O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi

Bugun, 21 fevral kuni O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga roppa-rosa 30 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Malayziya tashqi ishlar vaziri Sayfuddin Abdullohga tabrik yo‘lladi.

Qutlov maktubida so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni faollashtirish uchun mustahkam poydevor yaratilgani, tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasida yaqin va konstruktiv hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani ta’kidlanadi, deb xabar beradi TIV matbuot xizmati.

Maktubda Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasidagi robitalarni yanada mustahkamlash va chuqurlashtirishga ishonch bildirilgan.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan BMT Bosh assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasini Malayziya qo‘llab-quvvatlagan va uning hammualliflaridan biri bo‘lgan.

Malayziya O‘zbekiston mustaqilligini 1992 yil 1 yanvarda tan olgan. 1992 yil 21 fevral kuni o‘zaro diplomatik aloqalar o‘rnatilgan.

O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1992 yil va Malayziya bosh vaziri Mahathir Muhammadning 1993 yilgi rasmiy tashriflarida do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikning tamal toshi qo‘yilgan. 2003 yilda yurtimizga Malayziya podshohi Tuanku Sayed Sirajuddin Sayed Jamalullayl tashrif buyurgan.

Shuningdek, 2005 yil oktyabr oyida O‘zbekiston Prezidentining Malayziyaga, 2008 yil noyabrda Malayziya bosh vaziri Ahmad Badaviyning O‘zbekistonga davlat tashrifi amalga oshirilgan.

2020 yil fevral oyida Malayziya parlamentida Malayziya–O‘zbekiston do‘stlik guruhi tashkil etilgan. 2020 yil may oyida esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston–Malayziya parlamentlararo do‘stlik guruhi faoliyat boshlagan.

O‘zaro munosabatlarni jadallashtirishda ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida o‘tkaziladigan siyosiy maslahatlashuvlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Savdo-iqtisodiy rishtalar ham tobora mustahkamlanmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda Malayziya investitsiyasi ishtirokida 16 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Malayziya texnik hamkorlik dasturi (MTCP) doirasida tashkil etilayotgan qisqa muddatli o‘quv kurslarida ham mamlakatimiz vazirlik va tashkilotlari vakillari doimiy tarzda ishtirok etib kelmoqda. 2020 yil sentyabr oyiga qadar O‘zbekistondan 630 dan ziyod vakil MTCP seminarlarida ta’lim olgan.

Shu mavzudagi maqola:

Toshkentda “Malayziya kuni” qanday o‘tdi? 15.12.2021