Toshkentda buyuk mutafakkir Abay merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi

Bugun, 19 dekabr kuni O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida qozoq xalqining ulug‘ farzandi Abay Qo‘nonboyev hayoti, ijodi va merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ish boshladi. “Abay. Qardosh xalqlar merosi” deb nomlangan ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri Dauren Abayev, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Beybut Atamqulov, “Jidebay-Borili” Abay muzeyi direktori Turdiqul Shanbay, Tasviriy san’at galereyasi direktori Kamola Oqilova va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan notiqlar o‘zbek va qozoq xalqlarini bir onaning egiz farzandlari deb atab, qardoshlik sahifasida ulug‘ adib va mutafakkir Abay alohida o‘rin tutishini ta’kidladilar.

“Bugungi kunda O‘zbekistonda davlatimiz rahbari boshchiligida butun turkiy xalqlar madaniy merosini asrash va tiklashga oid ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Poytaxti azimda ulug‘ qozoq adibi Abay ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazmaning ochilishi ham buning yaqqol dalilidir. Ushbu tadbir, shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida do‘stlik rishtalarining yanada mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Bugun o‘z eshiklarini ochayotgan ushbu ko‘rgazma buyuk mutafakkir Alisher Navoiy insonparvarlik an’analarini o‘zida saqlagan Abay ijodini yanada mukammal anglash imkonini berishiga ishonchimiz komil”, – dedi O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduhakimov o‘z nutqida.

O‘z navbatida, Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri Dauren Abayev ko‘rgazma yuqori saviyada tashkil etilgani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.

“Alisher Navoiy va Abay ijodi nafaqat turkiy, balki umuminsoniy qadriyatlarning shakllanishi namunasini o‘zida mujassam etgan buyuk merosdir. Har ikki mutafakkir turli davrlarda yashab ijod qilgan bo‘lsa-da, ularni she’riyatdagi insonparvarlikka intilish, islohotchilik ruhi birlashtiradi. Ular ikki qardosh xalqning ma’naviy ustunlaridir”, – dedi Dauren Abayev.

Ko‘rgazma doirasida Abay hayoti va ijodiga doir qimmatli eksponatlar, tasviriy san’at namunalari, shuningdek, qozoq xalqi kundalik hayotida foydalangan dekorativ-amaliy san’at buyumlari namoyish etilmoqda.

“Abay. Qardosh xalqlar merosi” ko‘rgazmasi 30 dekabrga qadar davom etadi.

Abay (Ibrohim Qo‘nonboyev) – XIX asrning ikkinchi yarmida yashab ijod etgan qozoq she’riyatining yalovbardori, yozma adabiyot asoschisi, faylasuf, ma’rifatparvar va bastakordir.

O‘z davrining ilg‘or ziyolisi bo‘lgan Abay ma’rifatparvarlik harakatiga boshchilik qilgan. Mutafakkirning nasriy asarlari, she’ru dostonlari turkiy xalqlarning umumiy ma’naviy mulkiga aylangan.

 

Mavzuga doir materiallar:

Abay hikmatlaridan. 21.08.2021

Abay. Yurak amri bilan. 15.05.2016

Abay. She’rlar va poemalar

Abay. Tanlangan asarlar