Dilmurod Quronov. Cho‘lponning mangu savoli

XX asr boshlarida ulug‘ yurt­doshimiz Cho‘lpon “Adabiyot nadir?” degan savolni o‘rtaga tashlagan va shu nomli maqolasida unga baholiqudrat javob izlagan edi. Agar biz diqqat bilan kuzatsak, insoniyat ongini tanigandan beri ushbu savol u yoki bu tarzda muntazam qo‘yilib kelishiga guvoh bo‘lamiz. Qizig‘i shundaki, bu savolga har bir davr o‘zicha javob beradi, boz ustiga, bir davrda yashayotgan odamlarning javoblari-da bir-biridan jiddiy farqlanadi. Tugal va uzil-kesil javob berilishi mumkin bo‘lmagan “Adabiyot nadir?” savolining hozirgi kunda ham kun tartibida turgani tabiiy. Bugungi kunda mazkur savol tegrasidagi bahslar “adabiyot san’atmi yoki ong sohasimi?”, “adabiyot ijtimoiy bo‘lishi kerakmi yoki yo‘qmi?”, “adabiyot ommaviy bo‘lishi kerakmi yoki elitarmi?” kabi asosiy masalalarni o‘z ichiga oladi.

Biz o‘zimiz bilishni istagan narsa haqida tugal hukm chiqarishga moyilmiz, oxirigacha tugal anglab bo‘lmaydigan, oxirigacha muayyan ta’rif-u qoidalar asosida tushuntirib bo‘lmaydigan murakkab hodisalar mavjudligini tan olgimiz kelmaydi. Holbuki, mavjud narsa-hodisalarning aksariyati, jumladan, adabiyot ham, ana shunday murakkab, ziddiyatli tomonlarni o‘zida jam etgan hodisa sanalishi kerak. Yuqorida qo‘yilgan savollardan birinchisiga – “adabiyot san’atmi yoki ong sohasimi?” degan masalaga to‘xtalsak, bu narsa ancha ravshan ko‘rinadi.

Keyingi yillarda, sho‘ro davrida o‘ta yalang‘och ijtimoiylashgan adabiyotga, uni ommani kommunistik ruhda tarbiyalash va sh.k. maqsadlarga bo‘ysundirish amaliyotiga aks ta’sir tarzida adabiyotni “sof san’at” sifatida tushunish, unda faqat san’at hodisasinigina ko‘rish tamoyili kuzatiladi. Holbuki, adabiyotda faqat vositani ko‘rish qanchalik xato bo‘lsa, unda “sof san’at”nigina ko‘rish ham shunchalik xatodir. “Sof san’at” tarafdorlari adabiyotning ijtimoiy ong sohasi ekanligini inkor qiladilar, juda insof qilganlari adabiyotning bu jihatiga e’tiborsizroq, ko‘z yumib qaraydilar. Biz aql va hisni bir-biriga ko‘pincha zid qo‘yamiz, holbuki, bu narsa vujudimizda aql va hisning bir paytda mavjud bo‘lishiga, ikkisining birlikda inson ruhiyatini tashkil etishiga xalaqit bermaydi. Bas, nega endi inson ruhiy faoliyatining mahsuli bo‘lgan adabiyot ularning ikkisini o‘zida jam qilolmas ekan?!

Bu masalani badiiy ijod tabiatidan kelib chiqib tushunish va tushuntirish o‘ng‘ayroq ko‘rinadi. Adabiyotning ilk namunalari sanaladigan asotir(mif)larni, afsonalarni esga olaylik. Axir, “Avesto”dagi rivoyatlar yoxud qadim grek yoki misr afsonalari tabiatni, insonning paydo bo‘lishi, uning o‘limi sirlari va sh.k. muammolarni bilishga intilish natijasi emasmi? Albatta, hozirgi insonning tafakkur darajasi ham, adabiyot va san’atning rivojlanish darajasi ham ko‘z ilg‘amas darajada uzoqlashdi. Lekin badiiy ijodga turtki beradigan birlamchi omil hamon bilish ehtiyoji bo‘lib qoldi. To‘g‘ri, keyingi davrlarda yaratilgan asarlarda doim ham ijodkor bilishga intilayotgani asotirlardagi kabi ravshan sezilmasligi mumkin, lekin uning yaratilishiga bevosita mana shu ehtiyoj turtki bergan. Deylik, bir ijodkorni jamiyatning mavjud holati yoki rivojlanish tamoyillarini bilish (ko‘proq romanlarda), boshqa birovini o‘zni anglash orqali Haqni tanish (tasavvuf she’riyati), tag‘in birini qalbidagi kechinmalarini (ya’ni, o‘zini) anglash va shunga o‘xshash umumiy nomi BILISh ataluvchi ehtiyoj ijodga undaydi. Faqat shunisi borki, keyingi davrlarda yaratilgan asarlarda bilish ehtiyojining ravshan sezilmasligi ijodkor tarafidan anglangan narsaning asarda boshqacha yo‘sinlarda ifodalanishi bilan izohlanishi mumkin. Deylik, ijodkor o‘zi anchadan beri yecholmay kelayotgan, o‘zi anglashga intilayotgan masalaning yechimini tabiat manzarasida, hayotdagi biron-bir holatda, hodisa va shu kabilarda ko‘rishi, ya’ni, o‘sha narsada hikmat ko‘rishi-da mumkin. Ijodkor o‘z asarida o‘sha narsani (manzara, holat, hodisa va sh.k.) aks ettirishning o‘zi bilanoq ehtiyojni qondiradi. Qatag‘on davrida insonning qadrsizlangani, butun boshli jamiyatning totalitar tuzum oldidagi ojizligi-yu kishilarning o‘zgalar fojiasiga tomoshabin bo‘lib turgani haqida o‘ylagan va azob chekkan A.Qahhor “O‘g‘ri”da tasvirlangan voqeada, mustabid tuzum sharoitidagi ijodkor qismatini Oybek “Na’matak”dagi manzarada ko‘rgan bo‘lsa ne ajab?! Aytmoqchimanki, shu asarlarni yaratish bilan har ikki ijodkor ruhiyatida paydo bo‘lgan bilish ehtiyoji qondirildi. Zero, ijod onlarida har ikkisi ham o‘zini o‘ylatgan masalani o‘zicha hal qildi, muayyan bir to‘xtamga keldi. Albatta, bu asarlarni har birimiz o‘zimizcha tushunamiz, sababki, biz ulardagi obrazlar tilini o‘zimizcha mantiq tiliga ko‘chiramiz – anglaymiz. Biroq bu narsa asarning yaratilishiga turtki bo‘lgan bilish ehtiyojining genetik jihatdan ijtimoiy xarakterga egaligini inkor qilolmaydi. Badiiy ijodga turtki beruvchi bilish ehtiyojining turli sath va navdagi ijtimoiy munosabatlar asosida vujudga kelishi badiiy asarning, demakki, badiiy adabiyotning ham genetik jihatdan ijtimoiy xarakterga egaligidan dalolatdir.

Misolga olingan har ikki asarda ham bir narsaning mohiyati boshqa narsa orqali anglanayotganiga shohid bo‘layotirmiz. Har ikki ijodkor ham o‘zlarini o‘ylatgan muammolarni anglash uchun hayotga aynan taqlid qilgani, hayotdan nusxa ko‘chirgani yo‘q. Zero, bir narsaning mohiyatini ikkinchi narsada ko‘rish uchun aqlning o‘zi kamlik qiladi, buning uchun ijodkorda avvalo san’atkorona nigoh, san’atkorga xos “qalb ko‘zi” bo‘lishi lozim. Ruhning alohida va betakror holati bo‘lmish ijod onlarida san’atkorga o‘zi izlagan mohiyat ayon bo‘ladi, ya’ni, bilish ehtiyoji faqat ijod jarayonidagina qondiriladi. San’atkorning ijod onlaridagi holati, uning zo‘riqib ishlayotgan ongi-yu jumbush urgan qalbi esa asar matnida muhrlanadi. Modomiki badiiy ijod bilishga qaratilgan jarayon ekan, demak, badiiy adabiyot ham ongga aloqador hodisa, faqat bunda bilishning san’atga xos yo‘lidan boriladi. Bungacha aytilganlarga tayanib, adabiyot ikkiyoqlama hodisa, u san’atga ham, ijtimoiy ongga ham birdek aloqadordir degan xulosaga kelish mumkin.

Adabiy bahslarda tez-tez ko‘tarilib turgan “adabiyot ijtimoiy bo‘lishi kerakmi yoki yo‘qmi?” masalasi ham sho‘ro davri adabiy siyosati ta’sirida yuzaga keldi, o‘tkirlashdi. Adabiyotning ijtimoiy ekanligini inkor qilish ma’qul bo‘lmaganidek, uning individual-shaxsiy hodisa ekanligini ham inkor etib bo‘lmaydi.

Adabiyotshunoslikka oid asarlarda, darsliklarda “badiiy adabiyotning predmeti – inson” deb ko‘rsatiladi. Biroq mazkur fikrni tor tushunish, uni mutlaqlashtirish unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki adabiyot insonni alohida emas, balki jamiyat, tabiat bilan uzviy aloqada o‘rganadi. Modomiki adabiyotning predmeti ham, uning yaratuvchisi ham inson ekan, adabiyotning ijtimoiy bo‘lmasligi mumkin emas. Biroq yaratilishi jihatidan, dunyoga nuqtai nazar, o‘sha dunyo tufayli paydo bo‘lgan hissiyotlar, fikrlar nuqtai nazaridan tom ma’noda shaxsiy hodisadir.

Ma’lum bo‘ladiki, badiiy asarda ijtimoiylik va shaxsiylik qorishiq holda zuhur qilar ekan, faqat bu o‘rinda ijtimoiylik va shaxsiylik nisbati har bir konkret asarda turlicha bo‘lishini, turlicha zuhur qilishini e’tiborda tutish lozim bo‘ladi. Deylik, ijtimoiylik darajasi epik va lirik asarlarda jiddiy farqlanadi, ba’zan lirik asarda ijtimoiylikdan asar ham yo‘qday ko‘rinadi. Ayrimlar, xususan, “sof san’at” tarafdorlari ayni shu holni mutlaqlashtirmoqchi bo‘ladilar, she’riyat faqat ko‘ngil ishi bo‘lishi kerak degan gaplar eshitiladi. Xo‘sh, insonning ko‘nglidagi tuyg‘ular, iztirob-u quvonchlar kelib chiqishi jihatidan ijtimoiy emasmi? Misol tariqasida A.Oripov “Bahor kunlarida kuzning havosi” misralari bilan boshlanuvchi she’rini olib ko‘raylik. Asarda lirik qahramonning muayyan bir holati, kayfiyatigina qalamga olingan she’r mana bu misralar bilan boshlanadi: “Bahor kunlarida kuzning havosi, Tanimni junjitar oqshomgi shamol. Nega muncha g‘amgin nayning navosi, Nega qalbim to‘la o‘kinch va malol?” She’rda tabiat manzarasi tasvirlanadi va shu asosda mahzunlik kayfiyati ifodalanadi. Biroq, “bahor kunlarida kuz nafasining esish”idan kelgan mahzunlik – obraz, mana shu holatning yuzaga kelish sabablari o‘zgacha bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas. Mazkur she’r 1967-yilda yaratilgan edi. Nechun endi A.Oripov bahor kunlaridagi kuz havosi haqida gapiradi? Gap shundaki, she’r yozilgan payt 50-yillar oxiridan jamiyat hayotida kuzatilgan uyg‘onish, nisbiy erkinlikning 60-yillar o‘rtalaridan qaytadan bo‘g‘ila boshlagan davriga to‘g‘ri keladi. A.Oripov jamiyatning bir a’zosi sifatida, erkka tashna ijodkor sifatida bu holdan iztirob chekadi, azoblanadi. Jamiyatning ko‘zi ochiq a’zolarini iztirobga solgan bu ijtimoiy dard shoirning shaxsiy dardiga aylangan, dardning shaxsiylanish darajasi shunchalarki, biz she’rni “ko‘ngil she’riyati” deyishga-da, uni “sof san’at” namunasi sifatida baholashga-da moyilmiz.

Yaqin yillardagi va qisman hozirda ham bahslarga sabab bo‘lib turgan masalalardan yana biri “adabiyot qanday bo‘lishi kerak?” degan savol tegrasida aylanadi. Mazkur bahsda tomonlarning biri “adabiyot ommaviy bo‘lishi kerak” degan fikrni, ikkinchisi, “adabiyot xos kishilarga mo‘ljallangan bo‘lishi kerak” degan fikrni oldinga suradilar. Ikkinchi tomonning ommaviylikka qarshi turgani adabiyotning jo‘nlashuvidan norozilik bilan, birinchi tomonning xoslargagina mo‘ljallangan adabiyotga qarshiligi bu holda adabiyotning jamiyatdagi ahamiyati susayadi deb hisoblashi bilan izohlanadi. Zikr etilgan bahsning yechimi, bizningcha, murosadadir. Shu o‘rinda murosaning foydasiga ayrim fikrlarni qayd etib o‘tish joiz.

Birinchisi. Hammaga ayonki, badiiy adabiyotni iste’dodlar yaratadi. Iste’dod esa ommadan ko‘ra teyranroq qalb ko‘ziga egaligi, tafakkur darajasining undan yuqoriroq ekani bilan farqlanadi. Baski, chinakam iste’dod yaratgan asarning darajasi ham ommadan yuqoriroq bo‘lmog‘i tabiiy va shunday bo‘lishi kerak ham. Ikkinchi tomondan, shu adabiy-madaniy zaminda yetishgan iste’dodning ommadan ko‘z ilg‘amas darajada uzoqlab ketishi ham mahol, shu bois ham “atayin ommaga moslab yozish” degan da’vo yo yolg‘on, yo iste’dodsizlikni xaspo‘shlash uchun bahonadan boshqa narsa emas. Demak, bahsdan chiqadigan birinchi xulosani “bizga chinakam iste’dodlar, iste’dod bilan yozilgan asarlar kerak” tarzida ifodalash mumkin.

Ikkinchisi. Badiiy asar juda murakkab hodisa, konkret asarni hammaning birdek tushunishi, birdek suyushi va unga birdek qimmat berishi mumkin emas. Badiiy asar tubsiz ummon misoli, yuzasida yurgan nari borsa mavjlar-u jozib qudratni ko‘rar, biroq uning tubida olam-olam sir-sinoatlar yashirin, uning tubida-da butun boshli bir hayot kechadi. Kimdir bu ummonning yuzasidagina yuradi, kimdir sayozroq, kimdir chuqurroq sho‘ng‘iydi, baski, badiiy asar bir paytning o‘zida turli toifalarga – ham ommaga, ham xoslarga mo‘ljallangan bo‘ladi.

Uchinchisi. Kishilarda didning turlicha ekanligi fakt, bu hol bilan faqat murosa qilish mumkin, xolos. Besh qo‘l barobar emas, kimdir chuqur ruhiy tasvirga boy asarni, kimdir intellektul jihatdan yuksak asarni, kimdir ko‘ngilochar asarni, kimdir detektiv, kimdir jangari asarlarni suyadi. Xohlasak xohlamasak, adabiyot maydonida ham raqobat bor. Agarki hozir yengil-elpi asarlarga qiziqish kuchaymoqda ekan, bu yuksak didli adabiyotning aybi. Demak, bahslashish emas, jizzakilik qilish, ommaning didsizlashayotganidan zorlanish emas – chinakam adabiyotni, badiiyati yuksak asarlarni yaratmoq kerak.

Badiiy adabiyot – inson faoliyatining mahsuli. Inson faoliyati esa keng va serqirradir. Inson faoliyati bir-biriga bevosita yoki bilvosita bog‘liq bo‘lgan “mehnat faoliyati”, “ruhiy faoliyat”, “estetik faoliyat” kabi jihatlarni o‘z ichiga oladi. Boz ustiga, ruhiy faoliyatning o‘zi “aqliy”, “hissiy”, “ruhoniy” faoliyat qirralarini namoyon etadi. Badiiy adabiyot insonning go‘zallik qonunlari asosidagi ijodiy-ruhiy faoliyati mahsulidir. Shunday ekan, badiiy adabiyotni ta’riflashda biryoqlamalikka yo‘l qo‘yish, uni faqat ijtimoiy ong yoxud faqat san’at hodisasi sifatida tushunish predmetning mohiyatini jo‘nlashtiradi, bizni uning tabiatini anglashdan uzoqlashtiradi.

«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 7-8-son