Turkiya: zilzilaning sayyohlik sohasiga ta’siri baholandi

Xabaringiz bor, 6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqida 7,7 va 7,6 magnitudaga teng ikki kuchli zilzila ro‘y berdi. Mamlakat prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on uni  so‘nggi 84 yilda kuzatilgan eng fojiali zilzila deb atadi. Bu 1939 yildan beri Turkiya bo‘ylab sharqdan g‘arbga, Shimoliy Onado‘li yorig‘i bo‘ylab harakatlanayotgan 7 magnitudali zilzilalarning sakkizinchisidir.

Turkiya turizm mamlakati ekani sir emas. Avval xabar berganimizdek, 2022 yilda mamlakatga 51,4 million sayyoh tashrif buyurdi, turizm sohasi daromadi esa 46,3 milliard dollarni tashkil etdi.

Turkiya janubi-sharqida yuz bergan zilzila mamlakat janubidagi Antaliya, Alaniya, Izmir kabi sayyohlik markazlariga qanday ta’sir ko‘rsatadi degan masala muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Hukumat zilziladan jabrlanganlarning bir qismi Antaliyadagi mehmonxonalarga joylashtirilishini ma’lum qilgan edi.

Tahlilchilarning fikricha, Qahramonmarash, G‘oziantep kabi shaharlarda kuchli aks sado bergan zilzila Turkiya sayyohlik sohasiga deyarli salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Deylik, G‘oziantep turizm markazi sanalmish Alaniyadan 626 km, Antaliyadan 823 km, Izmirdan 1100 kmdan ziyod uzoqlikda joylashgan. Jabrdiydalar ma’lum vaqt, masalan, may oyigacha mehmonxonalarga joylashtiriladi (ularning mehmonxonada yashash xarajati hukumat tomonidan qoplanadi).

Antaliyada sayyohlik mavsumi asosan iyun-avgust oylariga to‘g‘ri keladi. Mutaxassislar, masalan, Rossiya turoperatorlari assotsiatsiyasi zilzila Turkiya kurortlaridagi xizmat ko‘rsatish sifatiga ta’sir ko‘rsatmasligiga umid qilmoqda. Assotsiatsiya ijrochi direktori Maya Lomidzening aytishicha, zilziladan aziyat chekkan mintaqalar rossiyalik sayyohlar orasida mashhur bo‘lmagan.

“Ko‘p yillik tajribamizga tayanib xulosa qilsak, tabiiy kataklizmalar nufuzli yo‘nalishlardagi vaziyatni o‘zgartirmaydi”, – deydi ITM group turoperatori bosh direktori Konstantin Malkov.

Ekspertning aytishicha, ko‘p yillar mobaynida Turkiya noyob turistik salohiyat yarata oldi. Siyosiy inqirozlar (davlat to‘ntarishiga bo‘lgan urinish) ham, pandemiya ham mamlakat turistik salohiyatiga deyarli salbiy ta’sir ko‘rsata olmadi. Shunga ko‘ra, tahlilchilar may oyiga qadar mamlakat turistik salohiyatini to‘liq tiklashiga ishonch bildirmoqda.

Jahon davlatlarida Turkiyaga sayohat qilishni rejalashtirayotganlar ko‘rsatkichi ham o‘rganilmoqda. Rossiyada Antaliya kurortlari uchun oldindan buyurtma berish avvalgi ko‘rsatkichga chiqa boshlagan. Turistik agentlik vakillarining aytishicha, yoz mavsumida Turkiya kurortlari uchun yo‘llanma sotib olganlar safar niyatidan qaytmoqchi emas.

Xo‘sh, o‘zbekistonliklarning Turkiyada dam olish rejasi qanday?

O‘rganishlarga ko‘ra, aksar o‘zbekistonliklar Turkiya qayg‘usiga sherik ekanliklari bildirgan holda, hozir ta’tilning mavridi emasligi, dam olishni yoz yaqinlashishi bilan o‘ylab ko‘rishlarini aytgan. Ayni choqda, o‘zbekistonliklarning Turkiyaga qiziqishi so‘nmagani ma’lum bo‘lmoqda.

“Asia Luxe Travel” tur operatori departament raxbari Ikromjon Qosimovning aytishicha, zilzila yuz berganidan so‘ng bir hafta (to‘g‘rirog‘i, motam e’lon qilingan kundan to 12 fevralga qadar) Turkiyadagi aksar turistik tadbirlar bekor qilindi, aviachipta narxlari qisman arzonlashdi va o‘z navbatida buyurtmalar keskin qisqardi. Shu sababli, mehmonxonalar narxi ham arzonlashdi, ammo bu holat yozgi turistik mavsum vaqtida amalga oshirilishi rejalashtirilgan charter reyslarga ta’sir etmasligi aytilmoqda.

“O‘zbekistonliklar turkiyalik birodarlarining dardiga sherik ekanliklarni namoyon qildilar. Ularni tushunsa bo‘ladi. Ayni damda yo‘llanmalarni buyurtmalash avvalgi holatga asta-sekin qaytishi kuzatilmoqda. Ma’lumki, yo‘llanmalarning bir qismi 5-6 oy avval buyurtma qilinadi. Mavsum iyun oyida boshlanadi. Mavsum boshlangandan to oxiriga qadar Antaliya, Bodrum, Alaniya va Dalaman shaharlariga charter reyslarni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan”, – deydi I.Qosimov.