Italiyaning “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi Zahiriddin Muhammad Boburning mashhur “Boburnoma” asarini italyan tilida yuqori poligrafik sifatda chop etdi. Bu haqda O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabar berdi.
Tarjimon Federiko Pastore kitobga yozgan sharhida “Boburnoma” “o‘z davrining kundalik hayotini qayta tiklashga imkon beradigan, islom tamadduniga xos avtobiografik asarning ilk rostgo‘y namunasi” ekaniga alohida urg‘u bergan.
Sohibqiron Amir Temurning avlodi Bobur Mirzo hassos shoir, qomusiy olim, atoqli davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida boy ijodiy-ilmiy meros qoldirgan.
Bobur ijodining durdonasi, hech shubhasiz, XV-XVI asrlarda O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston va Eronda sodir bo‘lgan tarixiy voqealar haqida hikoya qiluvchi “Boburnoma” tarixiy-biografik asaridir. Asar dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan.
Eslatib o‘tamiz, bu yil Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi keng nishonlanmoqda.