Xurshidbonu Notavon (1832-1897)

Xurshidbonu Notavon (Xurşidbanu Natəvan) musiqa va she’riyat gulshani Shushada, ziyoli oilada dunyoga keldi. U Qorabog‘ hokimi Ibrohimxonning nabirasi, Mahdiqulixon I ning qizidir (Mahdiqulixon II shoiraning o‘g‘li). Bibilari Gavhar og‘a, Og‘abegim og‘a (Eron hukmdori Fatalishohning birinchi ayoli) “Og‘abaji” taxallusi bilan g‘azallar bitgan. Qizi Xonbika, o‘g‘li Mahdiqulixon “Vafo” taxallusi bilan g‘azallar yozgan. Notavonning asl nasab-sulolasidan shoirlar ko‘p chiqqan. U Notavon, Xonqizi taxalluslari bilan elga mashhur bo‘lgan, “Majlisi-uns” shoiralar anjumanining faol tashkilotchisi bo‘lib, uni moddiy jihatdan ta’minlab turgan.

G‘AZALLAR

* * *

O‘zini ishq oloviga urib dilshod parvona,
Ajab bir bora yonmoqdan o‘lur ozod, parvona.

Har oqshom ko‘rdi majlisdaki, sham’ ag‘yorga yordur,
Shu vajdan kasbi so‘zonlik qilur bunyod parvona.

Senga ey sham’, malomat qildilar ma’shuq oldinda,
Agarchi xirmani umring bo‘lur barbod, parvona!

Dema, ma’shuqa beparvo, u sham’ga yuz malomatdan
Uzib jon tasbeh yanglig‘, vafodan shod parvona.

Bilib shamning vafosin, jismu jonin o‘t aro otdi,
G‘ami hijron dami vuslatda etdi yod parvona.

Jafoi hajridan jong‘a yetib, shavqi visol birla
Erib sham’ gulxanida, etmadi faryod parvona.

Yonar chun Notavon xasta mudom ishqning olovida,
Sabur o‘l, ayla odat shevai ustod, parvona!

* * *

Bu dardim bilguvchi yo‘qdir bu holatda, bu holatda,
Dilimda hasratim ko‘pdir bu furqatda, bu furqatda.

Nechun ahvolimi bilmas, u mohi mehribon kelmas,
Nechun dodimga evrilmas bu muddatda, bu muddatda.

Ketubdir toqatim tizdan, tamom so‘ndi ziyo ko‘zda,
Nechun ko‘ngil uzur bizdan bu g‘urbatda, bu g‘urbatda!

Degil yori vafodora, lutf etmasin u ag‘yora,
Karam qilsin mani zora bu xiffatda, bu xiffatda!

Yiqarman charxi osmonni, buzarman yeru vayronni,
Yo‘liga tikmisham jonni, bu mehnatda, bu mehnatda.

Ko‘zimda intizorim bor, dilimda iztirobim bor,
Raqiblar yor, men ag‘yor bu g‘aflatda, bu g‘aflatda.

Vatandin mosuvo bo‘ldim, so‘rog‘ingda ado bo‘ldim,
Shirin jonim uvol bo‘ldi bu hasratda, bu hasratda.

Meni tashlab firoqingda, hamisha ishtiyoqingda,
Umrning shomi chog‘inda bu usratda, bu usratda.

Adashdim hajr tog‘inda, bukildim g‘am yotog‘inda,
Xayol husning so‘rog‘inda bu soatda, bu soatda.

Hushim ul yor ila ketmish, yuragim ishq o‘ti olmish,
Vujud ham Notavon qolmish bu zillatda, bu zillatda.

* * *

Ko‘ngil qonin ko‘zumdan novaki g‘amzang ravon aylar,
Masaldur mardum ichra: «Mast o‘lan albatta qon aylar!»

Ko‘ngil, bilkim, u chashmi mast o‘lub aslo xato etmas,
Sira yo‘q shubha gar qon etmak o‘lsa, qonga-qon aylar.

Agar qoshu ko‘zing qahr aylasa, ey, mohi nav, bir dam
Ko‘ngulda fitnalar paydo bo‘lur, har dam fig‘on aylar.

Nihoniy boqmog‘ingdan iztirobi ko‘nglum afzundur,
Na jodudirki, har on kashfi asrori nihon aylar?

Uchib murg‘i dilim qo‘nmish sari zulfi parishona,
Balo sarmanzilinda, ko‘r, na g‘ofil oshyon aylar?

Yuzing girdida zulfing kufra mengzar, tutdi imonni,
Haram ahlini kim bundoq ganjga posbon aylar?

Sabo zulfing nasimin gar taratsa vodiyi Chinga,
Xo‘tan sahrosini mushkin etib, anbarfishon aylar.

Raqibim ko‘rmasin bir qatra, yo rab, jomi ishratdan,
Ki, mandin besabab ul mastu sho‘xi sargaron aylar.

Degaylar: dardi ishqing odam o‘ldirmas, bu ko‘p sozdur
Va lekin amr aylar, men kabi zor Notavon aylar!

* * *

Sho‘ri ishqing boshima oxiyri savdo keltirar,
Bu mushaxxasdiki, ishq oshiqqa g‘avg‘o keltirar.

Tori zulfingdur meni bo‘yla giriftor aylagan,
Neki kelsa boshima, zulfi mutarro keltirar.

Qoshu ko‘z, novaklaring chun fitnakashlar bir bo‘lib,
O‘q otib, tig‘lar chekib, har biri da’vo keltirar.

Gul yuzing ko‘rmak agar mumkin o‘lurdi bir nafas,
Har safar ko‘rmak uni nuri mujallo keltirar.

Ko‘nglimi g‘orat etur onchaki zulfing torlari,
Rumg‘a misli habashi lashkari yag‘mo keltirar.

Vaslidan o‘zga murod yo‘q borsa oshiq ko‘yiga,
Bilki, Majnunni biyobon mehri Laylo keltirar.

O‘ylama, Yusufni Yoqub yuzini takror ko‘rar,
Ko‘z bog‘lab kirsa bozorga, Zulayho keltirar.

Misr bozorida Yusufni Zulayho oldi naqd,
Naqdi jon oshiq uchun qo‘lda muhayyo keltirar.

Sidqi qalb birlan nisor etmish eding jon naqdini,
Notavon bul kun xabar: qatlingga farmo keltirar.

* * *

Sahargoh nogahon ko‘rdim dili zorim nihon yig‘lar,
Sirishki ol ila har dam chekar ohu fig‘on, yig‘lar.

Savol berdim: ne boisdur falakka yetdi afg‘oning,
To‘kar xuni jigar chashming, oqar har yon ravon, yig‘lar?

Ko‘ngil ogoh o‘lub mendan, dedi: – Bodi sabodan so‘r!
Sarosima qolib oshiq, chekar oh, al’amon yig‘lar.

Sabodin so‘rdim ahvoliniki, ey har nedan ogoh,
Ne voqedur, kuni qora bo‘lib dil notavon yig‘lar?

Mudom bodi sabo, ko‘rdim, base dilgiru nolondur,
Takallum yo‘q bayon etsa, qolibdur bezabon, yig‘lar!

Tutilmish nutqi guftori, dedi: – ey, Notavon xasta,
Nechuk sharh aylayin holimki, jumla insu jon yig‘lar!

* * *

Kezardim bog‘u gulshanni, parishon hol ila, ko‘rdim:
Urib bodi xazon, sarvin quritmish, bog‘bon yig‘lar.

Tilim tanglayda qotdiyu tarahhum etdim ahvoli,
Ko‘zimga tor o‘lib dunyo, damodam jismu jon yig‘lar.

Falak to‘foni sindursa agarda gul butog‘ini,
Ki, payhon o‘lsa gul bargi, etar bulbul fig‘on, yig‘lar!

Sorg‘ardi ravnaqi gulshan, o‘chibdur ziynati bog‘ning,
Ketib tobu tarovatdan, gul yig‘lar, gulsiton yig‘lar.

Yiqilsa charx toqidan, bo‘lursa dahri dun vayron,
Bashar toqat topur qaydan, zaminu osmon yig‘lar!

Ilohi ko‘rmasin ko‘zlar, yomon kundir balo kunlar,
G‘amu kulfat jafosidin jame piru juvon yig‘lar.

Adadsizdir g‘amim, sharhin bayon etmoq emas mumkin,
Yoz ey, mustavfai a’lam, mudom ahli jahon yig‘lar!

* * *

Ey, guli savsan, seni bir notavon uzmish magar,
Bir mahi oliy maqoma bandivon uzmish magar?

Subhi sodiqda kirib kim bu qasrga beizn,
Tarsaki solmish yuziga bog‘bon, kezmish magar!

Chunki bu gulshanda sargardon kezgan behisob,
Shul sababkim posbonlar xush nishon tizmish magar?

Rangu bo‘yingdan muzayyandir bisoti bazmi gul,
Xomayi naqqoshi qudrat gulsiton chizmish magar?

Bu qadar lutfu nazokatkim saning husningdadir,
Shavqu ilhom birla vasfing Notavon yozmish magar!

* * *

Kajravishdir bu davron, afsus,
Bevafodur jahonu jon, afsus!

Ne yomon dog‘ ekan farzand dog‘i,
Boshima tushdi imtihon, afsus.

Ko‘zim qoldi yo‘lida qon yig‘lab,
Bo‘ldi ul marduming nihon, afsus.

Nomehribon o‘ldi ul menga,
Bo‘ldi xok ila mehribon, afsus.

Ko‘zim nuri, ey hosili jonim,
Chekarman sensiz al’amon, afsus.

Seni lab tashna yod qilganimda,
Ko‘zim yoshi jo‘ydek ravon, afsus.

Yiqildi sarv qadding yer parchin,
Senga tol bo‘ldi soyabon, afsus!

Izzatu johu davlat ichra seni
Ko‘rmadim aslo komron, afsus.

Xijil sendin umed, orzu, havaslar,
Bo‘lmading hech shodumon, afsus.

Seni og‘ushladi muzday qaro yer,
Mening kuydi dilimda qon, afsus.

Ajal yuldi aning tar g‘unchasini,
Qoldi sargashta Notavon, afsus.

* * *

Yana, yorab, ne g‘amgindur manim bu shod o‘lan ko‘nglum,
Ramuzi ishqdan ogoh o‘lub, ustod o‘lan ko‘nglum.

Ko‘ribdur: yori ag‘yora bo‘lubdur mahvu nazzora,
Qilibdur ko‘ksini pora manim obod o‘lan ko‘nglim.

Nechunki va’dani buzding, nechun zanjirni uzding,
Ne vajdan dasht aro kezding, manim barbod o‘lan ko‘nglum!

Firoqing ro‘zi mahshardur, sarosar mehnatu g‘amdur,
Qaro zulfingdek darhamdur manim ozod o‘lan ko‘nglum.

Boqing bu Notavon zora, kuni baxti kabi qora,
Kezar Majnundek ovora manim noshod o‘lan ko‘nglum!

* * *

Bo‘lmisham dahri balo ichra bu kun devona man,
Bormadim mayxonaga, sindirmadim paymona man.

Va’dalardan kechmadim, ahdu qasamni buzmadim,
Shul sabab, nomehribonim, bo‘lmisham afsona man.

Tarki gulzor etmisham, bulbul kabi men, ey raqib,
Oqibat bir go‘sha ichra kelmisham afg‘ona man.

Ishq ruxsorinda bir dam vasli-la shod bo‘lmadim,
To‘rt taraf qiblam bo‘lib, tushdim ajab hijrona man.

Ram yukin chekmaqdin, ey dil, bir dam ozod bo‘lmadim,
Garchi jahd etdim, na hosil, yetmadim jonona man.

Tushlarimda sen kelibsan qulbai ehzonima,
Ul zamon nazr ayladim jonu dilim qurbona man.

Ko‘rmagim dushvordir, billoh senikim, ey raqib,
Zulfiga bog‘liq dilim, qo‘ygil, tushay zindona man.

Davru davron teskari aylandi, koma yetmadim,
Dushmanimdir bilmasam kim, netmisham davrona man?

Boru yo‘g‘imdan qolon yolg‘izgina jonim edi,
Notavon, oxir dedim: sarf aylayin mehmona man!

Oydin Hojiyeva tarjimasi

* * *

So‘yla Husaynga, ey sabo, Karbaloga kelmasin,
Kelsa, tushar bu dastiga dardi baloga kelmasin.

So‘ylaganin keturmasin Kifoya nozli Akbarni,
Zulm ila qoniga battar turreyi- mushki – anbarni.

Balki Fig‘ongidek obor jumlai – ali – haydarni,
Subhi – azim uchun bu kun kuni Muhayyo kelmasin.

So‘yla keltirma Qosimni, qotili aylaydi shitob,
To‘yda bo‘lur yaqin uning qoniga qo‘llari hisob.

Ko‘rma ravoki, Qumri – dun din uyin aylasin xarob,
Rahm aylasin u Zaynabi – baxti- qaroga, kelmasin.

Kelmakka yo‘qdir fursatim, qon ila noma yozmisham,
O‘ldirurlar Muslimi Kufada furqayi – zulam.

Tug‘ishganin uzun qo‘li ko‘rma ravo unga qalam,
Singillari oyoq yalang, dastu- baloga kelmasun.

Etsa agar xabar sanga bo‘ldi bu Muslimi – aqil,
Ibni – ziyod najimi garchi etibdi ko‘p zarar,

Qushli hanuz bo‘lmadi, bo‘ldi qanorada qotil,
Istamayman, ayolini qo‘yma, azaga kelmasun.

Bodi – hazon asar sanin oylarsifat ayolingga,
Rahm ayla, yolvoray Husayn, Qosimi – xushmaqolimga.

Jon tasadduq aylading, Akbarimning jamoliga,
Shod bo‘la bo‘l imom Husayn, g‘am bozorina kelmasun.

So‘yla u tog‘ama mani – bekasi aylasin halol,
Arzimni birma – ayla, Ali – abayga sharhi – hol.

Ikki ochilgan gulim Kufoda zori – dil malol,
Qoldilar Akbar ila ul Qosim, har yerga kelmasun.

Hasratman ul jamoliga, oh chekdim bu sinodan,
Kufada bordir qotiling, kelma hazin Madinadan,

Qilma yetim Xadichani ayirib Sakinadan,
Boshinga qo‘l qo‘y, yig‘lagin sho‘ri – havoga kelmasin.

Tutsa aza, Xadichadan so‘yla kim, tezlab yig‘lasin,
Balki yetimining to‘zi mahliqoga kelmasun.

Fotimaning kanizi, bu g‘ussani ayla kim, tamom,
Bir-bira deydi mardisan, jo‘ra kelibdi hojiyam.

Novha yetar bu Notavon, ro‘zi shab yig‘lar mudom,
Topmasa bir teri – najot, dorul – baqoga kelmasun.

* * *

Sho‘ri ishqing boshima axiyri savdo keltirur,
Hijron ila kim, ta’mani- g‘am dastrasimdir.
Olmisham dahri- balo ichra bu kun devonaman.
Dilbarga, dardi- dilimdan shunday makon etdim,
U mujdani- siyoh- novkin xatoyiki- yora mengzatdim.
Ko‘ngil, qonin ko‘zimdan novaki- g‘amzang ravon aylar,
Raqib tuhmati yetdi mani judo, ey, do‘st!
Xojasta bulbuli – xush nutqi, xush zabon ketma!
Yana yo rab, na g‘amgindir manim bu shod bo‘lgan ko‘ngim.

Ozarboyjonchadan Dilbar Haydarova tarjimasi