Uilyam Shekspir (William Shakespeare) 1564 yilda Angliyaning Uoppikshir grafligi hududidagi Evon daryosi ustida joylashgan Stretford shaharchasida qo‘lqopsoz kosib Jon Shekspir oilasida dunyoga keldi. Bu haqda ma’lumot Stretforddagi Avliyo Troitsa cherkovining qaydnoma kitobida zikr qilingan. Adibning bolaligi va yoshligi haqida to‘laroq ma’lumot beruvchi boshqa biron manba mavjud emas. Taniqli noshir va olim Jorj Stivens Shekspir vafotidan yuz ellik yil so‘ng uning hayoti haqida to‘plagan ma’lumotlarga tayanib quyidagicha yozgan edi: “Shekspir haqida bor bilganimiz qo‘yidagilar bo‘ldi. U Stretford shaharchasida dunyoga kelgan. O‘sha yerda ulg‘ayib, o‘n sakkiz yoshida qo‘shni fermer qiziga uylangan, farzandlari bo‘lgan. So‘ngra Londonga ketgan, avvaliga aktyor, keyin yozuvchi bo‘lgan, qator poemalar va teatr uchun pesalar yozgan. Va nihoyat Stretfordga qaytib, so‘nggi vasiyatini yozgan va o‘sha yerda vafot etgan”[1]. Shunga qaramay, shekspirshunos olimlar o‘tgan 350 yil badalida adib merosini tinimsiz o‘rgandilar, arxiv va teatr muzeylaridan yangi-yangi hujjatlar topib, uning tarjimai holini boyitishga muvaffaq bo‘lishdi.
Uilyam Shekspir bolaligidan Stretford shahridagi Grammatika maktabi[2]ga qatnab savodini chiqaradi. Biroq unga grammatika maktabini tugallash nasib qilmaydi. 1578 yilga kelib Shekspirning otasi Jonning ishlari kasodga uchraydi va oilani boqish qiyinlashadi. Yosh Uilyam ham maktabni sakkizinchi sinfdan tashlab, otasi yonida ishlashga majbur bo‘ladi. Shekspir biograflari uning to 1585 yilgacha kechgan hayotini turlicha talqin qiladilar. Masalan, Kerolayn Sperdjen, Jon Obri, Tomas Plyum, Jon Uilson, Nikola Raular fikrini umumlashtiradigan bo‘lsak, Shekspir o‘spirin paytida ko‘proq tabiat qo‘ynida vaqtini o‘tkazgan. Hatto qo‘shnisi dvoryan Tomas Lyusi o‘rmonida o‘g‘rincha ov qilgan, pul topib, ko‘ngilxushlik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Hayotda erkin va birmuncha uddaburon bo‘lgan Shekspir hatto qo‘shni qishloqda yashovchi dvoryan Richard Xeteueyning o‘zidan sakkiz yosh katta qizi Enn Xeteuey bilan ishqiy roman yuritadi. Oqibatda homilador bo‘lib qolgan yigirma olti yashar Enn bilan o‘n sakkiz yoshli Uilyamning 1582 yilning 27 noyabrida nikoh to‘ylari bo‘lib o‘tadi. Shundan keyin 1583 yilning may oyida ularning qizi Syuzen, 1585 yilda esa egizak farzandlari Amnet (yoki Gamnet) va Judita dunyoga keladi. Shekspirshunos Nikola Rauning yozishicha, yosh Uilyam va qo‘shni feodal Tomas Lyusi o‘rtasidagi mojaro bu yillarda ham davom etgan, o‘z o‘rmonida o‘g‘rincha ov qilgani uchun ser Lyusi uni bir necha bor jazolagan. Axir oqibat Shekspir 1585-1586 yillar orasida ish axtarib Londonga ketadi. Yana bir shekspirshunos Jon Obrining yozishicha Shekspir to 1586 yilgacha Stretfordga yaqin bo‘lgan Glostershir grafligiga qarashli Kostuold qishlog‘ida o‘qituvchilik qilgan. Olimlarning bu kabi boshqa mazmunli ma’lumotlarini ham Shekspir hayotnomalarida uchratishimiz mumkin[3]. Nima bo‘lsa ham Shekspirning bolalik va o‘spirinlik yillari Angliyaning tarixiy voqealarga boy davriga, mamlakatda qirolicha Yelizaveta hukmronlik qilgan yillarga to‘g‘ri keladi.
Xullas, 1587 yilda Shekspir Londonga kelarkan, gumanizm g‘oyalarini targ‘ib qilayotgan falsafa, adabiyot va teatr arboblari davrasiga kelib qo‘shiladi. Ingliz adabiyoti tarixi bilimdonlari professorlar G.V. Anikin va N.P Mixalskayalarning ta’kidlashlaricha, Shekspir 1587-1593 yillar London teatrlarida aktyor sifatida faoliyat ko‘rsatarkan, tomoshabinlar orasida shuhrat qozonolmagan.[4] U 1593 yildan mashhur aktyor va rejissyor Richard Berbedj “Teatr”ida avvalo aktyor, so‘ng rejissyor va dramaturg sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Shekspir 1599 yildan Londonda yangi qurilgan “Globus” teatrida paychi (ulush oluvchi) hisoblangan va sahna uchun dramalar yozgan. Shunday qilib Shekspirning nomi 1593 yildan dramaturglar safida paydo bo‘ladi va tez fursat orasida shuhrat qozonadi.
Bu yillarda Shekspir qirolicha Elizaveta saroyi zodagonlaridan bo‘lgan yosh graf Sautgempton bilan yaqindan do‘stlashadi. Sababi, Shekspir graf Sautgemptonga o‘zining ilk poemalari “Venera va Adonis” (1593) va “Lukretsiya” (1594)ni bag‘ishlagan edi. Har ikkala poemaning titul varag‘ida “Baron Tichfild, graf Sautgempton, Xenri Risli oliy hazratlariga… Sizning kaminai qulingiz Uilyam Shekspir” mazmunidagi bag‘ishlovni o‘qish mumkin. Nafsilamr qirolicha Elizaveta va uning saroyidagi mo‘tabar zodagonlarga mualliflarning o‘z asarlarini bag‘ishlashlari u davrda odat tusiga kirgan bo‘lib, buning evaziga ul nomdor a’yonlar qalamkashlarga mukofotlar berishgan, nafaqalar tayinlashgan, qolaversa, ularni o‘z himoyalariga olganlar. Shekspir ham do‘sti graf Sautgempton himoyasiga o‘tgach, emin-erkin ijod qiladi, hayoti va adabiy faoliyati gullab-yashnaydi.
Uilyam Shekspir hammasi bo‘lib o‘n to‘qqiz yil ijod qildi. U 1593-1612 yillar orasida ikki poema, 154 ta sonet va 37 ta pesa yozdi. Adib 1612 yilda teatr va dramaturgiya bilan xayrlashib, tug‘ilib o‘sgan ona shahri Stretfordga qaytib keladi. U yerda to‘rt yil tinch hayot kechirib, 1616 yilning 23 aprelida 52 yoshida bu dunyo bilan xayrlashadi.
Shekspir merosini olimlar uch davrga bo‘lib o‘rganadilar. Birinchi davrga adibning 1591-1601 yillarda yozgan “Venera va Adonis”, “Lukretsiya” poemalari, sonetlari va tarixiy xronikalari kiradi. Shuningdek Shekspir bu davrda o‘zining “Tit Andronik” (1594), “Romeo va Juletta” (1595), “Yuliy Sezar” (1599) fojialarini, “Qiyiq qizning quyilishi” (1594), “Yoz oqshomidagi tush” (1594-1595), “Venetsiyalik savdogar” (1595), “Vindzorlik nozaninlar” (1597), “Yo‘q narsadan bir talay g‘avg‘o” (1598-1599), “Bu sizga yoqadimi” (1599-1600), “O‘n ikkinchi kecha yoki turfa hangomalar” (1690) nomli komediyalarini ham yozadi.
Adib ijodining ikkinchi davriga uning 1601-1608 yillarda yaratgan mashhur tragediya va komediyalari kiradi. Ular “Hamlet” (1600-1601), “Otello” (1604), “Qirol Lir” (1605-1606), “Makbet” (1606), “Antoniy va Kleopatra” (1607), “Koriolan” (1608), “Afinalik Timon” (1608) fojialaridir.
Shekspir ijodining uchinchi davriga mansub asar “Perikl” (Periclus) 1608-1612 yillarda yozilgan, “Sembelin” (1609-1610), “Qish ertagi” (1610-1611), “Bo‘ron” (1611) tragikomediyalari hisoblanadi.
Ta’kidlaganimiz, XVI asr ingliz renessans shoirlari ijodida sonet janri yetakchi o‘rin tutadi. Shekspirning “Sonetlar” to‘plami ilk bor 1609 yilda nashr qilinadi. Aslida muallif ularni 1592-1598 yillar orasida yozgan edi. Sonetlar mazmunidagi falsafiy teranlik, lirizm ustuvorligi, ko‘tarinki kayfiyat va musiqaviylik o‘quvchini o‘ziga rom etadi. Lirik qahramon, ya’ni shoir o‘zining sarvqomat, kelishgan do‘sti janob W.N. ga sadoqatini va qora sochli, bug‘doyrang yuz xonim (the Dark Lady) ga muhabbatini oshkora bayon aylaydi. Qizig‘i shundaki, “Sonetlar” kitobining titul varag‘idagi “Ushbu sonetlarning yozilishiga asosiy sababchi bo‘lgan sirli do‘stim janob W.N. ga baxt-saodat va uzoq umr tilayman,” degan yozuvning yechimi ustida shekspirshunoslar to hozirga qadar bosh qotiradilar. Shoirning sir tutgan sadoqatli do‘sti kim bo‘lganu, ta’rif qilingan mahbubasi “qorasoch bug‘doyrang yuzli xonim” kim edi. Darvoqe, Shekspir sonetlari haqida yuzlab maqola va tadqiqotlar yaratilgan, Gyote, Vordsvord, Oskar Uayld kabi so‘z ustalari ularni tahlil qilganlar. Biroq ulardan birontasi ham shoir pinhon tutgan qadrdon do‘sti W.N.ning, yoxud ko‘ngli moyil bo‘lgan bug‘doyrang yuzli xonimning haqqoniy ism-sharifini aniq aytolmagan.
Shekspirshunoslar adib sonetlarini asosan ikki qismga bo‘lib talqin qilishadi. Birinchi qismga 1-dan to 126-ga qadar, ya’ni muallifning “sirli do‘sti”ga bag‘ishlagan sonetlari, ikkinchi qismga esa 128-152 gacha ya’ni “qorasoch, bug‘doy rang yuz xonim”ga bag‘ishlangan sonetlari kiritiladi. Xullas, olimlarning ko‘pchiligi birinchi qismga mansub sonetlarida Shekspir o‘zining yaqin do‘sti va homiysi graf Sautgemptonni ta’riflagan deyishsa, boshqalari shoirning kenja zamondoshi graf Uilyam Herbert (W.N. – bu harflar inglizchada uning ismi sharifiga mos tushadi – M.X.) madh etilganini isbotlashga harakat qilishadi. Nima bo‘lganda ham sonetlarda tasvirlangan yosh, xushqomat va mallasochli istarasi issiq bu yigit shoir ko‘ngliga yaqin bo‘lgani ochiq sezilib turadi. Sonetlarda ta’riflanganidek shoir ma’lum bir vaqt xushta’b yigitdan yiroqlashib, “qora soch, bug‘doy rang yuz xonim”ga ergashadi, yigit esa nopisanda qiyofada o‘zga shoirlar majlisiga yo‘l oladi. Nihoyat qora soch ayolga muhabbati so‘ngan (139 sonet) shoir ko‘ngli sarvqomat do‘sti, mallasoch yigitni qo‘msaydi, rashk ila sevgilisiga tavoze bilan murojaat qiladi:
Fe’lingda pinhonki nohaqlik, yolg‘on,–
Oqlamoqqa majbur qilmog‘ing bekor.
Undan ko‘ra sindir kuchni kuch bilan,
Makr ila sen meni etma yarador.
O‘zgani sev, ammo uchrashgan zamon
Ko‘zlaringni mendan olib qochma hech.
Ishqing saqlaguvchi ko‘ksim beqalqon
Kipriklaring garchi yalang‘och qilich.
Ko‘zlaring qudrati o‘zingga ayon,
Mendan nigohingni uzib, oqibat –
O‘zgalarning ko‘ksin olarsan nishon,
Ki menga ko‘rsatmoq bo‘larsan shafqat.
O, shafqatingni qo‘y! Nigohing mayli
O‘ldirsa o‘ldirsin ishqim tufayli.
(Ruschadan Yu.Shomansur tarjimasi)
Oqibatda shoir sevgisiga nomunosib bo‘lgan bevafo va yengiltak qorasoch xonimni rad etib, o‘zining qadrdon do‘stiga bo‘lgan sadoqatini undan ustun qo‘yadi. Ikki sirdosh do‘st yana birga bo‘ladi, avvalgi pinhona munosabatlarini qayta tiklaydi. Xulosa qilib aytganda, Shekspir sonetlarining aksari qismi mazmunan lirik qahramonning muhabbat yo‘lidagi iqrorini, ta’bir joiz bo‘lsa, toat ibodatini madh etadi. Lirik qahramon qalbida jo‘sh urayotgan ishq tuyg‘ulari uning ma’naviy qiyofasi va jamiyatga munosabati bilan uygunlashgan holatda tasvirlanadi. Shekspir sonetlari ab ab sd cd ef ef gg tarzida qofiyalangan bo‘lib, ularda misralarning metafora va aforizmlarga boyligi, falsafiy ma’noning ustuvorligi ko‘rinib turadi.
Shekspir sonetlarini rus tiliga shoir-tarjimon S.Ya.Marshak zo‘r mahorat bilan o‘girgan bo‘lsa, ushbu ruscha tarjimadan o‘zbek tiliga Maqsud Shayzoda va Yusuf Shomansur tarjima qilganlar. O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol shoir sonetlarini bevosita inglizchadan o‘zbek tiliga tarjima qilib, alohida kitob xolida nashr ettirdi.
Shekspir ijodining dastlabki davrida tarixiy xronikalari bilan birga o‘zining quvnoq komediyalarini ham yaratdi. Adib komediyalarining qahramonlari hayotdan zavq ola biladigan, turmushda harakatchan va quvnoq kishilar bo‘lib, ular o‘z taqdiri va kelajagini o‘z qo‘li bilan yaratishga qodir, gumanistik dunyoqarashga moyil odamlardir. Masalan, “Yoz oqshomidagi tush” (1594-1595) komediyasida adib italyan dramaturgiyasidagi “niqobli komediya” janri an’analarini davom ettiradi. Pesadagi voqealar tabiat qo‘ynida sevishgan yoshlarning pinhona uchrashuvlarini tasvirlash bilan o‘tadi. Yoshlar ota-ona hukmi bilan emas, balki haqiqiy muhabbat ila turmush qurishga harakat qiladilar. Ularning ishqiy uchrashuvlarida yuzlariga tutib olgan niqob himoya vositasini bajaradi. “O‘n ikkinchi kecha” (1600) komediyasida yana sevgi mavzusiga murojaat qilarkan, muallif ishq-muhabbat yo‘lida dadil olg‘a yurish qilgan yangi zamon-renessans davri yoshlari qiyofasini yaratadi.
“Venetsiyalik savdogar” (1595) komediyasida esa Shekspir ishq-muhabbat mavzusidan chetga chiqadi. Asar mazmunida ikki bir-biriga qarama-qarshi dunyo: go‘zallik, birodarlik, bag‘rikenglik, oliyjanoblik hissiyotlari egalari (Antonio va uning do‘stlari Bassanio, Portsiya, Nerissa, Jessika) va mol-dunyoga o‘ch, xasis, xudbin (Sheylok va uning hamtovoqlari) kishilar o‘rtasidagi tafsilotlar tasvirlanadi. Antonio yangi davr – renessans kishisi, u oliyjanob fazilatlar sohibi, do‘stlariga hamisha hamdard, ularga yordam qo‘lini cho‘zib keladi. Sheylok esa uning tamomila aksi, o‘ta xudbin va xasis sudxo‘r, u burjuacha meshchanlikni xush ko‘radi, o‘zgalar hisobiga boylik orttiruvchi, insoniy fazilatlardan o‘ta yiroq bo‘lgan shaxs.
Shuningdek, Shekspir komediyalarida masxaraboz obrazi ham kiritilgan bo‘lib, u o‘zida komik syujetlarni, hazil-mutoyibalarni mujassam etadi.
O‘rta asrlarda qirol va yirik feodallar saroyida masxaraboz lavozimida xizmat qilgan shaxslar o‘z xo‘jalariga ko‘ngilxushlik ato etish bilan birga, uning xato-kamchiliklarini hech tortinmay hazil-mutoyiba aralash bemalol ayta olganlar. Shekspir o‘zining “Qirol Lir”, “O‘n ikkinchi kecha”, “Bu sizga yoqadimi” kabi pesalarida masxarabozlar obraziga keng o‘rin beradi va ular ishtirokida zamonasidagi mavjud illat va kamchiliklarni keskin tanqid qiladi. Masalan, “O‘n ikkinchi kecha” komediyasidagi kalondimog‘ grafinya Oliviya bilan masxaraboz o‘rtasidagi ushbu dialogda bu holat ochiq ko‘rinadi.
Oliviya – Yo‘qol, ahmoq!
Qiziqchi – Malikam, yaxshi may va yaxshi maslahat ikkita kamchilikni tuzata oladi. Quruq ahmoqqa may bersangiz, u ho‘l bo‘lib qoladi. Agar yomon odamga yaxshi maslahat bersangiz, u yaxshi bo‘lib qoladi. Agar tuzalmasa, tikuvchi unga yamoq solishi kerak. Chunki eski narsalarning davosi yamoq. Yaxshilik ayb qilsa unga gunohni yamoq qiladilar. Tuzalgan gunohkorga yaxshilikni yamoq qiladilar. Agar shu qiyosim yoqsa yoqdi, yoqmasa – nachora? Baxtsizlik xamisha isnod bo‘lganidek, go‘zallik – misoli gul. Grafinya, ahmoq chiqarib yuborilsin, dedilar va men takror aytamanki, grafinya chiqarib yuborilsin.
Oliviya – Men seni chiqarib yuborilsin, dedim, afandim.
Qiziqchi – Bu zo‘r xato, xonim! Cucullus non tacit monachum (lot.: “kuloh kiygan bilan odam rohib bo‘la qolmaydi”) ya’ni, qalpog‘im bachkana bo‘lgani bilan aqlimga asar qilmaydi. Marhamatli malika, ijozat bering, sizning ahmoqligingizni isbot etay.
(Ruschadan H.G‘ulom tarjimasi)
Xullas, Shekspir komediyalarining mazmuni qaysi davrga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar, ulardagi maqsad va g‘oya zamonasiga hamohang kechadi, renessans kishilari orzu qilgan shaxsning barkamol aql-idrokini o‘zida aks ettiradi[5].
Shekspir ijodining birinchi davrida yaratgan “Tit Andronik” (1594) fojiasini qadim Rim adabiyotidagi “qonli tragediya” janriga hamohang tarzda yozgan edi. Darvoqe, fojia mazmun va badiiylik jihatlardan qadim Rim faylasufi va yozuvchisi Seneka tragediyalariga o‘xshashdir. Pesaning bosh qahramoni sarkarda Tit Andronik Rim oldidagi muqaddas burchiga sodiq qolsa-da, undagi oliy maqsad va vatan oldidagi sadoqat Rimni parchalanishdan saqlab qololmaydi. Tit Andronikka qarshi uning raqiblari yovuz va makkor Saturnin, Tamora va mavr Aron uzluksiz kurash olib boradilar. Voqea yakunida ularning yovuz harakati fosh qilinsada, fojiaviy to‘qnashuvlar sodir bo‘lib o‘tadi.
Shekspirning tragediya janridagi yuksak mahorati uning “Romeo va Juletta”(1595) fojiasida yanada yorqin namoyon bo‘ladi. Adib o‘z asari syujetini shoir Artur Brukning “Romeo va Juletta”(1562) poemasidan olgan bo‘lib, undagi janr va tasvir vositalaridan voz kechib, fojia mazmuniga yuksak g‘oya va badiiy barkamollik pafosini singdirdi. Asarda bir-biriga dushman xonadonda tug‘ilib voyaga yetgan va tasodifan ko‘rishib bir-birini sevib qolgan ikki yosh Romeo va Julettaning pok muhabbati, ishqiy tuyg‘ulari ulug‘lanadi. Ayni paytda o‘rta asr feodal axloqining yaramas illatlari, fisqu fujur ikki qalbning erkin muhabbatiga to‘g‘anoq bo‘lgani pesa mazmunida keskin qoralanadi. Adib “Romeo va Juletta” fojiasida yomonlikning tub ildizi qahramonlarning ichki dunyosida emas, balki ularni qurshab olgan atrof muhit hamda jamiyatning noqobil odatlaridir, deya uqtiradi. Mana shu beshafqat jamiyat va hissiyotsiz muhit bilan to‘qnash kelgan ikki murg‘ak qalb ularning bemavrid qurboniga aylanadi. Tanqidchi V. G. Belinskiy ta’rifi bilan aytganda “Bu chin muhabbatning yuksak ko‘rinishi bo‘lib, Romeo va Juletta monologlarida sevgi faqat ikki yoshning bir-biriga ishtiyoqi tarzidagina emas, balki ishqning yuksak ma’nodagi ramzi, ta’bir joiz bo‘lsa uning ilohiy kuch-qudratida mujassam bo‘lguvchi oliy fazilat tarzidagi ko‘rinishidir”[6].
Pesadagi personajlar orasida monax Lorentso obrazi alohida o‘rin egallaydi. Ruhoniy bo‘lishiga qaramay Lorentso diniy fanatizm aqidalaridan yiroq bo‘lgan sofdil inson. U yangi zamon, ya’ni Renessans qadriyatlarining himoyachisi, ilm odami. Shu bois u ikki yoshning sevgisini asrab-avaylashga harakat qiladi, ularni bir lahza bo‘lsada baxtli ko‘rishni istaydi. Ming afsus, voqealar u kutganidek ijobiy tugamaydi. Bir-birining diydoriga shoshilgan Romeo va Juletta tasodif va xurofot qurboniga aylanadilar, zahar ichib, hayotdan erta ko‘z yumadilar.
Fojia so‘nggida voqea Montekki va Kapuletti xonadonlarining yarashish sahnasi bilan yakun topadi. Feodal oilalarining bu kelishuvi Verona knyazi Eskalning aralashuvida kechadi. Knyaz sahnada oliy hukmdor ko‘rinishida, ya’ni o‘zboshimcha feodallarni o‘z izmiga bo‘ysindira olgan mutlaq monarx qiyofasida gavdalanadi va uning:
Hammangizga tong keltirdi motamsaro culh,
Hatto qolmoq istamaydi alamli quyosh.
Yuring, hali kengash qurib o‘ylamoq kerak–
Kimga bizdan iltifotu kimlarga jazo!
Romeo va Julettaning qissasidan ham,–
G‘amli qissa ko‘rgan emas tarixda olam!
(M. Shayxzoda tarjimasi)
xitobi bilan sahna yopiladi.
Shekspir navbatdagi tragediyasi “Yuliy Sezar”(1599) bilan o‘zining tarixiy dramalariga yakun yasaydi. Muallif fojeaning syujetini qadim yunon tarixchisi Plutarxning “Qo‘shaloq tarjimai hollar” kitobidan olsa-da, mazmunan tamomila original asar yaratishga muvaffaq bo‘ladi.
Fojiada o‘z davrining muhim siyosiy voqealari – qadim Rimda respublikachilar (Brut, Kassiy) bilan imperiya tarafdorlari – tsezarchilar (Antoniy, Oktavian) o‘rtasidagi kurash aks ettirilgan. Asardagi chuqur ijtimoiy-siyosiy fikrlar, dushman guruhlar o‘rtasidagi shiddatli konflikt, tarixiy qahramonlar xarakterini yaratishdagi mahorat – tragediyani Shekspir ijodining eng yaxshi namunalaridan biri darajasiga ko‘targan. “Yuliy Sezar” tragediyasi shoir Uyg‘un tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilib, 1959 yil Hamza teatrida sahnalashtiriladi.
Shekspir ijodida katta ijobiy burilish yasagan, mahorat maktabi hisoblanmish uning eng mashhur asari “Hamlet” fojiasidir. Daniya shahzodasi Hamletning fojiaviy hayoti tarixchi Sakson Grammatikning “Daniyaliklar tarixi” kitobidan olingan bo‘lib, bu mavzuda Shekspirga qadar frantsuz adibi Belfor va ingliz dramaturgi Tomas Kid ham dramalar yozgandilar. Biroq ular yaratgan Hamlet obrazi sahnada Shekspir Hamletidek shuhrat qozonolmadi.
Tragediyaning bosh qahramoni shahzoda Hamlet otasining qotili o‘z amakisi Klavdiy ekanini bilgach, og‘ir qayg‘uga botadi. U qotil Klavdiyning jirkanch qiyofasi va munofiqligini fosh etib, undan qasos olish o‘z zimmasiga tushganini tushinib yetadi. Bo‘lib o‘tgan dahshatli voqealar uni adolatsizliklar va buzilgan muhitga qarshi kurashga otlantiradi. Avvalo Hamlet uzoq vaqt o‘zi bilan, o‘zidagi chigal, murakkab xayol va g‘ayritabiiy tushunchalar bilan kurash olib boradi. O‘z boshiga tushgan g‘am-g‘ussa uni boshqalar baxtsizligining sabablarini aniqlashga undaydi. Qahramonning shaxsiy iztirobi uning atrofidagi odamlar qayg‘usi oldida o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Aks holda, u badbaxt Klavdiydan allaqachon otasi uchun qasos olgan bo‘lardi. Lekin Hamlet shaxsiy o‘ch olishdan oldin boshqa ko‘p muhim masalalar ustida bosh qotirishi, ularning mag‘zini chaqib olishi zarur edi. Dastlabki sahnalarda Hamlet sust, parishonxotir, faoliyatsizdek ko‘ringani bilan, aslida u faoliyatli shaxs. Turmushdagi keskin qarshiliklar: bir tomondan otasining yovuzlarcha o‘ldirilishi bo‘lsa, ikkinchidan qotil Klavdiy saroyida kechayotgan yoqimsiz hayot, ayshu ishrat, hatto ichilgan har bir kosa mayni zambarak otish bilan sharaflash kabi beparda qiliqlar uni jiddiy o‘ylashga majbur qiladi. Qahramondagi ushbu holat uning “To be, or not to be: that is the question” (“Tirik qolmoq yo o‘lmoq: Shudir masala!”) satrlari bilan boshlanuvchi mashhur monologida o‘z aksini topgan.
“Hamlet”ning shoh asar deya tan olinishi sababi undagi voqealar mazmunida jamiyatining eng muhim muammolari – tarix, davlat tuzumi, siyosat, falsafa, axloq, odob, din masalalarining qamrab olinganligi, barchasining badiiy matnda mujassam talqin etilgani va sahnada qahramonlarning ruhiy holati hamda kechinmalari orqali berilganidadir. “Hamlet” o‘tgan 1748-2003 yillar davomida rus tiliga yigirma uch marotaba tarjima qilingan[7] bo‘lsa, XX asrda o‘zbek tiliga uch bor o‘girildi. Asarni dastlab 1934 yil shoir Cho‘lpon, 1948 yil Maqsud Shayxzoda va 1991 yil Jamol Kamol tarjima qildilar. Uch zabardast shoir qalamiga mansub bu tarjimalar turli davrlarda o‘zbek teatrlarida o‘ynalib kelindi, qayta-qayta nashr qilindi.
Shekspir “Otello” tragediyasining syujetini italyan yozuvchisi Chintioning “Venetsiyalik Mavr” novellasidan ijodiy o‘zlashtiradi. Asar bosh qahramoni arab Otello o‘z jasorati va odamiyligi bilan oqko‘ngil Dezdemonaning muhabbatiga musharraf bo‘ladi. Hatto rashk o‘tida yonib, Dezdemonaning sofdilligiga ko‘nglida shubha paydo bo‘lganida ham uning diliga ozor berishdan o‘zini tiyadi, samimiyligini saqlab qoladi. Chunki Otello “tabiatan rashkchi emas, balki oqko‘ngil, o‘zgalarga ishonuvchan odam” (A.S. Pushkin) edi.
Uning Dezdemonaga nisbatan shubhalari g‘alamis Yagoning nayranglari tufayli paydo bo‘ladi. Asar so‘nggida Dezdemona ham, Otello ham munofiq Yago hiylasining qurboniga aylanadilar. Baribir, haqiqat yuzaga chiqadi. Manfur Yago qilmishiga yarasha jazo oladi. Otello o‘z xatosiga iqror bo‘lib, sahna so‘nggida quyidagi so‘zlarni aytarkan, o‘ziga o‘zi xanjar urib, olamdan ko‘z yumadi.
Jindak sabr qilinglar.
Ikki og‘iz so‘z aytaman ketish oldidan.
Yurtga bir oz xizmat qildim, bu endi ma’lum,
Balki aytish shart emasdir. Lekin so‘rayman:
Bu qayg‘uli savdolarni xatga solarkan,
Qandoq bo‘lsam – shundoq yozing: zarra kamaytmang.
G‘azab ila bir nimalar qo‘shmang. Aytingkim,
U bir jinni edi, lekin sevardi juda,
Rashkchi emas edi, lekin bir qo‘zg‘aldiyu
Jazavasi chegaradan oshdi o‘shanda…
Podsholikka bermas noyob gavharini u
Bitta johil hindu kabi otdi bepisand.
Endi uning mo‘ltiragan, mute ko‘zidan –
Avval yig‘lab ko‘rmagandi, shundoq bo‘lsa ham,
Arabiston daraxtining shifobaxsh, shaffof
Shirasiday yoshlar oqar… Ayting shularni…
(Jamol Kamol tarjimasi)
“Otello” fojiasi sobiq Ittifoq davrida uning hududida yashagan barcha xalqlar tillariga tarjima qilingan va sahnalashtirilgan edi. O‘zbek tiliga “Otello”ni 1940 yil shoir G‘afur G‘ulom tarjima qiladi. 1941 yil tragediya Hamza teatrida sahnalashtiriladi.
“Qirol Lir” (1605-1606) fojiasining mazmunini adib tarixchi Golfrid Monmautning “Britaniya tarixi” va Xolinshedning “Xronikalar” kitoblaridan oladi. Biroq, mavzuni qayta ishlab unga Gloster tarixini ham kiritadi. Asarda jamiyatdagi sotsial muammolar, otalar va bolalar o‘rtasidagi taxt uchun kurash ijtimoiy-siyosiy voqealar bilan vobasta tarzda tasvirlanadi. Ko‘pni ko‘rgan va o‘z kuch-qudratiga ishongan tajribali qirol Lir keksaygan chog‘ida mamlakat sarhadlarini uch qiziga taqsimlab berib, o‘zi “davlat tashvishlaridan xoli” yashamoqni niyat qiladi. Izzattalab hukmdor avvaliga qizlarining o‘ziga bo‘lgan sadoqatini bilmoq niyatida ulardan qaysi biri keksa otani ko‘proq yaxshi ko‘rishlarini so‘raydi. Katta qizi Gonerilya bilan o‘rtanchisi Regana qirol otalarini haddan ortiq sevajaklarini bayon qiladilar. Kenjatoy qiz Kordeliya bo‘lsa otasiga opalaridan ortiq biron gap aytolmasligini, uni faqat bir farzand tarzida hurmat qilajagini aytadi. Maqtovlarga moyil keksa qirol davlatini ikki katta qiziga bo‘lib beradi. Achchiq ustida kenja qizi Kordeliyani merosdan mahrum qiladi. Vaqt o‘tishi bilan mol-mulk shaydolari bo‘lgan opa-singil Gonerilya va Regana keksa otani unutadilar, hatto uni o‘zlariga xalaqit bermasin deya ko‘chaga haydaydilar. Otasining fojiaviy qismatidan voqif bo‘lgan kenja qizi Kordeliya uni halokatdan qutqarishga nechog‘lik urinmasin, opalari qarshisida ojiz qoladi. Sababi unda na boylik, na davlat bor edi. Bechora qiz falakning bu qadar razilligidan nolib, ro‘shnolik ko‘rmay hayotdan ko‘z yumadi. Keyinchalik o‘z xatolarini tushunib yetgan qirol Lir ham uning jasadi ustida achchiq ko‘z yoshlar to‘kib, bu beshafqat dunyo va yaramas tuzumga la’natlar o‘qiydi va o‘zi ham uning qurboniga aylanadi.
Shuningdek, ilk sahnalarda mag‘rur feodal, yengil-elpi hayot kechirgan graf Gloster ham qirol Lir kabi hayotning turli sinovlariga duch keladi. Oxir-oqibat qirol aqldan ozgach, haqiqatni anglagan bo‘lsa, taqdiri unga o‘xshagan graf Gloster ikki ko‘zi o‘yilib, uyidan haydalgachgina ko‘zi ochiladi. Muallif graf Gloster tilidan aytilgan “Bizning davr shundayki, ko‘rlarni devonalar yetaklaydi” (IV-parda I-ko‘rinish) so‘zlari bilan o‘sha zamonga o‘z munosabatini bildiradi. Xullas, asar so‘nggida zamonasi illatlarining qurboniga aylangan ikki yirik feodal o‘zlari yashagan jamiyatning adolatsiz qonuniyatlarini qoralaydilar, tabiat yaratgan moddiy boyliklarni barchaga barobar taqsimlamoq, bu dunyoda barcha teng bo‘lib, tinch-totuv yashamoq lozim, degan xulosaga keladi. Bu esa renessans davri kishilarining orzu-umidi edi.
Xulosa qilib aytganda, pesa o‘sha davr ijtimoiy-siyosiy hayotida shakllanib kelayotgan kapitalistik munosabatlar, boylikka ruju qo‘yish kabi illatlar kishilar o‘rtasidagi yuksak fazilatlar sanalgan qardoshlik, oila va birodarlik rishtalarini ham yemirib borayotgani ro‘yi-rost tanqid qilingandi.
“Qirol Lir” fojiasini 1956 yil atoqli shoirimiz G‘afur G‘ulom o‘zbek tiliga o‘girdi. Tarjima dastlab “Sharq Yulduzi” jurnalida bosilib chiqadi. Mazkur tarjima 1960 yil Shekspir asarlarining bir jildligida, keyinchalik 1981-1985 yillarda chop qilingan besh tomlikka kiritildi. Tragediyani 1966 yilda Hamza teatri sahnalashtirdi. Qirol Lir obrazi atoqli aktyor Olim Xo‘jayev talqinida katta falsafiy kuchga ega bo‘lib, sahnada u zamonasining gumanist-faylasufi timsolida nomoyon bo‘lgan edi[8].
Shekspir “Makbet” (1606) tragediyasida mustabid monarx hukmronligi davrida mamlakatdagi fojiaviy ahvol va unga qarshi kurash jarayoni bilan bog‘liq voqealarni tasvirlaydi. Tragediya syujetini muallif tarixchi R. Xolinshedning “Angliya, Shotlandiya va Irlandiya xronikalari” kitobidan oladi. Asardagi voqealar markazida o‘ta mustabid va johil qirol Makbet obrazi turadi.
Dastlabki sahnalarda Makbet dushmanga qarshi qahramonona jang qilgan botir lashkarboshi sifatida namoyon bo‘ladi. Lekin ko‘p o‘tmay uning qalbida shuhratparastlik va xudbinlik hissiyoti jo‘sh ura boshlaydi, toj-taxtni egallash ishtiyoqi vujudini qamrab oladi. Avvallari u fitnachilarga qarshi kurashgan bo‘lsa, endilikda hokimiyatni egallash uchun uning o‘zi saroyda fitna uyushtiradi. Hiyla-nayrang va tajovuzlik bilan taxtni egallab olgach, Makbet ruhan iztirob chekkan bo‘lsa-da, jinoiy ishlardan qaytmaydi, o‘ziga dushman bilgan kishilarni o‘limga mahkum etadi. Va nihoyat Makbetning o‘zi ham raqibi Makduf bilan to‘qnashuvda yengilib, halok bo‘ladi. Uning o‘limi tabiiy edi. Chunki xalqqa zulm o‘tkazgan, mamlakatni qonga botirgan mustabid hukmdorning umri qisqa, taqdiri o‘lim bilan yakun topishi muqarrar, degan yechim asarning asosiy g‘oyasi bo‘lib, u oxirgi sahnada Makbetning uzilgan boshini ko‘tarib kirgan lashkarboshi Makdufning “Mana o‘sha shum mustabid, zolimning boshi. Zamonamiz ozod bo‘ldi”, degan so‘zlari bilan qaror topadi.
“Makbet” fojeasini rus tiliga Yu. Korneev mahorat bilan o‘girgan. Ushbu ruscha tarjimadan uni o‘zbek tiliga shoir Sa’dulla Ahmad va ingliz tilidan shoir Jamol Kamol tarjima qildilar.
Xulosa qilib aytganda, Shekspir o‘z tarixiy xronikalari, komediya va tragediyalarini yaratarkan avvalambor ularda zamonasi ruhini, xalq kayfiyatini, o‘tmish va kelajak ideallarini hisobga olgandi. Shu bois adib o‘z asarlariga xalqona ruhni singdirish bilan birga uning hohish-istagini ro‘yobga chiqarishni ham orzu qildi, orzularni esa yaratgan obrazlarida yuksak mahorat bilan tasvirladi.
Muhammadjon Xolbekov,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 5-son
[1] Qarang: Shekspir V. Romeo i Juletta. Tragedii; Sonetы.-M.: Mir knigi, 2005. – s.5.
[2] Grammar School (o‘rta maktab) – O‘rta asrlarda Angliyada lotin tilida bilim beradigan o‘rta maktab. Bu maktablarda gumanistik tarbiya va bilim olish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, asosan ritorika, filosofiya va gramatika qoidalari o‘rgatilgan, qadim yunon va rim adabiyoti chuqur o‘tilgan. – muallif.
[3] Qarang: Anikst A. Shekspir. – M.: Molodaya gvardiya; 1964.-s. 20-30.
[4] Anikin G. V., Mixalskaya N. P. Istoriya angliyskoy literaturы. – M.: Vыsshaya shkola, 1975. – s. 46.
[5] Qarang: Istoriya zarubejnoy literaturы. Sredniye veka i Vozrojdeniye. – M.: Vыsshaya shkola, 1987. – S.370.
[6] Belinskiy V.G. Poln. sobr. soch., M., 1953, tom 7, s.313.
[7] “Hamlet”ni rus tiliga ilk bor 1748 yil shoir A.P.Sumarokov tarjima qilgan edi. Manbalarda ta’kidlashicha u tarjimadan ko‘ra ko‘proq “Hamlet”ga taqlid tarzida yaratilgan mustaqil asarga o‘xshagan. So‘nggi ruscha tarjima Andrey Chernov tomonidan bajarilgan bo‘lib, u 2003 yilda nashr qilindi va teatrlarda sahnalashtirildi.
[8] Qarang.: Sulaymonova F. O‘sha manba, 144 bet.