Kokos yong‘og‘i qanday o‘sadi?

Kokos yong‘oqlari yoki kokoslar palmaning mevasi ekanini hamma bilsa kerak. Ularning po‘chog‘i qattiq bo‘lgani uchun ham etini zaha bo‘lishdan saqlaydi. Chunki kokos pishgach, ancha balandlikdan yerga tushadi.

Kokos yong‘oqlarining diametri 8 — 20 santimetrgacha yetadi. Qattiq po‘choq ostida unchalik qalin bo‘lmagan zich oh et qatlami bor, markazdagi bo‘shliq esa suvga o‘xshash suyuqlik — kokos suti bilan to‘la bo‘ladi.

Agar kokos yong‘og‘ini yaqindan ko‘rgan bo‘lsangiz, uning po‘chog‘idagi uchta «ko‘zchasi»ga ko‘zingiz tushgandir. Bu «ko‘zchalar» ochilmay qolgan kurtaklardir. Kokos yong‘og‘i yerga ekilganida, o‘sha kurtaklardan biri unib chiqadi va niholga aylanadi. Undan yangi palma o‘sib chiqadi. Ammo palma oradan sakkiz yil o‘tgach, hosil beradi.

Katta palma daraxti yil bo‘yi gullaydi va unda hamisha bir nechta pishgan yong‘oq bo‘ladi. Biroq yong‘ohning pishib yetilishi daraxt ekilgan joy va naviga qarab bir necha oydan bir yilgacha, hatto undan ham ko‘p cho‘ziladigan jarayondir. Har yili har bitta daraxt o‘rtacha 50 ta yong‘oq tugadi.

Turli-tuman kokos palmasining bo‘yi 6 metrdan 20 metrgacha boradi. Ularning silliq tanasida butoq yoki shoxlar bo‘lmaydi, faqat daraxtning tepasini bir tutam sertuk yaproqlar bezab turadi. Yaproqlarning uzunligi 3 — 6 metrga boradi. Kokos palmasi dengiz sathidan 900 metrgacha baland bo‘lgan past tepaliklarda ham o‘sadi, ammo u odatda past yerlarga ekiladi.

Ularning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri, dengiz suviga muhtoj bo‘lmasa-da, unga yaqin joylarda ko‘karishidir. Buning sababi shuki, palmaning unchalik chuqur ketmagan ildizlari dengiz sohilidagi sersuv yerdan namlikni shimib oladi.

Kokos po‘chog‘iga sho‘r dengiz suvi zarar yetkazmaydi, dengiz to‘lqinlari girdobiga tushib qolgan yong‘oq uzoq sayru sayohatdan so‘ng boshqa bir sohilga chiqib qolishi va undan yangi palma daraxti ko‘karib chiqishi mumkin.