Abdulhamid Muxtorov. Ustoz bilan o‘tgan kunlarim

Kech, juda kech edi.
Chamasi soat tungi o‘n bir yarimlar.
Biroq ayni shu paytda gazeta navbatchisi bo‘lgan men g‘ayrat-shijoat bilan Matbuotchilar ko‘chasida joylashgan 32-uy zinalaridan qo‘limda “Ma’rifat” gazetasining maketi o‘ramini tutgancha birinchi qavatga tushib kelayotgan edim.
“Sharq” nashriyoti bosmaxonasiga borib gazetani chop etishga topshirishim, keyin esa nishona sonni ko‘zdan kechirib bosishga ruxsat berishim kerak. Shundan so‘ng men uchun rasman ish tugaydi. Agar bungacha soat bir yoki ikki bo‘lib ketsa navbatchi haydovchi ijara xonamga tashlab ketardi.
Lift eshigi oldida mas’ul kotibimiz Faxriddin aka, birinchi o‘rinbosarimiz Abdusamad aka, yana yuzining deyarli yarmini to‘sib olgan ko‘zoynak taqqan kishi berilib gurung qilib turgan ekan. Aniqrog‘i, ko‘zoynakli odam gapirar, ular esa tinglar edi. Meni ko‘rib Abdusamad aka “Bo‘ldimi, topshiring. Dejurniy tashlab qo‘yadi”, dedi.
Notanish kishiga salom berdim. Qiziqsinib qaradi-da, Abdusamad akadan so‘radi:
– Kim bu jigit?
– Yangilardan, – dedi Abdusamad aka.
– Ha-a, jontoqmi? – dedi u kishi menga qarab jilmayar ekan.
– Jontoq, jontoq, – dedi Abdusamad aka ham kulimsirab.
Xayolimdan “raqamli gaplar”, degan o‘y o‘tdi. Gapirilayotgan gaplar tushunarsiz bo‘lsa yoki unda qandaydir sha’ma bo‘lsa bu “raqamli gap” degan aqidam bo‘lardi.
– Qayerda o‘qiysan, – deb so‘radi notanish kishi.
– ToshDUda – deb javob berdim.
Javobimga notanish kishi hech narsa demadi. Go‘yo meni ko‘rmaganday hamsuhbatlariga yuzlanib uzilgan gapini kelgan joyidan davom ettirdi:
– G‘aybulla akaga Mahmud …dan (laqabga o‘xshash gap edi, qulog‘im yaxshi ilg‘amadi) deb yozib berdim, keyin telefon qilayapti: ikki kun o‘ylabman kim ekan bu deb, deydi…
Notanish kishi o‘z gapidan o‘zi miriqib kular, hamsuhbatlari ham jo‘r bo‘lar, odatda eshik oldidan jilmaydigan militsionerlar ham rasmiyatchilikni unutib ularning oldiga kelgancha qiziqsinib gap poylardi. U kishining suhbati qiziq ekan. Tashlab ketgim kelmay ancha quloq tutib, kulguga jo‘r bo‘lib turdim. Faxriddin aka haliyam shu yerdaligimni ko‘rib, “Bor ertaroq, nima qilib turibsan bu yerda”, degandan so‘ng bosmaxonaga jo‘nadim…

* * *

Ertasiga ishxonaga kelgach Faxriddin akadan kechagi quvnoq kishi kimligini so‘radim.
– Mahmud Sa’diy degan odamni eshitganmisan? – savolga savol bilan javob berdi Faxriddin aka.
Eshitmagan edim.
– Eshitmaganman, – dedim.
– Ie, – hayron bo‘ldi Faxriddin aka. – Shunday ulug‘ muharrirni eshitmaganmisan? E sufe senga. Qayerda o‘qiysan o‘zi?
Shu Faxriddin degani juda qo‘pol edi-da. Gapini qarang, “Nega eshitmagansan, qayerda o‘qiysan”mish. Indamasang Mahmud Sa’diyni bilmaganing uchun urib olishdan ham toymaydi shekilli…
Men undan ham o‘tgan qo‘pol edim. Buning ustiga muharrir deganda Bosh muharrirni tushunardim. Qolgan hamma men uchun muxbir, mas’ul kotib, birinchi va ikkinchi o‘rinbosardan iborat edi. Qolaversa “Ulug‘ muharrir” o‘sha payti biz uchun Halim Saidov edi.
Mana bu Faxriddin aka tasavvurningam onasini uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatdi. Halim Saidovdan ham ulug‘ muharrir bor ekan. Bu qanaqasi bo‘ldi?
Rostdan ham nega shu paytgacha eshitmagan edik?
Men Faxriddin akadan o‘tgan qo‘pol bo‘lish bilan birga yana qaysar ham edim, o‘taketgan qaysar.
Menga tanishtirilgan yangi Ulug‘ muharrirni tan olgim kelmay to‘ng‘illadim:
– Bilishga majburmanmi? Nima u kishi Rim paspasimidiki bilsak!
Ana ahmoqlik. Ana o‘larmonlik.
Bilmasang, bilmas ekanman, deb qo‘yaver.
Nima qilasan burningni ko‘tarib?!.
Rim papasining bunga nima aloqasi bor?
Faxriddin akayam bopladi, latifa aytib berdi:
– Bir kuni senga o‘xshagan bittasi Ustozni tanimay qopti. Bundan Ustozning jahli chiqibdi albatta.
– Hoy, menga qara, nega salomlashmay o‘tib ketayapsan, – deb so‘rabdi Ustoz.
Senga o‘xshagan javob qilibdi:
– Sizni tanimasam, nima qilaman salom berib.
Javobdan Ustoz ajablanibdi.
– Nega? Salom faqat tanishlarga beriladimi? Qiziq bola ekansan-ku. Qolaversa, meni hamma taniydi.
Bu gapdan endi senga o‘xshagan ajablanibdi.
– Oling-a!
– Nima oling-a – debdi Ustoz. – Mana qara, – Ustoz shunday deb ko‘chadan o‘tib ketayotgan bir yo‘lovchini to‘xtatib so‘rabdi: – Kechirasiz, biz bu yerda bahslashib qoldik, mabodo Siz meni tanimaysizmi?
– Taniyman Mahmud aka, nima gap, – debdi yo‘lovchi.
Senga o‘xshagan ozgina hayron bo‘libdi. Lekin sir boy bergisi kelmay debdi:
– Bu odam tasodifan tanishingiz bo‘lishi mumkin. Yuring, boshqalardan so‘raymiz. Siz jim turasiz, savolni men beraman.
Shunday qilib ular Oloy, Chorsu, Ippodrom bozorlarini aylanib chiqibdi. Hamma Ustozni tanibdi. Senga o‘xshagan bo‘lsa “bu qo‘shningiz, unisi qarindoshingiz”, deb xit qivoribdi Ustozni. U kishining jahli chiqibdi.
– Menga qara, dumbul, – debdi senga o‘xshaganga. – Meni hatto Rim papasiyam taniydi, ishonmasang yur Vatikanga.
Senga o‘xshagan ham “ketdik”, deb yuboribdi.
Ikkovi Vatikanga uchishibdi. Borishsa, papa balkonga chiqib Ustozga qo‘l ko‘tararmish.
– Sen shu yerda turib tur. Men u kishi bilan ichkarida ko‘rishib, shu yerga olib kelaman. Taniydimi-tanimaydimi, o‘zing so‘raysan, – debdi Ustoz senga o‘xshaganga.
Ancha vaqt o‘tib Ustoz qaytib chiqsa senga o‘xshagan behush yotganmish. Yuziga suv sepib, o‘ziga keltirib “nima gap” desa, senga o‘xshagan “Balkonda papa bilan ko‘rishib turganingizda, yonimda turgan bir italyandan “balkondagilar kim?” deb so‘rasam, “anavu qo‘l ko‘tarayotganini tanimaymanu, biroq yonidagi O‘zbekistonlik muharrir Mahmud Sa’diy” deb javob berdi” dermish…

* * *

Dorilomon kunlarning birida Bosh muharririmiz Halim Saidov yig‘ilish o‘tkazayotgan edi. O‘sha paytlari “Ma’rifat”ga ishga olingan yoshlar guruhi (o‘n chog‘li bor edik) tashabbus ko‘tardi: ya’nikim, bizga bir ustoz jurnalist mahorat darslari o‘tsa. Umid shulki, mahoratimiz ortsin.
Bu gapni o‘sha yig‘ilishda ko‘pchilik nomidan kamina arz qildim. Halim akaga ham ma’qul keldi. Shu tariqa Ustoz Mahmud Sa’diy tahririyatning majlislar zalida bizga jurnalistika saboqlarini o‘ta boshladi.
Men Ustozni o‘sha saboqlar orqali kashf qildim.
Ustoz rostakam pedagog ekan.
Biz bilan ishlashdan aslo erinmasdi.
Hammaga birdek muomala qilardi.
Kimdir “tuzukroq” biron nima yozgan bo‘lsa, astoydil hafsala bilan ishlatar, ha aynan ishlatar, o‘zi ishlamas, muallifni ishlatardi. Muallifning e’tiboridan chetda qolgan jihatlarini ko‘rsatib berar, shularniyam qo‘shib kel deb turib olardi.
Bu kimlargadir yoqar, kimlargadir yoqmas edi.
Bu “ishlov”lardan bezib ketgan ba’zi birovlar materialning bahridan o‘tib ham qo‘yardi.
Taslim bo‘lmaganlar esa oxir-oqibat zo‘r material e’lon qilib maqtovlarga sazovor bo‘lardi.
Ustoz to‘xtovsiz, qiziqarli tarzda gapirardi. Boshida u kishining gapini tugatishini kutib bermoqchi bo‘lgan savolimizni unutib yuborgan vaqtlarimiz bo‘ldi. Keyin bilsak, kutish shart emas, gapini shartta belidan tepib savolingni beraverishing kerak ekan…
Saboq tugashi mahalida “Ma’rifat” gazetasida tinglovchilarning eng yaxshi materiallari: maqola, ocherk, luqma, hikoya kabilar bir sahifa qilib chop etildi.
Bu materiallar ayni paytda ko‘pchilik orasida, ayniqsa “Ma’rifat” mushtariylariga taniqli bo‘lib qolgan ijodkorlar Husan Nishonov, Akmal Islomov, Bahodir Jovliyev, Sherali Nishonov, Sharifa Madrahimova, Nasiba Erxonova, Davronbek Tojialiyev va hokazolarga tegishli edi.
Ustoz bilan judayam yaqinlashib ketdim. Bunda qo‘shni bo‘lib yashaganimizning hissasi katta. Ko‘pincha ishdan birga qaytardik. Shanba-yakshanba kunlari yo u kishinikiga, yo mening ijaraxonamga kelib adabiyot, jurnalistika va tahrir haqida suhbatlashardik. Ajoyib damlar edi…

* * *

Hozir kulgim qistaydi.
Bir necha sahifa maqola yozib “professional jurnalistman”, meni kim tahrir qildi, men tahrirga muhtojmasman, men tahrir qilmasam bu material bir tiyin, deganlarni ko‘rsam…
Ha, kulgim qistaydi.
Negaki, bu da’volarning barini bir paytlar men ham qilganman.
Meni tahrir qiladigani qolmadi, men tahrir qilganim uchun zo‘r material chiqdi, men yozolmaydigan mavzu yo‘q, degan da’volar edi ular.
“Buyuklik”da shunchalik darajaga chiqdimki, hatto ishga jon-jon deb qabul qilgan, yozganlarimni o‘qib samimiy maqtagan, ilhomlantirgan, propiska degan dahmazaga qaramay Toshkentda qolishimga ko‘maklashgan rahbariyatning ham asabiga o‘ynay boshladim…
Ishsiz qolish qiyin ekan.
Lash-lushlarimni yig‘ishtirib qishloqqa ketmoqchi bo‘ldim.
Ustoz qaytardi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasiga ishga kelishni taklif qildi. O‘zi ham o‘sha joyda ishlardi. Birgalashib o‘sha paytdagi Bosh muharrir Murod Abdullayevga kirdik. Ko‘nglida kiri yo‘q, samimiyatga juda yaqin odam ekan. Arzimizni eshitib xursand bo‘ldi. Ish masalasi hal bo‘ldi hisob. Ammo ish yurishmasa ataladan suyak chiqar, degani rost shekilli, ertasiga ariza ko‘tarib borsam, Bosh muharrir o‘zgaribdi. Bosh muharrir Ahmadjon Meliboyev bo‘libdi.
Tabiyki, masala kun tartibidan olindi. Yangi Bosh muharrir kadrlar masalasini ko‘targunga qadar “aylanib” turadigan bo‘ldim…

* * *

“Kutishga mahkum etilgan Muxtorov”, bu gap Ustozga tegishli edi.
Kutish yomon.
Shuning uchun ko‘pni ko‘rganlar duo qilganda Arosatdan panoh tilaydi. Meliboyevning kadrlar masalasini qachon ko‘tarishini kutib ijaraxonamda bekorchilikdan xunob bo‘lib yotganimda Ustoz telefon qilardi:
– Ha jontoq, yotibsanmi? Bugun nima yozding? Hech narsa? Materialning nomimi bu? U nima deganing? Yaramas, kechqurun boraman, biror narsa yozib qo‘y. Yozolmayapman deysanmi? Nima balo, ichib olganmisan? Yo‘q? Unda nega aljiraysan. Kallangni yig‘. Xullas, boraman.
Shunday qisdi-bastilar tufayli “O‘zAS”da ancha-muncha materialchalarim chiqib ketdi. Va nihoyat Ahmadjon Meliboyev kadrlar masalasini ko‘tardi. Aniq esimda, Ustoz, qadrdon shogirdi, mohir tarjimon Ahmad Otaboyev va men Bosh muharrir huzuriga kirdik.
– Sen bizda ishlamoqchimisan?
Ahmadjon Meliboyevning birinchi bergan savoli shu bo‘ldi.
– Ishlamoqchiman, – dangal javob berdim men ham.
“Siz lozim topsangiz”, “Agar ruxsat bersangiz”, “Niyatimiz bor edi”, deb o‘tirmadim. Tomdan tarasha tushganday qilib “ishlamoqchiman”, dedim.
Javobim Bosh muharrirga yoqmadi. Lekin men bu mulohazalarni o‘ylab o‘tirgulik ahvolda emasdim o‘shanda. Meliboyevning ro‘parasida “Yoki ishga oling, yoki qishloqqa ketib yuboraman. Menday buyuk yozuvchi, mamlakatda tanho publitsistdan mosuvo bo‘lasiz va buning uchun kelajak avlodlar sizdan norozi bo‘lishadi”, deganday g‘o‘ddayib turardim.
Meliboyev “o‘ylab ko‘rishini” aytib xayrlashdi. Yana bir oy “aylanib” turishga to‘g‘ri keldi…

* * *

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining sanoqli xodimlari bor edi. Adashmasam o‘n beshga yetmasdik. Eng qizig‘i, butun respublikada, balkim Yer sharida g‘aroyib hodisa sifatida faqat shu gazetada bitta bo‘limda ikki bo‘lim muharriri ishlardi. Ya’ni “Tanqid, adabiyotshunoslik” bo‘limida Mahmud Sa’diy ham, Ahmad Otaboyev ham bo‘lim muharriri degan guvohnomaga egalik qilardi…
Kaminani falsafa fakultetini tugallaganim uchun “Ijtimoiy hayot bo‘limi”ga munosib ko‘rishdi. Ustoz bilan yonma-yon xona. Shu tariqa ish boshlab yubordim. O‘zimni ko‘rsatmasam bo‘lmasdi. Axir ikki oylik sinov muddati bilan ishga olishgan…
Rostini aytish kerak. “Ma’rifat”da besh yilga yaqin ishlab, yozish-chizishda uncha-muncha tajriba orttirganim uchun o‘shanda Bosh muharrirning bu harakati menga haqorat bo‘lib tuyulgan edi. O‘lganning ustiga tepgan deganday bu muddat tugagandan keyin yana “Sinov muddati bilan mehnat shartnomasi olti oyga uzaytirilsin”, degan mazmunda kadrlar bo‘limiga topshiriq bo‘lganini ko‘rib ancha paytgacha qo‘lim ishga bormay yurdi.
Hozir o‘ylayman, o‘sha paytda aftidan neandertal odam bo‘lgan bo‘lsam kerak. Rostdan ham ohangim qo‘pol. Iltimosim buyruqqa o‘xshab yangrardi. Betga choparlik-chi? Ustoz bu qusurni “betgachoptirarlik”, deb atardi. Ha yo‘nilmagan tayoqday edik, hatto hozir ham…

* * *

“O‘zAS”da ko‘p ishlamadim, ikki yildan sal ko‘proq vaqtim o‘tdi.
Ustoz Mahmud Sa’diyning eng ko‘p saboqlarini shu yerda oldim.
Bu tahririyatdagilarning deyarli barchasi o‘z ishining rostmana Ustalari edi. Masalan, Bosh muharrir Ahmadjon Meliboyev har bir songa ikki yo uchta dolzarb, mulohazali maqolalar berar, o‘rinbosari Murod Abdullayev ijtimoiy mavzularni qoyillatar, “San’at” bo‘limi muharriri Gulchehra Umarova o‘z sohasida liderlardan bo‘lsa, Ahmad Otaboyev tarjima borasida ko‘pchilik tan bergan usta edi. Biroq ularning barchasi Mahmud Sa’diyga tahrir borasida yo‘l bo‘shatishi aniq. Har holda men shunga amin bo‘lganman.
Buning bir necha sabablari borki, ularni bayon qilmasak o‘quvchi nazdida bu gaplar quruq maqtov maqomida qolaveradi.
O‘zim kuzatganman.
Ustoz qo‘lyozmani tahrir qilishga qabul qilib olar ekan, birinchi o‘rinda muallif bilan bog‘lanish imkoniyatlarini puxta o‘rganar, qanday manbalardan foydalangani bilan qiziqar, imkoni bo‘lsa foydalanilgan manbalarni nomma-nom aniqlab olardi.
Bir yo‘la tahrir qilib ketganini ko‘rmaganman. Oldin materialni o‘qib chiqar, avvalo muallifning nima demoqchi ekanligini aniqlardi.
Mumtoz adabiyot vakillaridan iqtibos keltirilgan yoki biror-bir ilmiy dalil misol tariqasida olingan bo‘lsa, albatta, manbasini topib tekshirib chiqardi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Ustozga bu ish ko‘p ham qiyinchilik tug‘dirmasdi. Sababi, u kishining uyi deyarli kutubxona edi. Adashmasam qirq mingga yaqin kitob fondi bor.
Ana endi ayting-chi, shuncha imkoni bor muharrir zo‘r bo‘lmay dalillarni tekshirish imkoni bo‘lmagan muharrirlar zo‘r bo‘ladimi?
Ustozga hamisha qoyil qolish mumkin bo‘lgan yana bir jihat – u kishining kechirimliligi edi. To‘g‘ri, pand bergan odamni juda chiroyli qilib, uncha-muncha so‘z ustalari eplolmaydigan darajada go‘riga g‘isht qalab tursa-da (odatda kayfiyati bo‘lmagan paytlar hammasini bir-bir eslab chiqadi), baribir balchiqqa qorib tashlamasdi. Balkim, hamisha ularning ijobiy tomonlarini rostakamiga e’tirof etardi.
Yosh ijodkor sifatidagi kuzatishlarim juda ko‘pchilikning ojiz tomoni sifatida xolislik va samimiyat masalasida oqsaganligini ko‘rsatadi. Kimdir yoqmasa o‘shani umuman “ko‘kartirmaydigan” Ustozlarni ham ko‘p ko‘rdim. Qisman o‘zimning ham boshimdan o‘tkazdim…
Birinchi kitobim publitsistik to‘plam edi. Uning kitob holida dunyoga kelishiga ham Ustoz sababchi bo‘lgan.
– Menga qara, o‘ylab ko‘rsam ijtimoiy yuki bor, ma’rifiy mazmundagi ishlaring ham anchagina bo‘lib qoldi. Kitob qilishing kerak, – deb qoldi bir kuni Ustoz dabdurustdan.
U kishining gohida ustimizdan kuladigan odati bo‘lib, nimanidir noto‘g‘ri qilib qo‘ysak bu vositadan juda unumli foydalanar edi. “Yana boshladi”, deb o‘yladim. Ammo u kishining yuzlarida jiddiylik zohir, qitmirlikdan asar yo‘q.
Chamasi uch oy materiallarni saraladik. Albatta, shanba-yakshanba kunlari. Yana olti oy Ustoz tahrirga vaqt sarfladi. Men esa yangi maqol to‘qidim: Umuman pul to‘lanmaydigan ishlarni shoshilmay tahrir qilgan ma’qul!..
Kitob chiqdi.
Murod Abdullayevning aytishicha, ajoyib kitob bo‘ldi.
Ahmadjon Meliboyev so‘zboshi yozgan bo‘lsa-da, dastxat yozilgan nusxasini olar ekan bir-ikki varaqlab, indamasdan xonasiga kirib ketdi. Umuman u kishining odati shunday shekilli, keyingi kitobimni berganimda ham shunday yo‘l tutdi…
Yayragandan Ustoz yayradi.
Birga yurganimizda tanishlari ko‘rinib qolsa, “Rahbarimiz, yozuvchi Abduhamid”, deb tanishtirar, hali biron o‘quvchi o‘qimagan hikoyabasharalarimning yangilarini aytib ketar, garchand bu gaplar o‘lguday yoqib turgan bo‘lsa-da, jo‘rttaga uyalgansimon bo‘lib turardim…
* * *
Bir muddat ishlagandan keyin ongimda ichki bir nazorat paydo bo‘ldi. Yoza boshladimmi, tamom. Kimdir qulog‘imga shivirlay boshlardi: “Nimani yozayapsan? Yoshingga yarashmaydi, uyat, axir shu yoshda kattalarday fikrlay boshlash. Siyosatga tegib ketayapsan. Bosh muharrirga baribir yoqmaydi”.
Tamom. Hammasi rasvo bo‘lardi. Yo yozishni yig‘ishtirib qo‘yardim, yoki shivirlayotgan odamning yo‘rig‘i bo‘yicha yoza boshlardim. Bu material endi Ustozga yoqmasdi.
– Nima qilding, ahmoq. Shunaqayam yozadimi? Bir tiyinga qimmat, ma ol materialingni, qayta yoz!
Ko‘pincha qayta yozish bilan ham ishlarimiz yurishmasdi. Nihoyat gap nimadaligini Ustoz angladi shekilli.
– Nimaningdir rasvosini chiqarish kerak bo‘lsa, bemaza muharrir topiladi. Sen o‘zingni-o‘zing rasvo qilib ichki nazorat qilishing shartamas. Yozaver, o‘zingni qo‘yib yubor. Jonivor muharrir ham maza qilib qisqartirsin. Bor narsani pardozlash qiyinmas, yo‘q narsa chatoq, – deb qoldi.
U kishiga kechinmalarimni aytmagan edim. Qayerdan bildi, haliyam hayron qolaman. Talabalar bilan ishlayverib psixolog bo‘lib ketgan shekilli. Yoki ijodkor sifatida unga bu tuyg‘ular tanishmikan?
Shunday bo‘lsa kerak!
Gohida tumtaroq jumlalarni o‘qib tutaqib qolardi:
– Nima bu? Uyalmay shuni menga o‘qitaman deb ko‘tarib keldingmi? Yozib tugatibsan, avval o‘zing o‘qib chiqsang o‘lasanmi? O‘qidim deysanmi? Qachon o‘qiding? Tugatgan zahoti qayta o‘qib, hovliqib menga chopib kelaverdim de! Sufey senga. Hech bo‘lmasa o‘n kun tashlab qo‘ymadingmi? Silliq yozish shunchalik qiyin ekanmi? Jumlalaringni ovoz chiqarib o‘qi, ohang buzilgan yerda demak ega-kesim ham joyidamas. Shungayam hafsala qilmadingmi, nomard!
Ustozning har bir tanbehi bir o‘git edi…
– Manavi hikoyangni qara. Cho‘pon ham, akademik ham, tentak ham, sog‘ ham, hammasi bir xil gapiradi-ya. Axir hammaning o‘z ohangi, gapirish uslubi bor emasmi? Hayotni kuzat, kim nimaga urg‘u beradi, ahamiyat ber, gapirayotganda kimning mimikasi, kimning qo‘l harakati suhbatda qanday ishtirok etayapti, – derdi kuyib-pishib.
Yozuvchi laboratoriyasi bilan tanish deb juda ko‘p mashhur yozuvchilarning ish uslublari, yozishga tayyorgarliklari haqida hikoya qiluvchi kitoblarini o‘qishga bergan edi menga. Qanchalik xulosa ololdim yoki yo‘q Ustozga ayon.
Mahmud Sa’diy hammaning bir xil uslubda yozishini yoqtirmas edi. Shuning uchun Tog‘ay Murodga yoki boshqa kimgadir taqlid sifatida yozilgan matnlarni ko‘rganda lug‘atda bor so‘zlardan so‘kish to‘qib sizni obdon siylaganch xulosa qilardi:
– Bu uslub yaratildi, o‘z uslubingda yoz nomard.
U kishi ko‘pincha tahririyatga kelgan maqolalarning haddan tashqari silliqlanishini, bir xil qolipga solinishini kechirolmas edi. Kechirolmasdiyu, ammo buni oshkor ham qilolmasdi…
Shunday paytlari aksariyat hollarda Ahmad Otaboyevga tutaqib gap uqtirib ketardi. Ahmad aka tabiatan tinchlikparvar bo‘lgani uchun ko‘pam u kishining gapini ma’qullab vaqtini zoye ketkazib o‘tirmasdi. “Ustoz, –derdi, – hamma gaplaringiz to‘g‘ri, faqat bularni adresga aytishingizni taklif qilaman”…

* * *

“O‘zAS”dan ketishimga to‘g‘ri keldi.
Birov majbur qilgani yo‘q.
Uylangan, ikki farzandning otasi sifatida ijara uyda tanga sanab kun o‘tkazolmasdim albatta. Uy-joy qilish, ro‘zg‘orni o‘z yo‘lida tebratish kerak…
Xullas, ketdim.
Ammo yozishga nisbatan o‘z nuqtai nazarimga ega bo‘lib, qat’iy xulosa bilan tark etdim tahririyatni. Kasbimdan uzoqlashmagan holda nashriyot ishlari bilan shug‘ullana boshladim. Deyarli hech narsa yozmadim. Yozishga vaqt ham bo‘lgani yo‘q. Tirikchilik degani shunaqa narsa ekan. Yelkasini yerga tekkazib olmaguncha qadrdon muhitingdan uzilib qolarkansan. Bu uzilish yetti yil davom etdi. Uyli-joyli, orzu-havasli ham bo‘ldim. Yaratganga shukur!
Bu vaqt davomida Ustoz bilan juda kam ko‘rishdik.
Nashriyot ishlarini yaxshi tashkil qilishda, yuzni yorug‘ qiladigan asarlarni nashr etishda Ustoz beminnat yordamini ayamadi…

* * *

Xalqimizda savolomuz bir gap bor: qissadan hissa?
Hech kim osmondan oyog‘ini uzatib tushmagan. Biror-bir sohani egallashi uchun, mutaxassis bo‘lishi uchun albatta Ustozday ulug‘ zotlarning qo‘lloviga muhtojmiz. Shunday ekan ustoz-shogirdlik an’anasi abadiy.
Mahmud Sa’diy nomi, u kishining xizmati ayni kunga kelib minglab jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar qalbidan hurmat bilan joy olib, mehr tomchilari singari singib ketgan. Ustozga chin ma’noda havas qilsa arziydi. Yetmish yetti yoshni qarshilayotgan bo‘lishiga qaramay hanuz ijodda bardam, tahrirda ildam.
Ustoz Mahmud Sa’diyning ruhiyatida o‘ktamlik ustun. Biz u kishidan shu fazilatni o‘rganishga harakat qildik. Ammo Ustozdek o‘ktam bo‘lolganimiz yo‘q. Nega, deb so‘rashingiz mumkin. Javobi oddiy. O‘ktam bo‘lish uchun Ustoznikidek kutubxona, u kishining dunyoqarashiday dunyoqarash, ilmidek ilm zarur. Agar ta’bir joiz bo‘lsa, u kishini adabiyot bo‘yicha “ma’lumot to‘plami”ga qiyoslash mumkin…
Endi esa aziz o‘quvchi bevosita Ustozga murojaat etishga izn bergaysiz:
Ustoz!
Tavallud ayyomingiz muborak bo‘lsin!
Shogirdlaringiz safi mingga yaqinlashib qolgan bir paytda aslo shashtingiz pasaymasin!
Oilangiz, shogirdlar, mushtariylar va muxlislar baxtiga salomat bo‘ling!
R.S: Agar bu yozganlarimizning ega-kesimi g‘ashingizga tegsa, aybga buyurmang. Ustoz haqida yozganda qo‘l qaltirar ekan!..

Bir guruh shogirdlaringiz nomidan,
Abdulhamid Abduahad o‘g‘li