Nima uchun Pyotr 1 ni Buyuk Pyotr deyishadi?

Pyotr 1 shoh Aleksey Mixaylovich va malika Natalya Kirillovna Norishkinalarning o‘g‘li edi. U 1672 yil 30 may kuni tavallud topgan, 1682 yilda esa shohlik taxtiga o‘tirdi. Pyotrning shohlik davri Rossiya tarixidagi eng sharafli sahifalardan biri sanaladi.

Pyotr 1 — Romanovlar dinastiyasining eng atoqli vakillaridan biri edi. U boshqa (samoderjets) hukmdorlardan keskin ajralib turardi. Bolalik chog‘laridanoq Pyotr oddiy mehnat bilan shug‘ullanishdan or qilmas, hatto o‘zining 14 hunar egasi ekanligidan faxrlanardi. Bu haqda A. S. Pushkin juda ajoyib satrlar bitgan: «Goh akademik, goh qahramon, goh dengizchi, goh duradgor, uning qalbi benihoya keng va u taxtda bo‘lsada hamisha mehnatkash ishchi edi».

Tabiatan har narsaga qiziquvchan bo‘lgan Pyotr bir umr o‘qib-o‘rgandi. Boshqalardan ham shuni talab qildi. Shoh Rossiyaning qoloqligini ko‘rib-bilib turar va davlat miqyosida o‘zgartirishlar qilish lozimligini yaxshi anglardi. Yosh Pyotrning 1697—1698 yillar mobaynida Yevropaga qilgan sayohati nihoyatda katta ahamiyat kasb etdi. Bir yarim yil davomida o‘zga yurtlarda bo‘lish yosh shohning shaxsini uzil-kesil shakllantirdi. U juda ko‘p foydali bilimlarni egalladi. Yevropa madaniyatiga ko‘nikdi, o‘zi ham qalban yevropalikka aylandi. Bundan tashqari o‘sha davrda Rossiyaning Yevropaga yaqinlashish jarayoni bormoqda edi. O‘sha davrlardan boshlab Rus yoshlari chet ellarga o‘qish uchun yuboriladigan bo‘ldi; Rossiyaga yuzlab chet elliklar taklif qilindi, ularning aksariyati Rossiyaga jon‑dildan talpinuvchi kishilar edilar. Nihoyat, Pyotr ulkan Yevropa siyosati va diplomatiyasining barcha nozik jihatlarini egallab oldi. Vataniga kelgach, shoh qoloq va jaholatdan iborat aksariyat rasm-rusmlarga, odatlarga bir boshdan barham bera boshladi, ularning ko‘pchiligi chindan ham mamlakat taraqqiyotiga to‘sqinlik qilardi. U davlatning barcha sohalarida va jamiyat turmush tarzida o‘ta muhim islohotlarni amalga oshirdi.

Birinchi galda doimiy armiyani va flotni tashkil etdi. Bu esa o‘z navbatida Rossiyaning Boltiq dengiziga chiqish uchun bo‘lgan kurashlarda shvedlar ustidan g‘alaba qozonishga olib keldi. Ushbu muhoraba Shimoliy urush deb nomlanib 1700 yildan to 1721 yilgacha, roppa-rosa 21 yil davom etdi. Pyotr davrida sanoat gurkirab rivojlandi, juda ko‘p manufakturalar va tog‘kon sanoati korxonalari bunyodga keldi, savdo-sotiq gullab-yashnadi. Shoh madaniyat va maorif sohasiga ham juda katta e’tibor berdi, uning zamonasida yangi-yangi o‘quv muassasalari ochilib ulardan iste’dodli olim va ixtirochilarning butun boshli avlodi yetishib chiqdi. Pyotr 1 fan arboblarini: muhandis va me’morlarni, yozuvchi va rassomlarni har tomonlama rag‘batlantirardi. Bu davrda juda ko‘p betakror bino va inshootlar bunyod etildi.

Pyotr o‘z siyosatida Shoh hukumatini har tomonlama mustahkamlashga intilar va bunda asosan keng dvoryanlar ommasiga tayanardi. Shoh o‘ziga yordamchilarni tanlab olishda ular naslu nasabining mashhurligiga emas, balki ularning aqlu va iste’dodiga ko‘proq ahamiyat berardi. Ammo Pyotr zamonasida oddiy xalq vakillarining hayoti ancha og‘ir edi: pomeshchiklarning zulmi nihoyatda kuchaydi, hukmdor o‘zi amalga oshirayotgan islohotlarini ta’minlash uchun soliqlarni ham oshirib bordi. Dehqonlarning noroziliklari esa shoh hukumati tomonidan shafqatsizlarcha bostirilardi.

Davlat apparati ham isloh qilindi. Boyarlar dumasi o‘rniga Senat tashkil qilindi, buyruqlar o‘rniga hay’at qarorlari joriy etildi. 1700 yilda bekor qilingan patriarxlikning o‘rniga Pyotr Sinod tashkil qilib, cherkovni davlatga bo‘ysundirdi. Ma’muriy jihatdan olganda Rossiya boshqaruvi qat’iy markazlashtirilgan amaldor- to‘ralar davlatiga aylandi. Qadimgi uyezdlar, voyevodstvalar va qo‘rg‘onlar o‘rniga alohida o‘z gubernatorlariga ega bo‘lgan 10 ta guberniya ta’sis etildi, keyinchalik bu guberniyalar 47 ta muzofotga bo‘lindi.

Pyotr 1 ning islohotlari qadimgi an’ana va qoidalarni yoqlab, islohotlarg‘a qarshi chiquvchilar bilan keskin kurashlar ostida amalga oshirildi. Shoh o‘z dushmanlarining har qanday fitnalarini shafqatsizlarcha chippakka chiqarardi. U o‘z otasining tutgan yo‘liga qarshi borganlarga yetakchilik qilgan o‘gli Alekseyni ham ayab o‘tirmadi. 1718 yilda maxsus sud hay’ati shahzoda Alekseyni o‘lim jazosiga hukm qildi.

Pyotr 1 ning har tomonlama olib borgan faoliyati natijasida Rossiya tez orada Yevropaning buyuk davlatlaridan biriga aylandi. 1721 yilda o‘ta buyuk xizmatlari uchun Senat Pyotrga imperator unvonini va Buyuk hamda Vatan Otasi degan unvonlarni taqdim qildi. Rossiya esa imperiya deb e’lon qilindi.

Buyuk Pyotr 1725 yil 28 yanvarda Peterburgda vafot etdi. Pyotr 1 va uning avlodlari Pyotropavlovsk qal’asiga dafn etilgan.