Bu savol kimlargadir kulgili tuyulishi mumkin, ammo kulishga shoshilmang. Faqatgina ot choptiradiganlarni suvoriy deyishmaydi. Ayni o‘rinda gap boshqa suvoriylar haqida bormoqda.
Qachonlardir bog‘ingizda mana shunday manzarani ko‘rgan bo‘lsangiz kerak: kapalak qurti shoxda o‘rmalab yuribdi, to‘satdan uning ustiga shishaday tiniq qanotlari hilpirab turgan, uzun ingichka tanasi va qorni ortida uzun o‘tkir nayzasi bo‘lgan kichkina hasharot uchib keladi. Kapalak qurti jadalroq o‘rmalay boshlaydi, ammo hujumdan qutulolmasligiga ko‘zi yetgach, dushmanini qo‘rqitish uchun boshini ko‘tarib, og‘zidan ko‘pikli quyuh suyuqlik purkaydi. Bu ham yordam bermaydi. Hasharot o‘zini chetga oladi, so‘ng epchillik qilib, kapalak qurti yelkasiga sakraydi va unga utkir nayzasini suqib oladi. Ana shu daqiqalarda hasharot otini egarlagan suvoriyga o‘xshab ketadi. Ayon bulib turibdiki, ayni holat bu hasharotning suvoriy, deb atalishiga asos bo‘lgan.
Ish tamom. Kapalak qurti tipirchilay olmaydi, suvoriy undan sakrab tushadi va boshqa kapalak qurtlarini qidirishga tushadi. Suvoriy kapalak qurtini darrov o‘ldirdi, deb o‘ylagan bo‘lsangiz, yanglishasiz. Kapalak qurti bir qancha vaqt o‘tgach, jonga kirib, o‘z yo‘lida davom etadi. Ammo o‘simliklarga ko‘p vaqt ozor berolmaydigan bo‘lib qoladi. Chunki ayni damda suvoriy unga o‘z tuxumini qo‘yib ketgan bo‘ladi. Tuxum kapalak qurtida rivojlanib boraveradi va uni halok etadi. Kapalak qurti o‘lgach, lichinkalardan yangi suvoriy paydo bo‘ladi. U tabiatda mavjud eng foydali hasharotlardan biridir. Ularning o‘lchami har xil bo‘ladi: 5 santimetr keladigan (bunday suvoriylarni efialt yoki rissa deyishadi) devqomatlaridan tortib, uzunligi 3 millimetr chiqadigan (masalan, afelin) mittilarigacha bor.
Suvoriylarning har ikkisi ham foydali hasharot, chunki ular o‘z tuxumlarini zararli hasharotlar tanasiga qo‘yib, birdaniga bo‘lmasa-da, asta-sekin baribir o‘ldiradi.