AQSh–O‘zbekiston hamkorligi: 2 milliondan ziyod o‘quvchi yuqori sifatli darsliklarga ega bo‘ladi

Joriy yil 8 aprel kuni USAIDning  “O‘zbekiston barkamollik uchun ta’lim dasturi” doirasida “Yangi mahsulotlarni taqriz qilish” mavzusida seminar tashkil etildi. AQSh elchixonasi matbuot xizmatiga ko‘ra, seminarda O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi, mahalliy ilmiy tadqiqot institutlari hamda umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari yangi o‘quv-metodik majmualar asosida olib borilayotgan ishlar, yondashuv va tadqiqotlar haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi rahbarligida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Respublika ta’lim markazi 1-4-sinflar uchun ona tili va o‘qish savodxonligi hamda matematika fanlari bo‘yicha yangi darsliklar va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar ishlab chiqishda hamkorlik qilmoqda. Ushbu tashabbus O‘zbekiston hukumatining yoshlarni sifatli ta’lim orqali hayotga tayyorlash va ta’lim olishga yordam berish maqsadini qo‘llab-quvvatlaydi.

2021 yilning boshida tajribali milliy va xalqaro mutaxassislardan iborat jamoa boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari bilan birgalikda 1-4-sinf uchun ona tili va o‘qish savodxonligi hamda matematika fanlaridan ta’lim standartlarini ishlab chiqdi. Keyinchalik mazkur standartlar asosida qiziqarli kontent hamda o‘quvchilarning qiziqishiga yo‘naltirilgan yuqori sifatli darsliklar va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar ishlab chiqildi. Mazkur materiallar ona tili va o‘qish savodxonligi fani bo‘yicha 980 taga yaqin darsni va matematika fani bo‘yicha 675 ta darsni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, jamoa kitoblarning mazmunini jonlantirib, 3000 tadan ortiq yangi illyustratsiyalar yaratdi.

“Biz “O‘zbekiston barkamollik uchun ta’lim dasturi” doirasida USAID bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz. Bu hamkorlik mamlakatda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlarini yangi bocqichga olib chiqadi va o‘quvchilarning  xalqaro miqyosda ijobiy natijalar ko‘rsatishiga sabab bo‘ladi. Ushbu yuqori sifatga ega standart va darsliklar O‘zbekistondagi o‘quvchilarga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda yuqori sinflarda va hayot davomida muvaffaqiyatli inson bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan asosiy ko‘nikmalarni rivojlantirishda yordam beradi”, – dedi tadbirda ishtirok etgan Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov.

Seminardan so‘ng mahsulotlarni taqriz qilish  guruhi yangi o‘quv-metodik majmualar haqida o‘z fikr-mulohazalarini taqdim etadi. Iyun oyida standartlar Xalq ta’limi vazirligiga taqdim etiladi.

USAID Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda ushbu yangi o‘quv-metodik majmualarni 2022-2023 o‘quv yilida Namangan va Sirdaryo viloyatlaridagi 918 ta maktabda tajriba-sinovdan o‘tkazib, ularning zamon talablariga mosligi hamda o‘quvchilarning savodxonlik va hisoblashga oid tayanch ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilganini tekshiradi.

Tajriba-sinov yakunida o‘quv-metodik majmualar o‘qituvchilarning fikr-mulohazalari asosida qayta ko‘rib chiqilib, ularning yakuniy nashri Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab mamlakat miqyosida tarqatish uchun chop etiladi. Natijada O‘zbekistonda 2 milliondan ortiq o‘quvchiga yuqori sifatli darslik va o‘n minglab o‘qituvchiga esa ona tili va o‘qish savodxonligi hamda matematika fanlaridan  yuqori sifatli qo‘llanmalar yetib borishi kafolatlanadi. Boshlang‘ich sinflarda ona tili va o‘qish savodxonligi hamda  matematika darslarini takomillashtirish o‘quvchilarning asosiy ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishga asos bo‘ladi va O‘zbekiston hukumatining XXI asr ko‘nikmalariga ega bo‘lgan bitiruvchilarni tayyorlashga qaratilgan maqsadini yanada qo‘llab-quvvatlaydi.

USAID O‘zbekiston hukumati bilan mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy savdoni oshirish, COVID–19 kabi sog‘liqqa qaratilgan jiddiy tahdidlarini bartaraf etish va aholining ehtiyojlarini qondirish uchun hukumat salohiyatini mustahkamlashda hamkorlik qilmoqda.