Muhammad Afifiy Matar (1935-2010)

Muhammad Afifiy Matar (محمد عفيفي مطر; 1935 – 28 iyun 2010) – misr shoiri. Ayn Shams universitetining falsafa fakultetini tamomlagan. 10 dan ortiq kitoblari chop etilgan.

* * *

Orzular toychog‘i o‘tlar o‘tloqda –
Sevgilim ko‘ylagin hidi kelmoqda.
Atrofda uyum kul. Kulo‘choq. Demak –
Tungi bazmlardan kelmoqda darak.

Qumdagi izlarga ko‘z tikaman boz,
Bu yerda to‘y bo‘lgan. Raqs tushganlar. Soz…
To‘y izi. Tulporlar. Taxtiravonlar.
Mashshoqlar. Maqomlar. Raqslar. Jononlar.

Balki, kim biladi, xayoldir bari –
To‘y haqdagi oshiq tasavvurlari…
Magar shunday bo‘lsa, oshiq xayoli
Sal vaqtda uchadi sarob misoli.

* * *

Manov sohil maysalari
Zich chirmashibdir,
Bir-biriga mutanosib,
Xo‘b o‘rnashibdir.

Suv tagiga qarab-qarab
Tikilgan sari,
Kelinchakday chiqib kelar
Suv parilari.

Sohil uzra quyosh sochar
Tilla tanga – nur,
Ular senga kelinro‘mol
Bo‘lib ko‘rinur.

Kamalakrang ro‘mol
Jimir-jimir, qiladi,
Suv tagidan parivashlar
Chiqib keladi.

Muzaffar Ahmad tarjimasi