Sankt-Peterburg – dunyoning sayyohlik poytaxti

Rossiyaning muazzam shaharlaridan biri Sankt-Peterburg 2016 yilda dunyoning sayyohlik poytaxti deb e’lon qilindi. Bu haqda bir qator ommaviy axborot vositalari 5 dekabr kuni xabar tarqatdi.

World’s Leading Cultural City Destination mukofotini topshirish marosimi Maldiv orollarida bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli mukofot uchun Rossiyaning Shimoliy poytaxtidan tashqari Pekin, London, Nyu-York, Parij, Rio-de-Janeyro, Rim, Sidney, Venetsiya kabi dovruqli shaharlar kurash olib bordi.

Sayyohlik sohasidagi “Oskar” sanalgan mazkur mukofot 1993 yilda ta’sis etilgan. Mukofot sohibi minglab sayyohlar va mutaxassislar o‘rtasidagi o‘tkaziladigan ijtimoiy so‘rovga ko‘ra aniqlanadi. G‘olibni aniqlashda xavfsizlik, infrastruktura va mehmonxonalar tarmog‘ining taraqqiy etgani kabi omillarga tayaniladi.

Darvoqe, joriy yil sentyabrda World Travel Awards mutaxassislari Sankt-Peterburgni Yevropaning dam olish uchun eng yaxshi shahri sifatida e’tirof etgan edi. Amerikaning bir necha million adadda chop etiladigan “Travel+Leisure” jurnali esa Peterburgni romantik shaharlar ro‘yxatiga kiritgan edi.

Ushbu azim shaharga bir bor bo‘lsa-da tashrif buyurib, uning go‘zalligidan bahramand bo‘lgan sayyoh yuqoridagi mukofotlarning barchasi haqli ravishda berilganiga ishonch hosil qilishi shubhasiz.  

Imperiyaning ilk boshkenti

Tarixiy manbalarga ko‘ra, bugungi Sankt-Peterburg hududida taxminan 12 ming yil avval muzlik davri tugab, dastlabki turarjoylar paydo bo‘lgan. Mazkur mintaqada bir necha asrlar davomida sharqiy slavyan elatlari istiqomat qilib kelgan. Shahar hududi bir muddat shved davlati qalamravida ham bo‘lgan. 1700 yilda boshlangan Shimoliy urushdan keyin Neva daryosi bo‘yidagi mazkur unumdor yer yana Rusiya imperiyasiga ixtiyoriga o‘tgan. Sankt-Peterburgning tamal toshi 1703 yil may oyida imperator Pyotr I tomonidan qo‘yilgan. Islohotchi imperator o‘ta qulay va strategik mintaqada joylashgan shaharni tez muddatda qurib bitkazishga farmon bergan. Shu tariqa mazkur hududda birin-ketin mustahkam qal’a va muazzam imoratlar qad rostlagan. 1712 yilda esa Sankt-Peterburg Rusiya davlatining boshkenti – poytaxti deb e’lon qilingan. Pyotr shahri ikki asrdan oshiqroq vaqt davomida (1918 yilga qadar) poytaxt vazifasini ado etgan.

Evropaga darcha

Sankt-Peterburg nomining kelib chiqishi ham o‘quvchilarga qiziq bo‘lsa kerak. Bu olmonchada “Avliyo Pyotr shahri” degan ma’noni bildiradi. Manbalarda yozilishicha, imperator Pyotr I havoriy Pyotrni o‘ziga ma’naviy rahnamo deb bilgan va shu bois ham yangi bunyod etilgan kentga o‘zi ixlos qo‘ygan zotning nomini bergan.  Shu tariqa 1914 yilga qadar shahar Sankt-Peterburg deb atalib keldi. O‘sha yilning avgustida shahar Petrograd deb atala boshladi. Rossiyada imperator hokimiyati ag‘darilib, sho‘ro tuzumi o‘rnatilgach esa, 1924 yil 26 yanvarda ko‘hna shaharga Leningrad nomi berildi. 1991 yil 12 iyunda o‘tkazilgan referendumdan keyin shaharning tarixiy nomi qayta tiklandi.

Sankt-Peterburg Madaniy poytaxt, Shimoliy poytaxt, Ikkinchi poytaxt, Shimoliy Venetsiya, Shimoliy Palmira, Nevograd singari ramziy nomlar bilan ham ataladi. Rus xalqining ulug‘ shoiri  Aleksand Pushkin esa “Mis otliq” poemasida ko‘hna va navqiron shaharni “Evropaga darcha” deya sifatlagan edi.

Millionlab osori atiqa, 8 ming tarixiy obida

Sankt-Peterburgga kelgan sayyoh shaharning boy o‘tmishi borasida to‘liqroq tasavvur hosil qilish uchun kamida bir hafta aylanishi kerak. Negaki, Madaniy poytaxtda naq 8 mingga yaqin me’moriy obida bor, o‘nlab muzeylarda esa yuz minglab osori atiqalar ko‘z qorachig‘idek avaylab saqlanmoqda. 1990 yili shaharning tarixiy markazi YuNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani ham bejiz emas.

Neva bo‘yidagi sokin va orasta toshko‘chalarni kezar ekansiz, beixtiyor hassos adib Nikolay Gogolning “Neva shohko‘chasi” qissalari qahramonlarini ko‘rgandek bo‘lasiz. Petropavlovsk qal’asi, Qishki va Yozgi saroy kabi ulug‘vor me’moriy obidalarni tomosha qilib, imperiyaning bir necha asrlik tarixidan voqif bo‘lasiz. Daryo bo‘ylab qurilgan sanoqsiz ko‘hna ko‘priklardan o‘tar ekansiz, shaharliklarn bunyodkorlik qobiliyatiga tan berasiz.  Shahardagi o‘nlab teatrlarga tushib, rus va jahon dramaturgiyasi durdonalaridan bahramand bo‘lasiz. Ermitajdek jahonning eng boy muzeyiga kirib esa insoniyat tarixi va madaniyatiga doir bebaho boyliklarga oshno tutinasiz. Ko‘plab sayyohlar Peterburgga aynan Ermitaj muzeyini ziyorat qilish uchun keladi. Zero, ushbu maskanda tosh davridan bizning davrimizga qadar 3 millionga yaqin noyob eksponat saqlanadi.

Shimoliy poytaxt betakror tarixiy obidalari, so‘lim tabiati bilan minglab sayyohlarni rom etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, shaharga har yil o‘rtacha 2 million sayyoh tashrif buyuradi.

   

Peterburg tilsimining kaliti bormi?

Sankt-Peterburg azaldan ilm-fan va ta’lim beshigi bo‘lib kelgan. Rossiya Fanlar akademiyasining 70 dan oshiq muassasasi ushbu shaharda joylashgan. Ilm dargohlarida 170 mingdan oshiq ilmiy xodim, jumladan, 10 mingga yaqin fan doktori faoliyat yuritadi. Shaharda 56 ta davlat va 45 ta xususiy oliy o‘quv yurti mavjud.  Ta’lim sifati yil sayin oshib borayotgani sababli Peterburg oliy ta’lim dargohlarida tahsil olish istagidagi xorijliklar soni ham ko‘paymoqda. Darvoqe, ular orasida o‘zbekistonlik talaba yoshlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayni vaqtda Rossiya bo‘yicha 17 mingdan oshiq o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Ularning salmoqli qismi Sankt-Peterburg oliy o‘quv yurtlarini tanlangani diqqatga sazovordir.  

“Peterburgning o‘z tilsimi bor – u qalbingizda o‘chmas iz qoldiradi. Bu shaharda tug‘ilib voyaga yetgan yoki jillaqursa yoshligini o‘tkazgan insonni bir ko‘rishdayoq bilib olish qiyin emas”, – deb yozgan edi atoqli shoir, Nobel mukofoti sovrindori Iosif Brodskiy. Xo‘sh, shoir aytgan tilsimning kaliti bormi? Bizningcha, Sankt-Peterburg tilsimini yechish uchun albatta bu shaharga safar qilish lozim.

Sobir Salim