Yuriy Shterk: “Evropa Ittifoqi byurokratik tuzilma emas!”

Dunyo ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, Buyuk Britaniya 2017 yilga qadar Yevropa Ittifoqiga a’zolik masalasida referendum o‘tkazadi. Gap shundaki, Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron Bryusseldan islohotlar talab etmoqda. Xususan, ingliz hukumati yetakchisi Ittifoqqa a’zo 28 davlatga milliy-davlatchilik bo‘yicha, shu jumladan, parlamentlar faoliyatida ko‘proq muxtoriyat berish hamda migratsiya siyosatini o‘zgartirish lozimligini uqtirmoqda. Rasmiy London ilgari surgan tashabbus Yevropa Ittifoqi istiqboli borasidagi munozaralarning yanada kuchayishiga sabab bo‘ldi. Mazkur holatni izohlashini so‘rab, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Yuriy Shterkka murojaat etdik.

  

– Janob Shterk, Buyuk Britaniya ilgari surgan talablar umumevropa tamoyillariga qanchalik mos keladi?

So‘zim avvalida Buyuk Britaniya avval ham, aniqrog‘i, 1975 yilda a’zolik masalasida referendum o‘tkazganini qayd etib o‘tmoqchiman. U paytda Buyuk Britaniyaning Yevropa Iqtisodiy Hamjamiyatiga a’zoligini davom ettirish masalasi qo‘yilgan va ko‘pchilik Britaniyaning YeI o‘tmishdoshi sanalgan mazkur birlashmadagi a’zoligini saqlab qolishni yoqlab ovoz bergan edi. Ayni paytda ushbu mamlakatdagi uchta yirik partiya YeIga a’zolikni qo‘llab-quvvatlamoqda, men bu o‘rinda muayyan siyosatdonlar emas, partiyalarning umumiy pozitsiyasida haqida so‘zlamoqdaman. Bosh vazir Kemeron ham a’zolikni davom ettirishni yoqlab targ‘ibot o‘tkazajagini bildirdi.

EIning Buyuk Britaniyaning a’zoligini davom ettirishi bo‘yicha nuqtai nazariga kelsak, pozitsiyamiz aniq: YeI Buyuk Britaniyasiz bugungidek mavqeaga ega bo‘lmas edi va biz u YeI tarkibida qolmog‘i lozim, deb hisoblaymiz. Tahlillar YeIda qolish Birlashgan Qirollik uchun ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan manfaatli ekanini ko‘rsatmoqda. Iqtisodiy omil erkin savdo hududi va yarim milliardli umumevropa bozoriga to‘siqsiz chiqish imkonini beradi. Siyosat jabhada esa Yevropa Ittifoqiga a’zolik va undagi ta’sir mamlakat tashqi siyosiy mavqeini mustahkamlaydi.

– Sizningcha, Yevropa Ittifoqi yaxlitligini saqlab qolish uchun Bryussel qanday islohotlar o‘tkazishi lozim? Ittifoqning barqaror taraqqiyoti uchun qanday o‘zgarishlarni amalga oshirish talab etiladi?

– Yevropa Ittifoqi boshqaruvidagi so‘nggi islohotlar nisbatan yaqin muddatda o‘tkazilgan va bu jarayon 2007 yilda Lissabon bitimining qabul qilinishi bilan yakunlangan (mazkur bitim 2009 yilda kuchga kirgan). Menimcha, ushbu hujjatda YeIga a’zo davlatlar hukumatlari va saylovchilari hozirgi bosqichda erishishi mumkin bo‘lgan yakdil to‘xtamlar to‘laligicha ifodalangan. Lekin taraqqiyot aravasi bir yerda depsinib turmaydi va boshqaruv institutlari, a’zo davlatlar va Yevropa Ittifoqi fuqarolari integratsiya jarayonini yanada chuqurlashtirish, yangi global shart-sharoitda YeIning faoliyat samaradorligini oshirish borasida muhokamalarga kirishishi tabiiydir. Yevropa Ittifoqi qotib qolgan byurokratik tuzilma emas, balki dunyoni anglashda umumiy dunyoqarashga ega, Yevropa kelajagini bunyod etish borasida umumiy qadriyat va tamoyillar, uyg‘un maqsadlarni ko‘zlagan fuqarolar, xalqlar va davlatlarning jonli hamjamiyatidir. Mazkur hamjamiyat o‘z a’zolarining har biri fikrini inobatga oladi. Shu bois ham yakdil to‘xtamga kelish va umumiy vazifalarni ado etish borasidagi munozaralar kelgusida ham davom etadi.

– YeI fuqarolarining 58 foizi Ittifoq kelajagi borasida nekbin qarashga ega. “TNS Opinion & Social” kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovlar (Standard Eurobarometer 83 Spring 2015) shundan dalolat beradi. Lekin, ayni choqda, Yevropa Ittifoqi doirasidagi integratsiya jarayonini salbiy baholaydigan evroskeptiklar ham bor. Janob elchi, Siz Yevropa Ittifoqi kelajagini qanday tasavvur etasiz?

– Yevroskeptiklar Yevropa Ittifoqining butun tarixi davomida, unga o‘tmishdosh bo‘lgan tashkilot va hamjamiyatlar davrida ham bo‘lgan. Fikrlar xilma-xilligi dastaklanadigan va rag‘batlantiriladigan Yevropa jamiyati uchun bu butkul tabiiy jarayondir. Shu bois ham integratsiya borasidagi pessimistik prognozlarni xotirjam qabul qilaman. Nima bo‘lgan taqdirda ham, siz qayd etganingizdek, ko‘pchilik nekbin fikrda-ku. YeI mustahkam idoraviy poydevorga ega va mazkur boshqaruv tizimi bu kabi vaziyatlardan ko‘p bora imtihondan o‘tgan. Yevropa Ittifoqi kelajagi borasida so‘z borarkan, shaxsan men milliy o‘ziga xoslik, madaniy qadriyatlar va til boyligiga hurmat ko‘rsatgan hamda ularni muhofaza etgan holda, integratsiya jarayonlarining yanada chuqurlashuvi va kengayishi, YeIga kirishni istagan va mavjud talab-mezonlarga javob beradigan davlatlarning yangi a’zo sifatida qabul qilinishi, Ittifoq xalqlari va mamlakatlari taqdiri bir-biriga hozirgidan-da chambarchas bog‘lanishiga ishonaman. Yevropa Ittifoqining kuchi va umrboqiyligi ham ayni shu jihatdadir va bundan keyin shunday bo‘lib qoladi.

Cobir Salim cuhbatlashdi

Suhbatdosh haqida

Yuriy Shterk 1962 yil 10 oktyabrda Bolgariyada tug‘ilgan. Moskvadagi Xalqaro munosabatlar davlat institutida xalqaro huquq (1989), Strasburgdagi Robert Shuman universitetida siyosat (1996) yo‘nalishida tahsil olgan. Ko‘p yillar Bolgariya Tashqi ishlar vazirligi tizimida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan. Xususan, Bolgariyaning Yevropa Kengashidagi doimiy vakili (2001-2005), Isroildagi elchisi (2011-2012) vazifalarida ishlagan. 2012 yil dekabrdan Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari.