Yuri Zambrano (1968)

Shoir va nosir Yuri Zambrano (Yuri Zambrano) 1968 yili Meksikada tug‘ilgan. Jahon she’riyat festivallari direktori, Jahon she’riyat harakati a’zosi, ayollar huquqining faol targ‘ibotchisi. Xalqaro Che Gevara jamg‘armasi va Qizil kollektiv utopiya tashkilotining faoli. 40 dan ortiq kitobi turli tillarda (asosan ispan va ingliz tillarida) nashr etilgan. 15 ta she’riy to‘plami, jumladan 3 ta bolalarga atab yozgan kitobi mavjud. Adabiy asarlar qatorida ilmiy ishlari, jumladan ong va xulq mavzusi yoritilgan asarlari ham bosilgan. U she’riyat xalqlar o‘rtasida do‘stlik va qardoshlikni mustahkamlovchi vosita ekaniga chin dildan ishonadi. Uning nazdida she’riyat nafosat va insoniy teranlik mahsulidir.

TAKLIF

Metin devorlarni buzishga qodir
etguchi botiniy tundligimizga
hayratomuz ayolga oid
erur kamtarona taklifim.

Yolg‘izlik anduhin yupatmoq uchun
jannatiy ma’voning 999 tasin yaratishga,
abadiyatga daxdorlarning zehniyatiga oid
dahshatli hikoyalarga chidamoqqa,
ikki ajralganni qovushtirmog‘u
yangi bebosh uyushmani qondirmoqlikka,
mardona ruhi-la cheksiz, hududsiz
yo‘llarni nurafshon etmoqqa,
mo‘jaz oshiyonin yasatay deya
kuchli rishtalarni uzmoqqa,
birovga farovon qilarkan xizmat
qalbini malolsiz to‘qib solmoqqa,
bir lahzaga bo‘lsin chuqur hislar-chun
pok tuyg‘ularini qurbon etmoqqa
qodir bir ayol;
bori illatlarin ayon bilarkan
fazilatlarini qilguchi inkor.

Shunday saxovatli va mo‘jizakor
ayol mavzusini taklif etaram
sababki, nafsini jim o‘ldirarkan
u namoyish etur chindanam
to‘g‘riligin beshovqin ishqning.

EKZISTENSIAL HARAM

Shoir g‘amnok o‘lsa, yozgani qayda?

Bir so‘z yozolmaysiz ma’yuslik ichra,
qog‘oz siypalashga mohir qo‘lingiz
daf’atan karaxtga aylanar
benuqson va ko‘chmas tosh kabi.

Bu zimiston yo‘losti aro
mayin oqa bilmas shaffof so‘z.

Xayolchanu faraz satrlar
manzarasi bema’ni otlar
o‘giryotgan to‘ng‘iz-chun axlat.
sirli-sirli uchar sifatlar
g‘ussali ko‘zlarni ko‘rsatur bo‘m-bo‘sh
oniy pag‘ambarlar umidi misol
shunchalar g‘alat.

Poyezd yo‘rg‘alaydi naq erib bitgan
katta portlash orqali asta
boqib qarog‘ingiz muzoynasiga
sudragancha mitti afsunni
raqs etadi shamanchasiga
g‘azabnok tasavvur parchasi kabi
shifrli xotirning momiq bandisi.

Lekin hozir bundayin nigoh
tartibsizlik sinonimidir…
shishali ham sho‘r parchalarning
betartibligi
o‘z navbatin kutgan jimgina
qog‘oz haqqi qilguvchi duo
hech xayoldan o‘chmas bitta par…

o‘z qayg‘usi haqda yozishga
urinyotgan g‘amgin shoircha
hech nimarsa yo‘qdir ma’yusroq.

Ingliz tilidan A’zam Obid tarjimasi