Hind tsivilizatsiyasi nimani anglatadi?

Egey, Misr va Yaqin Sharq olamidan uzoq Sharq tomonda tsivilizatsiyaning yana bir yirik o‘chog‘i bo‘lib, hind tsivilizatsiyasi deb atalgan. Bu nom Hind daryosi bilan bog‘liq bo‘lib, uning yaqinida ko‘plab shaharlar bunyod etilgan edi.

Bronza asrining bizga ma’lum bo‘lgan bu eng yirik tsivilizatsiyasi 1,3 million kvadrat kilometr maydonni egallagan. Bu yerda 150 dan ziyod manzilgoh bo‘lib, ularning ko‘pchiligida qazish ishlari olib borilgan. Eng muhim markazlar — Moxenjo-Daro va Xarappa aholisi 30—40 ming kishini tashkil etardi.

Barcha yerda bo‘lgani kabi shahar tsivilizatsiyasi ham neolit davrining eramizdan avvalgi taxminan 3500 yilda yuzaga kelgan dehqonchilik manzilgohlaridan o‘sib chiqqandi. Devorlar bilan o‘rab olingan shaharlar, savdo-sotiq hamda turli-tuman hunarmandchilik asta-sekin rivojlana borgan. Eramizdan avvalgi 2500 yilga kelib bu keng o‘lkaning qishloq va shaharlari yagona tsivilizatsiyani tashkil etgan.