Abu Sa’d Abdurrahmon

Abu Sa’d Abdurrahmon ibn Muhammad ibn Do‘st – O‘rta osiyolik arabnavis shoir.

1

Xabar ber menga, ohu, etma mushtoq,
Tish urdi olmaga kim hamda qandoq?

Kim u ilk bora pok husningga tekkan,
Qasamki, oshkor ayla tezroq.

Yanog‘ingga qizil gul birla bosgan
Taolo muhrini kim buzdi bundoq?

Bu nomaqbul hunar iz qoldiribdir
Go‘zal ham sertabassum yuzda, evoh!

Muloyim tering uzra marvaridlar
Shoshilmay tomchilab turganda goh-goh,

Qizil gul singari anbar kumushdan
Xalos bo‘lgandayin rang ochdi nogoh.

2

Kiyiklar yonidan o‘tganda bir gal,
Tushib qoldim o‘zim bexos asirga.

Boqib bir jonu tanni mahv etuvchi
Ayovsiz o‘qlarin sanchdi bag‘irga.

3

Bir ohu birla suhbat boshlasam xushhol,
Suzib mastona ko‘z mast ayladi darhol.

Yanog‘i etdi rad men gul so‘rab qolsam,
Labi rad etdi men ohista so‘rsam bol.

Husniddin Sharipov tarjimasi