Oltin baliqchaning ajdodi karpdir. Yashiltob-kulrang karplar Xitoy va Yaponiya daryo va ko‘llarida juda ko‘p uchraydi va oltin baliqcha ham aynan shu yerda paydo bo‘lgan.
Xitoyliklar oltin baliqchani bir necha asrdan buyon parvarishlaydi, yaponlar esa 400 yildan beri! Yevropaliklar oltin baliqcha haqida hech narsa bilishmasdi. 200 yil burun bu yerga ularning bir nechtasi olib kelindi. To‘g‘rirog‘i, ular qirol Lyudovik XVning o‘ynashi xonim Pompadurga in’om etilgan edi. U o‘z zamonida modalarni rasm qiluvchi edi, unga boshqalar ham baliqlar olib keladigan bo‘ldi.
Oltin baliqchalarning o‘lchami 4—30 santimetr atrofida bo‘ladi. Oltin baliqchalarning veer, kometa, nimfa turlari G‘arbda keng tarqalgan. Oddiy oltin baliqchaning tanasi kichkina bo‘lib, suzgichlari kalta va qattiqdir.
Veer oltin baliqchaning tanasi kichkina, yog‘li, qo‘sh dumi va suzgichi bo‘ladi. Amerikada parvarishlangan kometaning gavdasi kichik, erkin bilanglaydigan dumi uzun, bir qavatli, ich-ichidan ikkyga bo‘lingan. Nimfa kometaga o‘xshab ketadi, ammo uning tanasi kalta va doirasimon.
Har uch turni ham akvariumda saqlash va millionlab odamlarning xonadonida ko‘rish mumkin. Maboda siz oltin baliqchalarni parvarishlamoqchi bo‘lsangiz, bu haqda nimadir bilib qo‘yishingizga to‘g‘ri keladi.
Baliqchaning orqa suzgichlari osilib qolgan bo‘lsa, bu uning kasalligi alomati. Ular ko‘pincha o‘simlik-parazitlardan yuqadigan zamburug‘li kasalliklarga chalinadi. Mana shunda baliqchaning suzgichlarida oqish qatlam paydo bo‘lib, butun tanasiga yoyiladi. Bu toshma oyqulog‘igacha yetib borsa, baliq nafas ololmaydi va u nobud bo‘ladi.
Baliqchani sho‘r suvga yuvib, bu kasallikni davolash mumkin. Suzgichlari osilib qolgan payti bir osh qoshiq tuz olinib, akvarium haroratiga teng haroratdagi suvga solinadi. Har kuni yarim soatdan vanna qilinadi. Baliqcha o‘sha aralashma solingan taypoq idishga o‘tkaziladi va nim yorug‘likda qoldiriladi. So‘ng akvarium va suv o‘tlarini to‘rt soat mobaynida permanganat kaliy aralashmasining kuchsiz aralashmasida ho‘llab turish kerak. Shundan keyin akvariumni yuvib, yangi toza suv bilan to‘ldirish lozim. Ikki-uch kundan so‘ng unga baliqchalarni qo‘yib yuborish mumkin.