Abdusalom Umarov. Iste’dodning olmos qirralari

Abdulla Qahhor salkam 40 yil mobaynida tarjimon sifatida qalam surib, hajmi va mundarijasi tarafidan ham, badiiy qimmati jihatidan ham yozuvchilik merosidan kam bo‘lmagan adabiy yodgorlik qoldirdi.

Yozuvchi Abdulla Qahhorning birinchi asari matbuotda bosilganidan (1924) tarjimon Abdulla Qahhorning dastlabki asari dunyo yuzini ko‘rgunicha orada yetti yil o‘tdi.

1931 yili A.Serafimovichning “Temir oqim” romani, F.Gladkovning “Olovli ot” qissasi, 1932 yili Ivan Lening “Tog‘ oraliqlari” romani uning tarjimasida chiqdi. 1933 yili esa M.Shaginyanning “Gidrotsent­ral” romani, M.Sholoxovning “Ochilgan qo‘riq” romanidan parcha, M.Gorkiyning “Mening dorilfununlarim” qissasi, A.Klossning “Bizning parovoz – ilgari bos” nomli hikoyalar to‘plami Abdulla Qahhor tarjimasida nashr etildi. Bulardan tashqari, u o‘sha yili Maksim Gorkiyning qator adabiy-tanqidiy va ijtimoiy-publitsistik maqolalarini tarjima qilib, avval turli gazeta va jurnallarda, so‘ngra alohida kitob holida o‘zbek o‘quvchilariga taqdim etdi, Gorkiy haqida xotiralar kitobini o‘zbekchalashtirdi, “Temir oqim”ni esa birmuncha qayta ishlab, yangidan nashr ettirdi.

Bu asarlar mutarjim ijodining dastlabki bosqichini tashkil etadi. Mazkur tarjimalarning muvaffaqiyatli tomonlari ham, kamchiliklari ham bor.

Keyinchalik Abdulla Qahhor o‘zining dastlabki tarjimalariga qanday munosabatda bo‘lganligi to‘g‘risida yozuvchining umr yo‘ldoshi Kibriyo Qahhorova shunday xotirlaydi: “Yigirmanchi yillarda Abdulla Qahhor Serafimovichning “Temir oqim” romanini tarjima qilgan ekanlar. O‘zbekiston Davlat nashriyoti bu kitobni qayta nashr qilmoqchi bo‘lib Abdulla Qahhorga murojaat etganda: “U yillari men rus tilini tatalab o‘qigan edim, shuning uchun bu tarjimadan voz kechdim” deb, nashriyotga rasmiy ravishda ariza bergan edilar. Nashriyot bu tarjimani menga topshirdi”[1].

Abdulla Qahhor hayot hodisalariga tiyrak ko‘z bilan qaraydigan, ularning mohiyatini teran his qilib, badiiy ifoda etadigan san’atkor bo‘lish bilan birga o‘ziga xos go‘zal nasriy uslub egasi sifatida ham tanildi. Uning ifodasidagi soddalik, ravonlik, ayni paytda, fusunkor obrazlilik tarjimalarida ham namoyon bo‘la boshladi.

Abdulla Qahhor 1936 yilning oxirlarida A.S.Pushkinning “Kapitan qizi” romanini tarjima qilib bo‘ldi. Roman dastlab “Sovet adabiyoti” jurnalining 1937 yil 2- va 3-sonlarida bosilib chiqdi. Shunisi diqqatga sazovorki, Abdulla Qahhor tarjimalari orasida eng ko‘p chop etilgani “Kapitan qizi”dir. U yarim asr mobaynida o‘n bir marta (1937, 1939, 1947, 1949 – ikki marta: Pushkin asarlari to‘rt tomligida va alohida, 1955, 1968, 1972, 1983, 1986 va 1988 yillarda) o‘zbek tilida dunyo yuzini ko‘rdi.

Ma’lumki, tarjima Vatan adabiyoti hodisasi bo‘lishi uchun uning eng yetakchi namunalari bilan bo‘ylasha olishi kerak. Bu degani boshqa xalq yozuvchisining o‘z adabiy-lisoniy muhitida yaratgan asari yuksak g‘oyaviy-badiiy qimmatga ega bo‘lishi bilan birga tarjimon uni o‘z xalqining adabiy an’analariga tayangan holda ona tili imkoniyatlari bilan asliyatdagidek maromga yetkazib voqe qilishi lozimligini bildiradi. Buning uchun esa badiiy ijod taqozosiga ko‘ra tarjima ustida qayta-qayta ishlash, unga sayqal berish, ma’no salmog‘ini oshirib, joziba sehrini kuchaytirib borish talab qilinadi. A.S.Pushkin “Tarjimonlar – ma’rifatning chopar otlaridir”[2] deganida ularning olijanob maqsad yo‘lida chekadigan zahmatlariga ham ishora qilgan bo‘lsa ajab emas. Shu jihatdan Pushkinning “Kapitan qizi” romani tarjimasi va uni takomillashtirish borasida mutarjimning ijodiy izlanishlarini kuzatish o‘rinlidir.

Abdulla Qahhorning “Kapitan qizi” tarjimasi ustidagi uzoq yillik izlanishlari kuzatilganda shunday tasavvur hosil bo‘ladiki, go‘yo o‘zbek adibi o‘z ijodiy yuksalishining har bir bosqichida mahorat kuchini Pushkin romanida bir bor sinab ko‘rganga o‘xshaydi.

Shuni ta’kidlash kerakki, tarjimani mukammallashtirish maqsadida uni qaytadan qo‘lga olish, original ijoddagi asarni qayta ishlashdan farq qiladi. Tarjimaviy ijod psixologiyasini o‘rgangan mutaxassislar bu xildagi “qaytish”ga tarjima jarayonining davomi sifatida qaraydilar.

A.Qahhor tarjimasining birinchi jurnal variantidayoq asliyatni so‘zma-so‘z o‘girishdan qochish, so‘z va iboralar zamiridagi obrazni qayta tiklashga intilish aniq seziladi. Unda muvaffaqiyatli tarjima qilingan ko‘pgina o‘rinlar borki, ular romanning eng so‘nggi nashrigacha ham hech bir tahrirga ehtiyoj sezdirmasdan yashab kelmoqda. Misol tariqasida ayrim parchalarga murojaat qilamiz.

Grinyov kapitanning qizi Mashaga ko‘ngil qo‘yib qolgach, yurak kechinmalarini she’rga solib, Shvabringa o‘qib beradi. Avval Mashaga sovchi qo‘yib, rad javobini olgan Shvabrinning bundan g‘ashi keladi va maqtov o‘rniga piching qiladi: “A kto eta Masha pered kotoroy iz’yasnyayeshsya v nejnoy strasti i v lyubovnoy napasti?”[3]. Romanning Abdulla Qahhor tarjimasidagi barcha nashrlarda ham quyidagi – asliga muqobil, badiiy barkamol jumlani o‘qiymiz: “Bu qadar nozik ehtiros arz etib, muhabbatpesha bo‘lganing Masha kim o‘zi?”

Boshqa bir joyda Grinyov qo‘zg‘olonchilarning oqsoqollari orasida kazakcha kiyinib olgan Shvabringa ko‘zi tushib, “hayron-hayron qoldim” deydi. Bu – “k neopisannomu moyemu izumleniyu”ning tarjimasi. Asl nusxada hayratning tasvirga sig‘masligi aytilsa, o‘zbekchada uning naqadar cheksizligi shundoq bilinib turibdi.

Umuman olganda Abdulla Qahhorning mazkur asar tarjimasiga kiritgan tuzatishlarini ularning xarakteriga qarab quyidagicha tasnif qilish mumkin: a) asliyatdagi ma’no noto‘g‘ri tushunilib, tarjima qilingan o‘rinlarni tuzatish; b) asliyatda tasvirlanayotgan vaziyat mantig‘i, personajlar tabiati taqozosiga muvofiq tuzatishlar (uslubiy izlanishlar); v) vaqt o‘tishi bilan ayrim so‘z va atamalarning qo‘llanish sohasi torayganligi sababli kiritilgan tuzatishlar; g) tarjimani matn ostidagi izohlar bilan boyitish, tushirib qoldirilgan o‘rinlarni tiklash.

Romanning o‘zbekcha jurnal variantidan so‘ng kitob bo‘lib bosilgan dastlabki nusxasidayoq (1939) tuzatish va to‘ldirishlar o‘z o‘rnini ola boshladi.

“Kapitan qizi” romaniga “Beregi chest smolodu” maqoli epigraf qilib olingan. Aslida bu “Beregi plate snovu, a chest smolodu” degan rus maqolining bir bo‘lagi bo‘lib, asarning birinchi bobida Grinyovning otasi tilidan aytiladi. Tarjimaning jurnal variantida garchi epigraf keltirilmagan bo‘lsa-da (payti kelganda aytish kerakki, jurnal variantida boshqa boblarga tegishli epigraflar ham o‘girilmagan), matnda u, “Kiyimni yangiligidan, nomusni yoshlikdan ehtiyot qil” (43) deb to‘g‘ri berilgan. Keyingi barcha nashrlarda ham maqol matn ichida ana shu holda saqlanadi. Biroq 1939 yil nashrida nima uchundir epigraf “Yoshligingdan nomusingni saqla” qabilida keltirilgan. U 1947 yilgi nashrda ham aynan shunday uchraydi. Faqat 1949 yilgi va undan keyingi nashrlarda maqoldagi mantiqiy urg‘u o‘z o‘rnini topdi: “Nomusingni yoshlikdan ehtiyot qil”.

Ba’zan originaldagi birgina so‘zni noto‘g‘ri tarjima qilish oqibatida asarning g‘oyaviy-mazmuniga, yozuvchi niyatiga jiddiy putur yetkazish mumkin. “Kapitan qizi” tarjimasida shunday hol kuzatiladi. Pugachev Belogor qal’asini ishg‘ol qilgach, o‘z tarafiga o‘tmagan ofitserlarni bir-bir osa boshlaydi. Navbat Grinyovga kelganda uni dor tagiga sudrab borayotganlar beixtiyor “Ne bos, ne bos” deyishadi. “Ajab emas”, “ehtimol” ma’nosida aytilgan bu so‘z 1937 va 1939 yillarda “qo‘rqma, qo‘rqma” deb berilgan. Ko‘rinib turibdiki, tarjimon “ne bos”ni “ne boysya” (shevada – “ne boys”) so‘zi bilan chalkashtirgan. Natijada voqealar mantig‘iga nomuvofiq vaziyat vujudga kelgan. To‘g‘ri, “qo‘rqma” deyish ham dalda, lekin tayin qatlga hukm etilgan dushmaniga qarata bu so‘zni aytish noo‘rindir. Aslida esa bu so‘z dushmanining ko‘nglini ko‘tarish uchun emas, balki yoshgina yigitning juvonmarg bo‘layotgan umriga achinayotgan oqko‘ngil, samimiy kishilarning yuraklaridan otilib chiqqan xitobdir. Axir ular odam o‘ldirishni kasb qilib olgan jallodlar emas, zulm va istibdod jondan o‘tib, qahr-g‘azab otiga mingan oddiy jabrdiyda kishilar edi. Romanning 1955 yilgi nashrida u “balki afv etilarsan” tarzida o‘girilgan. Bunda garchi keskin psixologik vaziyat manzarasi bor shiddati, hayajoni bilan aks etmagan bo‘lsa-da, har holda asliyatda aytilmoqchi bo‘lgan ma’no tiklangan.

“Kapitan qizi”ning o‘zbekcha tarjimasi 1939 yildan boshlab xiyla mukammal izohlar bilan nashr etildi. Bu esa kitobxonlarning asar voqealarini to‘laroq tushunishlariga yordam berdi. Muhimi shundaki, tarjimon ana shu izohlarni ham, roman boblariga qo‘yilgan epigraflaru matn ichida uchraydigan she’r va qo‘shiqlarning ham tobora sayqallanishiga, asl nusxadagiday badiiy funktsiyani bajarishiga alohida e’tibor bergan. Misol uchun, Grinyovning Mashaga atab yozgan she’ri o‘zbekchada bir-biridan tamoman farq qiluvchi uchta variantga ega (1937, 1939 va 1955).

Xullas, “Kapitan qizi” tarjimasida erishilgan ijodiy yutuqlar Abdulla Qahhor tarjimonlik faoliyatida burilish davri boshlanganligidan dalolat berdi. N.V.Gogolning “Uylanish” komediyasi tarjimasi (1937) esa buni uzil-kesil isbotladi. U faqat mutarjim Abdulla Qahhor ijodida emas, balki 30-yillarning oxiriga kelib o‘zbek tarjimachiligi qo‘lga kiritgan yutuqlar – Pushkinning “Evgeniy Onegin”i (Oybek), “Boris Godunov”i (Cho‘lpon), “Kavkaz asiri” (Hamid Olimjon), “Bog‘chasaroy fontani” (Usmon Nosir), Lermontovning “Demon”i (Usmon Nosir), V.Shekspirning “Otello”si (G‘afur G‘ulom) bilan bir qatorda o‘zbek adabiyotida realistik tarjima metodi qaror topganligini ko‘rsatuvchi asarlardan bo‘lganligi uchun ham ahamiyatlidir.

“Men birinchi saboqni Gogoldan olgan edim”, – deya e’tirof etadi Abdulla Qahhor. Bu saboq nasriy asarlar mutolaasidan olingan edi. Garchi, adibning o‘zi ta’kidlaganiday, Gogol obrazlari uning zehnida umrbod qolib ketgan bo‘lsa-da, tarjimon sifatida u rus klassigining nasriy asarlariga qo‘l urmadi, faqat ikki buyuk komediyasi – “Uylanish” va “Revizor”ni o‘girish bilan cheklandi, xolos.

Tarjimon ijodiy biografiyasida “Kapitan qizi” va “Uylanish” asarlari yangi bosqichni boshlab berganligini tasdiqlovchi yana bir dalil bor. Bu ham bo‘lsa adibning o‘z tarjimalariga munosabatidir. Adabiyot va ijod masalasida qattiqqo‘llik va halollik bilan nom qozongan Abdulla Qahhor ana shu asarlardan oldingi tarjimalarini keyinchalik qayta nashr ettirmagan. Faqat bir mistisno – 1936 yili o‘girilgan “Kashtanka” 1940, 1944, 1947 yillarda A.P.Chexov hikoyalari to‘plamlariga kiritilgan bo‘lsa-da, 1954 yildan u ham Xolida Ahrorova tarjimasida chiqa boshladi.

A.P.Chexovning Abdulla Qahhor tarjimasida chiqqan birinchi asari “Kashtanka” hikoyasidir. 1940 yili “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” jurnalining 1-sonida “Chiqdi” (101-bet), 3-sonida esa “Oy tutilishi” hikoyalari Abdulla Qahhor tarjimasida bosildi.

1944 yili O‘zbekiston Davlat nashriyoti Chexov vafotining 40 yilligi munosabati bilan uning hikoyalar to‘plamini o‘zbek tilida nashr etdi. 14 ta hikoyani o‘z ichiga olgan bu to‘plam Abdulla Qahhor tahriri ostida va uning muxtasar so‘zboshisi bilan bosib chiqarildi, biroq kitobda tarjimonlar nomlari keltirilmagan. Shu hikoyalarni tarjimonlar imzosi bilan 1947 yilda bosilgan matnga solishtirib, ulardan “Niqob”, “Yovuz niyatli kishi”, “Lozim choralar”, “Semiz va oriq”, “Kashtanka”, “Unter Prishibeev”, “Xameleon”, “Chiqdi”, “Chinovnikning o‘limi”, “Sarlavhasiz”, “Oy tutilishi” hikoyalarining mutarjimi Abdulla Qahhor ekanligini aniqladik.

Chexov tanlangan hikoyalarining bu nashriga ham Abdulla Qahhor muharrirlik qilgan bo‘lib, unda jami 47 hikoya to‘plangan, har bir hikoya sarlavhasining tagida ruscha nomi qavs ichida berilgan. Bu kitobga Abdulla Qahhor tarjimasi bilan yuqoridagilardan tashqari yana “Grisha”, “Tanish erkak” hikoyalari ham kiritilgan.

Abdulla Qahhorning Chexovdan tarjimalari tarixiga nazar solinsa shu narsa ayon bo‘ladiki, birinchidan, o‘zbek adibi rus klassigining adabiy-estetik merosini puxta o‘rganib, o‘zlashtirgach, ikkinchidan, o‘zbek badiiy nasrining yutuqlaridan sanalgan, endilikda esa jahon novellistikasi namunalariga bo‘ydosh deb tan olinayotgan ajoyib hikoyalari dunyoga kelgandan keyingina Chexov asarlari tarjimasiga chinakamiga kirishgan (30-yillarning o‘rtalarida qilgan tarjimalaridan yo keyinchalik voz kechgan yoki mutlaqo boshqatdan tarjima qilgan). Bu esa tarjimalarning muvaffaqiyati uchun bosh omil bo‘lgan.

Nafsilamrini aytganda, turli millat so‘z san’atkorlari orasida ro‘y beradigan adabiy-estetik ta’sirni faqatgina tarjimaga bog‘lab qo‘ymaslik kerak. “Biron yozuvchining ta’sirini o‘z ijodida his qilish uchun “ta’sirlanuvchi” adib uning asarlarini muqarrar tarjima qilgan bo‘lishi shart emas. Boshqacha aytganda, tarjima qila turib ta’sirlanmaslik mumkin emas, ammo ta’sirlanib turib – tarjima qilmaslik mumkin”[4].

Abdulla Qahhor 1960 yili “Ustod” nomli maqolasida shunday yozgan edi: “Men qo‘limga qalam olib rus adiblaridan madad so‘ragan vaqtlarimda bularning ko‘piga ergashganman, lekin uslubda menga hech kim domla Chexovchalik ta’sir ko‘rsatgan emas. Agar men uslubda biron daraja kamolotga erishgan bo‘lsam, uning uchun, shubhasiz, ustod Anton Pavlovichga qulluq qilaman”.

Abdulla Qahhorning urush yillarida adib va publitsist sifatidagi ijodining bosh yo‘nalishi front va front orti voqeligini yoritishga qaratilgan bo‘lsa, mutarjimlik faoliyatida ham harbiy mavzu yetakchi o‘rin tutadi. Yana shunisi borki, mutarjim harbiy tematikadagi badiiy asarlar tarjimasi bilangina cheklanib qolmaydi. Uning tarjimalari orasida turli janrlarga mansub kitoblarni uchratamiz. Xususan, akademik Ye.Tarlening “Berezina va buyuk armiyaning halokati” asari (o‘zbek tilida 1942 yili bosilib chiqqan) rus qo‘shinlarining Napoleon qo‘shinlari ustidan erishgan g‘alabasini hikoya qiluvchi tarixiy hujjatli qissa bo‘lsa, A.E.Ilchenkoning “Qalb xotirasi” (1943) kitobi muallifning o‘zbek delegatsiyasi tarkibida G‘arbiy frontga borishi va janggohlarda ko‘rgan-kechirganlariga bag‘ishlab, kuchli pafos bilan yozilgan safar ocherklaridan iboratdir. 1944 yili A.Qahhor tarjimasida chiqqan boshqa bir kitob – “Barhayot kishilar” dushmanga qarshi yashirin ish olib borgan qahramon yigit-qizlar uyushmasi “Yosh gvardiya”ga bag‘ishlangan turli publitsistik materiallar majmuasidir.

Ikkinchi jahon urushi davrida tarjima qilingan badiiy asarlar sirasiga Arkadiy Gaydarning “Temur va uning komandasi” (1942), Nikolay Virtaning “Shimoliy front” (1942), Vanda Vasilevskayaning “Kamalak” (1944) qissalari, Boris Gorbatovning “Aleksey Kulikov – jangchi” hikoyasi (1943), Lev Shapironing “Uchinchi o‘g‘il” (1943) kinoqissasi ham kiradi.

Asarlari Abdulla Qahhor tomonidan o‘zbekchaga o‘girilgan mazkur mualliflardan ko‘pchiligi o‘sha paytda Toshkentda yashaganligini va tarjimon bilan ular o‘rtasida muayyan ijodiy hamkorlik o‘rnatilganligini ham nazarda tutsak, bu faktning adabiy aloqalarimiz tarixida o‘ziga yarasha o‘rni borligi ayon bo‘ladi.

Abdulla Qahhor rus yozuvchilari ijodiy mahoratlarini o‘rganishga astoydil kirishgan davrlarini (30-yillarning o‘rtalari) eslab, o‘z tarjimai holida “Chexovdan keyin Tolstoy bilan jiddiy shug‘ullandim”[5] deb yozgan edi. Qizig‘i shundaki, o‘zbek adibining tarjimon sifatida bu yozuvchilar ijodiga murojaat etishida ham shu tartib saqlangan. Agar Chexovdan qilingan tarjimalari asosan 30-yillarning ikkinchi va 40-yillarning birinchi yarmiga to‘g‘ri kelsa, L.N.Tolstoyning “Urush va tinchlik” epopeyasi tarjimasiga urushdan keyingi davrda kirishgan.

Biz adibning rafiqasi va mazkur epopeyaning hamtarjimoni Kibriyo Qahhorova bilan 1985 yil 2 iyulda uchrashib, “Urush va tinchlik” romanini tarjima qilishga turtki bo‘lgan omillar haqida so‘raganimizda, u kishi mazkur roman tarjimasi nashriyot rejasiga kiritilib, Abdulla Qahhor bilan nashriyot o‘rtasida shartnoma tuzilganidan keyin asarni o‘girishga tutingani to‘g‘risida gapirgan edilar. Ehtimol, bu tarjima uchun sabab bo‘lgan xususiy hollardan biridir. Bizningcha, bundan ko‘ra chuqurroq va salmoqliroq omillarning mavjudligini ham inkor etib bo‘lmaydi.

Ma’lumki, tarjima ham ijodkor uchun o‘z “gapini aytish”, o‘tmish va bugundagi voqea va hodisalarga o‘z munosabatini bildirish vositalaridan biri bo‘lib kelgan. Qayta yaratish san’atining bu ajib xususiyati haqida mutarjimlarning o‘zlari takror-takror guvohlik berishgan. Xususan, rus tarjimoni Dmitriy Kovalev yoqut shoiri S.Danilov she’rlarini tarjima qilarkan: “Sen qalamkash do‘sting asarida qimmatli, ezgu narsalarni kashf etganing uchun tarjima qilasan. Faqat shundagina ijodiy qoniqish paydo bo‘ladi, o‘zing har bir tarjimadan keyin to‘lishib, boyib borasan”[6] degan bo‘lsa, arman shoiri L.Sevan o‘z faoliyati haqida gapirib: “Tarjima qilmasdan turolmayman. Aks holda mening olamim ifodalangan she’rni ko‘chirib olaman, adabiy o‘g‘irlik bilan shug‘ullangan bo‘laman”[7], – deydi.

Shuning uchun ham adib-tarjimonning biror asar tarjimasiga qo‘l urishi mazkur adibning dunyoqarashi, ijodiy rejasi, qolaversa, u mansub bo‘lgan adabiyot taraqqiyotining muayyan bosqichidagi estetik ehtiyoj bilan bog‘liq ob’ektiv hodisa ekanligini hisobga olish zarur.

Urush va adabiyot masalasini tadqiq qilgan taniqli adabiyotshunos P.M.Toper yozadi: “Har safar urushlardan keyin jahon san’atida, xuddi kometaning dumi singari, uzundan-uzoq iz qoladi”[8].

Darhaqiqat, “Urush va tinchlik” roman-epopeyasining yaratilishi va uning o‘zbek tiliga tarjima qilinishi tarixiga qiyosan nazar solinganda bu ikki adabiy hodisada muayyan o‘xshashlik borligini ilg‘ash qiyin emas.

Rus adabiyotshunosligi va tanqidchiligida “Urush va tinchlik” roman-epopeyasining yaratilishi, muallifning ijodiy rejasi haqida ozmuncha yozilmagan. Bulardan, bizningcha, M.B.Xrapchenko[9], E.E.Zaydenshnur[10], G.Krasnov[11] singari olimlarning fikrlari haqiqatga yaqinroqdir. Ular “Urush va tinchlik”ning yozilishiga turtki bergan narsa yozuvchining urush, tinchlik, inson taqdiri, tarixda xalq ommasining roli, inson hayotining ma’nosi, vatanparvarlik tuyg‘usi kabi qator masalalarni tafakkur ko‘zgusidan o‘tkazishi va chuqur anglab yetishi, shuningdek, adib Kavkaz yurishlarida, Qrim urushidagi Sevastopol mudofaasida va h.k. olgan taassurotlari, hayotiy tajribasi natijasida vujudga kelgan ijodiy ehtiyojdir, degan tezisni olg‘a suradilar. O‘z navbatida ular “Urush va tinchlik” muallifining qo‘liga qalam tutqazgan omil ikki dvoryanlar xonadoni – Bolkonskiylar va Rostovlar avlodining o‘ziga xos oilaviy tarixini yorituvchi tarixiy-maishiy roman yozish istagidir deguvchi tadqiqotchilar[12] da’volarini inkor etadilar.

Zotan, Lev Tolstoy urush dahshatini, uning xalqlar boshiga soladigan ofatlarini, u tufayli tug‘iladigan g‘am-alamlarni ko‘rib, uning mohiyatini chuqur idrok etgan va his qilgan. Shu bilan birga, yozuvchi urush har bir odamning aslan kim ekanligini yaqqol ko‘rsatuvchi o‘ziga xos ko‘zgu, vatanparvarlik, erk va adolat tuyg‘ulari bo‘rtib namoyon bo‘ladigan va bu tuyg‘ularga yangi konkret mazmun beradigan manba ekanligini, urush xalq va vatan taqdirini hal etadigan hodisaligi sababli bu tushunchalarning uzviy ma’no kasb etishining guvohi bo‘lgan. Bular undan – teran falsafiy dahoga ega bo‘lgan san’atkordan o‘ziga xos yechimini talab etgan muammolar edi. Bu esa yozuvchini Rossiyaning tarixiy taqdiridagi ulkan sinov yillariga – 1812 yilgi Vatan urushi voqealariga murojaat etishga, uni badiiy tahlil qilishga undadi.

Abdulla Qahhor xalq diliga quloq solgan san’atkor bo‘lganligi uchun Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq voqealar uning qalbida o‘z aks-sadosini berganligi turgan gap. Hatto urush haqidagi dastlabki xabarlar uning tasavvuriga epik badiiy obrazlar bilan uzviy ravishda kirib kelgan. “1941 yilda nemis bosqinchilari Ukraina tuprog‘iga bostirib kirgan kuni, – deb yozgan edi adib, – nazarimda, Taras Bulba baqirib, so‘kinib, xiyonatkor o‘g‘lini o‘z qo‘li bilan o‘ldirib, ikki yondan iyagigacha osilib tushgan mo‘ylovi xiyol titragan holda, qo‘liga qurol olib dushmanga qarshi chiqib ketayotganday bo‘ldi”[13].

G‘alaba kunida esa jismoniy va ma’naviy zo‘riqishdan xalos bo‘lgan kishi singari og‘ir tin olib, bosiqlik bilan deydi: “To‘rt yil intizor kutganimiz kun tug‘di. Ming balo va ofatlar buluti ostida ham ko‘zimizdan yo‘qolmagan g‘alaba quyoshi chiqdi”[14].

Demak, donishmand yozuvchi ongida, shuurida xalq taqdiri, uning tarixiy o‘tmishi, hozirgi kuni, mashaqqatlari-yu qayg‘u-alamlari, g‘alabalari-yu zafar sururi – hamma-hammasi ajib bir dialektik birlik kasb etgan. Adib urushning butun dahshatini, tinchlikning butun farahini boshidan kechiribgina qolmasdan, yuragidan his qilib, tafakkur kuchi bilan anglab yetgan, teran mohiyatini chaqib ko‘rgan. Bu taassurot: urush va tinchlik masalasining inson hayotida ulkan burilishlar yasay oladigan, xalqlar, elatlar, g‘oyalar, dinlar – barchasiga ta’sir o‘tkaza oladigan kardinal masala ekanligini chuqur idrok etish yozuvchida ana shu masalaga munosabat bildirish ehtiyojini yuzaga keltirgan bo‘lsa ajab emas.

“Hayotimning eng qulay shart-sharoitlar mavjud bo‘lgan yaxshi davrida to‘rt yil mobaynida muttasil mehnat qilib yaratganim asarni (“Urush va tinchlik”ni – A.U.) chop etarkanman, men uni yozayotib, tuygan zavqdan hech bo‘lmasa biror ulushini kitobxonlar ham olishini istardim”[15], – deb yozgan edi Tolstoyning o‘zi.

O‘tkir zehnli kitobxon Abdulla Qahhor muallif istagini his qila olgan, bu esa roman-epopeya tarjimasiga tutinish uchun muhim turtki bergan.

To‘g‘ri, Abdulla Qahhor ijodida front va front orqasidagi voqealarga bag‘ishlangan asarlar kam emas. Lekin bularning barchasi “urush, tinchlik – inson” masalasini badiiy tadqiq etishdagi yorqin manzaralar, chizgilar bo‘lsa-da, bu masalani keng epik ko‘lamda tahlil qilish imkoniyatiga ega emas edi. Bizningcha, mana shu hol uni L.N.Tolstoy ijodiga murojaat etishga – “Urush va tinchlik” tarjimasi orqali ko‘nglidagi “dardlari”ni to‘kib solishga undagan.

Abdulla Qahhor tarjimonlik merosining asosiy qismini, avval aytganimizdek, rus adabiyoti asarlari tashkil etadi. O‘rta Osiyo xalqlari adabiyotidan uning ikki tarjimasi ma’lum: birinchisi tojik yozuvchisi Foteh Niyoziyning “Vafo” romanidan parcha (“Sharq yulduzi”, 1950 yil, № 1, 127-134-betlar), ikkinchisi – qoraqalpoq yozuvchisi To‘lepbergen Qaipbergenovning “Sovuq bir tomchi” qissasi (1965).

Abdulla Qahhorning tarjimonlik faoliyati arab ertaklari – “Ming bir kecha” turkumiga kiruvchi “Bir soatlik xalifa” kitobi bilan yakunlanadi. Adib bu asarni rus tilidan o‘girgan va unga “Tarjimondan” degan maxsus so‘zboshi yozgan. So‘zboshida “1965 yil avgust” deb ko‘rsatilishiga qaraganda, tarjima ham shu vaqtlarda tamomlangan bo‘lsa kerak. Biroq kitob 1967 yili bosmadan chiqqan.

Abdulla Qahhor tarjimonlik faoliyatining yana bir sohasi borki, bu – kinofilmlar dublyajidir. Tarjimashunosligimizda umuman dublyaj san’ati hali nazariy tahlil etilmagani singari, Abdulla Qahhorning bu boradagi xizmatlari ham o‘rganilmagan va o‘z tadqiqotchisini kutayotgan sohadir.

Abdulla Qahhor tarjimonlik biografiyasiga hatto yo‘l-yo‘lakay bir nazar tashlash ham uning oddiydan murakkabga, quyidan yuqoriga qarab o‘sib borganligini aniq ko‘rsatadi. Bu yuksalish faqat badiiy mahoratning charxlanishi bobidagina emas, o‘qish-o‘rganish bobida ham seziladi.

Ma’lumki, Abdulla Qahhor 30-yillarning boshida “rus tilini tatalab o‘qigan”ligini tan olgan.[16] 1950-yillarning oxirida “Sinchalak”ni ruschaga tarjima qilish yuzasidan u bilan ijodiy muloqotda bo‘lgan Konstantin Simonovning quyidagi e’tirofi esa butunlay boshqacha tasavvur beradi: “Qahhor rus tilini juda yaxshi bilardi va o‘zbekcha tekstga muqobil keladigan ruscha ifodalarni topishda o‘ta zukko va hozirjavob edi”[17].

Abdulla Qahhorning tarjimonlik faoliyatida ko‘zga yaqqol tashlanib turadigan xususiyatlaridan biri shuki, uning mutarjim sifatidagi mahorati charxlanib borishiga ko‘ra ikki muhim bosqichga bo‘linadi: a) lisoniy va adabiy malaka orttirish bosqichi. U taxminan 20-yillarning oxiridan 1936-1937 yillargacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu davr tarjimalari uchun muvaffaqiyatli chiqqan o‘rinlar bilan birga lug‘aviy xatolarning uchrab turishi, asliyat ma’nosini chuqur tushunib yetmaslik, muallif uslubini hamma vaqt ham his qila bermaslik, asliyat matnidagi grammatik qurilish ta’siridan qutulolmaslik kabi qusurlar xos edi; b) mahorat bosqichi, ya’ni 1937 yillardan keyingi davr. Bu “Kapitan qizi” va “Uylanish” asarlarining tarjimasi bilan boshlanadi. Shuni ta’kidlash kerakki, mutarjim ijodidagi bu bosqichning sodir bo‘lishi o‘zining ob’ektiv va sub’ektiv asoslariga ega.

Avvalo shu davrga kelib Abdulla Qahhor yozuvchi sifatida jiddiy muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi. “Sarob” romanini, jahon novellistikasi fondidan joy olgan bir qator hikoyalarini yaratdi. O‘sha paytdayoq Saidg‘ani Valiyev yozgan edi: “Abdulla Qahhor hikoyalarining tilini yozuvchining yutuqlaridan biri deb hisoblash kerak. Uni til jihatidan oldingi yozuvchilarimizdan biri, deb atasak mumkin. A.Qahhor… mumkin qadar qisqa hikoyalarini xalqning obrazli so‘zlari, o‘xshatishlari bilan bezaydi”[18].

Abdulla Qahhorning original va tarjima ijodi har doim o‘zaro uzviy aloqada bo‘lib kelgan.

Muhimi shundaki, Abdulla Qahhor tarjimalarida asliyat uslubini aks ettirish hech mahal mutarjim ijodiy shaxsiyatining yo‘qolishi hisobiga bo‘lmagan. Aksincha, teran milliy badiiy tafakkur tarzi va uslubiy an’analariga tayangan san’atkor qalami bilan qayta tiklangan asarlar adabiyotimizda o‘z munosib o‘rnini topa oldi. Natijada yozuvchi Abdulla Qahhorning o‘zbek adabiyotida nasriy uslublar ravnaqiga qo‘shgan hissasi tarjimon Abdulla Qahhor ulushi bilan yanada boyidi.

Abdusalom Umarov,

filologiya fanlari doktori, professor

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 9-son

[1] Qahhorova K. Chorak asr hamnafas (“Yoshlik”, 1985, № 7, 59-bet). Bu yerda tarjimaning yili noto‘g‘ri ko‘rsatilgan (A.U.).

[2] Pushkin A.S. Poln.sobr.soch. v 10 ti tomax. T.7. – M., 1958, str. 515.

[3] Pushkin A.S. Kapitanskaya dochka. Izd.vtoroye, dopoln. – L., 1985, s. 24 (Boshqa misollar ham shu nashrdan olinib, qavs ichida beti ko‘rsatiladi – A.U.)

[4] Salomov G‘. Tarjima nazariyasiga kirish. –Toshkent, 1978. –133-bet.

[5] “O‘zbek tili va adabiyoti masalalari” jurnali, 1960, № 4, 8-bet.

[6] Iqtibos N.Komilovning “Qayta yaratish san’ati” maqolasidan olingan. Q.: Adabiyot va san’at. – T., G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 1988, 44-bet.

[7] Shu manba, 45-bet.

[8] Toper P.M. Radi jizni na zemle. Literatura i voyna. Traditsii resheniya. Geroi. Izd-vo trete, dopolnitelnoye. – M., Sov.pisatel, 1985, str.3.

[9] Xrapchenko M.B. Lev Tolstoy kak xudojnik. Izd. chetvertoye. – M., Xudojestvennaya literatura. 1978, s.77-81.

[10] Zaydenshnur E.E. “Voyna i mir” L.N.Tolstogo. Sozdaniye velikoy knigi. – M.: Kniga. 1966. s.5-11. Ona je. Istoriya napisaniya i pechataniya “Voynы i mira”. V t.16. Poln.sobr.soch.L.N.Tolstogo, (yubileynoye izd.). s.19-144.

[11] Krasnov G. Geroy i narod. O romane Lva Tolstogo “Voyna i mir”. – M.: Sovetskiy pisatel. 1964, s.6-42.

[12] Bu haqda qarang: E.E.Zaydenshnur. “Voyna i mir” L.N.Tolstogo. Sozdaniye velikoy knigi. S.5-7 i 391.

[13] Abdulla Qahhor. Asarlar. T.6. 268-bet.

[14] Abdulla Qahhor. Asarlar. T.6. 472-bet.

[15] Tolstoy L.N. Poln. Sobr.soch. (yubileynoye izd.) T.13, s.56.

[16] Qarang: Qahhorova K. Chorak asr hamnafas. 24-bet.

[17] Drujba narodov. 1970, № 6, str.130.

[18] Valiyev S. Abdulla Qahhor to‘g‘risida. Sovet adabiyoti. –1935, № 5, 51-bet .