Tukan ko‘rinishidan eng g‘aroyib qushlardan biri. Haqiqatan ham u tabiatning mo‘jizasi.
Birinchidan, tukanning tumshug‘i ulkan, uning o‘lchami boshidan bir necha baravar katta! Ayrim tukanlar tumshug‘ining uzunligi butun tanasining uchdan bir qismini tashkil etadi. Shakli jihatdan u bizga katta chig‘anoq qisgichini eslatadi, rangi ravshan.
Maboda siz tukanni ko‘rgan bo‘lsangiz, mana shunday haybatli tumshug‘i bilan uning muvozanatini qanday saqlashiga hayron qolgan bo‘lasiz. Javob oddiy: tumshuq o‘z o‘lchamiga nisbatan ancha yengil. Tashqi tomoni qog‘oz qalinligidagi qoplamaga ega, ichi esa g‘alvirak suyak bilan mustahkamlangan. Tumshuq o‘zagi qush boshining o‘lchamiga teng. Tumshug‘ining chetlari bo‘ylab notekis kertiklar o‘tgan.
Tukanning tili ham g‘ayrioddiy. U yassi, chetlari tishli va peroga o‘xshaydi. Dumining mustahkamlanish yo‘sini tukanga xos ayricha xususiyatdir. Bir qarashda dumi oshiq-moshiq bo‘g‘imlar bilan birikkanday tuyuladi. Tukan dumini keskin siltaydi va yelkasidan yuqoriga ko‘tara oladi.
Tukan Amerika tropiklarida yashaydigan qush, u medovedlar, boltayutarlar, barbetlar hamda uzoqroq bo‘lsa-da, qizilishtonlarga turdosh bo‘lib, ular bilan bir oilani tashkil etadi. Tukanning 37 xil turi bor, ularning eng yirigi taxminan 60 santimetr chiqadi.
Tukanning ishtahasi tumshug‘i o‘lchamiga mos tushadi. U nimaiki to‘g‘ri kelsa, yeb ketaveradi va o‘zi ham turli ovqatlar topib yeydi. Jonajon o‘rmonida zo‘r ishtaha bilan meva, tuxum yoki o‘zidan kichikroq qushlarning polaponlarini tutib yeydi. Ovqatlanayotgan payti u ulkan tumshug‘i bilan dirillagan ovoz chiqaradi. U keskin va xunuk ovoz chiqarish qobiliyatiga ham ega.
Tukanlar ixcham-ixcham guruh holda Markaziy va Janubiy Amerika o‘rmonlarida yashaydi. Ularning hayotini aks ettiruvchi ma’lumotlar kam, ammo ular uyalarini daraxtlar kavagida quradi, deb hisoblashadi. Tukanlarni qo‘lga o‘rgatish mumkin va tutqun hayotda ham o‘zini yaxshi his etadi.