rnidan turib bo‘yniga osildi.

– Shu tirikmi, o‘lukmi? – dedi u gilamga yoyilgan oq ro‘yjaning ustidagi pashshani ko‘rsatib.

Saidiy qo‘lidag‘i jurnalni ko‘rpacha ustiga tashlab o‘lturdi. So‘ngra, barmog‘i bilan pashshani qimirlatib ko‘rdi. Pashsha tirik, ammo karaxt edi

– Tirik.

– Nega tirik?

– Chunki qmirlaydi, – dedi Saidiy ro‘molchasi bilan yuzidagi terni artib.

Soraxon qiyqirib kuldi. So‘ngra xuddi favqulodda bir narsa ko‘rganday Saidiyning boshiga tikilib, sekin qo‘lini ko‘tardi.

– Qimirlamang, qimirlamang!.. Juda semizi, yaxshisi ekan…

Saidiy hayron bo‘lib tek turdi. Soraxon pashshani kaftiga qamab, mushtini Saidiyning qulog‘ig‘a tutdi.

– Eshitdingizmi?

Pashsha g‘ing‘illar edi.

– Eshitdim… Xo‘sh?

– Mana hozir ko‘rasiz… Yo‘q, to‘xtang… Avval aytingchi, joni bor narsaning boshini uzib tashlansa o‘ladimi, yo‘qmi?

– Darrov o‘lmaydi.

– Yuradimi, uchadimi?

– Yuradi!

– Uchadi!

– Uchsa ham boshli jonivorday uchmaydi-da. Bir ko‘tarilib, darrav yerga tushadi.

– Uchadi. Boshi borday uchadi.

Saidiy kuldi.

– So‘yilgan tovuqni ko‘rmaganmisan? Pitillaydi, ko‘tarilib-ko‘tarilib tushadi, ammo buni uchish, deb bo‘ladimi?

– Uchadi. Shart bog‘lashaman. Nimadan?

– Ha, xo‘p. Nimadan axir?

– Siz yutg‘uzsangizmi, xon atlas ko‘ylaklik olib berasiz. Men yutg‘uzsam nima desangiz mayli…

Saidiy iljaydi va devolga suyanib qarab turdi. Soraxon kaftiga qamag‘an pashshani sekin olib qanotidan ushladi va kichkina qaychicha bilan boshini kesib qo‘yib, yubordi. Pashsha ko‘tarilib uyni bir aylandi-da, deraza yoniga borib tushdi. Undan ko‘zini uzmay qarab turgan Soraxon, borib pashshani oldi va yuqorig‘a irg‘itdi. Pashsha yana uchdi.

– Ko‘rdingizmi?! – dedi Soraxon sevinib.

– Ko‘rdim, ammo…

Soraxon uning so‘zini kesdi:

– Ha, ha, endi g‘irramliq qilaman deysiz!

Saidiy xon atlas ko‘ylaklik olib berishga rozi bo‘ldi. So‘ngra yonboshlab jurnalni varaqlay boshladi. U, bosilib chiqqan hikoyasini Soraxonga ko‘rsatmakchi, xursandchiligini bo‘lushmakchi edi. Ammo Soraxon hamon pashsha bilan ovora edi. Yarim soatdan keyin pashsha qimirlamay qoldi. Soraxon pashsha tutush uchun ataylab asal surtulib qo‘yilg‘an tarelka yoniga borganda, Saidiy chaqirib oldi[24].

Nima uchun romanda bu qadar bemaza tasvir o‘rin olgan? – degan haqli savol tug‘iladi. Bizningcha, bu hayotiy lavhaning tagida metaforalashgan jiddiy ijtimoiy-siyosiy bir muammo yashirin. Ya’ni Abdulla Qahhorning “Boshsiz odam” metaforik obrazi 1929 yilda “Faxriddin” obrazida namoyon bo‘lgan bo‘lsa, “Sarob” romanida “Soraxon” timsolida mujassamlashdi. Soraxonni har yili qattiq o‘qitishga, ta’lim berishga bel bog‘lagan ota qizi tarbiyasi borasida hech bir ijobiy amaliy natijaga erisha olmaydi. Soraxon – 20-30-yillardagi “Boshsiz odamlar”ning ramziy umumlashma timsoli bo‘lishi bilan birga, boshsiz odamlar hukumatini barpo etgan “Sovetlar mamlakati” Soraxonning romanda alohida bir sahna, aohida bir hayotiy lavha sifatida iz topgan yuqoridagi faslda aks etgan. Boshsiz odamlar  jamiyati Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Behbudiylarni qatl etgan qattol jamiyatga ramziy ishoralardir, ehtimol. Qarangki, Soraxon qaychi bilan pashshaning boshini qirqib, zavqlanadi. Boshsiz jonzotni paydo qiladi. Yaxshilab o‘ylab ko‘raylik, bu sovet rejimining aqlli kishilarni qatl etib, boshsiz odamlar fojiasini tomosha qilayotgan manfur niyatli qattol siyosat emasmi?! O‘ylantiradigan gaplar – bu!.

Nima bo‘lganda ham biz bu lavhaning romanga bejiz kiritmaganini his etdik. Soraxon tipidagi “Boshsiz odam”lar to‘dasi Abdulla Qahhorning hajviy satirik qalami bilan doimo qoralandi.

To‘g‘ri, romanda jadidlar obrazi nihoyatda qora ranglar, qora bo‘yoqlar bilan tasvirlanadi. Qahhorning ikki o‘t orasida qolgan ruhiy holati, bilishimizcha, “Sarob”da to‘a ma’noda aks etgan. Shu jihatdan qaralganda, mazkur davrni badiiy aks ettirgan O‘rta Osiyo xalqlarining Balzagi darajasiga ko‘tarilgan Sadriddin Ayniy o‘zining “Doxunda” romanida Qahhorga nisbatan ancha xolis pozitsiyada turib, jadidlar obrazini tasvirlaydi. Shunga qaramasdan, “Sarob” romani o‘zining butun murakkabliklari-yu, muvaffaqiyatlari bilan bundan keyin ham yashab qolishiga ishonamiz.

“Sarob”da shaxsning yemirilishi juda mahorat bilan, bosqichma-bosqich dinamik tarzda ochib berilgan. Bundan tashqari, “Sarob”da shaxsning yemirilishi fojiasidan tashqari, jamiyatda avj olgan poraxo‘rlik, ichkilikbozlik, ko‘zbo‘yamachilik, aqlsizlik, fikrsizlik, sotqinlik, xiyonat va razolat kabi ko‘pdan-ko‘p salbiy illatlar mahorat bilan fosh etilgan.

“Sarob” romanidagi Soraxon, Munisxon, Murodxo‘ja domla kabi ko‘plab obrazlarning har birining hayotiy asoslari bor. Ularni keyingi galgi tadqiqotlarimizda yanada chuqurlashtirib niyati bilan “Sarob” haqidagi kuzatishlarimizga nuqta qo‘yamiz.

Marhabo Qo‘chqorova,

filologiya fanlari nomzodi

O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti

________________

[1] Kaxxar A. Izbrannыe proizvedeniya. V dvux tomax. Tom pervыy. Romanы. Moskva: Xudojestvennaya literatura, 1977. (Sostavitel: Kamran Xakimov). 494 s; Kaxxar A. Izbrannыe proizvedeniya. V dvux tomax. Tom vtoroy. Pevesti. Rasskazы. Moskva: Xudojestvennaya literatura, 1977.  398 s.

[2] Qo‘chqor Rahmon. Iste’dod qadri. – Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1989.  – 108 b; Shu muallif. Men bilan munozara qilsangiz. –Toshkent: Ma’naviyat, 1998. – 96 b.

[3] Qahhor A. Sarob / Tanlangan asarlar. 3-jildlik. 2-jild. -Toshkent: Yangi asr avlodi, 2016. – 420 b. (Nashrga tayyorlovchilar: O.Jo‘raboyev, M.Qo‘chqorova).

[4] Qahhor A. Sarob / Tanlangan asarlar. 3-jildlik. 2-jild. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2016. – B. 401-402.

[5] U.Normatov.  Haqiqat va Sarob. Yozuvchi P.Qodirov bilan suhbat. /U.Normatov.  Ustoz ibrati. Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, 2007. – B. 84-107.

[6]  U.Normatov.  Haqiqat va Sarob. Yozuvchi P.Qodirov bilan suhbat. /U.Normatov.  Ustoz ibrati. Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, 2007. – B. 100.

[7] Qahhor A. Sarob / Tanlangan asarlar. 3-jildlik. 2-jild. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2016. – B. 392. Izoh: Biz ham har uchala nashrni ko‘zdan kechirib, mutoala qilib, shu holatga guvoh bo‘ldik. – ta’kid bizniki. – M.Q.

[8] Qahhor A. Sarob / Tanlangan asarlar. 3-jildlik. 2-jild. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2016. – 420 b.

[9] Qahhor A. Sarob / Tanlangan asarlar. 3-jildlik. 2-jild. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2016. – B. 115-116.

[10] Qahhor A. Sarob. / Tanlangan asarlar. 3-jildlik.  2-jild. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2016. – B. 116.

[11] Qahhor A. O‘tmishdan ertaklar / Tanlangan asarlar. 3-jildlik. 1-jild. Qissalar. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2015. – B. 133.

[12] Qahhor A. Sarob. / Tanlangan asarlar. 3-jildlik. 2-jild. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2016. – B. 116.

[13] Qahhor A. O‘tmishdan ertaklar / Tanlangan asarlar. 3-jildlik. 1-jild. Qissalar. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2015. – B. 106.

[14] Qahhor A. Sarob. / Tanlangan asarlar. 3-jildlik.  2-jild. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2016. – B. 117.

[15] Qahhor A. Sarob. / Tanlangan asarlar. 3-jildlik.  2-jild. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2016. – B. 118.

[16] Qahhor A. Sarob. / Tanlangan asarlar. 3-jildlik.  2-jild. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2016. – B. 122.

[17] Qahhor A. Sarob. / Tanlangan asarlar. 3-jildlik.  2-jild. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2016. – B. 219.

[18] Sharafiddinov O. Abdulla Qahhor.   – Toshkent: Adabiyot va san’at, 1988. – B. 61.

[19] Normatov U.  Mafkuraviy-siyosiy tazyiq  va iste’dod qudrati /  Ustoz ibrati. Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, 2007. – B. 16.

[20] Qahhor A. Ozgina o‘zim haqimda / Sharafiddinov O. Abdulla Qahhor.   – Toshkent: Adabiyot va san’at, 1988. – B.

[21] Qahhor A. Sarob. / Tanlangan asarlar. 3-jildlik.  2-jild. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2016. – B. 13.

[22] Abdulla Qahhor arxivi katalogi. – Toshkent: Muharrir, 2011. – B. 99-100. (Eski o‘zbek yozuvidan tabdil qiluvchi va tavsifchi O.Jo‘raboyev).

[23] Abdulla Qahhor arxivi katalogi. – Toshkent: Muharrir, 2011. – B. 99-100. (Eski o‘zbek yozuvidan tabdil qiluvchi va tavsifchi O.Jo‘raboyev).

[24] Qahhor A. Sarob. / Tanlangan asarlar. 3-jildlik.  2-jild. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2016. – B.  319.