Edi Ognetsvet (1913-2000)

Edi Semyonovna Ognetsvet (belor. Edzі Syamyonao‘na Agnyatsvet; haqiqiy familiya Kagan; 11 oktyabr 1913 (ba’zi manbaoarda 1916) — 17 iyul 2000) — belorus shoirasi. SSSR Yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1937).

UChRAShUV OLDIDAN

Yashin kabi yarq etdi jilg‘a,
Qo‘l silkidi qarag‘ay – tannoz.
Ana uchdi bir to‘da qarg‘a,
Go‘yo bahor etmoqda parvoz.
Tepaliklar… Yonbag‘rida uy –
Xuddi laylak uyasi misol…
Uzoq yo‘lda tugamaydi o‘y,
Uchrashuvlar, suhbatlar xushhol.
Penza.
Sizran…
Ne bo‘ldi, yurak?
Nechun notinch tepasan bu on?!
Tinchlan, axir shoshmoq ne kerak!
Ammo darding tutmaysan pinhon.
Hamrohim ham, men ham besado,
Xotiramiz tinchimas lekin.
Ko‘zachada majnuntol novda –
Titrar…
Poyezd intilar betin.
Uxlar mitti go‘daklar bu dam,
Mitti tushlar bo‘lar mehmoni…
O, ularni hech bir subhidam
Uyg‘otmasin janglar suroni!
… Chang-to‘zonli urush yo‘llari,
Vagonlarda odamlar tirband.
Eslaysizmi, o‘sha yillari,
“Etimmassan, orom ol farzand”, –
Degan nido yangrab do‘stona –
O‘zbekiston cho‘zdi qo‘lini.
Mardlar yurti – Belorus bilan
Birlashtirdi saxiy dilini…
Cho‘llar bo‘ylab boraman, go‘yo –
Kashf etganday yangi bir ummon.
Lol qolaman shu zahot ammo…
Salom,
salom,
jon O‘zbekiston!

Nosir Muhammad tarjimasi

O‘ZBEKISTON

Hayoti beg‘ubor, ey, moviy diyor,
Juda og‘ir menga sendan ayrilmoq.
Sayrab bog‘dan-boqqa uchgan qushlaring –
Chorlaydilar – murod bir bog‘da bo‘lmoq.

Ajoyib hislar-la qaytayotirman,
Ko‘m-ko‘k qarag‘ayu qayinzorimga.
Har ko‘rganda yashil o‘rmon gulini,
Qirning binafshasi tushar yodimga.

Shimol bo‘ronidan yelib mayishgan –
Qalin novdalarning tagidan o‘tib,
Sog‘inib eslayman ko‘m-ko‘k maysangni,
Qor va sovuqlarni birpas unutib.

Chamanda gullaring yulduzday porlar,
Kishilar bu haqda bejiz demagan:
–O‘zbekiston yerin bir ko‘rgan odam
Umr bo‘yi qo‘msar, unutmas ekan!

Sen meni asrading, uy berding, yana –
Quyosh va noningdan qilding bahramand.
Unutmayman aslo so‘nggi damgacha
Ey, Sharqning bo‘stoni – dilimga payvand!

Mamarasul Boboyev tarjimasi