Afrikadagi katta daryo Nilning jumbog‘i to‘g‘risida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Har holda daryo bilan bog‘liq bir hol odamlarni ming yillar davomida tashvishga solib kelgan.
Har yilning iyulidan boshlab, Nilning sathi ko‘tarila boradi va oktyabr oyiga borib, suv sathi may oyidagiga nisbatan 7,5 metr yuqori bo‘ladi. Toshqin vaqtida Nil toshib, dalalarga eng yaxshi o‘g‘it vazifasini o‘taydigan loyqa olib keladi. Misrda deyarli yomg‘ir yog‘magani uchun ham suvning bu darajada baland ko‘tarilishi hodisasi kutilmagan holdir. Shu sababdan uning atrofida yashaydigan aholining bu toshqin siridan voqif bo‘lolmay, boshi qotgan. Bu jumboqqa XIX asrga kelibgina javob topildi.
Nil dunyodagi eng uzun daryodir. Uning janubdan shimolgacha bo‘lgan uzunligi — 6 670 km. Daryo, asosan, Afrika qit’asining shimoli-g‘arbida joylashgan Sudan va Misr davlatlari hududidan oqib o‘tadi. Nil har yili toshishi natijasida jazirama, quruq va taqir cho‘l bilan o‘ralgan sohillari atrofida uzun, ensiz hosildor yerlardan iborat vodiy hosil qilgan. Ilk odamlar bu yerga bir necha ming yil muqaddam ko‘chib kelib o‘rnashishgan. Nil daryosi ikki asosiy manba: Oq Nil va Moviy Nildan suv oladi. Oq Nil Ugandadagi Viktoriya ko‘lidan oqib chiqadi. Uning oqimi ravon va sekin bo‘lib, Nilning suv sathi o‘zgarishiga ta’sir etmaydi. Aprel va may oylarida Nilning suv sathi past darajaga tushadi, o‘sha vaqtda suvning 85% Oq Nildan keladi.
Moviy Nil-chi? U Efiopiyadagi jalalar yog‘adigan, qorlar eriydigan tog‘liklardan boshlanadi. Yomg‘ir mavsumi boshlanishi bilan Moviy Nilning suvi keskin ko‘tarilib ketadi va toshqinga sabab bo‘ladi. Ming yillar davomida odamlarning boshini qotirgan bu jumboqning osongina javobi mana shu.