Echkining bolasi ma’nosidagi «uloq» so‘zining ko‘pkarining ma’nodoshi sifatida qo‘llanadigan «uloq» so‘zi bilan qanday aloqasi bor, ko‘pkari nega uloq ham deb yuritiladi, bu so‘z aslida qanday ma’noni anglatadi, uning kelib chiqish tarixi, mutaxassilar tili bilan aytganda, etimologiyasi qanday? Bu savollarga aniq javobni qadimgi yozma manbalardan, til xazinamizning bebaho boyliklarini o‘zida mujassamlashtirgan lug‘atlarimizdan topish mumkin.
«O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da «uloq» so‘zi «echkining bolasi», «milliy sport o‘yini», «shunday sport o‘yinida so‘yib o‘rtaga tashlanadigan echki yoki buzoq», «O‘zbek tilining etimologik lug‘ati»da esa «echki», «ko‘pkari» ma’nolarini bildirishi ko‘rsatilgan. Professor Sh.Rahmatullayev «uloq» so‘zi qadimgi turkiy tilda «ulag‘» tarzida talaffuz qilinib, aslida «miniladigan hayvon»ni bildirgani va keyinchalik «echki» ma’nosini olib, undan «ko‘pkari» ma’nosi o‘sib chiqqanligini qayd etgan.
Tarixdan ma’lumki, qadimgi davrlarda yashagan ajdodlarimizning bir qismi chorvachilik bilan shug‘ullangan. Asli yovvoyi hayvon bo‘lgan otning birinchi marta xonakilashtirilib, insonning beminnat xizmatkoriga aylantirilishi ham ajdodlarimiz mehnatining samarasidir. Shu bois, bizda boqilgan otlarga talab juda katta bo‘lgan. Qadimgi xitoy manbalarida Davandagi (Farg‘onadagi) otlar chopqir va baquvvat bo‘lib, xitoy hukmdorlari yillar davomida o‘sha zotdor otlardan birortasini qo‘lga kirita olmaganligi haqida ma’lumotlar bor. Bu esa, o‘z-o‘zidan ot va, umuman, chorvachilik bilan bog‘liq atamalarning qadimgi davrlardayoq yaxshi shakllanganini ko‘rsatadi. Ota-bobolarimiz bu sohada ham juda katta xizmatlar qilib, bizga boy meros qoldirgan. Qadimgi davrlarda yaratilgan lug‘atlarni, yozma manbalarni ko‘zdan kechirganda har bir chorva moli yoshi, jinsi, rangi, gavdasining katta-kichikligi, xizmat turiga ko‘ra alohida-alohida so‘zlar bilan nomlanganini ko‘rish mumkin. Tarixning bu dalillari esa «miniladigan hayvon»ni bildirgan «ulag‘» so‘zidan «echki» so‘zining, undan yoki echkining bolasi ma’nosini bildiradigan so‘zdan ko‘pkari ma’nosidagi «uloq»ning kelib chiqqanligiga shubha uyg‘otadi. Bundan tashqari, «O‘zbek tilining etimologik lug‘ati»dagi «ulag‘» so‘zining «ma’no taraqqiyoti natijasida «echki» ma’nosini anglata boshlagan»i haqidagi fikr ham yozma manbalardagi aniq dalillar bilan asoslanmagan.
Endi tilimizdagi qadimiy so‘zlar tarixi haqida keng va ishonchli ma’lumot beradigan Mahmud Koshg‘ariy «Devonu lug‘otit turk» asarining o‘zbek tilidagi tarjimasiga murojaat qilaylik. Mahmud Koshg‘ariy «ulag‘» so‘zini «bekning buyrug‘i bilan yuruvchi pochtachining ma’lum bekatlardan ayirboshlab miniladigan oti» tarzida izohlangan. Bu izohdan o‘sha davrda rasmiy pochta xizmati yo‘lga qo‘yilganligini, «ulag‘» so‘zi shunchaki miniladigan otni emas, faqat «pochta xizmati uchun miniladigan ot» ma’nosini bildirishini bilib olamiz. «Devon»da «ulag‘» so‘zining «echki», «uloq» ma’nolari esa qayd etilmagan.
Asarda «uloq» so‘zi «og‘laq», ya’ni «o‘g‘laq» shaklida berilib, bu so‘z echkining bolasi ekanligi aniq ko‘rsatilgan: «og‘laq — uloq, echki bolasi; og‘laq jiliksiz, og‘lan bilikciz — echki bolasida ilik yo‘q, yosh bolada aql yo‘q». Oradan ming yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay, bugungi o‘zbek shevalarida, xususan, Qashqadaryo shevalarida uloqni «o‘g‘loq», «o‘g‘log‘» shaklida talaffuz qilish hozirgacha saqlanib qolgan.
«Devon»da «echki» so‘zi «echku», «kechi», uning erkagi «taka», olti oylik echki bolasi «chebish», deb berilgan. Bu so‘zlar ham hozirgi o‘zbek tilida qisman fonetik o‘zgarishlar bilan keng qo‘llanmoqda.
Mahmud Koshg‘ariy «Devon»ning muqaddimasida «men iste’moldagi so‘zlarnigina berdim, iste’moldan chiqqanlarini tashladim», deb alohida urg‘ulagan. Demak, bu so‘zlar o‘sha davrda keng iste’molda bo‘lgan.
Mahmud Koshg‘ariyning «Devon»idagi bu dalillar «uloq» so‘zi haqida shakllanib qolgan ma’lum bir fikrlarimizni o‘zgartirishga asos bo‘lishi mumkin, deb o‘ylaymiz.
1.Echkining bolasi ma’nosidagi «uloq» so‘zi qadimdan mustaqil so‘z bo‘lib, u hozirgi ayrim o‘zbek shevalarida iste’molda bo‘lgan «o‘g‘loq» so‘zining fonetik o‘zgargan shakli. Uning ko‘pkarining ma’nodoshi sifatida qo‘llanadigan «uloq» so‘ziga, ya’ni «Devon»da keltirilgan «ulag‘»ga aloqasi yo‘q.
2.Qadimgi turkiy tilda «echki» so‘zi ham mustaqil so‘z bo‘lgan, uning ham «ulag‘» bilan bog‘lanadigan joyi yo‘q.
3.Hozirda «ko‘pkari» so‘zining ma’nodoshi sifatida qo‘llanayotgan «uloq» so‘zi «echki» yoki «uloq» so‘zining ma’no taraqqiyoti natijasida emas, “pochta xizmati uchun miniladigan ot” ma’nosidagi «ulag‘»dan kelib chiqqanga o‘xshayotir. Bizningcha, bu fikrni quyidagi dalillar bilan asoslash mumkin:
a)pochta xizmatida qandaydir narsa yoki ma’lumot bir joydan ikkinchi bir manzilga tezda yetkaziladi. Ko‘pkarida ham o‘rtaga tashlangan sarka yoki buzoq bir joydan boshqa bir belgilangan manzilga olib borib tashlanadi;
b)pochta xizmatida transport vositasi sifatida otdan foydalanilgan, ko‘pkari ham ot vositasida amalga oshiriladi;
v)«ulag‘» oddiy ot emas, u pochta xizmati uchun miniladigan ot. Ko‘pkaridagi ot ham maxsus parvarishlanib, faqat ko‘pkari uchun miniladi;
g)«ulag‘»ni dehqon yoki chorvador emas, pochta xizmatidagi odam, ko‘pkaridagi otni esa maxsus tayyorgarlik ko‘rib shu o‘yinda ishtirok eta oladigan chavandozlar minadi;
d)bu so‘zlar tovush tarkibi jihatidan ham bir-biriga juda yaqin. Qadimda tilimizda o tovushi bo‘lmagan, keyinchalik fors tilining ta’sirida paydo bo‘lgan, g‘ tovushining q ga o‘tishi esa tilimiz tarixidagi mavjud hodisa.
Bu fikr-mulohazalarimizning bahsli, munozarali jihatlari bo‘lishi mumkin. Shu bois, «uloq» so‘zining ma’nosini aniqlashtirish borasida aytilgan har qanday asosli fikrni mamnuniyat bilan qabul qilamiz.
Jo‘ra Xudoyberdiyev
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 22-sonidan olindi.