Farruxbek Olim. “Xamsat ul-mutahayyirin” va Abdurahmon Jomiy

Navoiy va Jomiy haykali. Samarqand

Har bir shaxsning kamolga yetishida unga yo‘l­ yo‘riq ko‘rsatgan, ta’lim-tarbiya bergan, bevosita ta’sir o‘tkazgan insonlarning alohida o‘rni bo‘ladi. Shu jihatdan qaraganda, Abdurahmon Jomiy buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy hayoti va ijodiga pir va ustoz sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazgan ulug‘ zot edi.

Hijriy 898 yil, muharram oyining 17-kuni, ya’ni milodiy 1492 yilning 8 noyabri butun Xuroson eli, xususan, Hirot ahli, ayniqsa, Alisher Navoiy uchun o‘ta og‘ir kun bo‘ldi. Chunki shu kuni Navoiyning piri va ustozi, eng yaqin qadrdoni Abdurahmon Jomiy vafot etdi. Buyuk o‘zbek shoiri uchun bu juda katta yo‘qotish bo‘ldi.

Navoiy o‘zining aksariyat she’riy va nasriy asarlarida ustozini yuksak darajada ta’rifu tavsif etdi. Ammo, qaysidir ma’noda, ustozi haqida bir butun tasavvur uyg‘otadigan yaxlit bir asar yozib, uning xotirasini abadiylashtirishga ehtiyoj bor edi. Shu maqsadda Navoiy Jomiy vafotidan ikki yil o‘tganidan keyin, ya’ni 1494 yili u haqda maxsus “Xamsat ul-mutahayyirin” (“Hayratlanarli beshlik”) asarini yaratdi.

Navoiy o‘zi dastlab tuzgan “Badoyi’ ul-bidoya” debochasi, “Xazoyin ul-maoniy” tarkibiga kiruvchi “G‘aroyib us-sig‘ar” (“Bolalik g‘aroyibotlari”), “Navodir ush-shabob” (“Yoshlik nodirliklari”), “Badoye’ ul-vasat” (“O‘rta yasharlik go‘zalliklari”), “Favoyid ul-kibar” (“Qarilik foydalari”) devonlaridan joy olgan she’riy asarlarida, “Sittayi zaruriya” debochasi va undagi qasidalarda ustozini madh etadi. “Devoni Foniy”da Jomiyga tatabbu’lar bitib, uning tavrida ham g‘azallar yozadi. “Mahbub ul-qulub”, “Muhokamat ul-lug‘atayn” va “Mezon ul-avzon”da ham ustozini qayta-qayta yodga oladi. “Xamsa”ning har bir dostonida unga maxsus bob bag‘ishlab, “Majolis un-nafois” tazkirasida ham Jomiyni alohida ta’rifu tavsif etadi.

Navoiy ijodida Jomiy bilan bevosita bog‘liq holda yaratilgan asarlar alohida o‘rin tutadi. Biroq ustozga aloqador asarlar orasida “Xamsat ul-mutahayyirin” yaqqol ajralib turadi. Chunki asar, avvalambor, boshdan-oxir Jomiy ta’rifu tavsifiga bag‘ishlangani, Jomiy vafotidan keyin yozilgani uchun ham u, qaysidir ma’noda, ikki buyuk ijodkor munosabatlarining o‘ziga xos xotimasi ham hisoblanadi. Qolaversa, u Jomiy xotirasini abadiylashtirish uchun maxsus yozilgan.

Jomiyni batafsil ta’riflash jihatidan esa “Xamsa” dostonlari, “Majolis un-nafois”, “Nasoyim ul-muhabbat” hamda “Xamsat ul-mutahayyirin” asarlari alohida o‘rinda turadi. Chunki “Xamsa” dos­tonlarining har birida ustozga bag‘ishlangan maxsus bob, tazkiralarda esa bu zoti sharifga alohida ta’rif mavjud. “Xamsat ul-mutahayyirin” esa – aytib o‘tilganidek, to‘lig‘icha Jomiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan asar. Shuning uchun ham ikki buyuk shoir munosabatlarini tadqiq etishda, avvalo, ana shu asarlarga murojaat qilinadi.

“Xamsa”, birinchidan, amalda “Xamsat ul-mutahayyirin” mohiyatiga yetish uchun juda-juda asqotadi, ikkinchidan, hatto, bu buyuk epopeyada Jomiy ta’riflarida kelgan boblar ham ustoz-shogird va pir-murid munosabatlarini to‘la yoritib berolmaydi, ya’ni “Xamsat ul-mutahayyirin”ga bo‘lgan ehtiyojni to‘la qondira olmaydi, uchinchidan, “Xamsa”da Jomiy siymosi – adabiy timsol, shuning uchun bu yerda u o‘ta badiiy bo‘yoqlarda tasvirlanadi, to‘rtinchidan, Jomiy siymosini yaratishda muallifning “Xamsa”ni yozayotgandagi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi bilan “Xamsat ul-mutahayyirin”ni bitishda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi ko‘p jihatdan farq qiladi.

Navoiy har qancha sohir so‘z san’atkori bo‘lmasin, baribir, davr muhiti, real voqealar, insoniy munosabatlarni haqqoniy, to‘liq tasvirlash uchun nazmning imkoniyatlari torlik qilardi. Shuning uchun ham u nasrga qo‘l urdi. Biroq tazkira janri ham Jomiy timsolini to‘liq yaratib berish uchun unchalik qulay emas edi. Chunki tazkirada bir qancha shaxs hayoti va faoliyatini yoritish ko‘zda tutiladi. Bundan tashqari, “Majolis un-nafois” – shoirlar, “Nasoyim ul-muhabbat…” esa avliyolar – haqidagi tazkira. Shuning uchun bu tazkiralarning birida Jomiy shoir sifatida, ikkinchisida avliyo tarzida ta’rifu tasnif etiladi. “Xamsat ul-mutahayyirin”da esa shoir va avliyo, ustoz va rahnamo – Jomiy siymosi bir butun holda gavdalantiriladi.

“Xamsat ul-mutahayyirin”ning kompozitsiyasi ham – juda o‘ziga xos. Asar – asosan, “Muqaddima”, uch maqolat va “Xotima”dan, ya’ni jami besh qismdan iborat. Biroq uning “Bismillo…” deb boshlanuvchi alohida kirish qismi ham bor. Unda Navoiy hamd va na’t, Jomiy ta’rifidan keyin asarning har bir qismida aynan nimalar haqida to‘xtalishini o‘zi batafsil hikoya qiladi.

Beshta asosiy bob tarkibiga kirmagan “Bismillo…” kitobxonga o‘ziga xos tarzda yo‘l ko‘rsatkich vazifasini bajaradi.

“Xamsat ul-mutahayyirin”ning har bir qismi nimalardan tarkib topganini qisqacha qayd etsak, quyidagicha manzara namoyon bo‘ladi:

“Bismillo…” – hamd, na’t, Jomiy madhi, asarning maqsadi va rejasi.

“Muqaddima” – Jomiyning tug‘ilishi, nasabi, bolalik va yigitlik davri, ustozlari va piri, zohiriy va botiniy ilmda erishgan darajasi, Navoiyning bu zot bilan ilk bor uchrashgani.

“Avvalgi maqolat” – ikki ijodkor o‘rtasidagi nozik ustoz-shogirdlik munosabatlarini aks ettiruvchi 17 ta hikoyat.

“Ikkinchi maqolat” – Jomiy va Navoiy o‘rtasidagi turli yozishmalar va ular bilan bog‘liq voqealarni qamrab olgan 13 ta hikoyat.

“Uchinchi maqolat” – Jomiy asarlari ro‘yxati (jami 37 ta kitob va risola sanalgan), shuningdek, ikki buyuk ijodkorning bir-biriga adabiy ta’sir etishi natijasida dunyoga kelgan asarlar. Jami 12 masala.

“Xotima” – Navoiy Jomiy huzurida o‘qigan va ta’lim olgan kitob va risolalar ro‘yxati, Jomiyning karomatlari bilan bog‘liq 5 hikoyat, Jomiy vafotining tafsilotlari, Navoiyning ustoziga atab yozgan marsiyasi.

Navoiy buyukligining o‘ziga xos jihati shundaki, bu qalam sohibiga nazmda ham, nasrda ham tengsiz asarlar yaratish qobiliyati ato etilgan edi. Ammo “Xamsat ul-mutahayyirin”da Navoiyni tamoman boshqa ijodkor sifatida ko‘ramiz. Layli va Majnun, Farhod va Shirin kabi to‘qima timsollarni haddi a’losiga yetkazib yaratgan shoir o‘zi bilan hamnafas yashagan real shaxs − Jomiy siymosini aks ettirishda butunlay o‘zgacha yo‘ldan boradi. Ustozi va pirini ta’riflashda turli jimjimador, mubolag‘aga boy so‘zlar, ifodalardan maksimal darajada qochadi. Hayotda o‘zi ko‘rgan, bilgan voqealarni o‘ta aniq qilib ifodalaydi. Eng muhimi, hech yerda kitobxonni chalg‘itmaydi. Hayotiy haqiqatni borligicha aks ettiradi.

“Xamsat ul-mutahayyirin” – G‘arb adabiyotshunosligi atamasi bilan ifodalaganda, a g i o g r a f i k asar. Chunki unda diniy-tasavvufiy jihatdan komil shaxs madh etiladi. Navoiy bu asarda Jomiyni faqat ustozi bo‘lgani uchungina emas, balki komillikka yetgan tasavvuf vakili va o‘zining piri bo‘lgani uchun ta’rifu tavsif etadi. Ana shu jihati bilan asar − mumtoz adabiyotimizdagi m a n o q i b janriga mansub. Biroq “Xamsat ul-mutahayyirin” an’anaviy manoqiblardan ham birmuncha farq qiladi. An’anaviy manoqiblarda ham, agiografik asarlarning Yevropadagi namunalarida ham madh etilayotgan diniy yoki mistik (tasavvufiy) jihatdan komil deb hisoblangan asar qahramonining ibratli hayot yo‘li, karomatlari, falsafiy xulosalari batafsil hikoya qilinadi. Biroq ularda muallifning nuqtai nazari, asar qahramoniga bevosita munosabati (simpatiyasi) deyarli aks etmaydi. Shuning uchun ham, ko‘pgina agiografik asarlarning mualliflari – noma’lum. Ularda muallifning fikr-mulohazasi emas, madh etilayotgan qahramonning hayoti birlamchi ahamiyat kasb etgan. Bundan tashqari, agiografik asarlarning aksariyati qo‘ldan-qo‘lga ko‘chirilib, yo‘l-yo‘lakay tahrir qilinib, matnning shakl va mazmuni o‘zgarib, u jamoaviy ijod mahsuliga aylanib boravergan. Shu sabab bunday asarlarda ta’rif etilayotgan tarixiy shaxsni ideallashtirish uchun mubolag‘aga ko‘p erk berilgan, real voqealar turli to‘qima rivoyatlar bilan qo‘shilib ketgan.

“Xamsat ul-mutahayyirin”da esa tamoman buning aksini ko‘ramiz. Birinchidan, Navoiy Jomiyning butun hayotini to‘liq emas, balki uning o‘zi ko‘rgan-bilgan jihatlarinigina yoritishni asosiy maqsad qiladi. Ikkinchidan, faqat o‘zi ishongan, guvoh bo‘lgan voqealarnigina bayon etadi. Uchinchidan esa asarda qahramonning emas, balki muallifning unga bo‘lgan munosabati, fikr-mulohazalari birlamchilik qiladi. Navoiy ustozi siymosi, ya’ni ob’ektni har taraflama emas, balki, asosan, o‘zi yaxshi bilgan jihatdan, sub’ekt nuqtai nazaridan turib tasvirlaydi. Shuning uchun ham, Navoiy manoqib-holotlar an’analari negizida yangi bir janrni yaratgan, deb hisoblash mumkin.

Alisher Navoiyning “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad” asarlari bir-biridan qanchalik farqli xususiyatlari bilan ajralib turmasin, baribir, uchchalasi ham bir tipdagi va aynan bir janrdagi asarlar hisoblanadi. Bu uch asarni bugungi kundagi janrlar bilan muqoyasa qiladigan bo‘lsak, ular badiiy publitsistikaning portret ocherk hamda tarixiy-biografik essega juda yaqin turadi. Garchi esse dastlab Yevropa adabiyotida shakllanib, takomillashgan bo‘lsa-da, Navoiyning bu uch asarini, esse janrining o‘zbek adabiyotidagi dastlabki namunalari, deb ayta olamiz.

Navoiyning bu uch asari tom ma’nodagi badiiy nasr namunasi emas. Real tarixiy shaxslar va voqealarni ifoda etgani, shuningdek, timsoliylik(obrazlilik)ni saqlab qolgani bilan, baribir, bugungi tushunchalar asosida ularni publitsistikaga mansub asarlar, deya olamiz. Shu o‘rinda Navoiyning tengi yo‘q shoir yoki yozuvchigina emas, balki o‘ta mahoratli publitsist ekaniga ham guvoh bo‘lamiz.

Navoiy dastlab yaqin kishisi, qaysidir ma’noda piri Sayyid Hasan vafotidan ikki yil keyin, ya’ni hijriy 896, milodiy 1490\91 yili “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” asarini yozgan edi. “Xamsat ul-mutahayyirin” bilan bu an’anani davom ettirdi. Jomiy vafotidan bir yil o‘tib Navoiyning yana bir qadrdoni Pahlavon Muhammad vafot etdi. Shundan so‘ng Navoiy 1495 yili “Holoti Pahlavon Muhammad” asarini qog‘ozga tushirdi.

Navoiyning aynan shu uch kishi haqida ular vafotidan keyin asar yozishi bejiz emas edi. Chunki u bu uchala shaxsni o‘ziga eng yaqin do‘st, ustoz, rahnamo deb bilgan. Qolaversa, bu shaxslarni Navoiy zamonasining o‘zi yaqindan bilgan avliyosifat insonlari sifatida tasvirlagan. Ammo bularning orasida, tabiiyki, Abdurahmon Jomiyning o‘rni butunlay boshqacha edi. Shuning uchun “Xamsat ul-mutahayyirin” qolgan ikki “Holot”ga nisbatan ham nomlanish, ham mazmun, ham hajm jihatidan keskin farq qiladi. Shu o‘rinda: “Navoiy Jomiy haqidagi asarni nima uchun o‘z an’anasiga ko‘ra “Holoti Abdurahmon Jomiy” deb emas, balki “Xamsat ul-mutahayyirin” deb nomladi?” – degan tabiiy savol tug‘iladi.

Aynan shu savolga Zayniddin Vosifiyning “Badoye’ ul-vaqoye’”[1] asaridan javob topgandek bo‘lamiz. Unda “Xamsayi mutahayyira” (“Hayratlantirarli beshlik”) hikoyati keltiriladi. Adibning yozishicha, bu hikoyatni u hijriy 933 yilning jumadiloxir oyi, ya’ni milodiy 1547 yilning martida Sulton Muhammad Bahodirxon bilan Toshkent shahridan 1 farsax (8 kilometr) masofa bo‘lgan Parak daryosi bo‘yiga ovga chiqqanida aynan shohning iltimosiga binoan aytib beradi. Demak, bu hikoyat xalq orasida keng yoyilgan. Unda keltirilishicha, “Xamsayi mutahayyira” silsilasining boshlig‘i Abdurahmon Jomiy bo‘lgan. Bu hayratlantirarli beshlikka yana Mavlono Kamoliddin Shayx Husayn, kashf sohibi – Mavlono Shamsiddin, Mavlono Dovud va Mavlono Mu’in Tuniylar kirishgan. Zayniddin Vosifiy bu beshlikni sanar ekan: “Biror aql egasi bularga oltinchi bo‘lib qo‘shila olmadi”[2], – deb yozadi.

Bu besh talaba 18 yoshlarida o‘z zamonasining kuchli mudarrislaridan biri Amir Sayyid Sharif qo‘lida tahsil olishar edi. Darslarning birida o‘rtaga murakkab bir masala tashlanadi. Shogirdlar bilimdonlikmi, mahmadonalikmi qilib, shu xususda ma’ruza o‘qiyotgan ustozning so‘zini yetti marta bo‘lishadi. Ali Qushchining “Sharhi tajrid” asari mutolaasida esa ilmi toliblar ustozning fikriga butunlay qarshi chiqishadi. Shogirdlarini ilm jihatdan yengolmagan Amir Sayyid Sharif hiyla yo‘liga o‘tib, o‘zini kasalga soladi va yigitlarga qirq kun ta’til beradi. O‘zi esa kamchiliklarini to‘ldirish uchun muk tushib kitob o‘qishga kirishadi. Biroq shogirdlar ham anoyi emas edi. Ular vaqtni bekor ketkazmaslik uchun chora izlashardi. Yon-atrofda bularga bas keladigan mudarris topilmasdi. Shuning uchun ular har kuni qur’a tashlab, o‘zlarining oralaridan bir mudarris saylashar edi. Birinchi kuni dars berish Abdurahmon Jomiy chekiga tushadi. Shunday qilib, talabalar bir-birlariga dars berib, o‘z bilimlarini yanada charxlab borishadi. Ustoz Amir Sayyid Sharifning ham ko‘ngli xotirjam edi. U: “Shogirdlarim bekorchilikda yuribdi, men esa tinmay o‘qib, ularni yenga oladigan darajada dalillar to‘pladim”, – deb o‘ylagandi. Biroq ta’tildan so‘ng shogirdlarini o‘z huzuriga chorlab, ma’ruzani boshlagan ustozni talabalar ilm bilan yana rad eta boshlashadi. Shundan so‘ng Amir Sayyid Sharif: “Boringlar, qayerni ko‘nglingiz tilasa, shu yerga borib, dars beraveringlar”[3], – deb shogirdlariga javob berib yuboradi.

Zayniddin Vosifiy hikoya yakunida shunday yozadi: “Mavlaviy (Amir Sayyid Sharif − F. O.) huzuridan chiqqanlaridan keyin Mavlono Jomiy ishq va tasavvuf vodiysiga sho‘ng‘idilar. Mavlono Shayx Husayn va Mu’in Tuniy tahsil va mutolaaga mashg‘ul bo‘ldilar. Mavlono Dovud esa Sulton Mahmud ibni Sulton Abusa’id Mustand sadrligiga saylandi. Mavlono Shamsiddin sohibi kashf Sulton Abusa’idning sadri bo‘ldi”[4].

Shunday qilib, ilm-ma’rifatning cho‘qqisiga chiqqan bu beshlik xalq orasida “Xamsayi mutahayyira” nomi bilan mashhur bo‘ladi.

Alisher Navoiyning Jomiy haqidagi asariga “Xamsat ul-mutahayyirin” deb nom berishi ham – shu mashhur voqea bilan bevosita bog‘liq. “Xamsayi mutahayyira” voqeasi o‘z davri o‘quvchisi uchun ma’lum bo‘lgani uchun ham muallif asarning nomi va voqea o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida hech narsa demagan. Shu dalillarga asoslanib, “Xamsayi mutahayyira” voqeasi asarning nomlanishi va aynan besh qismdan tarkib topishini belgilab bergan, degan xulosaga kelamiz. Aslida, Navoiy ustozi haqida besh emas, balki bir necha qismdan iborat asar yozishi mumkin edi. Agar, muallif “5” sonining xalq og‘zaki ijodi va mumtoz adabiyotdagi an’anaviyligini inobatga olgan, desak, “7” raqamining o‘rni undan ham kattaroq edi.

Demak, Navoiyning “Xamsat ul-mutahayyirin” asari nomida yuqoridagi hikoyatga ishora bor. Shuning uchun ham bu asarning nomi va tuzilishi muallif qalamiga mansub ikki “Holot”dan keskin farq qiladi.

Umuman, XV asr adabiy muhiti, xususan, Jomiy va Navoiy munosabatlarini o‘rganish uchun bu ikki daho yozgan asarlarning o‘zi kamlik qiladi. Munosabatlar qiyofasini yanada yorqinroq ochib berish uchun ularga zamondosh bo‘lgan boshqa adiblarning asarlarini ham chuqur tadqiq etishimiz kerak. Shundagina o‘sha davrdagi adabiy muhit, o‘sha zamonda yaratilgan asarlardagi ma’no-mazmunni teranroq anglaymiz. Agar Zay­niddin Vosifiyning “Badoye’ ul-vaqoye’”sida “Xamsayi mutahayyira” hikoyati bo‘lmaganida, “Xamsat ul-mutahayyirin” asarining nomlanish mohiyatini to‘liq anglamagan, uning nomlanishini faqat asarning besh qismdan iborat ekanigagina bog‘lab tushuntirgan bo‘lar edik. Bu esa tarix haqiqatini chuqur anglashga imkoniyat yaratmas edi.

Biz mulohaza yuritgan beshta bilimdonga nisbatan ishlatilgan “Xamsayi mutahayyira” iborasining o‘zi ham – ramziy ma’noga ega. Bu haqda “G‘iyos ul-lug‘ot”dan qimmatli ma’lumot olamiz: “Xamsayi mutahayyira” – Oy va Quyoshdan tashqari, beshta sayyora bo‘lib, bular Utorud (Merkuriy), Zuhra (Venera), Mirrix (Mars), Mushtariy (Yupiter) hamda Zuhal (Saturn)dan iborat. Ularni shuning uchun “mutahayyira” deydilarki, ular goh-goh o‘zlarining asosiy, tabiiy yo‘llaridan chekinib, o‘zlariga yaqin tarafga qarab harakat qila boshlaydi. Yana u tomondan qaytib, o‘zlarining doimiy yo‘llariga tushib oladi”[5]. Shundan xulosa qilish mumkinki, Jomiy boshliq beshlik ana shu ulkan sayyoralarga mengzalgan. Beshlikning bir bahona tufayli ustozdan chekinib, 40 kundan so‘ng yana mudarris oldida to‘planishini ham besh sayyoraning yuqorida sanab o‘tilgan xususiyatiga o‘xshatish mumkin.

“Xamsat ul­-mutahayyirin”da Jomiy va Navoiy munosabatlarining turli tomonlari aks etgan bo‘lsa ham, avvalo, ular o‘rtasidagi haqiqiy ustoz-shogirdlik rishtalari ko‘rsatiladi. Jumladan, asarda muallif erinmasdan ustozi huzurida ta’lim olish va foydalanish yuzasidan o‘qigan kitoblari ro‘yxatini ham keltirib o‘tadi. Bundan tashqari, Navoiy Jomiy “Xamsa” bilan “Haft avrang”ni qiyoslash yo‘li bilan ovoz chiqarib o‘qiganida tinglaganini, shuningdek, ba’zi risolalar Jomiy oldida o‘qilmagan bo‘lsa ham, ulardagi ayrim murakkab joylarni ustozdan so‘rab turganini yozadi. Ana shu ma’lumotlar Jomiyning, haqiqatan ham, Navoiyga to‘g‘ridan­-to‘g‘ri muallim, mudarris, chinakam ustoz ekanini yana bir karra isbotlaydi.

Jomiy va Navoiy o‘rtasida o‘ta kuchli adabiy aloqa bo‘lgan. Bu “Xamsat ul-mutahayyirin”ning deyarli har bir sahifasida aks etib turadi. Navoiy Jomiyning turtkisi bilan ko‘plab asarlar yaratgan bo‘lsa, o‘z o‘rnida ustoz ham shogirdining da’vati bilan yirik-yirik asarlarga qo‘l uradi. Bu ta’sirni Navoiy faxr bilan qayta-qayta takrorlashdan charchamaydi.

Eng muhimi, ustoz va shogirdning bir-biriga hurmat-ehtiromi, mehr-muhabbati – cheksiz. Bundan tashqari, ikki buyuk qalam sohibining adabiy did va saviyalari – deyarli bir xil darajada. Bunga ishonch hosil qilish uchun “Xamsat ul-mutahayyirin”dagi turli hikoyatlarni o‘qishning o‘zi – kifoya.

“Xamsat ul­-mutahayyirin” Jomiy va Navoiy o‘rtasidagi ustoz-shogirdlik munosabatlarini yoritish uchun eng mo‘tabar ilmiy-tarixiy manba hisoblanadi. Nafaqat navoiyshunos, balki jomiyshunoslarning ham bu bebaho asarga murojaat etmay ilojlari yo‘q[6].

“Xamsat ul-mutahayyirin” ham Jomiy, ham Navoiy hayoti, faoliyati, ayniqsa, ijodini tadqiq etishda birdek xizmat qilaveradi. Eng muhimi, bu asar ikki buyuk qalam sohibining o‘zaro yuksak munosabati, qolaversa, bir buyuk tarixiy shaxsning ikkinchi bir bemisl dahoga bo‘lgan cheksiz hurmat-e’tiborini namoyon etadi. Bu esa mazkur asarning qadr-qimmati yuksak ekanidan dalolat beradi.

Navoiy Jomiy bilan aynan qaysi yili uchrashganini qayd etmagan. Biroq “Xamsat ul-mutahayyirin”dagi ayrim ma’lumotlar, bu ikkala shaxs Husayn Boyqaro taxtni egallagan 1969 yildan keyin ilk bor ko‘rishishgan, deb xulosa qilishga undaydi. Shu yilning aprelida Navoiy Samarqanddan Hirotga qaytib kelgani − aniq. Jomiy va Navoiy o‘rtasidagi ustoz-shogirdlik munosabatlari dastlabki uchrashuvdan boshlangan bo‘lsa ham (Navoiy “Xamsat ul-mutahayyirin”da Jomiy birinchi ko‘rishishdayoq “Risolayi qofiya”dan saboq berganini alohida ta’kidlaydi), pir-muridlik rishtalari keyinroq bog‘langan. Yevgeniy Bertels, Navoiy 1476/77 yili Jomiy boshchiligida naqshbandiylik tariqatiga kirib, unga murid tushgan, deb hisoblaydi.

Jomiy tasavvufda naqshbandiya tariqatining yirik vakili edi. U zimdan naqshbandiyaga ruhan mos bo‘lgan malomatiya oqimiga, uning odobiga amal qilar edi. Buni Navoiy “Xamsat ul-mutahayyirin”da alohida ta’kidlab o‘tadi. Malomatiylarning botiniy olamlari zohirda aks etmasligi, ya’ni ular tashqi tarafdan oddiy odamlardan aslo farqlanmasligi, shuningdek, ularning so‘fiyligini hech kim sezmasligi kerak. Ular o‘ta kamtarlik bilan o‘zlariga malomat yog‘dirishni istaganlar. Biror kishidan malomat ko‘rsa, ya’ni kimdir ularni kamsitsa, mensimaslik qilsa, buni ular o‘zlari uchun faxr deb bilishgan. Jomiy ham kamtarlikning oliy namunasini ko‘rsatib, o‘ziga malomat yog‘dirishni xush ko‘rgan.

Manoqib janrining talabiga binoan, unda madh etilayotgan diniy-tasavvufiy vakilning kamoloti, erishgan darajasi ko‘rsatib berilishi kerak. Shu jihatdan olib qaraganda, asarda Jomiyning ham tasavvufda tutgan o‘rnini belgilab berish muallif oldidagi muhim masalalardan biri edi. Navoiy Jomiyning, zohiriy ilmlar bilan bir qatorda, botiniy ilmlarni ham egallaganini ta’kidlab, ularni quyidagicha uchga bo‘lib ko‘rsatadi:

Birinchisi – she’r, Jomiy uning har turida ijod qilib, barcha shoirlardan ko‘ra ham ko‘proq shuhrat qozondi.

Ikkinchisi – oldin o‘tgan shayx va avliyolarning tasavvufga oid, tushunish murakkab bo‘lgan turli kitoblarini shunday sharhlash san’atini qo‘lga kiritdiki, bundan ko‘plab ehtiyojmandlar bahramand bo‘ldi.

Uchinchisi – tariqat odobi bobida shunday nozik yo‘l tutdiki, uning dunyoviy ilmlar, she’riyatdan ham ulug‘roq bo‘lgan nihoniy ish, ya’ni tasavvuf bilan mashg‘ul bo‘lganini atrofdagilar deyarli bilmadi va fahmlamadi ham.

Navoiy ustozi va pirini “koshifi sirri Iloh”, ya’ni “Iloh sirlarini kashf etuvchi” deb ta’riflaydi. Bu ta’rifni uncha-muncha kishiga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi. Jomiyning bu ilohiy darajasini har kim ham sezavermagan. Navoiy esa bevosita guvoh sifatida ustozining pirlik xususiyatlarini zamondoshlari va kelajak avlodga bildirib ketishni o‘zining burchi deb bildi, shu mas’uliyatni bo‘yniga olib, ayni vazifani halollik, adolat va mahorat bilan ado etdi.

Mustabid tuzum davrida Jomiyning hayoti, ilmiy-adabiy merosi xususida talaygina tadqiqotlar amalga oshirilgan. Biroq uning so‘fiyligi masalasini yetarlicha o‘rganishga imkon berilmagan. Shuning uchun ham bugungi kun Jomiy va Navoiy hayotining tasavvufiy jihatlarini yanada izchil, har taraflama va chuqur o‘rganishni talab etadi.

Jomiy va Navoiy o‘rtasidagi ilmiy-ijodiy yaqinlik masalalarini o‘rganishda shu ikki buyuk ijodkor yozib qoldirgan bebaho meros eng asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Jumladan, “Xamsat ul-mutahayyirin” ana shu nozik masalani hal etishda eng noyob manba hisoblanadi.

Farruxbek Olim, tadqiqotchi

“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 3-son

[1] “Badoye’ ul-vaqoye’” (“Nodir voqealar”) – Zayniddin ibn Abdujalil Vosifiy (taxminan 1485\86 – 1566)ning esdalik sifatida yozgan asari.

[2] Zayniddin V o s i f i y. Badoye’ ul-vaqoye’. T.: G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti. 1979. 184-bet.

[3] O‘sha manba, 186-bet.

[4] O‘sha manba, o‘sha bet.

[5] G‘iyos ul-lug‘ot. 1-jild. Dushanbe. Nashriyoti “Adib”, 1987. sah. 313.

[6] “Xamsat ul-mutahayyirin” tojik tiliga ham tarjima qilinib, chop etilgan. Qarang: Xamsat ul-mutahayyirin. D.: Nashriyoti “Adib”. 1989.