Yunon adabiyoti boshqa xalqlar adabiyotiga suyanmasdan, mustaqil ravishda paydo bo‘lgan adabiyotdir. O‘z davrida yuksak taraqqiy etgan bu adabiyot miloddan avvalgi III asrda Rim madaniyatining yuzaga kelishida muhim o‘rin tutadi. Yunon – rim madaniyati Yevropa xalqlari taraqqiyotining eng qadimiy manbai hisoblanadi. Yunonlar adabiyotida qahramonlik, mardlik, vatanga muhabbat, inson qudratini ulug‘lab, ularning aksi bo‘lgan pastkashlik, qo‘rqoqlik, sotqinlik kabi illatlarni qoralab tasvirlaganlar. Bu xalqning qadimiy adabiyoti hozir ham o‘z badiiy-g‘oyaviy qiymatini yo‘qotmagan.
Yunon yozma adabiyotining eng qadimgi namunalari taxminan miloddan avvalgi IX–VIII asrlarda yashab o‘tgan Homerning “Odisseya” va “Iliada” dostonlaridir. Ushbu dostonlarning mavzusi miloddan avvalgi XIII-XII asrlarda yunonlar va troyaliklar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan urush rivoyatlardan olingan. Mazkur dostonlar va boshqa yunon antik adabiyoti namunalarida qo‘llanilgan ayrim iboralar frantsuz tilida hamon faol iste’molda.
Masalan, Gomer dostonlarida qo‘llanilgan ba’zi jumlalar og‘izdan-og‘izga o‘tib, frantsuz tilida faol ibora qo‘llaniladi. Masalan, “Ajax et Hector”, “Cheval de Troie” ifodalari uning “Iliada” dostonidan, “Qui se ressemble, s’assemble”, “Voyage d’Ulysse” jumlalari esa “Odisseya” dostonidan olingan.
“Ajax et Hector” iborasining qo‘llanilishiga sabab, dostondagi bir voqeaga asoslanadi. Shoh Priyamning o‘g‘li Gektor Troya qo‘shinlari orasida eng jasur jangchi bo‘lgan. Telemonning o‘g‘li Ajaks ham o‘z qo‘shinlari orasida eng jasoratli va shiddatli jangchilardan bo‘lgan. Ajaks Gektorni o‘rtalarida kechgan kurashda majburan jang qilganlikda ayblaydi. Bu noto‘g‘ri va Gektorga nisbatan haqorat edi. Shunga ko‘ra, ushbu ibora hozirgi frantsuz tilida “o‘rinsiz haqorat, ayblov” ma’nosida ishlatiladi.
“Cheval de Troie” birikmasi ham “Iliada”dagi bir ko‘rinishga ishora qiladi. Yunonlar ichiga jangchilarni yashirsa bo‘ladigan bir ulkan yog‘och ot yasaydilar va uni Troya yaqiniga joylashtiradilar. Troyaliklar uni chekinayotgan yunonlarning oddiy bir tuhfasi deb o‘ylashadi. Ruhoniy Laokonning bashoratiga ham qaramasdan, yog‘och otni shahar ichiga olib kirishadi. Yunon jangchilari tunda otning ichidan chiqib, shahar darvozasini ochib yuborishadi, yunonlar shaharga bostirib kirib, uni vayrona qilishadi. “Cheval de Troie”, ya’ni “Troya oti” ifodasi shundan kelib chiqib, frantsuzlar tilida “hiyla yashiringan tuhfa” ma’nosini bildiradi.
“Qui se ressemble, s’assemble” iborasi Gomerning Odisseya dostonidan olingan bo‘lib, frantsuz adiblarining asarlarida ham, og‘zaki nutqda ham keng foydalaniladi. Bu ibora ma’nodorligi sababli dunyoning ko‘plab tillarida muqobili bor. Uning o‘zbek tilidagi muqobili “O‘xshatmasa uchratmas” maqolidir.
“Voyage d’Ulysse”, ya’ni, “Ulisning sayohati” iborasini frantsuzlar “uzoq muddatli va toliqtiradigan sayohat” ma’nosida qo‘llashadi. Bu ham Homerning dostonidan kelib chiqqan bo‘lib, qahramon Ulis Troya jangidan qaytayotib yigirma yil turli g‘aroyib sarguzashtlarni boshidan kechiradi.
Eramizdan oldingi VII–VI asrlarda yashab ijod etgan yunon faylasufi Gesiodning asarlari tilidan ham frantsuzlar unumli foydalanishadi. Masalan, “Boite de Pandore; Age d’or “ so‘zlari shular jumlasidandir. “Boite de Pandore” – “Pandoraning qutisi” birikmasi poemadagi bir hikoyatga ishora qiladi. Unda keltirilishicha, Pandora ma’budlar sultoni Yupiterning buyrug‘i bilan yaratiladi. Temirchilar xudosi uni tuproq va suvdan yasaydi, boshqa ma’budlar unga jon ato etadi, yana biri unga libos, biri go‘zallik, yana biri ayyorlik, tilyog‘lamalik kabi xususiyatlarni hadya qilishadi. Yupiter Pandoraga sovg‘a sifatida bir qutichani yerga yuboradi. Pandora quticha ofatlarga to‘la ekanligini bilmay, uni ochadi va qutichadan butun ofatlar yer yuziga sochilib ketadi. Shundan kelib chiqib, mazkur ibora frantsuzlar tilida “baxtsizlik manbasi” ma’nosini bildiradi.
“Age d’or”, ya’ni, “Oltin davr” Gesiodning bashariyat tarixi haqidagi ta’limotidan olingan. Unga muvofiq insoniyat besh avlodga bo‘lingan: oltin, kumush, mis davri, bahodirlar va temir davri. “Oltin davr”da insonlar g‘am-tashvishsiz, rohat-farog‘atda yashaydilar. Tabiatni o‘zi ularga noz-ne’matlarni in’om etadi. Ular o‘zaro totuvlikda yashaydilar. Hozirgi kunda ham Gesiodning mazkur iborasi “baxtiyor va tashvishsiz davr” ma’nosida keng qo‘llaniladi.
Qadimgi yunon adabiyotining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan yana biri eramizdan oldingi VI asrda yashab ijod etgan masalchi Ezopdir. Uning masallaridan olingan ko‘plab hikmatli so‘zlar frantsuzlar nutqida tez-tez kuzatiladi. Ezop qo‘llagan “Accoucher d’une souris” iborasini frantsuzlar qancha harakat qilsa ham kutilgan natijaga erishilmagan holatni tasvirlash uchun qo‘llaydilar.
“Chant du cygne” jumlasining tarixi ham Ezop ijodi bilan bog‘liq. Unda aytilishicha, oqqush o‘limi oldidan kuylar ekan. “Oqqush qo‘shig‘i” degan so‘z frantsuz tilida “umr so‘nggidagi asar yoki ish” ma’nosini anglatadi.
“Il ne faut pas juger les gens sur l’apparence” iborasi Ezopning “Le Leopard er le Renard” masalidan olingan. “Tashqi ko‘rinish aldashi mumkin” degan ma’noni anglatuvchi ushbu ibora frantsuzlarda ko‘p qo‘llaniluvchi maqolga aylangan.
“Se parer des plumes du paon” jumlasi masaldagi tovus patlari bilan bezanib olgan ko‘k qarg‘aga nisbatan aytilgan. Bu ko‘chma ma’noda “o‘ziga tegishli bo‘lmagan narsa bilan o‘zini xursand qilmoq” ma’nosini bildiradi.
Ezopning yana bir masalida xasis odamning oltin tuxum qo‘yadigan tovuq ichidagi bor xazinani olish uchun uni o‘ldiradi. O‘ldirgach, uning ham boshqa tovuqlardan farqlanmasligini ko‘radi. “Tuer la poule aux oeufs d’or” iborasini frantsuzlar “foydaning manbaini quritmoq” ma’nosida ishlatishadi.
“Vendre la peau de l’ours” jumlasi Ezopning hali o‘lmagan ayiqning terisini shilib sotishni xayol qilgan kimsa haqidagi masaliga ishora qiladi. Ibora hali biror muvaffaqiyatga erishmasdan turib maqtanish, ya’ni, “xomxayol” ma’nosini beradi.
Ezopning “Le Chient qui porte de la viande” masalida “Lacher sa proie pour l’ombre” iborasi qo‘llanilgan. Keyinchalik La Fonten masalida keng tarqalgan mazkur ibora “qulay fursatni qo‘ldan chiqarmoq”, degan ma’noni ifodalaydi.
Frantsuz tilida miloddan avvalgi V asrda yashab o‘tgan antik davrning mashhur tabibi Gippokrat iboralari ham faol iste’molda. Masalan, “Ars longa, vita brevis” – “Hayot qisqa, san’at abadiy”; “Sublata causa, tollitur morbus(effectus)” – “Sababini topsang, shunda kasallik ham o‘tib ketadi”, “Dissiples d’Hippocrate”, ya’ni, Gippokrat o‘quvchilari kabi jumlalar frantsuzlarda tibbiyot terminining sinonimi sifatida qo‘llaniladi. Hozirgi kunda ham yosh shifokorlar Gippokrat qasamyodini qabul qiladilar. Bularning barchasi Gippokratning tibbiyot rivojidagi xizmatlarining beqiyosligidan darakdir.
Miloddan avvalgi V–IV asrlar yunon adabiyotining Attika davri deb nomlanadi. Ushbu davr ijodkorlaridan talaygina hikmatli so‘zlar bizgacha yetib kelgan va faol qo‘llanilmoqda. Faylasuf Suqrot, Platon, komediyanavis Aristofan o‘sha davrda yashab o‘tgan namoyandalardandir.
“Apprends a te connaitre” Suqrotning sevimli iboralaridan biri bo‘lgan. “O‘zingni angla” degan ma’noni bildiruvchi ushbu birikma o‘sha davrlarda qurilgan Delf ibodatxonasining peshtaxtasiga o‘yib yozilgan. Ibora Plutarxning “Etti dono bazmi” asarida, keyinchalik La Fonten asarlarda, shuningdek, xalq og‘zaki nutqida keng foydalanilgan.
Suqrotning yana bir jumlasi “Il faut manger pour vivre er non pas vivre pour manger” birgina frantsuz tilida emas, boshqa ko‘plab xalqlar tilida yashab, maqolga aylanib ketgan. Mazkur jumla o‘zbekcha: “Eyish uchun yashash emas, yashash uchun yeyish kerak” – deganidir.
Miloddan avvalgi 427–347 yillarda yashab o‘tgan yunon faylasufi Platonga tegishli qator iboralardan “Rypublique de Platon” – “Platon Respublikasi” so‘zi Platonning “Respublika” risolasidan kelib chiqqan. Unda ideal, bekamu ko‘st, utopik va jamiyat a’zolari faylasuflar, soqchilar va mehnatkashlardan iborat bo‘lgan davlat tasvirlanadi. Unda davlatni faylasuflar idora qilishlari, soqchilar uni qo‘riqlashlari, mehnatkashlar esa fuqarolarni boqishlari haqida so‘z boradi. Platon o‘zining utopik davlatida butun e’tiborini faylasuflarga qaratadi. Ushbu “xayoliy davlat” ma’nosini anglatuvchi ifodaga ko‘plab frantsuz yozuvchilari o‘z asarlarida ishora qiladilar.
Platonga mansub Post festum ifodasi frantsuz tilida “kechikish” ma’nosida qo‘llaniladi.
Komediyanavis Aristofan “Etre au septiime ciel” ya’ni, “Ettinchi osmonda bo‘lmoq” – “juda xursand bo‘lmoq” ma’nosini bildiruvchi iborasini “Bulutlar” asarida qo‘llagan. Unda osmon ketma-ket yopishib turgan yettita kristal gumbazdan iborat, yettinchi osmon esa eng oliy, baxt-saodat osmoni deb tushuntiriladi.
“Pecher en eau trouble” jumlasi esa Aristofanning “Suvoriylar” asaridan olingan bo‘lib, “alg‘ov-dalg‘ov vaziyatdan foydalanib qolmoq” ma’nosini anglatadi. Aristofanga mansub bu kabi so‘zlar ko‘plab yozuvchilarning asarlarida va frantsuzlarning og‘zaki nutqida ishlatiladi.
Yunon faylasuflaridan yana biri miloddan avvalgi 413–323 yillarda yashab ijod etgan Diogen nomi bilan bog‘liq “Lanterne de Diogine”, “Tonneau de Diogine” kabi iboralarning ham o‘ziga xos tarixi bor.
“Lanterne de Diogine”, ya’ni, “Diogenning fonari” jumlasi faylasufning hayotidagi bir holatga ishora qiladi. Bir kuni u kunduzi fonar yoqib ko‘chada paydo bo‘ladi. Undan buning sababini so‘raganlarida, bir odamni qidirayotganligini aytadi. Shundan kelib chiqib, ushbu ibora “esini yo‘qotgan” degan ma’noda qo‘llaniladi.
Manbalarda berilishicha, Diogen g‘alati hayot kechirar, qulayliklardan nafratlanar ekan. Qishda ham, yozda ham yalangoyoq yurar, uchragan joyda to‘niga o‘ranib uxlar, bochka ichiga kirib o‘tiradigan odati bor ekan. Bu bochka unga isrofgar odamlarni, munofiq arboblarni, ikkiyuzlamachi ruhoniylarni fosh qilish uchun minbar vazifasini bajarar ekan. Shundan kelib chiqib, “Tonneau de Diogine” – “Diogenning bochkasi” jumlasi “hayotdan uzoqlashish, odamlardan ajralib qolish” ma’nosida ishlatiladigan bo‘lgan..
Ellinizm davri yunon adabiyotining mashhur vakillaridan biri Menandir miloddan avvalgi 343–292 yillarda yashab ijod etgan. U yuzdan ortiq komediyalar yozib qoldirgan. Uning “Monostique” asarida qo‘llangan “La nuit porte conseil” iborasi maqolga aylanib ketgan va ko‘plab tillarda o‘z muqobiliga ega. O‘zbek tilida “Kechasi o‘yla, ertalab so‘yla” tarzida yangraydi.
“Eureka! Eureka!” – “Evrika! Evrika!”. Ushbu xitob miloddan avvalgi III asrda yashab ijod etgan yunon matematigi Arximedga tegishli. Bir kuni Neron shoh o‘zining oltin tojini yasagan zargardan unga kumush ham qo‘shib yuborgan, degan gumonga borib, Arximeddan buni aniqlab berishini so‘raydi. Olim buni yechimini topa olmay uzoq o‘ylanadi va ushbu topshiriq buyuk kashfiyotga sabab bo‘ladi. Kunlarning birida u vannada cho‘milayotib, suvda gavdasining og‘irligi yo‘qolishini sezib qoladi. U vannadan shoshilib chiqib, yalang‘ochligicha “Eureka! Eureka!” deb qichqirgancha yugurib ketadi. U jismning hajmini suvning hajmi bilan aniqlash usulini topgan edi. Ushbu ifoda frantsuz tilida “j’ai trouvu”, ya’ni, “topdim” degan ma’noni anglatib, kutilmaganda fikr kelganida qo‘llanadi.
Miloddan avvalgi II asrda yashab o‘tgan tarixchi Plutarx ijodiga mansub “Le Grand Pan est mort” iborasi frantsuz tilida biror buyuk shaxs vafot etganida yoki asrning tugashini ifodalash uchun qo‘llaniladi.
“Les Sept Sages” Plutarxning “Le festin de Sept Sages” nomli risolasidan olingan. Unda muallif ismlari maqolga aylanib ketgan yettita dono davlat arboblarini tasvirlagan.
“Ventre affamy n’a point d’oreille” iborasi Plutarxning “Vies parallelles” asarida qo‘llangan bo‘lib, “och odamning qulog‘iga gap kirmas”ligini anglatadi.
“Victoire a la Pyrrhus” – “Pirrusning g‘alabasi” jumlasi Epir qiroli Pirrusning Askoli jangida qadimgi rimliklar ustidan qilgan g‘alabasiga ishora qiladi. Jangda har ikki tomon katta talofatlar ko‘radi va qirol Pirrusning o‘zi ham jarohatlanadi. G‘alaba bilan uni qutlaganlarida, u: “Agar rimliklarning keyingi mag‘lubiyati bizga shunchaga tushadigan bo‘lsa, biz yo‘q bo‘lib ketamiz”, – deb javob bergan ekan. Shundan kelib chiqib, frantsuzlarda ushbu ibora “shubhali va qimmatga tushgan natija” ma’nosini anglatadi.
“Festin de Lucullus” iborasi Plutarxning “Lukulusning hayoti” asaridan olingan. Lukulus Rim qo‘shinining generali bo‘lgan va dabdabali bazmlar uyushtirgan. Shundan kelib chiqib, “Festin de Lucullus” iborasi “hashamatli bazm” ma’nosida qo‘llaniladi.
O‘sha davrlardan qolgan yana bir ifoda “Faire d’une mouche un ylyphant” yunonistonlik Lukianga tegishli bo‘lib, “Pashshadan fil yasamoq”, ya’ni, biror narsani bo‘rttirib ko‘rsatmoq ma’nosini anglatadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, asrlar osha og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan yunon adabiyotining sermazmun jumlalari ibora sifatida hayotiy vaziyatlar, falsafiy fikrlarni aniq va obrazli yetkazib berishga, murakkab tushunchalarning ma’nosini qisqa va lo‘nda ifodalab berishga xizmat qilmoqda.
Go‘zalxon Isoqova,
Filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti dotsenti
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 7-son