Xalq og‘zaki ijodi – millat hayoti va tafakkurining badiiy qomusidir. Folklorning ushbu xususiyati, ayniqsa, eposda ko‘zga yaqqol tashlanadi. Zero, boshqa hech bir janr olam va odamni badiiy idrok etishda eposdek keng imkoniyatga ega emas. Dunyo xalqlari og‘zaki adabiyotining sara epik namunalari orasida “Qo‘rqut ota kitobi” ham g‘oyat mashhur (“Qo‘rqut Ota kitobi”. “Yoshlik” jurnali, 1988 – 5-son (38 – 55-betlar); 6-son (34 – 47-betlar); 7-son (41 – 54-betlar). Turk, ozarbayjon, turkman kabi xalqlarning mushtarak adabiy merosi bo‘lmish bu muhtasham asar bag‘rida ham “Iliada” va “Odisseya”, “Mahobxorat” va “Ramayana”, “Alpomish” va “Manas”dagidek, tuganmas ma’no bulog‘i qaynaydi.
“Qo‘rqut ota kitobi” tarjimasiga so‘zboshi yozgan adabiyotshunos olim Baxtiyor Nazarov qayd etganidek, IX – XIV asrlarda yaratilib, XV asrda tartib berilgan, o‘n ikki hikoyatdan iborat mazkur asarda islomgacha bo‘lgan davrga mansub turkiy xalqlar hayoti ham o‘z ifodasini topgan (B.Nazarov.”Qo‘rqut ota kitobi” haqida.“Yoshlik” jurnali, 1988 yil 5-son,39-bet). Eposdagi har bir hikoyat mustaqil asar bo‘lib, barcha hikoyatlarni ularda qatnashuvchi personajlar, eng avvalo, zukko baxshi-shoir Qo‘rqut ota obrazi birlashtirib turadi. Zotan, “Qo‘rqut ota kitobi” ushbu baxshi-shoirni ta’rif-tavsif etuvchi quyidagi so‘zlar bilan boshlanishi aslo bejiz emas: “Hazrati Rasul alayhissalom zamoniga yaqin paytda Bayot naslidan Qo‘rqut ota degan er dunyoga keldi. U kishi O‘g‘uzning bilguvchisi edi, o‘g‘uz ichida uning bir karomati zohir bo‘lmish edi, ne desa bo‘lardi, g‘oyibdan turli xabar so‘ylardi, Yaratganning o‘zi uning qalbiga ilhom solardi”. Bu so‘zlardan Qo‘rqut otaning Haq Taologa qalban bog‘langan zot bo‘lgani, ilohiy ilhom vositasida g‘aybdan mujdalar olgani ma’lum bo‘ladi. Uning el orasidagi obro‘yi shu qadar baland ediki, “Qo‘rqut ota O‘g‘uz qavmining mushkulini hal etardi; har ne ish bo‘lsa, Qo‘rqut otadan bemaslahat ko‘rilmasdi; har kim uning buyurganini bajarardi”. Baxtiyor Nazarov yana kirish so‘zida ta’kidlaganidek, “Mazkur kitobda… Qo‘rqut ota… o‘lmas, abadiy hayot kechiruvchi qahramon sifatida talqin qilinadi. Bu esa aslida mazkur asarni yaratuvchi xalq orzularining ifodasidir” (Yuqoridagi manba, 40-bet).
“Qo‘rqut ota kitobi” hikoyatlarida, asosan, jamiyatning yuqori tabaqa vakillari – xonlar, beklar bosh qahramon sifatida gavdalantiriladi. Buning sababi shuki, odatda, millat hayoti ko‘proq yuqori tabaqa vakillari fe’l-atvori, istak-xohishi, sa’y-harakatiga bog‘liq tarzda kechadi. Albatta, aholining quyi tabaqasi vakillari uchun ham xonu beklarnikidek kechinma, orzu-istak, tuyg‘u va ehtiroslar begona emas. Biroq har kuni bir xil yumush bilan shug‘ullanib, kamtarona kun kechiruvchi cho‘pon, dehqon va hunarmandlar aksar turmushning adoqsiz mayda tashvishlariga o‘ralashib yashaydi. Hukmdor va uning atrofidagi zodagonlar esa bunday tashvishlardan forig‘ bo‘lgani sabab ular hayotida insoniy ehtiroslarning cheksiz ummoni mavjlanadi. Zotan, quyi tabaqa vakillariga xos tirikchilik tashvishlari oyog‘iga tushov bo‘lganida edi, Alpomish Barchinni deb qalmoq yurtiga, Farhod Shirinni deb arman o‘lkasiga yo‘l olmas edi. Ammo, shunga qaramay, “Qo‘rqut ota kitobi”da oddiy xalq vakillari, chunonchi, cho‘ponlarning yorqin obrazini ham uchratish mumkin.
Asarda voqea-hodisalar nasr, qahramonlar o‘y-kechinmasi esa nazmda ifodalanadi. Xoh nasriy, ham nazmiy bayonda bo‘lsin, xalqona tilga xos donolik, lo‘ndalik, yorqinlik ko‘zga tashlanib turadi. “Qo‘rqut ota kitobi”ni mutolaa qilar ekansiz, bot-bot yombi iboralar, teran hikmatlarga duch kelasiz. Ushbu ibora va hikmatlar o‘g‘uz xalqining ko‘p asrlik hayot tajribasidan chiqarilgan dono xulosalar o‘laroq kishi aqlini hayratga soladi. Ular goh baxshi-shoir nutqi, goh esa personajlar nutqida kelib, mazmun teranligi va shakl go‘zalligi uchun xizmat qiladi.
“Qo‘rqut ota kitobi” – qadimgi turkiy xalqlarning tabiat, jamiyat va insonga doir boy qarashlarini o‘rganishda benazir manbadir. Biz quyida ushbu eposning ayrim hikoyatlarini tahlil qilish orqali ana shu qarashlarga bir karra nazar tashlaymiz. Dastlab tahlilimiz uchun asos bo‘lajak bir necha hikoyat mazmuni bilan muxtasar tanishib olsak.
1. Dirsa xon o‘g‘li Bo‘g‘och xon haqida hikoyat. Bo‘yintur xon har yili bir marta o‘g‘uz beklarini chaqirib, to‘y berar edi. Ushbu ziyofatlar shu qadar dabdabali o‘tardiki, u tikdirgan chodirlar yer yuzini qoplar, ola soyabonlar esa ko‘k yuzini to‘sardi. Bu gal Boyintur: “O‘g‘li borni oq o‘tovga, qizi borni qizil o‘tovga qo‘ndiring, kimningki o‘g‘li-qizi bo‘lmasa, qora o‘tovga o‘tqazing, qora kigiz to‘shang, oldiga qora qo‘yning sonidan qo‘ying, yegani yesin, yemagani ketsin. O‘g‘li-qizi bo‘lmaganni Egam qarg‘agandir, biz ham qarg‘armiz”, deydi. O‘g‘uz beklaridan Dirsa xonning o‘g‘il-qizi yo‘q edi, shu bois u qora o‘tovga kiritiladi. Bundan jahli chiqqan Dirsa xon to‘yni tashlab o‘rdasiga qaytadi-da, “Qani ayt-chi, sandami, mandami ayb, Qodir Egam bizga bir o‘g‘il bermas”, deya xotinini qistovga oladi. Xotini esa bunga javoban: “Na mandan va na sandan, ustimizda turgan yoziqdandir”, deydi g‘am-hasratda. Dirsa xon xotinining maslahati bilan otdan – ayg‘ir, tuyadan – bo‘g‘ro, qo‘ydan – qo‘chqor so‘ydirib, Ich O‘g‘uz, Tash O‘g‘uz beklarini chaqirib, och ko‘rsa to‘ydirib, yalong‘och ko‘rsa kiyintirib, qarzdorlarni qarzidan qutqazib, eldan bir jujuq so‘rab, duo oladiki, tez orada xotini homilador bo‘lib, oy-kuni yetganda bir o‘g‘il tug‘adi.
O‘g‘il besh yoshga kirganida, Dirsa xon uni olib Bo‘yintur xon o‘rdasiga boradi. Bo‘yinturxonning bir buqa va tuyasi bo‘lib, ular toshni tepsa, talqonga aylantirar darajada kuchli edi. Bo‘yinturxon har yili ikki marta – yoz va kuzda ularni urishtirardi. Odamlar buqa maydonga chiqib kelganda daf’atan uch-to‘rt bola bu yerda o‘ynab yurganini ko‘rib qoladi. Ularning “Qoching” degan qichqirig‘iga javoban boshqa bolalar qochadi, biroq Dirsa xonning o‘g‘li maydonda turaveradi. Hatto buqa unga hujum qilmoqchi bo‘lganda uning manglayiga musht urib, yerga ham qulatadi. Shu yerda hozir bo‘lgan Qo‘rqut ota bolaning mardligiga tasanno aytadi va unga Bo‘g‘och deya ism qo‘yib, “Otini man berdim, yoshini Egam bersin”, deya duo qiladi.
Tobora kuch-quvvatga to‘lib, dovrug‘i ham yoyilib borayotgan Bo‘g‘ochga Dirsa xonning qirq yigiti qalbida hasad uyg‘onadi. Ular: “Ey xon, o‘g‘ling nonko‘r chiqdi, yaramas chiqdi. U katta-yu kichik, erkagu ayol, barcha-barchani xo‘rlamoqda, tahqirlamokda. Buning xabari Bo‘yintur xonga yetib borsa, uning g‘azabiga duchor bo‘lasan. Bunday o‘g‘il sanga na kerak, o‘ldirsang-chi”, deya uning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solishadi.
Oqibatda Dirsa xon qirq yigit maslahati bilan o‘g‘lini aldab ovga olib chiqadi-da, u kiyik quvib, otasi oldidan o‘tganda, o‘g‘liga kamondan o‘q uzadi. Bundan keyingi voqeani roviy: “… o‘q o‘g‘lonning ikki kuragi o‘rtasiga borib qadaldi, qizil qon to‘kildi, qo‘yni qonga to‘ldi, badaviy otining bo‘ynini quchoqladi, yerga quladi”, deb tasvirlaydi. O‘z qilmishidan dahshatga tushgan Dirsa xon o‘g‘li ustiga kelib ho‘ngrab yig‘laydi. Oxiri, o‘g‘lim o‘ldi, degan fikrga kelib, qirq yigiti bilan o‘rdasiga qaytadi. O‘g‘lining ilk ovini bayram qilish ilinjida turgan Dirsa xonning xotini esa bu davrada o‘g‘lini ko‘rmay, uni so‘rab-surishtirishga tushadi. Biroq Dirsa xon mum tishlagandek lom-mim demay turaveradi. Nomard qirq yigit esa onaga bunday javob qiladi: “O‘g‘lon sog‘dir, omondir, erta tongotarda kelar, qo‘rqma, qayg‘urma, bek sarxushdir, shuning uchun javob bermadi”.
Bu javobdan qanoatlanmagan ona qirq inja qizni yoniga olgancha, arabiy otga minib, o‘g‘lini qidirib ketadi. U birmuncha yo‘l yurib, qishin-yozin qori, muzi erimas bir toqqa yetib boradi. Qarasa, bir dara ustida qarg‘a-quzg‘un aylanayotir, goh qo‘nib, goh uchayotir. Dirsa xonning xotini otni ana shu tomon yo‘rttiradi. Bo‘g‘och xon shu yerga qulagan bo‘lib, qarg‘a-quzg‘un uning ustiga qo‘nmoqchi bo‘lar, lekin ikki kuchuk o‘z egasini ulardan qo‘riqlab turardi. Ittifoqo Bo‘g‘och xon ustida yashil to‘nli, bo‘z otli chol paydo bo‘ladi-da, uning yarasini uch marta silab, “Qo‘rqma o‘g‘lon, sanga bu yaradan o‘lim yo‘qdir, tog‘ chechagi-la ona suti yarangga malham bo‘lar”, deb ko‘zdan yo‘qoladi.
Chol g‘oyib bo‘lgan mahal ona o‘g‘il oldiga yetib keladi. Bo‘g‘och xon unga yashil to‘nli, bo‘z otli chol so‘zlarini yetkazadi. Qirq qiz darhol tog‘ chechagini terib keladi. Ona esa ko‘krak sutiga qorib, ulardan malham tayyorlaydi. So‘ng o‘g‘lini o‘rdaga keltirib, hakimlar qo‘liga topshiradi-yu, lekin buni Dirsa xonga bildirmaydi. Shundan keyingi voqeani roviy: “… qirq kunda o‘g‘lonning yarasi bitdi, qirq kunda soppa-sog‘ bo‘ldi. O‘g‘lon otga minib, qilich ushlaydigan bo‘ldi, ov ovlab, qush qushlaydigan bo‘ldi”, deb bayon qiladi.
Bo‘g‘och xonning tirikligidan xabar topgan qirq yigit esa, agar Dirsa xon o‘g‘lini ko‘rar bo‘lsa, jim turmas, bizni bitta qo‘ymay qirib tashlar, deya endi uning o‘zini yo‘qotmoqqa kirishadi. Nomardlar Dirsa xonni mastligida tutib, oyoq-qo‘lini bog‘laydi-da, g‘ayurlar mamlakati sari yo‘lga tushadi. Ular o‘z asirini ana shu begona yurtda o‘ldirish rejasini tuzishgan edi. Bu mash’um xiyonatdan bexos xabar topgan Dirsa xonning xotini darhol o‘g‘li yoniga boradi va unga: “Ul qirq nomard otangni tutdilar, qo‘llarini ortiga bog‘ladilar, jun chilvirni bo‘yniga soldilar, o‘zlari otda, otang esa yayov uzoq yurtlarga ketdilar. Xonim o‘g‘li, qalqib o‘rningdan tur, yoningga qirq yigitni ol, otangni qutqar, bor o‘g‘lim, otang sani qiysa ham, san otangni qiymagil”, deya nasihat qiladi.
Bo‘g‘och xon ona o‘gitiga ko‘ra, qirq yigitni yoniga olgancha, otasi ortidan quvib ketadi. Otasining qorasini olgach esa, qirq yigitini pistirmaga qo‘yib, o‘zi ot ustida ko‘rinish beradi. Bu paytda xoinlar soya-salqin bir joyga qo‘nib, rosa sharobxo‘rlik qilmoqda edi. Ular Bo‘g‘och xonni tanimay, shu yigitni ham tutaylik, Dirsa xon ikkisini dushman yeriga eltib, o‘sha joyda bo‘g‘izlaylik, deya manmanlikka berilishadi. Bu so‘zlarni eshitgan Dirsa xon, maning qo‘limni yeching, qo‘bizimni dastimga bering, ul yigitni man chaqiray, so‘ngra xoh o‘ldiring, xoh tirik qoldiring, ixtiyor o‘zingizda, deydi ularga qarata. Dirsa xonning qo‘lini yechib, dastiga qo‘bizni beradilar. U o‘g‘lini tanimay, qo‘biz chalgancha, yigitni yoniga chaqiradi. Bo‘g‘och xon ishorasi bilan uning qirq yigiti pistirmadan chiqadi va dushman ustiga yopiriladi. Qancha xoinning boshi tanasidan uchadi, qanchasi tutqun qilinadi. Dirsa xon nihoyat o‘g‘li tirikligini biladi. Ota-o‘g‘il bir-birini quchib yig‘laydi, bir-biriga dili roz qiladi. So‘ngra ular o‘z o‘rdalariga qaytadilar, Dirsa xonning xotini eri va o‘g‘lini birga ko‘rib, Yaratganga shukrona keltiradi…
2. Salor Qozonning uyi talon-taroj bo‘lgani hikoyati. O‘g‘uz beklarini chorlab, katta ziyofat bergan Salor Qozon sharob ichib, boshi aylanib, bunday xitob qiladi: “So‘zim anglang, beklar, so‘zim tinglang, beklar; yota-yota yonboshimiz og‘ridi, tura-tura belimiz quridi. Yuringlar, ey beklar, ov ovlaymiz, qush qushlaymiz, kiyik otamiz, keyin o‘tovimizga qaytib, yeymiz, ichamiz, maishat qilamiz”. Qo‘noq beklar uning taklifini ma’qullaydi va ular darhol ovga yo‘l oladi. G‘anim yurt josusi esa ularga izma-iz ergashib borib, bu haqda o‘z hukmdori Sho‘qli Malikka ma’lum qiladi. Sho‘qli Malik yetti ming askari bilan yetib kelib, Salor Qozon o‘rdasini tun yarmida bosadi. Ular o‘g‘uzlarning shahboz otlari, qizil tuyalarini haydab ketadi. Boy xazinasi, ko‘plab aqchasini ham talon-taroj qiladi. Buyam mayli-ya, Qozon xonning onasi, xotini va o‘g‘li – O‘rozni ham bandi etadi. Bundan tashqari, yog‘iy zodagonlaridan biri Sho‘qli Malikka: “Qozon xonga yana bir zulm etsak. Qopilar Darbendi oldida o‘n ming qo‘yi bor, shu qo‘ylarni ham ola ketsak”, deya maslahat soladi. Sho‘qli Malik: “Olti yuz otliq borsin, qo‘ylarni haydab kelsin”, deya buyruq beradi.
Biroq Qozon xonning cho‘poni Qarochiq, Qiyon Kuchu va Damir Kuchu degan ikki qarindoshini yoniga olib, Sho‘qli Malik askarlari bilan mardona olishadi. Hikoyatda Qarochiqning olti yuz askar bilan qanday jang qilgani bunday tasvirlanadi: “Mardlar mardi Qarochiq cho‘pon palahmoniga tosh soldi, otdi. Bir otdi, g‘ayridinning ikkisini yiqdi, ikki otdi, uchtasi, to‘rttasi yiqildi. G‘ayurlarning qo‘ksiga qo‘rquv tushdi. Qarochiq cho‘pon g‘ayridinning uch yuztasini palahmon toshi ila halok etdi. Ikki qarindoshiga o‘q tegib, shahid bo‘ldi”. Toshlar tugab qolgach esa, cho‘pon palahmonga qo‘y qa echkilarni solib otishga kirishadi. Shunda yog‘iy askarlari: “Yorimasin, yolchimasin, bu cho‘pon bizning hammamizni qirib tashlaydi-ku”, deya ortiga qarab qochadi.
Ovda yurgan Salor Qozon esa tunda yomon tush ko‘rib, o‘rdasi va oilasida xavotirga tushadi-yu, tongda qo‘ng‘ir otini egarlab, “Uch kunlik yo‘lni bir kunda bosarman, agar uyim tinch bo‘lsa, yana qaytarman”, deya shikorchi beklar-la xayrlashib, yo‘lga chiqadi. U shamoldek yelib, yurtiga kelsa, qushlardan faqat quzg‘un qolibdi, sanqib yurgan tozilar qolibdi.
Bu manzarani ko‘rib, ko‘ziga yosh qalqqan Salor Qozon yog‘iy iziga tushadi. U yo‘lida avval suv, so‘ngra bo‘ri, undan ham keyin ko‘ppakni uchratadi, ularga “O‘rdam xabarin bilarmisiz, ayting manga”, deya iltijo qiladi. Tasodifni qarangki, ko‘ppak Qarochiq cho‘ponning iti bo‘lib, u Salor Qozonni o‘z egasi oldiga olib boradi. Uni yuz bergan kulfatdan xabardor qilgan Qarochiq cho‘pon ham Salor Qozon ortidan ergashadi. Zero, bek o‘z oilasini qutqarmoqchi bo‘lsa, cho‘pon esa qarindoshlari o‘chini olmoqchi edi. Shunda Qozon Salorning xayoliga: “Agar yog‘iy ustiga cho‘pon bilan birga borsam, o‘g‘uz beklari o‘rtasida sharmanda bo‘laman, chunki ular cho‘ponsiz o‘zi dushmanni yengolmasdi”, deya o‘ylashadi degan fikr keladi. U cho‘ponni bahaybat bir og‘ochga bog‘laydi-da, o‘zi yo‘lda davom etar ekan: “Avval uyimni qutqaray, keyin sani qo‘yvoraman”, deb va’da beradi. Qarochiq cho‘pon bir yulqinib, bahaybat og‘ochni qo‘poradi-yu, uni orqalab yana Qozon xon ortidan chopadi. Bu mardligi bekka xush kelib, uning qo‘llarini yechadi va manglayidan o‘padi. Shu tariqa ular dushmanni endi birgalikda ta’qib etishga kirishadilar.
Bu payt Sho‘qli Malik maishat qilib o‘tirar, Salor Qozonni yana qanday haqorat qilsam ekan, deb o‘ylardi. Uning ko‘ngli Salor Qozonning xotini Burla Xotunni olib keltirib, o‘zi va beklariga sharob quydirishni tusab qoladi. Bundan xabar topgan Burla xotin qirq qiz ichiga kirib o‘tirib, ularga, Qozon xonning xotini kim deyishsa, bir ovozdan man deb ayting, deb buyuradi. Dastlabki urinishi zoye ketgan Sho‘qli Malik Burla Xotun hiylaga qarshi shunday hiyla o‘ylab topadi. U, O‘rozni bo‘g‘zidan osing, etini qiyma-qiyma qilib, qovurdoq pishiring. Qovurdoqni o‘sha qirq bir qizga yediring, kim yemasa o‘sha Qozonning xotini, deb buyruq beradi. Chorasiz qolgan Burla Xotun O‘rozning oldiga kelib, unga: “Ne dersan, o‘g‘il, saning etingdan yeyayinmi yoki boshqa dinlining to‘shagiga kirayinmi? Og‘am Qozon Bekning nomusini sindirayinmi, na qilayin, o‘g‘lim-a?” deb nola chekadi. O‘roz esa hech o‘ylab o‘tirmay: “Mayli, etimdan uzsinlar, qora qovurdoq pishirsinlar. Qirq bek qizlariga ulashsinlar. Ular bir bo‘lak yeganda, san ikki bo‘lak yegil, toki sani o‘zga dinli dushmanlar bilmasinlar, sezmasinlar. Toki o‘zga dinlining to‘shagiga bormagaysan, sharobini suzmagaysan, otam Qozon nomusin yerga urmagaysan”, deb javob qaytaradi.
Shu mahal Salor Qozon va Qarochiq cho‘pon bu yerga yetib keladi. Salor Qozon Sho‘qli Malikka murojaat etib, menim o‘rdamdan nimaniki talagan bo‘lsang, mayli, saniki bo‘lsin, ammo manga oq sut bergan onamni qaytargil, deb undan iltimos qiladi. Sho‘qli Malik esa bekni battar tahqirlab, “Onangni sanga qaytarmasmiz, uni Yayxon Kashish o‘g‘liga berurmiz, onang Yayxondan o‘g‘il tug‘ar”, deya masxara qiladi.
Shu payt Salor Qozon kulfatidan xabar topgan O‘g‘uz beklari yetib kelishadi-yu, yov ustiga yashindek ot qo‘yadi. O‘sha kuni qiyomat savash bo‘ladi. Keskir po‘lat qilichlar sermaladi, uch qirrali o‘qlar otiladi, o‘tkir nishli gurzilar yog‘iladi. Salor Qozon jang chog‘i Sho‘qli Malikka duch kelib, bo‘kirtirib otdan yiqadi, uning g‘ofil boshini kesib, qizil qonini yerga to‘kadi. Sho‘qli Malik bilan birga o‘n ikki ming yog‘iy askari yer tishlaydi, o‘g‘uzlardan esa besh yuz yigit shahid bo‘ladi. Salor Qozon O‘g‘uz beklari bilan birga o‘z o‘rdasi, o‘g‘li, onasi, xotinini qutqarib, yana yurtiga qaytadi va taxtiga o‘tiradi.
3. Ich O‘g‘uz Tash O‘g‘uzga itoat etmagani va Bayrakning madhi hikoyati. Qozon xon uch yilda bir marta Ich O‘g‘uz, Tash O‘g‘uz beklarini jam etib, o‘z uyini yag‘molatar edi. Bunda u xotinining qo‘lidan tutib, tashqariga chiqib ketar, O‘g‘uz beklari esa uydagi barcha buyum va jihozlarni bo‘lib olardi. Bu gal Qozon xon o‘z uyini faqat Ich O‘g‘uz beklariga yag‘molatadiki, bundan Tash O‘g‘uz beklari xafa bo‘lib, hech biri unga salomga kelmaydi. Shunda Qozon xonning beklaridan bo‘lgan Qilbosh otliq kishi: “Xonim, man borayin, ularning do‘stligin, dushmanligin bilayin”, deb unga maslahat soladi.
Qozon xon ijozati bilan Qilbosh bir necha odam hamrohligida Tash O‘g‘uz sari jo‘naydi. U Tash O‘g‘uz beklaridan Oruz Xo‘janing uyiga qo‘nadiki, zero, bu kishi Qozon xonning tog‘asi edi. Qilbosh Oruz Xo‘jani sinash uchun kichik hiyla ishlatadi. Qozon xon, boshimga og‘ir kulfat tushdi, ustimga yog‘iy yoprildi, hech bir chorasiz qolib, holim tang bo‘ldi, Oruzga borib ayting, ko‘makka kelsin, deya bizni jo‘natdi, deb arzi hol qiladi. Oruz Xo‘ja esa bunga: “Qozon xon o‘z uyini Ich O‘g‘uz beklariga yag‘molatdi, Tash O‘g‘uz beklarini kutmadi. Shuning uchun biz unga dushman bo‘ldik, bu gapni borib Qozon xonga ayt”, deya javob beradi.
Shunda Qilbosh ustimizga dushman bostirib kelgani yo‘q, man faqat saning do‘stmi yoki dushmanligingni bilmoq uchun shunday dedim. Endi ayon bo‘ldiki, san Qozon xonga dushman ekansan, deya dadil o‘rnidan qalqib, uning o‘tovidan chiqadi. Qilboshning bu qilig‘idan g‘azablangan Oruz Xo‘ja barcha Tash O‘g‘uz beklarini jam etadi. Dastlab u beklar uchun o‘tovlar tiktirib, ularni ziyofat-la siylaydi. So‘ng esa, man Qozon xonga dushman bo‘ldim, sizlar na deysiz, deya savol beradi. Tash O‘g‘uz beklari javobini roviy bunday ifodalaydi: “Na deyar edik, san Qozonga dushman bo‘lganingdan keyin biz ham dushman bo‘lamiz”, deyishdi. Ular Oruz Xo‘janing qistovi bilan “Saning do‘stingga do‘st, dushmaningga dushmanmiz”, deya ont ichishadi.
Shunda Oruz Xo‘ja Tash O‘g‘uz beklariga bunday taklif bildiradi: “Beklar, Bayrak bizdan qiz olgan, kuyovimizdir, ammo Qozonning inog‘idir, kelsin, bizni Qozon bilan yarashtirsin, deylik, aldaylik, o‘rdamizga keltiraylik. Kelib bizga mute bo‘lsa yaxshi, bo‘lmasa man soqolidan tutayin, siz qilich urib poralang, oradan Bayrakni olib tashlaylik. Bayrak ketgandan so‘ng Qozon ila ishimiz yengil bo‘lar”. Alhosil, Oruz Xo‘janing “Karam etib, Tash O‘g‘uzga kel va bizni Qozon bilan yarashtir”, degan aldov xatiga ishongan Bayrak hech paysalga solmay yetib keladi.
Oruz Xo‘ja Bayrakni ham Qozon xonga dushman bo‘lish va shu haqda ont ichishga majburlamoqchi bo‘ladi. Ammo Bayrak Qozon xonning tuzini ichib tuzlug‘iga tupuraymi, deya bo‘yin tovlaydi va “Oruz, agar sening asl niyatingni bilsam edi, temir to‘nimni kiyar, po‘lat qilichimni olar, boshga dubulg‘amni qo‘ndirar, o‘tkir uchli nayzamni tutardim-da, askarlarim ila bu yerga kelar edim. San meni aldov yo‘li bilan asir etding, bu ishni xotiningdan o‘rgandingmi, yaramas”, deya uni mulzam etadi. Oruz Xo‘ja darg‘azab holda Bayrakning soqolidan tutadi-da, beklarga boqadi. Ammo beklar Bayrakni qilich bilan nimta-nimta qilish o‘rniga miq etmay tek turaveradilar. Shunda Oruz Xo‘ja po‘lat qilichi bilan Bayrakning o‘ng oyog‘ini chopib tashlaydi. Bundan sarosimaga tushgan beklar darhol tarqalib ketadi, Bayrakni ham otiga mindirib, o‘rdasiga olib borishadi.
Bayrak o‘tovida jon berar ekan, agar Qozon xon maning uchun Oruz Xo‘jadan qasos olmasa, qiyomat kuni ikki qo‘lim uning yoqasida bo‘ladi, deb vasiyat qiladi. Qozon xonga Bayrakning o‘limi va vasiyatini yetkazishganda, u dastro‘molini qo‘liga olib, ho‘ngir-ho‘ngir yig‘laydi. Qozon xon yetti kun mobaynida o‘tovidan chiqmay, Bayrakka aza tutadi.
Ich O‘g‘uz beklari Qozon xon oldiga vakil kiritib, yig‘lamoq ila ish bitmas, Bayrak sanga sadoqati bois o‘ldirildi, endi uning vasiyatini bajo keltiraylik, Oruz Xo‘ja ustiga yurish boshlaylik, deya talab qo‘yadi. Ich O‘g‘uz lashkari kecha-kunduz demay yo‘rtib, Tash O‘g‘uzga yetib keladi. Bu yerdagi beklar ham askar saflab, ularga peshvoz chiqadi. Bu yog‘ini roviy quyidagicha bayon etadi: “Oruz Xo‘ja maydonga chiqdi, ot qo‘ydi. Qozonni chaqirib: Hoy yaramas, san maning dushmanimsan, kel beri, dedi. Qozon qalqon yopindi. Nayzasini qo‘liga oldi. Boshi ustida ko‘tardi, aytur: Hoy yaramas, muhannaslik ila er o‘ldirmak qanday bo‘lur, man sanga ko‘rsaturman”, dedi. Avval Oruz Xo‘ja Qozon xonga qilich-la hamla qiladi. Biroq Qozon xon qilichga epchillik bilan chap beradi. So‘ngra Qozon xon nayza bilan Oruz Xo‘jaga tashlanadi. Nayza Oruz Xo‘janing ko‘ksini dabdala qilib o‘tadi – u ot ustidan yerga qulaydi. Shunda Ich O‘g‘uz beklaridan Qora Ko‘na otdan inib, Oruz Xo‘janing boshini kesadi. Buni ko‘rgan barcha Tash O‘g‘uz beklari otdan tushadilar, Qozonxonning poyida tiz cho‘kib, undan uzr so‘raydilar. Qozon xon ham bag‘rikenglik bilan ularning gunohidan o‘tadi. Shundan so‘ng Oruz Xo‘janing eli va moli yag‘molanadi. Hikoyat Bayrak uchun qasos olgan Qozon xon g‘alaba sharafiga katta to‘y berishi bilan yakunlanadi…
Qadimgi turkiy xalqlarning tabiat, jamiyat va insonga doir qarashlari, tabiiyki, “Qo‘rqut ota kitobi”ning barcha hikoyatlariga durdek sochilib ketgan. Binobarin, yuqorida qisqacha mazmuni bayon etilgan uch hikoyat doirasidagina bu mavzuni batafsil yoritish mushkul. Shu sabab biz o‘z tahlilimiz uchun shu uch hikoyatni asos qilib olsak-da, biroq zarurat tug‘ilganda boshqa hikoyatlarga ham murojaat etamiz.
Ma’lumki, qadimgi turkiy xalqlar hayoti tabiat bilan chambarchas bog‘liq holda kechgan. Ular har bir narsaga tabiatdan qiyos izlar, undan andoza qidirar edi. Chunonchi, biz “Qo‘rqut ota kitobi”dagi ko‘plab hikoyatlarda O‘g‘uz beklari o‘tovi tasviriga duch kelamiz. Bir necha hikoyat hatto personajning biror o‘tovda mehmon bo‘lishi voqeasi bilan boshlanadi. Yuqorida qisqacha mazmuni bayon etilgan “Dirsa xon o‘g‘li Bo‘g‘och xon hikoyati” va “Salor Qozonning uyi talon-taroj bo‘lgani hikoyati” ham ana shu siraga kiradi. Folklorshunos olim Shomirza Turdimov qadimda ajdodlar o‘z imoratiga Olamning nusxasi deb qaraganini ta’kidlaydi. Bunda o‘tovlarning yon tarafi Yer, shift qismi esa Osmon timsoli deb olingan ( Shomirza Turdimov. “Tom ustiga tom soldim”. “Yoshlik” jurnali, 1988 yil, 7-son, 75-bet). Qadimgi ajdodlar nazdida, odam tanasida bosh qanchalik aziz sanalsa, o‘yda tom ham shunchalik mo‘tabar ko‘rilgan. Uy tomiga hatto Buyuk Yaratguvchi bilan bog‘lab turuvchi vosita deb qaralgani haqida dalolatlar bor. Demak, o‘g‘uz o‘tovlari ramz o‘laroq tabiatning o‘zi edi, deb aytsak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, “Qo‘rqut ota kitobi”da turkiy qavmlar noz-ne’matlarni bevosita Tabiatdan olgan ilk davrlar izi aniq ko‘rinadi. Zero, o‘g‘uzlarning eng birinchi mehnat turi ovchilik ediki, shu bois mazkur eposda ham ov motivi yetakchi motivlardan hisoblanadi. Tarixdan ayonki, ov qadimgi turkiy xalqlar uchun Olamni bilishning ilk darsxonasi bo‘lgan. Zero, ular ov baroridan kelishi uchun yaqinu olisdagi tog‘ va daralar, ulardagi hayvon va parrandalarni bilishigina kifoya qilmas edi. Ular ayni chog‘da yil fasllari, quyosh harakati, yulduzlar joylashuvi, jazirama va qahraton, bulut va chaqmoq, shamol va yomg‘ir kabi tabiat hodisalari haqida ham bilimga ega bo‘lishi taqozo etilardi. Ularning keyinchalik chorvador xalqqa aylanishida ham ovchilik poydevor rolini o‘ynaydi.
Ov motivi ishlangan hikoyatlardan o‘g‘uzlar shikor payti asosan kiyik tutganini ko‘rish mumkin. Bundan esa o‘g‘uzlar yashagan hududda ushbu hayvon turi ko‘proq uchraganini anglasa bo‘ladi. Biroq ular, “Qo‘qut ota kitobi” guvohlik berishicha, o‘z o‘ljalariga va shu o‘ljalar orqali butun Tabiatga vayronkor munosabatda bo‘lmagan. “Bagil o‘g‘li Emran hikoyati”da Boyintur xon Bagilni ovga olib chiqqanda, u semiz qiyiklarni bo‘g‘izlab, oriq kiyiklarni qo‘yib yuborishini bunga dalil sifatida keltirish mumkin. Shu tariqa qadimgi ajdodlarimiz tabiatda muvozanat saqlanib turishini ta’minlaganlar.
“Qo‘rqut ota kitobi”da qush va hayvonlarning ayrimlari insonga do‘st, ayrimlari esa g‘anim sifatida ta’riflanadi. Bu ham o‘sha zamonlardagi o‘g‘uzlarning tabiatga doir qarashlariga hamohangdir. Chunonchi, quzg‘un – dushman, it esa – do‘st sifatida tasvirlanadi. “Dirsa xon o‘g‘li Bo‘g‘och xon hikoyati”da eri ovdan o‘g‘lisiz qaytganidan ko‘ngli g‘ash tortgan ona farzandini izlab chiqqanda, bir dara ustida goh qo‘nib, goh uchayotgan quzg‘unlar orqali yarador o‘g‘lini topadi. Bu quzg‘unlar hargiz Bo‘g‘ochning ustiga qo‘nib, uni cho‘qishga harakat qilardi. Ammo Bo‘g‘och xon ovga o‘zi bilan olib chiqqan ko‘ppak uni quzg‘unlardan qo‘riqlab turardi..
Qadimgi turqiy xalqlar yara va kasalliklarga shifoni ham tabiatning o‘zidan, undagi giyohlardan izlagan. “Qo‘rqut ota kitobi”da o‘g‘izlarga dorivor giyohlar haqidagi ilmni Yaratgan irodasi-la farishtalar o‘rgatganiga ishoralar bor. Bo‘g‘och xon tog‘-toshda bir o‘zi yarador holda qolib ketgani haqidagi epizodga yana bir karra e’tiborni qarataylik. Bir payt uning ustida yashil to‘nli, bo‘z otli chol paydo bo‘ladi-da, yarasini uch marta silab, “Qo‘rqma o‘g‘lon, sanga bu yaradan o‘lim yo‘qdir, tog‘ chechagi-la ona suti yarangga malham bo‘lar”, deb ko‘zdan yo‘qoladi. Darhaqiqat, qirq qiz terib kelgan chechak ona suti bilan qorib bosilganda, Bo‘g‘och xon tez orada butkul sog‘ayib ketadi. Shu lavhadan ham turkiy xalqlar qadimdanoq tabiatga yashil dorixona deb qaraganini bilib olish mumkin.
Shunisi diqqatga molikki, bizning ajdodlarimiz, bugungi insoniyatdan farqli o‘laroq, o‘zini tabiatga yot va undan ustun his qilgan emas. Ular tabiat va undagi butun jomadot, nabotot va hayvonot dunyosini o‘ziga qon-qardosh va teng deb bilgan. Chunonchi, ular bo‘rini totem sifatida alohida ardoqlab, o‘z ildizlarini shu hayvonga olib borib bog‘lagan. “Salor Qozonning uyi talon-taroj bo‘lgani hikoyati”da ushbu o‘g‘uz begi bo‘riga duch kelganda, bo‘rining yuzi muborakdir, deya u bilan bamisoli insondek dardlashadi:
Qorong‘i oqshom tushganda kuni tuqqan,
Qor ila yomg‘ir yoqqanda er kabi turgan,
Qorabayir otni ko‘rsa, kishnattirgan,
Qizil tuyalarni ko‘rsa, bo‘kirtirgan,
Qo‘yni ko‘rsa, dumini qamchiday urgan,
Erkagin, semizin olib qochgan…
Ovozi ko‘ppaklarga qo‘rquv solgan,
O‘t yoqtirib cho‘ponlarni zir yugurtgan,
Junlari yulingan, hey kulrang bo‘ri,
O‘rdamning xabarin bilasanmi, aytgil manga,
Qora boshim qurbon bo‘lsin, bo‘rim, sanga.
Shuningdek, Salor Qozon, “Haq diydorin ko‘rar”, deya suvga ham hasratini to‘kib soladi. Bundan qadimgi ajdodlar qush va hayvonlar, suv va daraxtlarga so‘zlab, g‘ussa va iztiroblarini yengillatganini anglash mumkin.
“Qo‘rqut ota kitobi”dagi o‘g‘izlar va tabiat mavzuni yana uzoq tahlil etish mumkin. Biroq bu xususdagi so‘zimizni muxtasar qilib, unga shunday xulosa yasashni lozim topamiz. Qadimgi turkiy xalqlar tabiatni o‘ziga ona, undagi jomadot, nobatot va hayvonotni esa o‘z jigarlari deb bilgan. Ularga xuddi o‘zi kabi ong egasi deb qarab, kezi kelganda dardlashgan, hasratlashgan. Ana shunday yondashuv tabiatda muvozanat saqlanishiga va unda tog‘-tosh, o‘t-o‘lan, qush va hayvonlar uyg‘un yashashiga imkon yaratgan.
“Qo‘rqut ota kitobi”da qadimgi o‘g‘uzlarning jamiyatga doir qarashlari yanada keng ifoda topgan. Eposdan bu elning aholisi Ich O‘g‘uz va Tash O‘g‘uz deb atalgan ikki juz’ga bo‘linib yashaganini bilish mumkin. Odatda, Ich O‘g‘uz hukmron bo‘lgan va Tash O‘g‘iz unga bo‘ysungan. Ammo bu hududlar o‘rtasidagi munosabat har doim ham ziddiyatdan holi bo‘lavermagan. Ba’zan Tash O‘g‘uz beklari Ich O‘g‘uz beklari bilan yovlashgan va orada nizolar kelib chiqqan. “Ich O‘g‘uzga Tash O‘g‘uz itoat etmagani va Bayrakning madhi hikoyati”da har uch yilda bir bor uyini yag‘molatgan Qozon xonning bu gal Tash O‘g‘uz beklarini kutmay, faqat Ich O‘g‘uz beklariga uyini talatishi ana shunday ixtilofga sabab bo‘lishi tasvirlanadi. Hikoyatdan o‘sha kezlarda ham el-uluslar turli nizolarni tinch, siyosiy yo‘llar bilan hal etishga intilgani, shu maqsadda bir-biriga elchilar yuborgani ma’lum bo‘ladi. Qozon xon Ichki O‘g‘uz nomidan Tash O‘g‘uzga Qilbosh ismli bekni elchi sifatida jo‘natadi. Qilbosh va Oruz suhbatidan elchilar o‘z maqsadiga erishish uchun har xil usullardan foydalangani, ba’zan esa hiyla ham ishlatganini ko‘rish mumkin. Qilbosh Qozon xon ustiga dushman yopirildi, u sandan madad so‘rayotir, degan hiyla orqali Oruz Xo‘janing qora niyatini bilib oladi. Tash O‘g‘uz beklari murosai madoraga ko‘nmagach, ikki o‘rtada urush boshlanadi.
Qadimgi o‘g‘uzlar orasida urushning ham o‘ziga xos qonun-qoidalari mavjud bo‘lgan. Urushga, odatda, yuqori tabaqa vakillari – xon va beklar sabab bo‘lgani uchun ko‘pincha ularning yakkama-yakka olishuvi jang taqdirini hal qilgan. Yuqoridagi hikoyatda ham Qozon xon va Oruz Xo‘ja o‘zaro bellashib, Qozon xon Oruz Xo‘jani o‘ldirishi Ich O‘g‘uz va Tash O‘g‘uz dushmanligiga chek qo‘yadi. Oruz Xo‘ja tarafdori bo‘lgan beklar Qozon xon oldida tiz cho‘kib, kechirim so‘raydi va ularning kechirimi qabul qilinadi.
“Qo‘rqut ota kitobi”dan ko‘rinadiki, ichki ixtiloflarga chek qo‘yilishining o‘ziyoq o‘g‘uzlarning tinch-osoyishta hayot kechirishini ta’minlay olgan emas. Tashqi dushmanlar ham qulay vaziyat yetildi deguncha ularga qurolli hamlalar qilib turgan. Tashqi dushmanlarga esa bu haqdagi ma’lumotlarni o‘g‘uzlar ichida yashirinib yurgan josuslar yuborib turgan. Zero, o‘sha vaqtlarda bosqinchilik katta boylik orttirishning eng oson va keng yoyilgan yo‘li edi. “Salor Qozonning uyi talon-taroj bo‘lgani haqida hikoyat”da ham tashqi dushmanning qulay payt topib, o‘g‘uzlar o‘rdasiga bosqin uyushtirishi tasvirlanadi. Qozon xonning ziyofat payti sharob ta’sirida shikorni xohlab qolishi u bosh bo‘lgan uruqqa og‘ir musibat olib keladi. Qozon xon ovga chiqqanidan foydalangan Sho‘qli Malik uning o‘rdasi-yu mol-davlatini talon-taroj etib, onasi, xotini va o‘g‘lini asir etib haydab ketadi. Oqibatda Sho‘qli Malik va Qozon xon o‘rtasida urush yuzaga keladi. Ushbu hikoyatdan qadimgi o‘g‘uzlar tashqi dushmanga qarshi bir tanu bir jon bo‘lib kurashganini bilib olish mumkin. Shunday qaltis vaziyatlarda ular ichki ixtiloflarni bir chetga surib qo‘yib, tashqi dushmanga bahamjihat qaqshatqich zarba berishgan.
“Qo‘rqut ota kitobi” guvohlik berishicha, o‘g‘uzlar jang oldidan gumbur-gumbur nog‘oralar va tunj karnaylar chalib, dushman qalbiga qo‘rquv solganlar. Bu ovozlar, dushman jangchilaridan farqli o‘laroq, o‘g‘uz askarlari qalbiga shijoat baxsh etgan. Ular dushmanni yerga uruvchi so‘zlarni baqirib aytib, ulardagi jangovar ruhni so‘ndirishga ham harakat qilishgan. Qadimgi o‘g‘uzlar qo‘shinni markaz hamda o‘ng va so‘l qanotlarga ajratib jang qilgani ham eposda o‘z aksini topgan. Ular asosan ot ustida turib jang qilgan, qilich, nayza, gurzi, palahmon kabi qurollardan mohirona foydalangan.
Qadimgi turkiy xalqlar uchun urush asosiy mashg‘ulotlardan sanalsa-da, biroq ular tinch mehnatni ham yuksak qadrlaganlar. “Qo‘rqut ota kitobi”ga tayanib aytilsa, ular xo‘jaligida chorvachilik yetakchi o‘rinni ishg‘ol qilgan. O‘g‘uzlar tog‘lar etagidagi tabiiy yaylovlarda tuya, yilqi, qo‘y, echki boqqan. Ziyofatlarda daryo-daryo qimiz quyilgani haqidagi mubolag‘ador tasvirlardan biya sutidan qimiz tayyorlash keng tarqalganini anglash mumkin. Ayni chog‘da chorva hayvonlari go‘sht uchun ham parvarish qilingan. Bunga o‘sha ziyofatlarda tepa-tepa go‘sht tortilgani haqidagi lavhalar dalil bo‘la oladi.
“Qo‘rqut ota kitobi”dan o‘g‘uzlar o‘rtasida hunarmandlik ham birmuncha rivojlanganini ham bilib olish mumkin. Birgina harbiy maqsadlarga xizmat qiluvchi buyum va qurollar yasashning o‘zini olib ko‘raylik. Jangchilarga po‘lat kiyim, dubulg‘a tayyorlashdan qilich, nayza, gurzi yasashgacha, bularning bari temirchilik hunari keng rivojlanganishini taqozo etmaydimi?!
Turmush ehtiyojlari uchun uy-joy va ro‘zg‘or jihozlari – o‘tov va soyabonlar qurish, gilam va ipaklar to‘qish esa imoratsozlik va to‘qimachilik ham ancha taraqqiy etganidan dalolat beradi. Hikoyatlarda beklarga sharob oltin qadah va billur shishalarda uzatilgani tasvirlanadi. Bundan esa shunday buyumlar yasashga doir hunar turlari ham o‘g‘uzlarga yot bo‘lmagan, deb xulosa qilish mumkin.
Albatta, o‘g‘uzlar o‘z ehtiyoji uchun zarur mahsulotlarning barchasini o‘zlari ishlab chiqargan emas. Demak, ular boshqa yurtlar bilan savdo aloqalarini ham keng yo‘lga qo‘ygan, o‘zlari yetishtirgan mollarni chetga sotib, chetdan esa zarur mollarni xarid qilgan. “Qo‘rqut ota kitobi” mutolaasidan yuzaga kelgan bu fikrlar qadimgi turkiy xalqlarning jamoaviy hayoti-yu jamiyat haqidagi qarashlarini birmuncha oydinlashtiradi.
Bir so‘z bilan aytganda, islomgacha bo‘lgan davrdayoq o‘g‘uzlarda jamiyat tizim sifatida shakllanib ulgurgan, u haqda aniq qarashlar yuzaga kelib bo‘lgan edi. Bu tizim va qarashlar jamiyatning har to‘rt sohasi, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarni birdek qamrab olgandi.
Tabiiyki, qadimgi turkiy xalqlarning insonga doir qarashlari ularning tabiat va jamiyat haqidagi tasavvurlari bilan uyg‘un holda shakllangan. Olis davrlarda tashqi hamla va ichki ixtiloflardan himoyalanish hayot-mamot masalasi sanalgani bois avvalo erkaklar, qolaversa, ayollar o‘rtasida ham jangovarlik, botirlik, mardlik kabi fazilatlar yuksak qadrlangan. Birinchi galda o‘g‘uz asilzodalari – xon va beklar o‘zida ana shunday fazilatlarni tarbiyalashga harakat qilganlar. Zotan, ularning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini dastavval qanday jang qilishi-yu qanday qahramonliklar ko‘rsatishi belgilab bergan. “Qozon bek o‘g‘li O‘roz bekning tutqun bo‘lgani hikoyati” ayni shu haqdagi epizod bilan boshlanishi aslo bejiz emas. Unda bayon etilishicha, Qozon bek Tash O‘g‘uz va Ich O‘g‘uz zodagonlarini chorlab, katta ziyofat uyushtiradi. Roviy bu haqda: “O‘g‘li O‘roz qarshisida yoyga suyanib turar edi. O‘ng yonida Qozonning qardoshi Qora Ko‘na o‘tirardi. So‘l yonida doyisi Oruz o‘tirardi. Qozon bek o‘ng yoniga boqdi, qah-qah kuldi. So‘l yoniga boqdi, ko‘p sevindi. Qarshisiga boqdi, o‘g‘li O‘rozni ko‘rdi, chapak chaldi, yig‘ladi”, deb hikoya qiladi. O‘roz otasining bu ishidan hayron qolib, undan bunga izoh so‘raydi. Shunda Qozon bek: O‘ng yonimga boqib, Qora Ko‘nani ko‘rdim, u jang qilgan, yovni qirgan, nom qozongan. So‘l yonimga boqib, Oruzni ko‘rdim. U ham jang qilgan, yovni qirgan, dong taratgan. Qarshimga boqib, sani ko‘rdim. San jang qilmading, yovni qirmading, nom qozonmading. Agar kunim bitib, man o‘lib, san qolsang, maning toju taxtimni sanga bermaslar, deb so‘ngini o‘ylab yig‘layman, o‘g‘il, deya javob qaytaradi. Darhaqiqat, o‘g‘uzlarning yog‘iylar bilan janglarida eng ko‘p jasoratni aynan xon va beklar ko‘rsatadi.
Biroq jangovarlik, botirlik, mardlik oddiy xalq vakillari uchun zarur fazilat sanalgan. Bunga “Salor Qozonning uyi talon-taroj bo‘lgani hikoyati”dagi Qarochiq cho‘pon obrazi yorqin dalil bo‘la oladi. U Qozon xonning o‘n ming qo‘ylik suruvini Sho‘qli Malikning olti yuz askaridan qahramonona himoya qiladi. Qarochiq cho‘pon palahmon yordamida uch yuz dushman askarini yer tishlatadi. Uning bu jasorati ham asarda g‘oyat mubolag‘ador tasvirlanadi.
Shuningdek, jangovarlik, botirlik, mardlik fazilatlari o‘g‘uz ayollariga ham yot bo‘lmaganini ko‘rish mumkin. “Qangli Xo‘ja o‘g‘li Qon To‘rali hikoyati”da ana shunday o‘g‘uz ayollaridan biri – Saljan Xotun obrazi chiziladi. Saljan Xotun o‘zi va Qon To‘ralining ortidan quvib kelgan olti yuz yog‘iy askariga qo‘rqmay yuzma-yuz chiqadi, hatto eri yaralanib, dushman qurshoviga tushib qolganda uni o‘limdan qutqaradi.
Qadimgi turkiy xalqlar mamlakatda tinchlik, osoyishtalik, barqarorlik bo‘lishi aholining moddiy turmushiga bog‘liqligini chuqur anglashgan. Ular farovon turmushni ta’minlash hukmdorlarning burchi, amaldorlarning vazifasi deb qarashgan. Shu bois hukmdor va amaldorlarning boylikka hirs qo‘yishi, maishatparastlikka berilishi qattiq qoralangan. Chunki boylikka ruju qo‘ygan, maishatga mukkasidan ketgan, axloqiy buzuq hukmdoru mansabdorlar mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-axloqiy tanazzulga uchratgan. “Qo‘rqut Ota kitobi” hikoyatlarida ham hukmdorlarning boylikka munosabati orqali ularning fe’l-atvori, o‘y-fikrlari keng ochib berilgan. Masalan, “Ich O‘g‘uzga Tash O‘g‘uz itoat etmagani va Bayrakning madhi hikoyati”da Qozon xonning har uch yilda bir marta o‘z uyini yag‘molatishi aks ettiriladi. Bu esa Qozon xonning mol-mulkka o‘ch bo‘lmagani, shaxsiy boylik orttirishga ruju qo‘ymagani, aksincha, juda saxovatli, qo‘li ochiq inson bo‘lganini bildiradi. Oruz Xo‘ja esa, uning aksi o‘laroq, mol-davlatga o‘ch, izzattalab shaxs. U birgina yag‘moda qatnashmagani uchun Ich O‘g‘uz bilan Tash O‘g‘uz o‘rtasida urush keltirib chiqaradi. O‘z nafsining quli bo‘lgan bu kimsa, oxir-oqibat, nobop fe’li sabab ayanchli o‘lim topadi. Hikoyatda Oruz Xo‘janing qismati misolida boylik orttirishga berilib, xudbinlik ko‘chasiga kirish gumrohlik ekani ko‘rsatiladi.
“Qo‘rqut ota kitobi” guvohlik berishicha, o‘g‘uz jamiyatida oddiy xalq xon va beklarga sadoqat bilan xizmat qilgan. “Salor Qozonning uyi talon-taroj bo‘lgani hikoyati”dagi Qarochiq cho‘pon, “Ich O‘g‘uzga Tash O‘g‘uz itoat etmagani va Bayrakning madhi hikoyati”dagi Bayrak obrazlari misolida bunga yetarlicha ishonch hosil qilish mumkin. Sho‘qli Malik askarlari Qarochiq cho‘ponga, agar Salor Qozonning qo‘ylarini bizga jangsiz topshirsang, sanga Sho‘qli Malikdan beklik unvoni olib beramiz, deb va’da qilishadi. Biroq Qarochiq cho‘pon o‘z xojasiga va uning omonatiga xiyonat qilmaydi, aksincha, sadoqat namoyon etib, talonchi askarlarni quvadi. Bayrak esa Oruz Xo‘janing, biz Salor Qozonga g‘anim bo‘lib, bunga ont ichdik, san ham unga dushman bo‘lib, ont ich, degan gapiga: “Man Qozonning ne’matini ko‘p yemisham,/ Bilmas bo‘lsam, ko‘zim o‘yilsin”, – deya qat’iy rad javobi beradi. Ana shu sadoqati uchun u Oruz Xo‘ja qahriga uchrab, o‘ng oyog‘idan ayriladi.
“Qo‘rqut ota kitobi”da farzandlarning ota-onaga yuksak hurmat-ehtiromi aks etgan ta’sirchan lavhalarni ham ko‘plab uchratish mumkin. Bir necha hikoyatlarda o‘g‘illar o‘z ota va onalari sha’ni yo‘lida shirin jonidan ham kechishga tayyorligi tasvirlanadi. Masalan, “Qozon bekning o‘g‘li O‘roz bekning tutqun bo‘lgani hikoyati”da ota yog‘iylar qo‘lida asir yotgan o‘g‘lini qutqarmoqchi bo‘lib borganida o‘g‘il u ham asirlikka olinishidan xavotirga tushib, otasidan o‘rdasiga qaytishni iltimos qiladi. “Meni dushmandan xalos qilaman deb, o‘zingni xatarga qo‘yma. O‘g‘il uchun otaning o‘limi ayb bo‘ladi. Ortingga qaytgin-da, qarigan onamga tayanch bo‘l, singillarimni yig‘latma. Uch oyda uyga qaytmasam, meni o‘ldi deb hisoblab, ayg‘ir otimni so‘ydirib, elga osh bergin. Onam motam tutib, ko‘k kiyib, qora yopinsin. Xudo bersa, mendan yaxshi o‘g‘il ko‘rarsan”, deydi u otasiga. “Salor Qozonning uyi talon-taroj bo‘lgani hikoyati”da esa Burla Xotun Sho‘qli Malikka sharob quyib berishu uning to‘shagiga kirishdek sharmisorlik yoki o‘g‘li O‘rozning qatl etilishidek baxtiqarolikdan birini tanlashga majbur bo‘lganidani o‘g‘il onasiga mana bunday so‘zlar bilan dalda bo‘ladi:
Hey ona,
Arabi otlar bo‘lgan joyda
Bir qulun bo‘lmasmi, bo‘lur!
Qizil tuyalar bo‘lgan joyda
Bo‘talog‘i bo‘lmasmi, bo‘lur!
Oppoq qo‘ylar bo‘lgan yerda
Bir qo‘zichoq bo‘lmasmi, bo‘lur!
San sog‘ bo‘l, ona,
Otam sog‘ bo‘lsin,
Bir maning kabi o‘g‘lingiz bo‘lmasmi, bo‘lur!
O‘roz ana shu so‘zlar bilan Salor Qozon va Burla Xotun or– nomusi haqqi o‘z jonidan kechishga shayligini bildiradi. “Qo‘rqut ota kitobi”dan farzandlar o‘z ota-onasiga hurmati va muhabbatini ularning qo‘lini o‘pib namoyon etganini ham bilib olish mumkin. Shuningdek, ota-onalar o‘z farzandiga mehri va izzatini ularning bo‘ynidan o‘pib namoyon etganiga-da guvoh bo‘lamiz.
“Qo‘rqut ota kitobi”da o‘g‘uz beklari ko‘pincha ichkilikbozlik sabab og‘ir ahvolga tushib qolgani ta’kidlanadi. Zero, sharob ichganida kishilar odatdagidan boshqa bir holatga kirib, hushyorligini yo‘qotadi. Bundan esa ularning mol-davlatiga yashiriqcha ko‘z tikkan dushmanlar foydalanib qoladi. “Salor Qozonning uyi talon-taroj bo‘lgani hikoyatida” o‘g‘uz beklari sarxushlik bois zarur himoya choralarini ko‘rmay, ovga chiqib ketadi. Oqibatda Sho‘qli Malik Salor Qozonning o‘rdasi, oilasi va mol-mulkini osongina qo‘lga kiritadi. “Dirsa xon o‘g‘li Bo‘g‘och xon hikoyati”da esa Bo‘g‘och xon dushman yigitlari sharobxo‘rlik qilib o‘tirgani uchun ularni tezda yengadi. Shu tariqa Qo‘rqut ota tilidan, halokatga yuz tutmay desangiz, sharobxo‘rlikdan saqlaning, deya pand-nasihat qilinadi. Zero, Shayx Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”sining ilk dostoni “Maxzan ul-asror” (Sirlar xazinasi)da ham: “Mayki halol erdi o‘shal har maqom,/ Aqlga dushmanligi etdi harom/ Garchi may anduhi jahoning olar,/ Ichma uni, izzati joning olar,/ May jigaringga to‘kilur misli tuz,/ Ichsin uni, mayli, necha betamiz./ Ichma, senga kasrini etgum xabar,/ Ul sening joningdan etar bexabar./ Bexabar ul, kimki uni totgusi,/ Bir yo‘la g‘aflatga keyin botgusi”, deyilgan (Shayx Nizomiy Ganjaviy. Maxzan ul-asror. Doston. – Toshkent: “KAMALAK” nashriyoti, 2016. – 216 b. – 176-bet).
Eposda qadimgi turkiy xalqlarning insonga doir qarashlari maqolu matallar vositasida ham ifoda etiladi. Chunonchi, “Ushun Xo‘ja o‘g‘li Sagrak hikoyati”da “Qari tutning bag‘ri, o‘ksuk (etim) o‘g‘lonning tili achchiq bo‘lur”, degan maqol tilga olinadi. Maqolning ma’nosi shuki, qari tut tanasi quruqshoq bo‘ladi, shu sabab unda uya qurgan bitlar chanqab, kimga yopishsa, qattiq tishlab, qonini so‘radi. Yetim bola esa ota-onasi bor tengdoshlaridan o‘zining kamligini har qadamda his qilib, azoblanib o‘sadi. Shu sabab u alamzada, tili achchiq bo‘lib ulg‘ayadi. Yetim bolalar o‘ziga sal aziyat yetkazgan kishidan ham ayovsizlarcha o‘ch oladi. Roviy hayotda ko‘p kuzatiladigan ana shu haqiqatga ishora qilib, yetimlarga ozor bermaslikka chaqiradi.
“Qo‘rqut Ota kitobi”ning har bir hikoyati shu mazmundagi xotima bilan yakunlanadi: Bu insonlar “dunyoga bir keldi-ketdi; karvon kabi qo‘ndi, ko‘chdi. Ularni ajal oldi, yer gizladi. Foniy dunyo kimga qoldi? Kelimli-ketimli dunyo, so‘nggi uchi o‘limli dunyo. Qora o‘lim kelganida yo‘l berishsin; oq imondan ayirmasin”. Ha, inson hayoti – adabiy emas, u o‘ziga berilgan umrni boshqa insonlarga, jamiyat va tabiatga faqat ezgu munosabatda bo‘lib o‘tkazmog‘i kerak. “Qo‘rqut ota kitobi”ning bosh g‘oyasi, asosiy falsafasi ana shu!
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 12-son