Mohira Otaboyeva. Ertaklar qiroli (Lyuis Kerrol)

“Bor ekan-da, yo‘q ekan…” Bolaligimizda jon qulog‘imiz bilan ting­laganimiz ertaklar, odatda, shunday boshlanib, “murod maqsadiga yetibdi” qabilida tugardi. Ammo jahon adabiyotida shunday ertaklar ham yaratilganki, ular nafaqat no­odatiy syujetga ega, balki zamirida o‘zgacha ma’no-mazmun mujassam. Oq quyon izidan ketib, mo‘jizalar mamlakatiga tushib qolgan Alisa ismli qizchaning ajabtovur sarguzashtlari haqida eshitmagan bola kam topilsa kerak. Lyuis Kerrolning jahonga mashhur ikki g‘aroyib ertagi asosida turli davrlarda ko‘plab kino, multfilmlar suratga olingan. Ular allaqachon bolalar qatori kattalar qalbidan ham joy olib ulgurgan. Ijodkorlarning qayta-qayta bu ertaklarni o‘qib, ulardan ilhomlanganliklari boisi L.Kerroll asarlari matniga singdirilgan teran g‘oyada emasmikan?

Adibning asl ismi Charlz Lyutvij Dojson bo‘lib, u 1832 yil 27 yanvarda Angliyadagi Cheshir grafligining Dersberi qishlog‘ida dunyoga kelgan. Shu o‘rinda bir gap: ertakdagi tirjayib turuvchi Cheshir mushugi yodingizdadir; bu personajni yaratishda Kerrolga ona yurtida ko‘rgan-kechirganlariga turtki bergan bo‘lsa ajabmas.

Uning otasi cherkov kashishi bo‘lib, qadimgi tillar, matematika sohalari bilimdoni, taqvodor odam edi.

O‘n ikki yoshida Charlzni avvaliga Richmond, keyinroq Regbidagi maktabga o‘qishga yuborishadi. O‘n to‘qqizga to‘lgach esa, Oksford kollejiga o‘qishga kiradi va mustaqil hayot boshlaydi. Adib umrining qolgan qismi aynan Oksford bilan bog‘liq.

1855 yili unga kollejda qolib dars berishni taklif qilishadi. O‘sha davr qonun-qoidalariga ko‘ra, taklifga rozi bo‘lganlar diniy unvon ham olar va so‘qqabosh o‘tishga va’da berishlari lozim bo‘lardi. Shu tariqa Dojson Oksfordda qoladi va o‘zini matematikaga bag‘ishlaydi. Har kunlik ma’ruzalar, tanaffus chog‘idagi oddiygina tushlik, so‘ngra tag‘in darslar, uzundan-uzoq sayrlar va ba’zida hamkasblari bilan uyushtiriladigan kechki ziyofatlar adibning o‘qituvchilik yillari bir zaylda, tartibli, ehtimol, zerikarli kechganini ham ko‘rsatar. U umr bo‘yi duduqlanishdan aziyat chekkani boismi, ma’ruzalarini his-hayajonsiz o‘qir, tanishish-uchrashishlardan o‘zini olib qochardi. Universitetda ko‘z ilg‘amas narsalarga-da e’tibori, o‘zigagina xos odatlari bilan tanilgani boisdir, ko‘pchilikda u “g‘alati odam” taassurotini qoldirgandi.

Bir qarashda Kerrolning bunday turmush tarzi sokin daryoni eslatadi. Biroq teranroq razm solinsa, mana shu “sokin daryo” tubida inju-javohirlar borligini ko‘rish mumkin.

Lyuis Kerroll bolaligida rassom bo‘lishni orzu qilgan. O‘zi yozgan ilk hikoyayu she’rlariga suratlar chizgan. Professor bo‘lgach, u chizganlarini “Tayms” jurnaliga yuboradi, biroq tahririyat rasmlarni qabul qilmaydi. Shunda u o‘zining kuchini fotografiyada sinab ko‘radi. “Charlz Dojson 1856 yil 18 martda o‘zining ilk fotoapparatini sotib oldi va qisqa vaqt ichida fotohavaskordan chin ma’nodagi fotograf darajasiga ko‘tarildi”, deb yozadi taniqli fotosuratchi M.Koen. Darhaqiqat, fotoapparatni xarid qilganidan so‘ng atigi ikki yil o‘tib, uning suratlaridan to‘rttasi o‘sha paytlardagi taniqli suratkashlar asarlari bilan bir qatorda Londondagi ko‘rgazmalar zaliga qo‘yiladi. Balki bu sohada tez muvaffaqiyatga erishishida unga bolalik orzusi turtki bo‘lgandir. Xullas, ermakdan boshlangan ishida Kerroll katta yutuqlarga erishadi.

U ta’tillarini yangi jajji do‘stlar orttirish, ular bilan sayrlar tashkillashtirish, o‘yinlar, boshqotirmalar o‘ylab topish bilan o‘tkazardi. Bolalar davrasida u oksfordlik tund o‘qituvchidan quvnoq, dilkash suhbatdoshga aylanardi. Bunday kichik do‘stlari orasida Alisa Liddel ismli, Oksford kolleji rektorining qizi ham bor edi. Kerroll Alisa va uning singillari bilan tez-tez sayrga chiqib turardi. Sayr davomida ularga o‘zi to‘qigan hikoya, ertaklarni aytib berar, bu esa bolalarga juda manzur tushardi. Ittifoqo, bir kuni Alisa undan ertak yozishni so‘raydi. Shu tariqa unda ertak yaratish ishtiyoqi tug‘iladi.

“Alisa – mo‘jizalar mamlakatida” asari dunyo yuzini ko‘radi. Kim biladi deysiz, agar Alisa bo‘lmaganida yo adib u bilan do‘stlashmaganida bunday takrorlanmas ertak ham yaratilmagan bo‘larmidi…

Kerrolning “Alisa – mo‘jizalar mamlakatida” ertagida Alisaning mo‘jizayu g‘aroyibotlar to‘la makonda ko‘rgan-kechirganlari hikoya qilinadi. Hodisalar aslida tushda kechsa-da, ertak avvalida buni payqamaysiz. Asosiy voqealar Alisaning Oq quyon ortidan uning uyasiga sakrashidan boshlanadi. Shu tariqa qizaloq o‘zga mamlakatga tushib qoladi. O‘z nomi bilan mo‘jizalarga kon bu olamda Alisa bir-biridan g‘alati, telbanamo qahramonlar bilan uchrashadi. Sichqon, Bili otli Kaltakesak, Quyon, Ipak qurti kabi personajlar, jonivorlar bo‘lsa-da, gapirishni, yig‘lashni, baqirishni, hatto aql o‘rgatishni ham binoyidek eplashadi. Boyaqish Alisa esa murosa qilishga majbur. Mo‘jizalar mamlakatida mo‘jiza daxl qilmaydigan jonzot yo‘q. Alisa ham mehmon bo‘lsa-da, bundan mustasno emas. Shu bois u ertak davomida g‘ayrioddiy holatlarni boshdan o‘tkazadi.  Qirolicha Toppon suhbatiga musharraf bo‘ladi. Haqgo‘yligiyu qiziquvchanligi tufayli dakki yeydi, biroq o‘z fikridan qaytmaydi. To‘g‘riso‘zligi boshiga balo keltirishini bilsa-da, Qirolichaning gunohkor soqchilarini o‘limdan asrab qoladi.

Ertak, odatdagidek, Alisaning tugal baxtga yoki bitmas-tuganmas boylikka ega bo‘lishi bilan yakun topmaydi, u uyqudan uyg‘onib ketadi, xolos. Asar voqealari, personajlari g‘ayrioddiy, hayotiy bo‘lsa-da, ularning gap-so‘zlari, xatti-harakatidan saboq chiqarish, ibrat olish, muayyan xulosaga kelish mumkin. Biroq Kerroll o‘quvchiga bu oq, bu qora deb ko‘rsatmaydi, pand-nasihat qilmaydi yoki illatlarni hijjalab izohlamaydi. Adib bor-yo‘g‘i hammasini rassomdek chizib-tasvirlab ko‘rsatib beradi. Masalan, Oq quyon orqali qo‘rqoqlikni, Gertsoginya obrazida ikkiyuzlamachilikni, Sichqonda manmanlikni, Qirolichada esa xudbinlikni fosh qiladi. Tegishli xulosa chiqarishni esa o‘quvchiga qoldiradi.

Alisaning ko‘zgu ortiga qilgan keyingi sayohati ham g‘aroyiblikda avvalgisidan aslo qolishmaydi. Narsalar teskarisiga ko‘rinadigan bu olamda ham u ajoyib qahramonlar bilan tanishadi. O‘zlarini aqlli deb biluvchi kibrli gullar bilan gurunglashadi. Yo‘l-yo‘lakay Oq, Qora Qirolichalarni (bu galgi Qirolichalar shaxmat donalari) uchratadi, oqko‘ngil Oq ritsar bilan do‘stlashadi. O‘sha mashhur Adi-Badidan she’r ting­laydi. Hatto Qirolicha bo‘lish uchun yo‘l-yo‘riqlar oladi…

Kerroll har ikkala ertagida ham xalq og‘zaki ijodidan unumli foydalangan.

Bu ertaklar kitobxonni ziyrak bo‘lishga, mantiqiy fikrlashga o‘rgatadi, aqlni charxlaydi, odob saqlashga, insoniy fazilatlarni qadrlashga da’vat etadi. Bu jihatlari bilan L.Kerroll ertaklari yuksak tarbiyaviy ahamiyatga ega.

Asar birinchi marta Makmillan nashriyoti tomonidan chop etiladi. Avvaliga o‘qituvchining bu noodatiy ertagi tanqidchilar tomonidan sovuq kutib olinadi. Biroq bu holat adibni ikkinchi ertagi – “Alisa Ko‘zgu orti o‘lkasida”ni yozishdan to‘xtata olmaydi. 1869 yili Kerroll noshir Makmillanga “Ko‘zgu ortida”ning birinchi bobini yuboradi. Bu paytga kelib endi avvalgi ertak ommalashib, qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan, uning yozuvchi sifatida obro‘si ham oshgandi. Boz ustiga asar o‘sha yiliyoq asar bir yo‘la nemis va frantsuz, 1872-1874 yillari esa italyan, golland, 1879 yili rus tiliga tarjima qilinadi. Asar butun dunyoga tarqalib, millionlab bolalarning sevimli kitobiga aylanadi. 1872 yili “Alisa Ko‘zgu orti o‘lkasida” (to‘liq nomi “Ko‘zgu orqali va Alisa u yerda nimalarni ko‘rgani”) ertagi yaxlit nashr etiladi. 1886 yili Mavlud ayyomida Londondagi Uels shahzodasi teat­rida “Alisa – mo‘jizalar mamlakatida” ertagi sahnalashtiriladi.

Bunday mashhurlikka ham, kezi kelganda aytilgan tanqidu maqtovlarga ham Kerroll vazminlik, sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgan. Shon-shuhratidan kibrlanish o‘rniga adib xijolat chekkan: suratini chop etishlariga izn bermagan, begonalar orasida tanilish uning uchun noqulaylik tug‘dirgan.

Lyuis Kerroll 1898 yil 14 yanvar kuni Mavlud ta’tilida Gilford­dagi singlisinikida vafot etadi.

Mohira Otaboyeva

Jahon adabiyoti, 2015 yil, 6-son