Hirqai sharif barakoti, Ansoriy ziyorati, jarchi-do‘mbirachilar. Istanbul “oylar sultoni”ni qanday qarshilaydi?

Ikki qit’ani birlashtirgan Istanbul betakror Ramazon an’analariga ega. Turk madaniyatida “O‘n bir oyning sultoni” nomi bilan mashhur bo‘lgan Ramazon oyi o‘z-o‘zini taftish-nazorat qilish, baham ko‘rish, fidoyilik va ro‘za tutish oyidir.

Muqaddas oy, xususan, Istanbulda ham o‘ziga xos tarzda nishonlanadi. Bu yil Ramazon oyi 23 martdan 21 aprelgacha davom etishi kutilmoqda. Istanbulga tashrif buyuruvchilar shaharning o‘ziga xos Ramazon urf-odatlari va madaniyati bilan tanishishlari, muqaddas oyni sevgi, xayr-ehson va bag‘rikenglik muhitida o‘tkazishlari mumkin.

Istanbul Ramazonni masjid minoralari oralab osilgan Usmonli merosi bayroqlari bilan kutib oladi. Bir necha chaqirimdan ham ko‘rinadigan yoritilgan yozuvlar Ramazon muhitini his etishga imkon beradi, ayni choqda, shaharga betakror manzara baxsh etadi.

Ramazon do‘mbirachilari qadim tarixga ega. Ular tong otishidan oldin ko‘chalarni kezib, do‘mbira chalib, Ramazon haqida she’rlar o‘qib, musulmonlarni saharlikka uyg‘otadilar.

Istanbulda iftorlik ham o‘zgacha kechadi. Ayniqsa, shahar maydonlarida yozilgan dasturxonlar hamjihatlik va birdamlik hissini tuhfa etadi.

Ramazon dasturxonga o‘ziga xos taomlar tortiladigan davr hisoblanadi. Muqaddas oyning eng mashhur taomi “gullach” shirinligidir. Paxlavaning “ajdodi” hisoblangan bu taom sut, atirgul suvi, anor va o‘ziga xos xamir turidan tayyorlanadi.

Istanbulning muhtasham masjidlarida o‘qiladigan tarovih namozi ibodat va jamoat tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi. Namozdan so‘ng turli maydonlarda, ayniqsa, Sulton Ahmadda an’anaviy Ramazon o‘yinlari tashkil etiladi. Shuningdek, maydonlarda diniy-ma’rifiy suhbatlar, she’rxonlik, xalq tomoshalari namoyishi bo‘lib o‘tadi. “Karago‘z va Hajivat” teatri qahramonlari ishtirokidagi an’anaviy soya qo‘g‘irchoqlari chiqishi bolalar va kattalarni birdek hayratda qoldiradi.

Ramazon oyida ulug‘ sahoba Abu Ayyub Al-Ansoriy qabri joylashgan shu nomli masjid, Oruch Bobo qabri, Yahyo payg‘ambarning qabri joylashgani taxmin qilingan Yusha tepaligi va Yahyo afandi maqbarasi, Aya Sofya, Moviy (Sulton Ahmad) masjidi, Topkapi saroyi kabi tarixiy joylarni ziyorat qilish mumkin. Muhammad (s.a.v.)ning muqaddas yodgorligi bo‘lgan “Hirqai sharif”ni Ramazon oyi davomida shu nomli masjidda ko‘rish mumkin.

Istanbul hayit borasida ham tarixiy an’analarga ega. Iyd kunlari shahar ahlini keksalarni ziyorat qilish uchun bayramona libos kiyib, shirinlik yoki qandolat mahsulotlari ko‘tarib ketayotganini ko‘rasiz. Qarindoshlar yig‘ilib oila davrasida bayramni nishonlagach, bolalarni istirohat bog‘lari va ko‘ngilochar maskanlarda tashkil etilgan sayllarga olib boradilar. Ayricha Ramazon shukuhiga ega shahar “oylar sultoni”da  o‘z mehmonlarini kutmoqda.