USAID va O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi tadqiqot boshladi

AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda 2021 yil 15 noyabrdan 7 dekabrgacha boshlang‘ich sinflarda o‘qish (EGRA) va matematika ko‘nikmalarini baholash (EGMA) bo‘yicha mamlakat bo‘ylab tadqiqot olib boradi. USAID va vazirlik o‘rtasidagi ushbu hamkorlik O‘zbekistonda bunday ko‘lamdagi milliy standartlashtirilgan baholashni o‘tkazish ilk bor amalga oshirilayotgani bilan diqqatga sazovor.

“Biz ta’limga sarmoya kiritishni har bir mamlakat bajara oladigan eng muhim amal deb hisoblaymiz. Yosh avlodga investitsiya kiritish kelajakka investitsiya kiritish demakdir. Biz xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda amalga oshirayotgan ushbu loyiha butun O‘zbekiston bo‘ylab 3- va 5-sinf o‘quvchilarining o‘qish va matematika ko‘nikmalarini baholashga yordam beradi. Baholash ushbu fanlar bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirish va shu fanlarni o‘qitishga to‘g‘ri investitsiya kiritish imkonini beradi”, – deydi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum.

O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov ham ushbu loyiha boshlang‘ich sinflarda yuqori sifatli ta’limni ta’minlash yo‘lida qo‘yilgan muhim qadam ekanini ta’kidlagan.

EGRA va EGMA – umumta’lim maktablari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining savodxonlik va hisoblash ko‘nikmalarini baholashga mo‘ljallangan ilmiy asoslangan modellarga tayanadi. EGRA va EGMA tadqiqoti 937 ta davlat umumta’lim maktabidagi 11 ming nafar o‘quvchining o‘zbek, rus, qoraqalpoq, qozoq, tojik, qirg‘iz va turkman tillari, shuningdek, ikkinchi til sifatida o‘zbek tiliga oid ko‘nikmalarini baholaydi. Ushbu baholash natijalari bo‘yicha to‘plangan aniq ma’lumotlar vazirlik va uning hamkorlariga O‘zbekiston o‘quvchilarining ta’limda muvaffaqiyatga erishish, jamiyatning faol hamda samarador a’zosi va ishchi kuchiga aylanishi uchun zarur bo‘lgan asosiy ko‘nikmalar hisoblangan o‘qish va matematika bo‘yicha ko‘nikmalarini takomillashtirshga oid aniq, asosli qarorlar qabul qilishga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, USAID O‘zbekistonga iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, xususiy sektorni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, suv resurslarini boshqarish, qonun ustuvorligini takomillashtirish, migratsiya va odam savdosi bilan bog‘liq yo‘nalishlarda ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda.