Zamburug‘lar bir-biriga mutlaqo zid ikki foydali va yemiruvchi vazifani ado etadi va insonga juda katta naf keltiradi.
Zamburug‘lar chiqindilarni chiritadi va ularning haddan ziyod to‘planib qolishiga monelik qiladi. Ular tuproqqa o‘simliklar uchun zarur bo‘lgan mineral tuzlarni ham qaytaradi. Ayrim zamburug‘lar dori moddalar ishlab chiqarishda qo‘l keladi va insonga kasalliklarga qarshi kurashishda yordam beradi.
Boshqa zamburug‘lar esa o‘simlik va jonivorlarni kasallikka giriftor qiladi. Inson doimo ularga qarshi kurashishga majbur.
Zamburug‘lar nima? Ular o‘simliklarning boshqalariga qaram bo‘lgan sodda turidir. «Sodda» deb atayotganimiz sababi ularning na ildizi, na poyasi va na yaproqlari yo‘qligidir. Ular tarkibida xlorofill yo‘qligi uchun ham boshqa o‘simliklarga boqimanda bo‘ladi, ya’ni boshqa yashil o‘simliklar singari uglerod ikki oksidi va suvdan qand ishlab chiqara olmaydi. Shuning uchun ham ularning hayoti yashil o‘simliklar ishlab chiqaradigan ozuqa moddalariga bog‘liq. Turli tuzilmaga ega bo‘lgan ko‘plab zamburug‘ turlari ham bor. Ularning ayrimlari bitta hujayradan tarkib topgan bo‘ladi. Masalan, bakteriya va achitqilar bir hujayrali zamburug‘lardir. Bakteriyalarning o‘rtacha uzunligi 0,005 mm. dir.
Shilimshiq po‘panakli mog‘or zamburug‘larning boshqa bir turidir. Uning boshqa o‘simliklardan farqi katta hajmdagi yalang‘och protoplazmadan tarkib topganidir. Bu protoplazma chiriyotgan yog‘och yoki boshqa bir ho‘l narsa yuzasidagi hilviragan plyonkaga o‘xshaydi. Bakteriya, achitqi va po‘panakli mog‘ordan boshqa zamburug‘ turlari ko‘p miqdordagi rangsiz tolalardan tarkib topgan. Ular «mitseliya» yoki zamburug‘ tanasi deb ataladi. Tananing o‘smalari o‘zi rivojlanadigan va ozuqa topadigan materialning ichiga kiradi. Zamburug‘lar rivojlanishi va oziqni hazm qilishi uchun birinchi navbatda, suv kerak. Shuning uchun ham ular quruq iqlim sharoitlarida o‘sa olmaydi. Bizning quruq iqlim sharoitimizda esa bahor paytlari yomg‘ir yog‘ib o‘tishi bilan dalalarda qo‘ziqorinlar paydo bo‘ladi. Qo‘ziqorinlar zamburug‘larning bir turidir.
Non va nam gazmollarni ishdan chiqaradigan mog‘or turlari ham zamburug‘lardir. Mog‘orning ayrim turlaridan pishloq tayyorlashda, unga xushbo‘y is berishda, dorilar olishda foydalaniladi.
Eyish mumkin bo‘lgan va zaharli zamburug‘lar ham shu oilaga mansub. Bunday zamburug‘larning zamburug‘ tanasidan tarkib topgan asosiy qismi yer ostida keng tarqalgan. Zamburug‘ning o‘zi spora ishlab chiqaradigan zamburug‘ tanasining bir qismi, xolos. U yuzaga chiqishidan oldin yer ostida to‘la shakllanib olgan bo‘ladi.