Pavel Botsu (1933-1987)

Pavel Petrovich Botsu (Pavel Boțu; 14 iyun 1933, Bessarabiya — 17 fevral 1987, Moldaviya) — moldavan shoiri va yozuvchisi. Kishinyov pedagogika institutini tamomlagan. Ilk she’riy to‘plami “Otalar zamini” nomi bilan 1959 yili chop etilgan.

SENGAChA BOR EDI…

Ilk bor sen — go‘dakning
Zalvarin tuyib,
«Qadam qo‘ygin» deya
Cho‘zilgan so‘qmoq…
Uni «meniki» deb
Aytsang-da, suyib,
So‘qmoq sengacha ham yashardi biroq.
Bu yulduz
Qayerga borsang porlaydi…
O‘ylaysan:
«U men deb yonadi shundoq,
U mening yulduzim,
Meni chorlaydi…»,
Ammo u sengacha bor edi, o‘rtoq.
Safarga otlanding,
Namlandi ko‘zlar.
Onang oq yo‘l tilab
Ayladi duo.
Senga atalgan u muqaddas so‘zlar,
Dunyoda sengacha bor edi ammo.
Guldagi arilar,
Bog‘dagi gullar,
Bulutlar,
Bulutni yondirgan chaqmoq,
Yomg‘irlar, maysalar, ko‘z yosh, kulgular…—
Barchasi sengacha bor edi, o‘rtoq.

Usmon Azim tarjimasi

ZAMINDA YaShAMOQ

Tarnovda uyqusiz jnldiraydi suv,
Issiq uyasida qushlar tin olar.
Yulduzlar uchadi tun ichra duv-duv…
Katta gap:
zaminda yashaymiz bizlar.

Boshoqlar nahrida shamollar tindi,
Olov tillari-la sochib shu’lalar
Yilning bayroq kabi gulxani yondi,
Katta gap:
zaminda yashaymiz bizlar.

Moviy cheksizlikda kuz bitdi dastxat:
Arg‘imchoq solishib uchdi turnalar,
Arg‘umoqlar turar to‘y kuniga taxt,
Katta gap:
zaminda yashaymiz bizlar!

Imonimni yillar gulxani osha
Olib o‘tdim shodlik, va malham qadar,
Tuprog‘imni yuvgan nurga qorisha
Katta gap:
zaminda yashadik bizlar!

Oydin Hojiyeva tarjimasi

ZAYTUN O‘TQAZAMAN

Zaytun o‘tqazaman,
Nihol zaminda
Soatday hayqirib, hayot nafasin
Shimirib ildizlar otadi kunda,
Taratib ko‘klarga tiriklik sasin.

Zaytun o‘tkazaman,
Har oppoq nahor
Shabnam suvlaridan tiniqib, tinib,
Shoxlarini silkib shamol beozor,
Yashil alangaga o‘ralar yonib.

Zaytun o‘tqazaman,
Ko‘chatim bilan
Yam-yashil sarpolar kiyib o‘zim ham:
Hayotim bo‘ladi charog‘on, baland,
Qalbimda umidlar ochilib ko‘rkam.

Ajab, shoshilmaydi meva qilgani,
Bahoru yozlarning emib oftobin.
Necha yuz yillarning hisobin olgan,
Zaytun, qaydan bilsin umrim hisobin.

Hayot parvozini darig‘ tutmasin,
Qanotsiz bo‘lmasa bo‘lgani havas.
Mayli, hosilini hadya etmasin,
Kutish quvonchlarin hadya etsa, bas.

Ruschadan Abdulhay Nosirov tarjimasi.