«Rus» degan nom qaerdan kelib chiqqan?

9 asrning o‘rtalariga qadar hozirgi Novgoroddan to Kiyevgacha bo‘lgan hududda, Dnepr daryosining o‘ng va chap sohili bo‘ylab keyinchalik tarixda sharqiy slavyanlar deb nom olgan ko‘plab qabilalar alohida-alohida umr kechirishardi. Turli solnomalardagi ma’lumotlarda qayd etilishicha ular bu yerlarga Dunay va Karpat tomonlardan kelgan bo‘lib, Dnepr bo‘yida joylashishgach polyaklar deb nom olganlar, o‘rmonlarda yashaydigan qabilalarni esa drevlyanlar va hokazo deb atashgan. Keyinchalik bu qabilalarning ko‘pchiligi Sharq tomonga yanada ichkarilab ketishgan va o‘zlariga maqbul bo‘lgan joylarga o‘rnashib olishgan.

Ilk solnomalarda hikoya qilinishicha, ular orasida Radim va Vyatko degan ikki aka-uka bo‘lgan. Ularning har ikkisi ham o‘z qabilasi bilan — Radim Soja daryosi bo‘yida, Vyatko esa Oka daryosi bo‘yida o‘troqlashib qolgan. Radimichlar va Vyatichlar degan nasabli kishilar aynan o‘sha og‘a‑inilardan tarqalgandir. Bundan tashqari sharqiy slavyanlar orasida krivichlar, polochanlar, dregovichlar, severenlar, volinlilar, novgorodlik slavyanlar ham bo‘lgan.

Sharqiy slavyanlar nutqidagi «rus» so‘zi bu yerlarga rus qabilasiga mansub Skandinaviyali varyaglarning ko‘chib kelganidan keyin paydo bo‘ldi. Rivoyatlarga ko‘ra, birinchi knyazlar: Ryurik, Truvor va Sineuslar aynan ana shu qabiladan chiqqanlar va ular Rus davlatiga asos solganlar. Dastlabki paytlarda «rus» so‘zi bilan rus jamiyatining oliy tabaqasi vakillari, knyazlarning xos askarlari, ya’ni o‘sha varyaglar, shuningdek, o‘sha paytlarda sharqiy slavyanlarning barcha shahar va qishloqlariga tarqalib ketgan varyag savdogarlari atalgan. Keyinchalik esa «Rus» yoki Rus yeri degan so‘zning ma’nosi, slavyanlar bilan varyaglar aralash yashaydigan zaminni anglatuvchi rasmiy jo‘g‘rofiy atama qiyofasini oldi. Jo‘g‘rofiy atama sifatida bu nom birinchi marotaba 945 yilda knyaz Igor tomonidan imzolangan shartnomada paydo bo‘lgan.

Nihoyat 11—12 asrlarga kelib, «rus» qabilasi bu zaminda yashagan slavyanlar bilan batamom qo‘shilishib, chatishib ketgach, Rus va Rus yerlari atamasi, o‘zining jo‘g‘rofiy ma’nosini yo‘qotmagani holda yangi siyosiy ma’no bilan ham boyidi — chunki endilikda rus knyazlari hukmi ostidagi slavyanlar va ruslar yashaydigan barcha yerlar ana shu yagona nom bilan atala boshlandi.