Soliqlardan tushgan pul qayoqqa ketadi?

Har qanday odam ham albatta soliq to‘layotganda xursand bo‘lmasa kerak. Bizning kunlarga kelib soliqlarning turlari shunchalik ko‘p va miqdori shu qadar yuqori bo‘lib ketdiki, ba’zan beixtiyor o‘ylab qolasan, xo‘sh bu soliqqa yig‘ilgan pullar qayoqqa ketyapti o‘zi? Aholidan soliq yig‘ish — bu hukumat uchun muhim bir jarayon bo‘lib, u orqali hukumat aholidan pul yig‘ib oladi va bu pullarni xalq manfaati yo‘lidagi tadbirlarga sarflaydi. Albatta, davlat maktablari, ko‘chalari, yong‘indan saqlash xizmati, politsiyasi va armiyasi bo‘lgani har bir oila uchun alohida yo‘l qurish, bolalarini alohida o‘qitish va o‘z mulkini shaxsan o‘zi qo‘riqlash kabi tashvishlardan arzonga tushadi.

Har qanday hukumatning xarajatlari ham yil davomida o‘sib boradi. Xarajatlarning o‘sib borishiga sabablardan biri xalq xavfsizligiga ketadigan mablag‘larning oshib borishidir. Mahalliy hokimiyatlarning ijtimoiy ehtiyojlar uchun sarflaydigan xarajatlari ham muttasil o‘sib boradi.

Ko‘chalar va yo‘llarga ham astoydil pul sarflashga to‘gri keladi. Mamlakatga yana ko‘proq yaxshi maktablar, oliy o‘quv yurtlari kerak. Kishilar yangi-yangi kasalxonalar, bog‘lar va boshqa muassasalar qurilishini, barpo etilishini istaydilar, bularning hammasi shahar idoralarining mablag‘lari evaziga yaratiladi.

Daromad solig‘i — hukumat markaziy apparati faoliyatini ta’minlovchi asosiy manbadir. Shaharlar va boshqa aholi punktlari ham daromad solig‘ining ma’lum qismi hisobiga o‘z byudjetlarini to‘ldiradilar. Boshqa soliqlar, masalan, narsalarning narxiga qo‘shimcha tarzidagi soliqlar asosan davlatning pul daromadini oshirish uchun yig‘iladi.