Leopold Staff (1878-1957)

Leopold Staff (Leopold Staff; 14 noyabr 1878, Lvov — 31 may 1957, Skarjisko-Kamenna) — polyak shoiri, dramaturg va tarjimon.

HAYoT

O, tiniq zamin tongi!
Kelar, yitar bulutlar…
Nahot ular shod dilni
Engmoqqa qurbi yetar.
Agar qurbi yetsa, boq –
Qushlarni top osmondan.
Izlab top, uchib kelar
Qay biri tun tomondan.
Qara, ular sayrar sho‘x,
Ishon, o‘xsha ularga
Va ko‘nglingni bu ishonch
To‘ldiradi nurlarga.

Xurshid Davron tarjimasi

ARS POETIKA

Qalb sadosi sokin taralar,
Chorlar: “Ovla! Halovatdan kech!
Shoshil axir, ko‘ngil saralar,
So‘ng bu lahza qaytib kelmas hech!”

Lek burchimmas tashlanish ko‘zga –
Puch satr-la bezamoq hijo,
Men lahzani muhrlab so‘zga
Mangulikka etmoqchiman jo.

O‘ylaymanki, ezgulik maslak
Uyg‘un bo‘lsa yuk va ohang zap –
She’r – nigohda anglangan istak,
Va do‘st bilan ko‘rishganday gap.

BAQATO‘N

                   Yan Parandovskiyga

Bir ko‘hna xiyobonda
Tashlandiq hovuz uzra,
O‘ylardim qalb lisonda
Uning shaffof damlarin.
Ne uchun bu bog‘ bugun
Yashnamas avvalgidek?
Daf’atan, shuning uchun
Qo‘limda novda bilan
Yig‘ilgan baqato‘nni
Hayday boshladim suvdan.
Mening bu harakatim
Payqab qoldi bir vazmin
faylasuf, xayoli tim.
U berkitib ginasin
Nihoyat kulib dedi:
“Hayot qisqa, har lahza
Bir tomchidir baqodan
Nahot bunda panimning
Ishi yo‘q boshqa bundan”.
Iymandim o‘sha lahza,
Va uzukkun o‘yladim
Nedur hayot va mamot.
So‘ngra ko‘hna Rimni
Xayolim bo‘ldi Suqrot
O‘yladim Mangu ruhni.
Mamont… Piramidani.
Eyfel minorasini
Biroq – bari behuda.
So‘ng qaytdim ertasiga
Shu ko‘hna xiyobonga
Va ko‘rib qoldim unda
Ajinlar qartaytirgan
Faylasufni. U esa
Xotirjam, men o‘sha
Tashlagan novdam ila
Ohista yig‘ar edi
Hovuzdan baqato‘nni.
Tegrada esa yelar
Daraxtlar va qushlar ovozi.

ONA

Sokin tun og‘ushida
Ona tebratar edi
Go‘dakni belanchakda.

Yo‘q, bu na chaqaloq
Va na belanchak.
Qorong‘ilik barini yutgan
Ona xotiralarni chayqardi faqat.

TIL

Bilmay turib qush tilini
sayrog‘idan yayrash mumkin.

Lozim emas barin tinglamoq
Qurbaqaning qurillashini.

Fahmlayman odamzod tilin,
Bor tilyog‘lama so‘zlarin ham.
Tushunmasam edi koshki,
Bo‘larmidim eng zo‘r shoir?!

Rus tilidan Davron Rajab tarjimasi