Nika Turbina (1974–2002)

Nika Turbina (1974–2002) 4 yoshidan she’r yoza boshlagan, 7 yoshida taniqli yozuvchi Yulian Semyonovning nazari tushib, she’rlari markaziy matbuotda e’lon qilingan, 9 yoshida «Qoralama» nomli ilk she’riy to‘plami Yevgeniy Yevtushenko so‘zboshisi bilan nashr etilgan, yuksak parvoz bilan boshlangan, keyinchalik esa murakkab ruhiy iztiroblar, ma’lum ma’noda ijodiy fojialar girdobida qolib o‘z hayotiga qasd qilgan shoiraning 27 yillik hayoti va ijodi o‘z davrida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan.

 

***
Tungi fonuslarga aldanmang —
Mudroq joylab ko‘zlaringizga,
Qalbdan quvar bedorlikni ham.
Vaqt kelar,
Siz bedor turgan dam,
O‘zi tomon chorlar yulduzlar.
Tungi fonuslarga aldanmang-
Mudroq joylar ko‘zlaringizga.

1981

QORALAMA

Qoralamadir mening hayotim-
Hamma harflar aylanib burjga
Men hali kechib ulgurmagan
mahzun umrdan qilar bashorat.
Qoralamadir mening hayotim-
Go‘yo hayqiriq
O‘z aksidan parchalangandek
Bo‘laklangan baxtu iqbollar
Yozig‘liq.

MEN KIM?

Kimning nigohila kuzatayapman dunyoni-
Do‘st,
Jonu jigar ,
daraxt,
qushningmi?
Dildirab tushgan bu bargdagi yoshni
Kimning lablarila ho‘playapman?
Kimning qo‘llarila quchoqlayapman
Notavon, mo‘rtdan-mo‘rt dunyoni?
O‘rmon, dala, yomg‘ir, bo‘ronu tunning
Ovozini kiymaganmi ovozim?
Men kimman axir, kim —
Tabiat aks-sadosi.
Aks-sadodan
O‘zligimni topa olamanmi?

UXLATASIZ MENI ALLALAB

Issiq to‘shagimga yotqizib,
Uxlatasiz meni allalab.
Bir go‘dakbop qo‘shiqni ayta
Shirin tushlar tilaysiz qayta.
Tongda yostig‘imning tagida
Paydo bo‘lar siz qo‘ygan oftob —
Men kunlari qo‘ldan qo‘ymagan,
Hech to‘ymagan bir go‘zal surat.
Endi bunday qila ko‘rmang hech
Men ulg‘aydim.
Bolalik ketdi.
Bolalik ketdi…

YoMG‘IR. TUN. SINIQ DERAZA

Yomg‘ir. Tun. Siniq deraza.
Shamolga ters kelgan bargdek
Havo uzra uchdi shisha parchalari
Qoldirib jarangdor ovoz.
Odatda
Shunday uzilar inson joni ham.

EVGENIY YeVTUShENKOGA

Siz xaloskor yo‘ldosh, men ko‘zdan qolgan chol.
Yo‘lboshchi — siz. Chiptasiz ham eltyapsiz meni.
Lekin bir savolga hech topolmam javob:
Toptalmayaptimi do‘stlar turobi.
Jimlik…
Siz qalbdagi nido. Men – unutilgan she’r.

1983

O‘Z MANZILIN TOPMOQ QASDIDA

O‘z manzilin topmoq qasdida
Keza-keza chiqib qolar kas
Hayot-o‘lim tutashgan joydan.
Qani endi topa olsaydim
Ajal quvib yetolmas maskan.
Biroq tong otganday botar shom…
Shuning-chun men chiqdim otlanib
Quyosh botmas tomonni ko‘zlab.

YoT TILLARGA KO‘ChGAN ShE’RLAR

Yot tillarga ko‘chgan she’rlar bu –
Shum so‘qirlar holiga mengzar.
Odatda
Uchramay deb biror xatarga
Qilar o‘zin o‘zin himoya —
Paypaslana yurar so‘qirlar.
Yot tillarga ko‘chgan she’rlar ham
Kelmasidan biror xavfga duch
Kerak himoya.

QARShIMDAGI BU DERAZALAR

Qarshimdagi bu derazalar –
Naq ovozsiz kino.
Yolqin boru, biroq
Taralmaydi hech.
Bir oyna ortidan go‘dak hayqirar,
Bir oynada yana qandaydir ovoz,
Ammo men tomonga kelmagay yetib.
Oynadan narida son-sanoqsiz ko‘z –
Chiptasizlar
O‘ltirar sukutga berib dildan roz.
Mening derazamchi? Jarangdor!
Biroq
Taratar borliqa dard-alam kuyin.

VENESIYa

Ko‘priklarla qurshalgan shahar-
Tosh libosda bo‘lar namoyon.
Marjon – oqqa bo‘yalgan uylar…
Poyidagi orollar sonin,
Sanog‘iga yetib bo‘lmas hech.
Nega endi yig‘lar bu ayol-
Toshdan ko‘ylak kiygan
Venetsiya?

OLTIN BALIQChA

Tilla baliqchaga berib og‘riq, g‘am –
Qaytarib berdik biz bor hadyalarin.
Sevgi ham ko‘ngilga bo‘lolmagach jo
Oshyoniga qaytdi.
Aylandi falak.
Mana yana qirg‘oq bo‘yida turib,
So‘ryapmiz o‘tinib, qaytishini
Muhabbatning.

***

Qirmizi oy,
Qirmizi oy.
Tim qora
Derazamdan
Mo‘ralab qo‘y.
Qirmizi oy,
Xonam zim-ziyo.
Zim-ziyodir uylar,
Devorlari ham.
Burchaklari ham.
Netay?
Hatto
Ichim sim-siyoh.

***

Barmoqlarim bir shuur bilan
Tinglayotir yomg‘irning kuyin.
Kuy taratib tushgan tomchilar
Kaftginamda yig‘ilib oxir
Aylanadir ulkan ko‘zyoshga.
Yo‘q kuy emas, bu achchiq nola.
Osmon, nahot yig‘layotirsan?!
Izn ber, men horgan otimga
Eltay va tuyoqlariga
Sochay sening dardga davo.
Izn ber, osmon!

***
A.N.

Garchi so‘zlashsam-da sen bilan,
Bu so‘zlarda his yo‘q,
Yo‘q rang, tus.
Garchi yashasakda bir uyda
Ayro-ayro dunyodamiz… afsus

QO‘G‘IRChOQ

Men misoli majruh qo‘g‘irchoq
Yuragi sug‘urib olinib,
Qayta joylash yodga kelmagan
Va keraksiz buyumdek
Chekkaga
Irg‘itilgan, xo‘rlangan.
Men misoli majruh qo‘g‘irchoq
Aldanishga moyil, bechora,
Qulog‘imga mayin shivirlab,
Uxlashga chorlangan:
“Uxla, jonim, uxlagin,
Orom ol, bir pas.
Uyg‘onib, ko‘z ochganingda
Yana senga bo‘lar el
Bor yaqinlaring,
Yana quvnab-erkalatamiz,
Ura boshlar shunda yuraging…”
Kutishdan ham bormi og‘ir musibat?

1983

Umid Ali tarjimasi

ALLA AYTING…

Alla ayting menga, tebrating,
Ko‘rpa bilan o‘rang qalinroq,
Alla bilan aldang meni siz;
Osmonida quyosh porlagan
Tushlarim suratin tong chog‘i
Yostig‘im ostiga berkiting;
Kutmang aslo, kutmang siz biroq…
Ketdi mendan bolalik yiroq.

ONAMGA

Yolg‘izlik onlarida
Osmon bag‘rida jon talashgan qushdek,
Etishmaydi menga sening borliging,
Lablaring tashvishli titrog‘i yetmas,
Kulgularing yetmas ko‘zlaringdagi-
Ular ko‘z yosh to‘kar menga termulib…
Ona, nechun dunyo- og‘riq sim-siyoh?
Balki, sen yagona bo‘lganing uchun?

QOYa
V.Lugovskiyga

Dengiz to‘lqinlanar, dengiz shovullar;
O, Sening yuraging tug‘ildi, shoir,
Dengiz ko‘pigida, shams yog‘dusida!
…Biroq vaqt o‘tkinchi, o‘ldi shoir.
Yurakkinang sening dengizda oqar,
Lek bunda bir qoya- ko‘kka bo‘y cho‘zgan.
«Qoldir yuragingni xarsanglar aro!»,-
Shamol sasi ila so‘raydi sendan.
…Odamlar ketmoqda qoya tomonga,
Quyosh ham oshiqar qoyaga tomon.
-Sen dengiz farzandi- yurak urmoqda.
-Yashayman men, mangu! Tirikman hamon.

QO‘G‘IRChOQ

Men bir siniq qo‘g‘irchoq kabi…
Ko‘ksida bo‘sh qolgan bir yurakka joy
Va keraksiz bir matohdek
Nim qorong‘u burchakka tashlab qo‘yilgan.
Men bir siniq qo‘g‘irchoq kabi…
Bir safar, tong chog‘i uyqu ohista
Qulog‘imga shivirlab aytdi:
«Uxla, mittiginam, ko‘zlaringni yum.
Yillar uchib o‘tar- uyg‘onganingda
Nihoyat odamlar istab qolishar
Seni qo‘lga olishni,
Allalab, shunchaki, o‘yin qilishni.
Shunda ura boshlar sening yuraging.»
Faqat, qo‘rqinchlidir kutish onlari…

BUVIMGA

Og‘riqlaring olayin men.
Bir dasta gul terib, so‘ng
Uddasidan chiqqanimcha
Yozayin bir-ikki so‘z,
Tongotar payt haqda- moviy,
Bulbullar haqda ko‘klamgi,
Og‘riqlaring olayin men…
Faqat, bir o‘y ko‘p qiynaydi:
Nim qorong‘u uy to‘rida
Yurak zorlanar nedan?
Devorlardan poygakkacha
Bor yo‘llar parchalangan.
Dasta gullar so‘lib borar
Jon berar asta-sekin…
Og‘riqlaring olayin men,
Ko‘ngling yozilarmikin?

***

Tunggi chiroqlarga ko‘z tikmang:
Uyqu botar ko‘zlaringizga.
Hasrat chekmang,
Kun kelar-
Ofat, hasrat nari ketib,
Yulduzlar o‘ziga chorlagan bir kun.
Tunggi chiroqlarga ko‘z tikmang:
Uyqu botar ko‘zlaringizga.

***

Do‘stlarimni izlayman,
G‘oyib bo‘lishdi birdan.
Men so‘zlarni izlayman-
Ketdi do‘stlari bilan.
Kunlarni izlayman, lek
Qochib qolishdi nari.
Ular ortimda, mendan
Yiroqlar borgan sari!

***

Ko‘nglim mening- nihonim,
Makoning qayda?
Bejirim uychang sening
Shinamdir- sara?
Shaharlar kezasan,
Kezasan yakka.
Ko‘nglim mening- nihonim,
Pinhonsan nega?

OVOZ

Xiyobon bo‘ylab
Sening jarangdor,
Billur sharsimon
Ovozing uchdi.
Tomlar osha o‘tdi,
Yaproqlar osha,
Kuzgi shitirlar
Navosin tutdi.
Behos tin oldi
O‘sha o‘rindiq
Va siniq fonus
Qarshisida u
Va o‘tli kulib
Qaragan paytda
Siniq fonus ham
Nur sochdi qayta.

***

Uxla, mening ukajonim,
Allalar aytay.
Oq to‘shaging bo‘lsin sening
Keng qorli dala.
Yostig‘ing ostidagi
Daryolar toshqini-
Nurli yo‘ling bo‘lsin
Va men g‘amlaring olay.
Uxla sen,
Men esa gullar ekayin, ukajon,
Bolalik tushlaringni
Faqat ularga ishon.

***

Kunlar uzun tun qadar, jala quygan payt
Ko‘zlar ko‘rolmasa bir tomchi yomg‘irni.
Biroq eshik bo‘sag‘asida,
Zimiston tun devorlarga yetolmay yurib,
Kunduz chaqirimlar olisdagi bir
Eshikka toyinib ketgan qo‘llardek
Tatib ko‘rar yomg‘irlarni lablari bilan…

***

A.N.

Biz- ikkimiz
Boshqa-boshqa tilda so‘zlaymiz.
Harflar o‘sha-o‘sha,
Biroq so‘zlar turlicha.
Biz sen bilan bir xonada-
Bir xonaning
Ikki ayro orolida yashaymiz.

ShUVOQ O‘TI

Men- shuvoq o‘ti.
Lablarimda talx,
So‘zlarimda talx,
Men- shuvoq o‘ti.
Dasht uzra shamol
G‘uvillab chunon
Nozik poyamni
Sindirdi yomon.
Og‘riqdan duv-duv
Yoshim to‘kildi,
Erga ko‘mildi…
Men- shuvoq o‘ti.

YaRADOR QUSh

Shafqat qiling, qo‘yib yuboring.
Ezg‘ilamang siniq qanotlarimni,
Ucholmayman men ortiq.
Ovozim chilparchin bo‘ldi og‘riqdan,
Og‘riqqa aylandi mening ovozim.
Chinqirmayman men ortiq.
Tashlab ketmang, oshiqmang biroz!
Kuz…
Qushlar uchar janub tomon jim,
Yuragimni qurshaydi qo‘rquv.
Yolg‘izlikning do‘stidir o‘lim.

Rafiq Saydullo tarjimasi