Toshkentda Xalqaro arab tili kuni: taraqqiyot siri – ma’rifatda

18 dekabr – Xalqaro arab tili kuni munosabati bilan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ilmiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda Saudiya Arabistoni, Kuvayt, O‘mon, Misr, Iordaniya, BAA, Falastin, Jazoir kabi arab davlatlari elchilari qatnashdi. Arab tilini o‘qitishning dolzarb masalalari muhokama qilingan anjumanda diplomatlar hamda o‘zbekistonlik ilmiy doira vakillari nutq so‘zladi.

O‘zbekiston ilm-fani hamda tarixida arab tili ulkan o‘rin tutadi. Zero, ko‘p asrlik ma’naviy merosimiz, nodir ilmiy-badiiy asarlar, diniy manbalar ayni shu tilda bitilgan. Bugun ham yurtimizda arabshunoslik sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda, uzluksiz ta’limning o‘rta, o‘rta-maxsus, oliy ta’lim bosqichlarida uni o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida va o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida asosiy fan sifatida, O‘zMU, O‘zDJTU, TDPU kabi oliy ta’lim maskanlarida esa qo‘shimcha til sifatida o‘qitilmoqda. Shuningdek, arab tiliga ixtisoslashgan maktablar ham mavjud.

Anjuman davomida arab tili ta’limini yanada takomillashtirish yo‘llari muhokama etildi. Ilmiy muhokamalar yakunida esa arab tilida notiqlik mahorati, ifodali o‘qish va sahna ko‘rinishlari bo‘yicha bellashuv o‘tkazildi. Tadbir doirasida, shuningdek, har bir elchixona o‘z taqdimot-ko‘rgazmasini tashkil qildi. Xattotlik san’atining jonli namoyishi, arab tilidagi kitoblar taqdimoti va arab milliy taomlari dasturxoni ilmiy tadbirga badiiy ruh bag‘ishladi.

Fursatdan foydalanib, yurtimizda faoliyat yuritayotgan ikki arab o‘lkasi elchisidan ta’lim, xususan, arab tilini o‘qitishga doir fikrlarini so‘radik.

 

Ahmad Xolid al-Jiyron, Kuvayt davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:

Xalqaro arab tili kuni O‘zbekistonda ham nishonlanayotgani quvonarli, albatta. Chunki bunday ma’rifiy tadbirlar o‘zaro tanishuv va aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Bu yil ushbu tadbirdan biroz kechikib xabar topdik. Hamkasblarimiz – boshqa arab mamlakatlari elchilari bilan maslahatlashib, kelgusi yil arab tiliga bag‘ishlangan tadbirni bir kun emas, balki bir necha kun, balki bir hafta davom etadigan katta miqyosdagi anjuman o‘laroq o‘tkazishni rejalashtirib turibmiz.

2018 yil 21 fevral kuni O‘zbekiston hamda Kuvayt o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot yo‘nalishida hamkorlikka oid bitim kuchga kirdi. Ushbu hujjatda arab tilini o‘qitish, manbashunoslik va qo‘lyozmalarini saqlash borasida samarali hamkorlik ham ko‘zda tutilgan. Pandemiya ushbu bitimni to‘laqonli amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda. Ammo vaziyat izga tushishi bilan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida do‘stlik rishtalarini bog‘lab, o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar almashuvini yo‘lni qo‘yishni ko‘zlaganmiz. Zero, ta’lim va ilm-fan sohasida erishilayotgan yutuqlar har bir davlatning rivojlanish darajasini ko‘rsatuvchi asosiy mezonlar sirasiga kiradi. Biz boshqa arab davlatlari elchixonalari bilan birgalikda arab tili ta’limiga ham yaqindan ko‘mak berishga tayyormiz”.

 

Ahmad bin Said al-Kasiriy, O‘mon sultonligining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:

“O‘zbekistonda arab tiliga bo‘lgan qiziqish ortmoqda. Arab tili Qur’on tili, islom tili sanaladi. O‘zbekistonda esa musulmonlar soni salmoqli ekani sir emas. Arab tiliga bo‘lgan qiziqish va ehtirom avvalo shu jihat bilan izohlansa ajab emas.

Mamlakatingizdagi ko‘plab oliy ta’lim muassasalarida arab tili o‘qitilmoqda. Quvonarlisi, mamlakatlarimiz o‘rtasida aynan ta’lim bo‘yicha hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. Xususan 2020 yil dekabr oyida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va  Sulton Qobus universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Sulton Qobus universiteti O‘mon sultonligining yetakchi oliy ta’lim maskani bo‘lib, QS jahon reytingi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi universitetlari ro‘yxatidan joy olgan.

Ta’lim bo‘yicha yangi loyihalar amalga tatbiq etilayotganini mamnuniyat bilan ma’lum qilmoqchiman. Xususan, kelgusi o‘quv yilidan 12 nafar o‘zbekistonlik talabaga Sulton Qobus universitetida bir yillik stajirovka o‘tash uchun ta’lim granti ajratishni rejalashtirganmiz. Bu bilan biz ta’lim sifatini oshirish va malakali kadrlar tayyorlashga o‘z hissamizni qo‘shishni niyat qilganmiz”.

Eslatib o‘tamiz, 18 dekabr – Xalqaro arab tili kuni BMT tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, 2012 yildan buyon dunyo bo‘ylab nishonlanib kelmoqda. YuNESKO ma’lumotiga ko‘ra, sayyoramiz bo‘ylab arab tilida so‘zlashuvchilar soni 400 million kishini tashkil etadi.

S.Salim