Qadimgi Xitoy tsivilizatsiyasi shimoliy Xitoyda, Vey va Xuanxe daryolari vodiysida yuzaga kelgan. Qadimgi dunyodagi barcha tsivilizatsiyalar — Yevropa, Osiyo, Afrika tsivilizatsiyalari orasida bu tsivilizatsiya eng mahdudi bo‘lib, boshqalardan deyarli hech narsa olmagan.
Eramizdan avvalgi 6 ming yillikka kelib dehqonlar daryo vodiylaridagi unumdor yerlarda asosan tariq yetishtirishar, shuningdek, cho‘chqa urchitishardi. Bu qadimgi odamlar loydan chiroyli naqshlangan buyumlar tayyorlashardi.
Eramizdan avvalgi taxminan 18 asrlarga kelib Xuanxe vodiysidan uzoq bo‘lmagan tog‘ bag‘ridan metall qazib olgan odamlar bronza asri tsivilizatsiyalaridan birini yuzaga keltirishadi. O‘sha paytda hukmron bo‘lgan Shan sulolasi nomidan kelib chiqib, u Shan davri tsivilizatsiyasi, deb ataladi.
Ajdodlarga topinish — xitoyliklar e’tiqodining muhim qismi. Karomatli folbinlik suyaklari yordamida ular ajdodlar bilan maslahatlashishardi. Bular hayvon suyagi yoki toshbaqa kosasi bo‘lib, ularga ajdodlar ruhiga va ma’budlarga murojaat qilib savollar o‘yib bitilardi.
Eramizdan avvalgi 11 asrga kelib Chjoy qabilalari mamlakatni bosib olgach, Shan sulolasi barham topdi. O‘sha davrga xos ko‘plab an’analar saqlab qolindi hamda eng so‘nggi xitoy tsivilizatsiyasi tomonidan meros qilib olindi.