Lochin: 25 yillik armon

Bugun Ozarboyjon Respublikasiga qarashli Lochin tumanining Armaniston qurolli kuchlari tomonidan zabt etilganiga 25 yil to‘ldi. Ammo oradan chorak asr o‘tsa-da, Ozarboyjon aholi punktlarini o‘qqa tutish davom etmoqda, deb xabar beradi 1news.az sayti.

16 may tuni bilan Armaniston qurolli kuchlari Ozarboyjon harbiy pozitsiyasini o‘qqa tutdi. Ozarboyjon Mudofaa vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, tezkorlik bilan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida hujum qaytarilgan, qurbonlar bo‘lmagan.

1992 yil 17-18 may kunlarida Lochin tumanining qo‘ldan ketishi Ozarboyjon tarixidagi og‘ir yo‘qotishlardan biri sanaladi. Xojali va Shusha tumanlaridan keyin Lochin ham boy berilgach, Qorabog‘ urushining birinchi bosqichi taqdiri uzil-kesil hal bo‘ldi.

8 may kuni Shusha shahri va shu nomli tumanni egallagan Armaniston qurolli kuchlari Lochin tumaniga ikki tomondan hujum uyushtirdi. Mazkur e’lon qilinmagan urush xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra agressiya deb baholandi. Vaziyat murakkab bo‘lishiga qaramay oz sonli Ozarboyjon qurolli kuchlari 1993 yil 31 martga qadar raqibga munosib qarshilik ko‘rsatdi. Ammo mamlakat siyosiy boshqaruvidagi boshboshdoqlik va yetilib kelayotgan fuqarolik urushi oqibatida Lochin tumani ham raqib qo‘liga o‘tdi.

Tahlilchilarga ko‘ra, o‘sha paytdagi Ozarboyjon rahbariyatining uquvsizligi va uzoqni ko‘ra olmagani bois nafaqat strategik ahamiyatga ega Lochin tumani, Qorabog‘ning tog‘li qismi va qolgan yetti tuman ham boy berildi. Tarix yana bir bor davlatning qudrati millat birligida ekanini ko‘rsatdi.

Qorabog‘ urushiga qadar – 1988 yilda Lochin tumanida yashovchi 258,2 ming aholinig 90 foizi ozarboyjon millatiga mansub edi. Okkupatsiyadan keyin ular o‘z kindik qoni to‘kilgan yerlarni tark etishga majbur bo‘ldi. O‘sha fojiali kunlarda 264 kishi halok bo‘ldi, 64 kishi asirga tushdi, yuzlab odam nogiron bo‘lib qoldi. Lochin okkupatsiyasi oqibatida 1835 kvadrat kilometr hudud, 122 ta qishloq qo‘ldan ketdi, o‘nlab sanoat ob’ektlari vayron bo‘ldi. Moddiy zarar miqdori esa 7 milliad dollardan oshadi.

Tadqiqotlarga qaraganda, Qorabog‘ va unga yondosh yetti tumanda 876 ta aholi punkti, 7000 ga yaqin sanoat, qishloq xo‘jaligi korxonalari, 153 ming turarjoy, 4366 ta madaniy ob’ekt, 616 ta maktab, 242 ta bog‘cha, 397 ta shifoxona, 10 ta poliklinika, 10 tug‘ruqxona, 76 ta dorixona, 4 ta sanatoriy, 10 ta masjid vayron etilgan. Kutubxona, muzey, teatr va boshqa madaniyat o‘choqlari vayron qilingan, transport tizimi izdan chiqqan.

1988 yili Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon tarkibidan chiqish haqida bayonot bergach, bir necha yil davomida harbiy to‘qnashuvlar davom etgan. 1994 yil may oyida tomonlar o‘t ochishni to‘xtash borasida kelishuvga erishgan. Ikki davlat o‘shandan buyon YeXHTning Minsk guruhi va Rossiya, Frantsiya, Germaniya hamda AQSh ishtirokida muammo yechimi borasida muzokaralar yuritib kelmoqda.

Rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.

Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.

Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ o‘z hududi ekanini ta’kidlab keladi. Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.

S.Salim