Biz Quyosh keskin darajada qizigan gazlarning bir necha qatlamidan iborat ulkan shar ekanini yaxshi bilamiz. Lekin bu haqda va Quyoshda ro‘y berayotgan boshqa hodisalar to‘g‘risida qanday qilib bilib oldik?
Munajjimlar maxsus asboblar yordamida Quyosh to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar yig‘ishgan. Bunday asboblardan ayrimlarini sanab o‘tish mumkin: spektrograf, spektrogeliograf, koronograf, radioteleskop va kosmik zondlar.
Spektrografdan keskin darajada qizigan Quyosh gazlarini o‘rganishda foydalaniladi. Uning yordamida Quyosh taratayotgan ranglar qaysi kimyoviy moddalarga bog‘liq ekanini bilib olish mumkin. Spektrograf olimlarga Quyosh nuri spektrini doimiy sur’atda yozib borish imkonini beradi.
Munajjimlar spektrogelioskop yordamida Quyoshdagi turli moddalar qay darajada taqsimlanganini aniqlashadi. Bu asbobga suratga oluvchi moslama o‘rnatilgach, u spektrogelioskop deb ataladi.
Koronograf — teleskopning maxsus turi. Munajjimlar koronograf yordamida Quyosh tutilishini kutib o‘tirmasdan, uning tojini suratga olishlari mumkin.
Radioteleskoplar esa olimlarga Quyoshdan taralayotgan radioto‘lqinlarni o‘rganish imkonini beradi.
Er atmosferasi sayyoramizga yetib keladigan Quyosh radiatsiyasining asosiy qismini yutishi sababli olimlar asboblarni atmosferadan yuqoriga o‘rnatishadi. Bunday kosmik zondlar Quyosh to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot yig‘ishga imkoniyat tug‘diradi. Garchi mazkur asboblarning texnik tavsiflari keltirilmayotgan bo‘lsa-da, bu bilan siz Quyosh to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar yig‘ish imkonini beradigan asboblar mavjudligiga ishonch hosil qilishingiz mumkin.
Sayyoralar yulduzlardan keskin farq qiladi. Yulduzlar issiqlik va yorug‘lik tarqatadigan, issiq gazlardan iborat ulkan sharlardir. Sayyoralar esa nisbatan kichkina osmon jismlari bo‘lib, yulduzlardan chiqayotgan nurlarni o‘zida aks ettiradi.
Keling, gapni Quyoshga eng yaqin sayyoralardan boshlay qolaylik. Ularning dastlabkisi Merkuriydir. Uning diametri — 4 878 km. Bu ko‘rsatkich, taxminan, Atlantika okeanining eniga teng keladi, ya’ni Yer o‘lchamining bir bo‘lagi, xolos.
Keyingi sayyora Venera — Cho‘lpondir. Uning o‘lchami deyarli Yerniki bilan bir xil. Uning diametri — 12 160 km., Yerniki esa — 12 660 km. Qizig‘i shundaki, Cho‘lpon teskari, ya’ni Sharqdan G‘arbga qarab aylanadi.
Keyingi sayyora — bizning Yerimiz, undan keyin Mars — Mirrix keladi. Mars qizg‘ish rangda ko‘rinadi. Uning diametri Yer diametrining yarmidan sal oshiqroq — 6 780 km. Mirrix yuzasining ayrim qismlari Oy manzarasini eslatadi: uning yuzasida ham meteoritlar qulashi natijasida hosil bo‘lgan katta-katta kraterlarni ko‘rish mumkin. Shuningdek, bu sayyorada ulkan vulqonlar va vodiylar ham mavjudligi uning geologik jihatdan faolligi ehtimoldan xoli emasligini ko‘rsatadi.
Yana bir sayyora Yupiter — Mushtariydir, u Quyoshdan ancha olisda joylashgan. Quyosh atrofida 11,9 yilda bir marta aylanib chiqadi. Mushtariy — sayyoralar ichida eng kattasi. Uning diametri 142 800 km.dir, bu Yerning diametridan, taxminan, 11 marta katta demakdir.
Saturn — Zuhal ham — katta sayyora. Diametri 120 800 km. Yer diametridan 9 barobar katta. Zuhalning o‘ziga xos xususiyati shundaki, uni bir guruh yassi halqalar o‘rab turadi. Bu halqalar milliardlab mayda zarralardan tashkil topgan.
Uran sayyorasi ham Yerdan ancha katta. Uran bir chetga qiyalagan: uning o‘qi o‘z orbitasiga nisbatan 98 gradus burchak ostida qiyadir. (Er o‘qi esa 23,5 gradus burchagiga qiya.) Neptun sayyorasining diametri — 50 000 km. Sayyoralarning so‘nggisi Plutondir. Diametri — 3 000 km. U Quyoshdan shu darajada uzoqda joylashganki, Quyosh undan turib qaraganda, yorqin bir yulduz bo‘lib kurinadi.