Osmonni birinchi bo‘lib teleskop yordamida tadqiq qilgan buyuk italyan olimi Galileo Galiley 1610 yilda Quyosh sistemasida sayyoralardan biri Saturn — Zuhalning qiziq bir xususiyatga ega ekanini kuzatdi. U Zuhalning ikki yonida qandaydir bo‘rtiklar mavjudligini ko‘rdi.
1655 yili niderland olimi Kristian Hyuygens Galileynikiga nisbatan kuchliroq teleskop yordamida Zuhalni tadqiq qildi. U kuzatgan manzara shu darajada hayratlanarli ediki, olim ko‘rgan narsasi haqida birovga og‘iz ochishdan ham qo‘rqib ketdi. Shuning uchun u o‘z kuzatishlarini maxsus shifrlar yordamida kundaligiga yozib qoldirdi. Keyinchalik kundalik o‘qilganda, shunday satrlarga duch kelindi: «Quyosh bir yilda aylanib chiqadigan fazoviy doira — ekliptikaga qiyalagan Zuhal o‘z yuzasiga tegmaydigan yupqa va yassi halqa bilan o‘ralgan».
Ilk kuzatuvchilarni benihoya hayratga solgan Zuhal halqalari shu kungacha Quyosh sistemasining eng katta jumboqlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bunday hodisa Koinotning o‘rganishga imkon yetadigan boshqa biror yerda uchramaydi.
Albatta, Galiley kashfiyotidan so‘ng odamlar Saturnni obdon o‘rganishdi. Zuhal Quyosh sistemasida kattaligi jihatidan Mushtariydan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. Uning Quyosh atrofida aylanib chiqish davri 29,5 yilga teng. Zuhal atrofida aylanadigan 10 ta yo‘ldosh bor. Sayyora yuzasi teleskoplar yorib o‘tolmaydigan atmosfera bilan qoplangan. Uning qobig‘i turli metall — ma’danlar mineralidan iborat bo‘lsa ajab emas.
Lekin, baribir, Zuhalning o‘ziga xos xususiyati uning sirli halqalaridir. Asosiy uch halqa aynan bir xil tekislikda joylashgan va bu sayyora ekvatori tekisligiga to‘g‘ri keladi. Halqalarning tashqi diametri, taxminan, 300 000 km.
Halqalarning eng yorqini o‘rtadagisidir. Uni tashqi halqadan eni 2900 km bo‘lgan oraliq masofa ajratib turadi. Ichki halqa juda xira ko‘rinadi. Kosmik yo‘ldoshlarga o‘rnatilgan asbob yordamida, bu uch halqadan tashqari yana bir necha tashqi halqalar va bitta ichki halqa borligi ham aniqlandi. Tashqi halqalar zo‘rg‘a ko‘rinadi. Ichki halqa esa, taxminan, Zuhal atmosferasida suzib yurgan bulutlar balandligida joylashgan.
Zuhal halqalari o‘lchami zarradan tortib 1 km va undan katta milliardlab qattiq jismlardan iborat, ular Quyosh nurini o‘zida aks ettiradi. Bu jismlar aylana orbita bo‘ylab harakat qiladi va bir-biri bilan to‘qnashib ketmaydi. Zuhalning Yerdan ko‘rinadigan halqalari va kosmik apparatlar yordamida kashf etilgan yangi halqalar yuzlab nisbatan ensizroq «halqachalar»dan tashkil topgan. Halqalarning qalinligi 1,3 km. dan 20 km.gacha yetadi.