Siyosiy saylovlar chog‘ida ovoz berish huquqi «ovoz huquqi» degan nom olgan. Aynan ana shu huquqingiz tufayli Siz, kishilarni davlat lavozimlariga saylashingiz, shuningdek, umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan Qonunlarni qo‘llab‑quvvatlashingiz yoki inkor qilishingiz mumkin.
Insoniyat tarixida ko‘p hollarda ovoz berish huquqiga faqat ayrim toifaga mansub kishilargina ega bo‘lganlar. Har bir kishining saylash va saylanish huquqiga ega bo‘lishi demokratiya deb ataladi, biroq bu huquqqa bugungi kunda ham hamma joyda va hamma ham ega emas. Barcha davrlarda ham ma’lum cheklashlar mavjud bo‘lgan. Bu cheklashlarning ayrimlari adolatli, ba’zilari esa adolatsiz bo‘lgan. Ayrim mamlakatlarda, ammo turli davrlarda kishining yoshi, jinsi, dini va terisining rangiga, ma’lumotiga, moddiy va ijtimoiy ahvoliga, shuningdek, soliqlarni to‘lab borishiga ko‘ra ham ovoz berishdagi cheklashlar belgilangan.
Qadimgi Yunonistonda va qadimgi Rimda demokratiyaning ayrim jihatlari ko‘zga tashlana boshlagan. U yerda ovoz berishning eng sodda usullaridan qo‘llanilgan. Masalan, Afinadagi umumiy yig‘inlarda ijtimoiy masalalarga oid muammolar muhokama qilinayotgan paytda kishilar qo‘l ko‘tarib o‘z mulohazalarini, munosabatlarini oshkor etganlar. Agar biror shaxsga aloqador masala muhokama etilsa ular yopiq ovoz berish usulidan foydalanganlar. Kishilar, masalan, ko‘pchilikning noroziligiga sazovor bo‘lgan odamni amalidan olib tashlashlari mumkin bo‘lgan. Biroq, faqat ozod fuqarolargina ovoz berish huquqiga ega bo‘lganlar. Qullar va xorijliklar ovoz berish huquqidan mahrum bo‘lgan, ayni paytda xorijliklarning fuqarolik olish imkoniyatlari ham bo‘lmagan.
O‘rta asrlar zamonida yirik shaharlarda istiqomat qiluvchi shaharliklar va ozod fuqarolar shahar hokimini saylash huquqiga ega bo‘lganlar. Biroq ovoz berish huquqiga faqat mulkdorlargina ega bo‘lganlar. Uyg‘onish, ya’ni Renessans davrida xalq aristokratlar tomonidan boshqarilgan: oddiy xalq ovoz huquqiga ega emas edi. Savdo-sotiq va sanoatning rivojlanishi tufayli Yevropada ilk ishbilarmon va tadbirkorlar paydo bo‘la boshlagach, ovoz berish huquqi ularga ham nasib etdi. Kishining yoshi va boshqa jihatlariga ko‘ra belgilangan saylov cheklashlari, endi uning moddiy ahvoliga ko‘ra belgilangan cheklashlar bilan almashtirildi. Na Amerikadagi inqilob, na Frantsiyadagi inqilob, bir guruh aslzoda guruhlarning o‘z saylov huquqlarini oddiy xalq bilan birdek baham ko‘rishga erisha olmadi.
Bugunga kelib Buyuk Britaniyada 18 yoshga to‘lgan har bir odam ovoz berish huquqiga egadir (Bundan albatta, aqli zaiflar, jinoyatchilar va ayrim boshqa tabaqalar mustasno). 1832 yilga qadar Buyuk Britaniyada bu huquqqa ega kishilar juda ozchilikni tashkil etardi. Ayollarni esa 1918 yilgacha mutlaqo saylovlarga qo‘yishmasdi. 1918 yildan keyin ham faqat 30 yoshga to‘lgan ayollargina ovoz berish huquqiga ega bo‘ldilar. 1928 yildan boshlab Angliyaning barcha fuqarolari ovoz berish huquqini qo‘lga kiritdi.
1832 yilda o‘tkazilgan islohot amaldagi ovoz berish tizimini bekor qilib, umumiy narxi 10 funtdan kam bo‘lmagan yer egasi bo‘lgan (xoh u pomeshchik bo‘lsin, xoh ijarachi) barcha erkaklarga ovoz berish huquqini berdi.
1867 yilda yana bir islohot o‘tkazilib, u tufayli hunarmandlar va shahar ishchilari ovoz huquqiga ega bo‘ldilar. 1884 yildan keyin esa dehqonlar ham ovoz huquqidan foydalana boshladilar. Bugungi kunda har bir inson ovoz berish huquqiga ega.
O‘tgan asr boshlarida yer egasi Parlamentga o‘z vakilini «saylov okrugi» nomidan tayinlash huquqiga ega edi. Biroq ayrim hollarda bunday okruglarda hech kim istiqomat qilmas edi, aytaylik Uiltshirdagi ko‘hna Sarum okrugidagi kabi: yoki Saffolkdagi Donvig okrugi kabi bu yerlar sun’iy dengiz ostida qolib ketgan bo‘lishi ham mumkin edi. 1832 yilga qadar faqat sanoqli parlament a’zolarigina xalq ovoz berishi yo‘li bilan saylanishgan.
Bugungi kunda Angliyada har bir nomzod saylovda ishtirok etishidan oldin 500 funt sterling to‘lashi kerak. Agar saylov jarayonida u saylovchilarning 5 foiz ovozini ololmasa bu pullarni jarima sifatida to‘laydi. 1949 yilga qadar bir shaharda yashab boshqa okrugda ish yuritadigan kishi birato‘la ikki okrugda ovoz berish huquqiga ega edi. Masalan, shu tarzda, universitet bitiruvchisi mahalliy nomzodlar ham, shuningdek, uning universiteti tomonidan taqdim etilgan nomzod uchun ham ovoz berishi mumkin bo‘lardi.